Bolani o‘qishga qiziqtirishda nima uchun mukofotlar bilan rag‘batlantirish ish bermaydi, uning o‘rniga qanday yo‘l tutish kerakligini bilmoqchi bo‘lsangiz, UzBaza.uz’ning quyidagi tavsiyalari siz uchun.
Ichki va tashqi motivatsiyani tanlaymizIchki motivatsiya haqida kamdan-kam bosh qotiramiz. Bizning samimiy xohish-istaklarimiz, holatimizni tushuntirish uchun birgina so‘z yetarli – «istayman». Bolalar o‘zlariga yoqadigan guruhning qo‘shig‘ini bajonidil tinglashadi, o‘z qo‘llari bilan biror narsa yasashadi yoki sarguzasht romanlar o‘qishadi, chunki ularga shunday qilish yoqadi.
Tashqi motivatsiya har xil bo‘ladi – cho‘ntak pullaridan tortib, to maktabdagi baholargacha. Buni bir gap bilan izohlash mumkin: «Mana bunday qilsang, buni qo‘lga kiritasan».
Psixolog Alfi Kon «Mukofot bilan jazolash» kitobida nafaqat ota-onalarni, balki o‘qituvchilarni ham turli imtiyozlarni qo‘llashdan ogohlantiradi. Ba’zi ota-onalar farzandi yaxshi o‘qishi uchun hayvonot bog‘iga olib borishni va’da qilishadi, boshqalari qimmatbaho gadjyetlarni xarid qilishadi va hatto pul ham berishadi.
Muammo shundaki, bu usul ish bermaydi: o‘quvchi shunday o‘qishda davom etaveradi, boz ustiga, va’da qilingan narsaga erisha olmagani uchun yaqinlaridan xafa ham bo‘ladi!
O‘qituvchilar ko‘rinishidan olijanob usullar bilan ishtiyoqni oshirishga harakat qilishadi: turli maqomlar (oyning eng yaxshi o‘quvchisi) joriy qilishadi, yaxshi o‘qiydiganlar uchun imtiyozlar yaratishadi. Ko‘pincha shunday bo‘ladi: oyning eng yaxshi o‘quvchisi asosan bir o‘quvchi bo‘ladi, imtiyozlar esa odatda tarkibi o‘zgarmaydigan o‘quvchilar doirasiga beriladi. Qolgan o‘quvchilar esa o‘zlarini omadsizdek his qilishadi.
Nima uchun tashqi motivatsiyani oshirish ish bermaydi?
Bola muammoni hal qilishning ijodiy usulini emas, eng ishonchli va qisqa yo‘lini izlay boshlaydi.
U o‘ziga o‘zi savol beradi: «Tavakkal qilib, nazorat ishini o‘zim yozishimga ne hojat? Yaxshisi, a’lochilardan ko‘chirib olaman, shunisi ishonchliroq». Qarabsizki, maqsadlar o‘zgarishi ro‘y beradi: bilim olish uchun o‘qish emas, mukofot olish uchun o‘qish.
Tashqi motivatsiya zo‘r ishlashi mumkin, faqat ichkisi bilan birga. U o‘z-o‘zidan oldinga harakatlanmaydi, shunchaki «ishni uddalash», tezroq xohlagan narsasiga erishishga majbur qiladi.
O‘qishga bo‘lgan qiziqishga nima ta’sir qiladi?
Imtiyozlar ichki motivatsiyani yo‘qqa chiqaradi- Mazmun. Bola talabimizni bajarmaganida biz uning xatti-harakatlariga ta’sir ko‘rsatish usullarini qidiramiz. Yaxshisi, talabingiz qanchalik to‘g‘ri ekani haqida o‘ylab ko‘ring. Farzandingiz fizikadan faqat «4» va «5» olmasa, buning hech qanday qo‘rqinchli joyi yo‘q. Bolalar «shovqin qilmaslik» borasidagi talabimizni «quloqsiz» ekanliklari uchun emas, o‘z yoshlarining psixologik xususiyatlari sababli rad etishadi.
- Hamkorlik. Afsuski, bola bilan muloqot qilish kontekstida bu so‘z ko‘p ota-onalar uchun notanish. Biroq farzandlaringiz qancha katta bo‘lganlari sari, ularni shuncha ko‘p hamkorlikka jalb qilishingiz kerak. Muhokama qilish, tushuntirish berish, birga rejalar tuzish kerak. Bola bilan katta odamdek suhbatlashishga harakat qilib ko‘ring. 15 yoshli bolaning kosmonavt bo‘lish orzusiga bee’tibor bo‘lish kerak emas. Nima uchun buning ilojsiz ekanini xotirjam o‘tirib tushuntiring. Ehtimol, o‘g‘lingiz sizning so‘zlaringiz orasidan o‘sish uchun ichki motivatsiya topa olar.
- Tanlov erkinligi. Bola o‘zini jarayonning bir bo‘lagidek his qilishi kerak, shunda u muammo yechimini topishga mas’uliyat bilan yondashadi. Farzandingiz o‘zini yomon tuta boshlasa, undan buning sabablarini so‘rang. Siz «shundoq ham gap nimadaligini bilaman» deyishingiz mumkin, shunday bo‘lsa-da, urinib ko‘ring. Ehtimol, uning javobi sizni ajablantirar.
Ichki motivatsiyani izlaymiz
Bolaning ichki holatini to‘g‘irlash oson emas, shunga qaramay, bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar o‘z mevasini berishi mumkin.
- Farzandingizni qabul qilishni o‘rganing. Masalan, qizingizning yangi imdji sizga yoqmasligi mumkin, lekin siz uni qabul qilishingiz kerak. Boshqacha aytganda, gap erkalatish emas, tushunish haqida bormoqda.
- Samimiy suhbatlashing. Agar farzandingiz bilan qalban yetarlicha yaqin bo‘lsangiz, dastlab u bilan shunchaki suhbatlashing. Uning nimalarga qiziqishi hamda o‘qishda qanday muammolar yuzaga kelayotgani haqida so‘rang. Vaziyatdan chiqish yo‘lini birga toping.
- Bolaga hayotdagi maqsadi borasida bir to‘xtamga kelishga yordam bering. Ko‘pincha ichki motivatsiya bo‘lmaydi, chunki bola bu formulalar, oxiri yo‘q qoidalar va teoremalarning nima uchun kerakligini tushunmaydi. Farzandingiz maktabni tugatganidan keyin nima bilan shug‘ullanishi istashi borasida bir to‘xtamga kelishi muhim. Buni tushunishga ota-ona bilan uzoq suhbatlar, professional yo‘nalish bo‘yicha maslahatlar va o‘smirlar uchun kitoblar yordam beradi.
- O‘quv jarayonini bolaning qiziqishlari ustiga quring. O‘qishda bolaning samimiy qiziqishlari (ichki motivatsiyasi)ni maktabdagi darslar bilan birlashtirishga harakat qilish kerak. Bu jarayon individual va ota-onalar tomonidan katta e’tibor talab qiladi. Masalan, ingliz tilini sevimli filmingiz yordamida o‘rganishingiz mumkin. Kompyuter o‘yinlarini juda yaxshi ko‘ruvchi o‘smirni esa dasturlash va u bilan bog‘liq bilimlar qiziqtirishi kerak.
- Boladan ichki motivatsiyani tortib chiqarish — eng muhim vazifalardan biri. Zukko, dono, farzandining hayotiga samimiy qiziqadigan ota-ona uchun esa bu muammo emas.