Botirning jasorati va dononing so‘zi unutilmaydi, deydilar. Bu hikmatning chinligiga xalqimizning shonli tarixidan, alloma ajdodlarimizdan ko‘plab dalillar keltirish mumkin.
“Opa-singillar”, “Tug‘ilish”, “Chinor” singari romanlari, “99 miniatyura”, “Karvon qo‘ng‘irog‘i” kabi she’riy kitoblari bilan o‘zbek adabiyoti ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli adib Asqad Muxtorning “Uyqu qochganda” risolasida jamlangan teran falsafiy o‘ylari kitobxon ma’naviy olamini boyitadigan quyma fikrlardir.
Ustoz adib bu risolasini “Tundaliklar” deb atagan. Unda jamlangan bitiklar qalbni bedorlikka, tafakkurni faollikka chorlaydi, mavjudligimiz mohiyati, undan ko‘zlangan maqsad-muddaodan so‘z ochadi. Ustoz adib “Tundaliklar”idan tanlangan ushbu durdona mushohadalar mutolaasi teran o‘y-xayollar dunyosiga yetaklashi tayin.
* * *
Kichkina bir yaxshilik qilish uchun ham odam (balki buyuk odam) bo‘lish kerak; katta yomonlik qilishga kichik odam ham qodir.
* * *
Toshning bardoshi zo‘r.
* * *
Dengiz, go‘yo Yerni hushiga keltirmoqchidek, hadeb qirg‘oqqa suv separdi…
* * *
Odissey arvohlarni o‘zi bilan suhbatlashishga ko‘ndirish uchun ularga o‘z qonidan berib tiriltiradi. Yozuvchi tarixiy shaxslar haqida yozganida shunday qilishi kerak.
* * *
“Muz o‘chib qoldi!” dedi bola suvda erib ketgan muz parchasini ko‘rib.
* * *
“Biz XII — XIV asr Dashti Qipchoq (Oltin O‘rda) turkiy adabiyotini negadir yaxshi o‘rganmaymiz. Vaholanki, bu adabiyot (Qutb, Sayfi Saroyi, Hisom Kotib) sof turkiy til, xalqchillik jihatidangina emas, umuminsoniy mundarijasi bilan ham katta e’tiborga loyiq. Birgina “Jumjuma Sulton” dostonini oling. Hisom Kotib uni Farididdin Attorga (“Jumjumanoma”) taqlid qilib yozgan. Zamondoshi Dantening “Inson komediyasi” bilan taqqoslasangiz, juda antiqa fikrlarga kelasiz. (Masalan, dunyoni vertikal holda olib, ya’ni hamma zamonlarni bir vaqtga jamlab (xronotop), abadiyatda uchrashtirib tasvirlash…) Bu ikki muallif bir-birini bilmay turib, ma’nan juda ohangdosh asar yozganiga hayron bo‘lasiz.
Alisher Navoiydan oldingi turkiy tilga quloq soling:
Chun ki kelding dunyoya — ketmoq kerak,
Bor kuching yetgancha xayr etmoq kerak!
(Hisom Kotib)
So‘ngakka ilikdur, eranga bilik,
Biliksiz eran ul — so‘ngak beilik.
(Adib Ahmad, XII asr)
(Darvoqe, “Inson komediyasi”ning motivlari Al-Maarriydan buyon davom etib keladi.)
* * *
Yozuvchi yolg‘onni to‘qiydi-yu, haqiqatni yozadi.
* * *
Shamol shamni o‘chiradi. Shunga o‘xshab, ayriliq ham shunchaki xushtorlikni sovitishi mumkin, chin muhabbatni o‘t oldiradi.
* * *
Haqiqat — Xudodir: uni hamma biladi-yu, o‘zini hech kim ko‘rmagan.
* * *
Shoir bo‘lish yaxshi, shoirlik da’vo qilish yomon.
* * *
Daholar o‘z kasblari doirasidan chiqib ketadilar. Falonchi — shoir, falonchi — olim, ammo Navoiy — Navoiydir, Eynshteyn — Eynshteyn.
* * *
Qalam so‘zning soyasini chizadi.
* * *
Kitob — boylik. Lekin sotib olingani emas, o‘qilgani.
* * *
— Sizga teatr yoqadimi, kinomi? — dedi muxbir.
— Sizga odam yoqadimi yo uning soyasi? — dedi adib.
— …Ba’zi odamlar bo‘ladiki, o‘zidan soyasi tuzuk, — deb hazil qildi muxbir ham.
Kuldilar.
* * *
Ilgari men abstrakt san’atni tushunmas va hazm qilolmas edim. Inson samoga uchib, kosmos davri boshlangach, bu san’atga qiziqib qoldim. Abstrakt san’at Kosmos obrazining estetik ibtidosi bo‘lsamikan?
* * *
Talant haqida kuyunib gapirganlarning hammasi ham talantli bo‘lavermaydi. Chunki hech kim o‘zini talantsizman, deb o‘ylamaydi.
* * *
Mix bolg‘adan qochib qutulaman deb, taxtaga kirib ketdi.
* * *
Boy bo‘lish uchun ko‘p narsani qurbon qilish kerak: halovat, salomatlik, goho balki vijdonni ham… Yo‘q, mening bunga qurbim kelmaydi, men unchalik badavlat emasman.
