Chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining nikohini qayd etish o‘sha davlat qonunchiligiga asosan uning vakolatli organlari tomonidan yoki O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalarida quyidagi qoidalarga asosan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bilan nikohini qayd etish, agar nikohni qayd etish O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi hududida joylashgan o‘sha davlatning qonunlari bilan tan olinganda, shuningdek imzolashda o‘sha davlat va O‘zbekiston Respublikasi qatnashgan bitim yoki bu xalqaro shartnomalarga muvofiq hollardagina konsul tomonidan amalga oshiriladi.
Nikohga kirish haqidagi arizani berishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, ya’ni pasport (ID karta), harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoki harbiy bileti ko‘rsatilishi kerak.
Nikoh tuzilganligini qayd etishda nikohlanuvchi shaxslar o‘z xohishlariga ko‘ra ikkalasidan birining familiyasini umumiy familiya sifatida tanlashlari yoki o‘zlarining nikohgacha bo‘lgan familiyalarida qolishlari mumkin.
Nikohlanuvchilar familiyalarining qo‘shilishi orqali hosil bo‘lgan familiya (masalan, kuyov Axmedov kelin Shuxratova, shunda kuyov Axmedov-Shuxratov kelin Axmedova-Shuxratova bo‘ladi) umumiy familiya sifatida tanlanishi mumkin.
Boshqa davlatda yashovchi O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bilan mazkur davlatning tegishli organlarida nikohni qayd ettirmoqchi bo‘lgan o‘sha davlat fuqarosining iltimosiga ko‘ra, konsul nikohni qayd etuvchi o‘sha davlat organlariga taqdim etish uchun ariza beruvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi nikohda turmasligi haqida ma’lumotnoma berishi mumkin.
Bunday ma’lumotnomalar konsullik muassasalarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar asosida beriladi.
Agar konsullik muassasasida nikohlanuvchi shaxsning oilaviy ahvoli to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lmasa konsul bu ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan oladi.
O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalari tomonidan fuqarolik holatlari dalolatnomalarini qayd etishda konsullik yig‘imi undiriladi.