Bolaligimizda ota-onamiz bizni nazorat qilishi osonroq edi. Masalan, qachon ko‘chaga chiqamizu uyga qaytamiz, qachon televizor ko‘ramizu kitob o‘qiymiz, telefonda kim bilan gaplashamizu kim qo‘ng‘iroq qilib gapirmay jim turadi – bularning barini kuzatish, tergab turish mumkin edi.
Bugun bolalarimizni turli axborotlar bilan «tarbiyalayotgan» ana shu olamning yosh avlod ma’naviyatiga ta’siri masalasini muhokama qilamiz.
Bola internetda nima qiladi?
Yoshligimda «Qo‘rqinchli Tehron» asarini o‘qiyotgandim. Bir kuni onam ishxonalarida qizim shu asarni o‘qiyapti deb maqtanibdilar (o‘zlari asar mazmunidan bexabar edilar). O‘qimishli hamkasblari romanning ayrim sahnalarini onamga aytib berishgan shekilli, o‘sha kuniyoq kitobni mendan olib qo‘yishdi.
Yalang‘ochlanayotgan avlod
Bolalarimiz har bir xatti-harakatlarini, yangi liboslaridan tortib yegan ovqatlarini ham darhol suratga olib o‘sha zahotiyoq internetga joylashyapti. Bunga aqllari yetganidan bir quvonsak, har bir surat orqali ular o‘zlarini yalang‘ochlab, himoyasizlab borayotganlaridan ming kuyunishimiz kerak.
Bularning bari iffatning, hayoning osmondan yerga tushgani, qo‘letar bo‘lib qolgani, qadrsizlangani natijasi emasmi?
Natijasi ma’lum taftish
Nima qilmoq kerak?Imkon qadar ogoh bo‘lish lozim. Bolangizga biror gadjet olib beryapsizmi, uning nimaligini, avvalo, o‘zingiz tushunib oling. Internetga kirish, messenjerlarni o‘z telefoningizga yuklab olishni eplang. Shunda bolangiz kechasi soat nechagacha ijtimoiy tarmoqda o‘tirganini, umuman vaqtining qancha qismini internetga sarflayotganini bilishingiz mumkin.
Yuqoridagilarning bari cheklovchi, taqiqlovchi choralardir. Albatta, bularsiz nazoratning hech iloji yo‘q. Ammo eng katta nazoratni bolaning o‘zi o‘z ustidan o‘rnata olishi kerak. «Tarbiya – yo hayot, yo mamot» degandi Abdulla Avloniy. 20-asr boshida aytilgan bu gapning naqadar haqligini 21-asr boshida yanada teranroq anglab turibmiz.
Biz informasiyaning yo‘lini to‘sa olmaymiz. O‘ziga bahosi baland, to‘g‘ri tarbiya ko‘rgan, g‘ururli o‘smir jinsiy munosabatlar haqidagi axborotni qanday qabul qilishni yaxshi biladi. Bola nimadan o‘rnak olish kerag-u, nimani miyadan uloqtirish lozimligini bilmasa, uni ming nazorat qilganingiz bir pul.
Demak, axborotga munosabat bildirish, uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, o‘z nuqtai nazari, tarbiyasi va dunyoqarashidan o‘tkazib qabul qilish malakasi bolalarda bo‘lishi kerak.
So‘ng-so‘z o‘rnida
Ayrim «yangicha qarashli», «demokrat» ota-onalar «Xo‘sh, o‘smir jinsiy munosabatlarga qiziqsa, buning nimasi yomon? Axir hammamizda ham ilk jinsiy mayl o‘smirligimizda paydo bo‘lgan-ku!» – deyishi mumkin. To‘g‘ri, tabiatga qarshi bir narsa deb bo‘lmaydi. Biroq, biz o‘smirligimizdagi jinsiy aloqa tushunchasi bilan hozirgisi tubdan farq qiladi.