Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasiga binoan ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining roziligi bilan o‘zi ijaraga olgan binoning bir qismini yoki hammasini muayyan muddatga ikkilamchi ijaraga oluvchiga beradi.
Ikkilamchi ijaraga oluvchi uy-joydan mustaqil foydalanish huquqiga ega bo‘lmaydi.
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasiga binoan ijaraga oluvchi ijaraga beruvchi oldida javobgar bo‘lib qolaveradi.
Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi qonunchilikning jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy maydoni normasi haqidagi talablariga rioya etilgan taqdirdagina tuzilishi mumkin.
Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi haq evaziga amalga oshiriladi.
Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasining muddati uy-joyni ijaraga berish shartnomasining muddatidan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda bir vaqtning o‘zida uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi ham bekor qilinadi.
Yangi muddatga shartnoma tuzishga bo‘lgan imtiyozli huquq to‘g‘risidagi qoida uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasiga nisbatan tatbiq etilmaydi.