9-may xotira va qadrlash kuni xalqimizning asriy qadriyatlari, ulug’ fazilatlaridan biridir. El-yurtining tinchligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar hamisha xalqimiz ardog’idadir. Ushbu munosabat bilan eng sara, manoli va tasirli sherlar to’plamini taqdim etmoqdamiz.
Xotira bor ekan…Hatto maysaning ham xotirasi bor,
Maysa xotirasi — nurga intilmoq.
Ko‘karsa — ikkiga bo‘lib tashlaydi,
Yo‘lining ustida tursa hatto tog‘.
To quyosh osmonda porlab turarkan,
Osmonday mangusan, ey, ona xalqim!
Har bir fojiaga, har bir sharafga,
Baho bermoqqa ham yolg‘iz sen haqli!
Noma’lum askarga maktub
Sog’misan esonmi? Bormisan hali?
Yoki qolib ketdingmi Volga bo’yida,
Nogahon o’q tegib janglar mahali,
Qoldingmi yiqilib Kursk yoyida.
Eshitdim fashistga qarshi chiqibsan,
Bir paytlar Chingizga chiqqandek zamon,
Janglarda mardu mardon turibsan,
Nomsiz tepalikda o’n bir qahramon.
Frontda bormikan dardingni tinglar,
Yiqilsang qo’linga qo’lini tutib,
Yotganda izg’irin qahraton tunlar,
Janoning o’rniga shneling quchib.
Do’sting ham yaxshimi, sen bilan ketgan,
Yurgandir frontda yerlarni tepib,
Do’ppisin o’rniga pilotka kiygan,
Marshaldan g’ururli, chapani yigit!
Ismlaring kim edi Qodir? Pirimqul?
Berlin darvozasiga yozganmidingiz?
Qishloqqa qaytsangiz hanuz o’sha yo’l,
Yo’lni eslatsam balki kelarmidingiz.
Sog’ omon chiqqanding ota uyidan,
Endi qayerlarda qolding sen inim,
Onang hanuz kutar soyning bo’yidan,
Qo’ylarni boqib, qaytar deb o’g’lim.
Qayerlarga ketding yurtingdan nari,
Qaytgin qo’llaringa ketmoningni ol,
Unutma yurtingni boylik Gavhari,
Otangdan qolgan dalalaring bor.
Ey o’zbek shu kunlar bormi boshingda,
Kecha-yu kunduzda paxtalar terib,
Minglab yetimlarni boqding uyingda,
O’zingni bolangni frontga berib.
Nomi o’chsin, o’sha la’nati urush,
Hanuz kechalari o’ylayman biroq,
Yetmayman o’yimga bo’laman xomush,
Kerakmidi senga shu qizil Bayroq.
Necha o’g’lon, necha pahlavon,
Ketdingiz bedarak na nom na nishon,
Atashar sizlarni nomalum askar,
Noma’lum? Demak yashaysiz hamon.
Bobo deymi, ota? Nima deb atay,
Axir yosh edinglar, bormaydi tilim,
Mayli hammangizni og’a deb atay,
Og’alar sizlarni rosa sog’indim.
Shahidlar yodi
Jilmayar ko’z yosh aralashBeva eng chiroyli ko‘ylagin kiyib,
Ochiq derazadan termular g‘amgin.
Xona burchagida g‘amdan entikib,
Eski plastinka g‘ijillar tag‘in.
Oqshomlari qiyin bo‘lar bevaga:
Xotiralar dilga kirar quralash.
Og‘ir bo‘lsa hamki, tasvir bo‘lsa ham,
Suratga jilmayar ko‘z yosh aralash.
Tong otar
Bahorda jarlikni qoplar o‘t-o‘lan,
O‘tlar uzra suzib o‘tar oq bulut.
Va shunda bir chechak achchiq dard bilan,
Tinmasdan shivirlar: «Og‘rirkan, dada!»
Bu nola hech qachon bo‘lmaydi unut…
Xotirlamoq uchun fursat
Farzandlarim boshin silang o’tinchim,
Toki mening o’rnim sezdirmangizlar,
Bilaman Otasiz; bo’lmoq azobin,
Yakka yagona bir aytar faryodim.
Ayolim yuragi ming tilka pora,
Kimlar fursat poylab, nafsla ovora,
Xiyonat aylasa ishonganlarim,
Mayli vijdoniga bo’lsin xavola.
Biling Egam barin ko’rib turubdi,
Barchasiga guvox bo’lib turubdi,
Ammo tekin oshdur yetimning xaqqi,
Tegar lanat toshi, lek tegmas nafi.
Jigarlarim o’qiting, bilim olishsin,
Topsin o’rnin erta, yetuk bo’lishsin,
Sizlar qatorida men ham shodlanib,
Quvonayin bular izdoshlarim deb.
She’rga izox etdim bayonlarimni,
Eslab hayol ila o’sha onlarni,
Mendan rozi bo’ling bo’lsam ham yomon,
Gina-kudrat unut qiling batamom!
Xayotdan ko’z Yumgan jigarlarimizning xotirasi doim qalbimizda!
Yurtim, ado bo’lmas…
Alhazar, alhazar, ming bor alhazar,
Ana, yurishibdi kiyganlari zar,
Qodiriyni sotib shoir bo’lganlar-
Mehrobingdan chaqqan chayonlaring bor…
Qurboning bo’layin, ey onajonim,
Sening faryodlaring, mening fig’onim.