* * *
Hayot shunday ajoyib mo‘jizaki, o‘lim uning evaziga berilgan arzimas bojdir.
* * *
Ishlamagan tishlamaydi, derdi amaldor. O‘zi esa hamon tishlardi. Chunki uning ishi shu.
* * *
Tabiat — yaxshilik va go‘zallikning bevosita ifodasi.
* * *
Dehqon mehnati — hayotning ilohiy aqidasi.
* * *
Odamlar seni bilmasa ham, sen odamlarni bil.
* * *
Qadimda bir donishmand aytgan ekan: “Men vaqtning nima ekanini bilaman. Ammo “Vaqt nima?” deb so‘rasalar, aytolmayman”.
Nazarimda, she’riyat haqida ham xuddi shuni aytish mumkin. U benihoya, u bitmas-tuganmas…
* * *
U o‘z so‘ziga o‘zi xo‘jayin: bugun beradi, ertasiga qaytib oladi.
* * *
Shoir uchun asosiy ish — ko‘ngil ko‘zi bilan ko‘rish; qog‘ozga tushirish esa — kasb.
* * *
Yolg‘onchining yolg‘onchiligi — uning eng yengil gunohidir.
* * *
Xudo insonni bir umr baxt izlash azobi bilan jazolagan.
* * *
Ovidiy “yolg‘izlik baxti”ni maqtagan. Buyuk shoir kechirsin, men uchun yolg‘izlikda ko‘rgan huzur-halovatning alami og‘ir.
* * *
Tarjimondan aniqlik talab qiling. U chizmakash emas, rassom!
* * *
Qarilikdan qo‘rqma, unga hali yetish kerak.
* * *
Shunday yillarni ko‘rdikki, baxtli bo‘lish uyat edi.
* * *
Fizikada oqibat sababga teng. Axloqda ham shunday.
* * *
“Vaqt o‘tyapti!” deymiz sal hazinlik bilan. Bu gapni inson o‘zini ovutish uchun o‘ylab topgan. Aslida biz o‘zimiz o‘tyapmiz…
* * *
Iste’dod nimaligini, tarkibiy qismlarini bilmayman-u, tasavvur salohiyati uning juda muhim jihati ekaniga aminman. Biz qahramonlarimizni, ularning harakat va vaziyatlarini avval tasavvur etamiz, keyin tasvirlaymiz. Jyul Vern o‘zi ko‘rmagan shaharlarni, masofalarni, o‘lkalarni tasvirlagan, uning bu tasvirlari haqiqatga yaqin; Jonatan Svift Marsning yo‘ldoshlarini ular kashf qilinishidan 150 yil oldin tasvirlagan, Beruniy Amerika qit’asining borligini Kolumbdan 450 yil avval taxminlagan. Tasavvur salohiyati adib iste’dodini fan bilan yaqinlashtiradi.
* * *
Suqrotning “Respublika”si, Forobiyning “Madinat ul-fozila”si, Tomas Moorning “Utopiya”si, Kampanellaning “Quyosh shahri”, Bekonning “Yangi Atlantida”si, Kabekning “Ikariyaga sayohati”… Dunyoda shunday o‘nlab asarlar bor. Bular — ijtimoiy utopiyalardir. Diniy-axloqiy, fanniy-texnikaviy va sevgi-muhabbat utopiyalarini aytmaysizmi! Bular — inson orzu-xayolining ezgu parvozlari. Bizning “utopiya” — “xayolparastlik” degan atamalarimiz ularni yerga uradi. Aslida, bular odamzodning ideal izlanishidir. Ideal esa har qanday taraqqiyotning garovi.
* * *
Donjuanlar, faustlar, majnunlar, prometeylar, iskandarlar, jyulettalar ko‘p bo‘lgan. Lekin ularni faqat Bayron va Pushkin, Hyote va Hayne, Navoiy va Nizomiy, Esxil va Shekspir nomlari bilan bog‘laymiz. Boshqa mualliflarda bular hayotda yoki tarixda bo‘lgan narsa kabi qabul qilinadi. Faqat daholar qo‘liga tushgandagina “fakt” muammoga aylanadi. Biz endi buni klassika deb ataymiz.
* * *
She’rni tahlil qila boshlasalar, g‘ashimga tegadi. Bahorgi sof havoning kimyoviy tarkibini ham tekshirish mumkin. Ammo, undan ko‘ra, shunday ko‘krak to‘latib nafas olgan yaxshiroq emasmi?
* * *
Sharq she’riyati — muhabbat va mehr to‘la, go‘zal va hassos, yuksak badiiy ramz va tashbehlarga boy, erkin, insoniy, teran falsafiy, an’anaviy romantik she’riyat. Qadimdan shunday. U asrlar davomida G‘arb adabiyotining romantik ruhini bir necha bor qutqarib qoldi.
* * *
Yozuvchi o‘z shaxsi va o‘zgalarning shaxsi bilan birikib ketgan — asar uning sub’ekti. U boshqa ishda ham ishlashi mumkin, ammo uning mohiyati, ehtirosi — ijod. Qobiliyati qancha katta bo‘lsa, shuncha katta kuch sarf qiladi. U — beixtiyor fidoyi; ham baxtiyor, ham baxtsiz — bu uning irodasiga bog‘liq emas.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 42-son