O’tmishingni o’ylab o’rtanar jonim.
Aytsam ado bo’lmas dostonlaring bor…
Xotira maydoni
Ona To‘marisning shonli qismati,
Jaloliddin tig‘i taratgan jarang.
Bizning yurakkacha, balki, yetmasdi,
Bo‘lmaganda, xalqim, sening xotirang.
Imom Buxoriyning shaffof imoni,
Ulug‘bek fikrida balqigan yulduz.
Mahmud Torobiyning muqaddas qoni,
Sening xotirangda saqlanar hanuz.
Shu bois nomingni yo‘q etay deya,
Yovlaring xotirang buzmoqchi bo‘ldi.
Yolg‘onu tuhmatlar, uydirma ila,
Tarixing qaytadan tuzmoqchi bo‘ldi.
Seni johil dedi, savodsiz dedi,
Aldamoqchi bo‘lib butun dunyoni.
Dunyo bilar edi — unga sen berding,
Buyuk Xorazmi-yu ulug‘ Sinoni.
Istiqlol bayrog‘i yuksaldi baland,
Yana nasib bo‘ldi ozod istiqbol.
Uch ming yillik ko‘hna tarixingni ham,
Bag‘ringga qaytardi shonli istiqlol.
Istiqlol qadimiy o‘zbek nomini,
Qaytadan kashf etdi ahli jahonga.
Qadrlab har mudom o‘zbek shonini,
Dunyoni qaratdi O‘zbekistonga.
Dilda Xotirani imondek saqlang,
Dilda bo‘lsin ota- onaning yodi.
Chechakday ko‘karsin qalblar bog‘ida,
Olis ajdodlarning so‘ngan hayoti.
Unutmang, yashamay yigit yoshini,
Bo‘sa mazasini bilolmay hatto.
Necha erlar yerga qo‘ydi boshini,
Jonini yurtiga qilgancha fido.
Ularning yodini e’zozlab yashang,
Safda yurganlarni qadrlang mudom.
Xotira maydonin lavhalarida,
Bitilsin har bitta unitilgan nom.
Motamsaro Ona qoshiga boring,
Yashirmay ko‘zlardan oqqan yoshingiz.
Shahidlar yodini eslab, bir lahza,
Oyog‘i ostiga qo‘ying boshingiz.
Xotira bor ekan, tirikdir millat,
Tirikdir iftixor, tirikdir g‘urur.
Xotira — elni xalq etguvchi qudrat,
Xotira — ertani yoritguvchi nur.
Hatto maysaning ham xotirasi bor,
Maysa xotirasi — nurga intilmoq.
Ko‘karsa — ikkiga bo‘lib tashlaydi,
Yo‘lining ustida tursa hatto tog‘.
To quyosh osmonda porlab turarkan,
Osmonday mangusan, ey, ona xalqim!
Har bir fojiaga, har bir sharafga,
Baho bermoqqa ham yolg‘iz sen haqli!
Zamonlar o‘tajak quyun singari,
Necha yulduz so‘nib, tamom etajak.
Sening yoding borki, yorug‘ kunlarga,
Bizning ko‘zlar ila boqar kelajak.
Ishonaman, o‘sha olis ertada —
Fasli novbahorning mas’um pallasi.
Xotira bog‘iga kelib bosh egar,
Olis kelajakning erka bolasi.
Uning ko‘zlarida yongan shuurda,
Navoiy hikmatin nuri ko‘ringay.
Uning yuragida jo‘shgan g‘ururda,
Bobolar yuragin qo‘ri ko‘ringay!
Jonin bergan jigarlarim
Ortingizda o‘zbek degan millat qoldi,
O‘zbekiston degan ulug‘ davlat qoldi,
Sizdan meros jasoratu shiddat qoldi,
Sizni aslo unutmaydi ona Vatan.
Siz tufayli uyim tinchdur, baxtim omon,
Siz tufayli kunlar kelar dorilomon,
Ey G‘afurjon, ey Mahmudjon, ey Elomon,
Unutmaydi, unutmaydi sizni Vatan.
Sadoqatni jo aylab siz dilingizga,
Belbog‘ boylab shijoatdan belingizga,
Ko‘kragingiz qalqon bo‘ldi elingizga,
Sizni abad unutmaydi ona Vatan.
Toki o‘zbek, O‘zbekiston dunyoda bor —
Sizlar ila qilar faxr va iftixor,
Ey Qahramon, ey Ma’rufjon, ey Sayyor,
Unutmaydi, unutmaydi sizni Vatan.
Haqqingizga duo aytar Temur bobo,
Duo aytar To‘marisdek qutlug‘ momo,
Duo aytar qoningizni ichgan giyoh,
Unutmaydi nomingizni ona Vatan.
Endi sizga Alpomishlar yo‘ldoshu yor,
Endi sizga abadiyat aytar alyor,
Ey Yunusbek, Abduxalil, ey Doniyor,
Unutmaydi, unutmaydi sizni Vatan.
Vatan uchun shahid ketgan jigarlarim,
Or-nomusni baland tutgan jigarlarim,
Abadiyat sari ketgan jigarlarim,
Unutmaydi nomingizni ona Vatan.
Vatan chegaralarini himoya qilib qurbon bo‘lgan O‘zbek o‘g‘lonlari xotirasiga bag’ishlandi.