Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy (973, 4 sentyabr — 1048, 11 dekabr) o‘z zamonasidagi mavjud fanlarni puxta egallab, dunyoda ungacha hech kim zabt etolmagan yuksak cho‘qqilarga ko‘tarildi. Astronomiya, astrologiya, falsafa, matematika, fizika, geodeziya, geologiya, farmakognoziya, mineralogiya, tarix, adabiyotshunoslik, tarjimonlik, lug‘atshunoslik kabi sohalarda tadqiqotlar olib borib, badiiy asarlar yaratib buyuk samaralarga erishdi.
Shu ma’noda mashhur sharqshunos olim I.Yu.Krachkovskiy Beruniy ilmiy merosiga yuksak baho berib: «Uning qiziqqan ilm sohalaridan ko‘ra, qiziqmagan ilm sohalarini sanab o‘tish osonroqdir», deganida sira mubolag‘a yo‘q.
Abu Rayhon 22 yoshlarida dunyoda birinchi bo‘lib ilmiy asosda diametri 5 metr bo‘lgan globus yaratdi, 27 yoshida esa «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar»dek ulug‘ kitobni yozdi.
Qomusiy alloma bir yuz ellikdan ziyod yirik ilmiy asar yaratgan. Shular orasida har birini butun boshli ilmiy muassasalar jamoasi ham yozishni uddalashi mahol bo‘lgan «Hindiston», «Saydana», «Mineralogiya», «Geodeziya», «Qonuni Ma’sudiy» kabi fundamental tadqiqotlar bor.
Abu Rayhon Beruniy haqiqiy ilmiy tabiatshunoslikka asos soldi. U o‘rta asrlar sharoitida haqiqiy tajribaga, ilmiy kuzatish va eksperimentga asoslanuvchi aniq ilmiy tafakkurni yaratganlardandir.
Alloma bobokalonimiz Beruniy ko‘p tillarni: arab, so‘g‘diy, suryoniy, fors, yunon va qadimgi yahudiy(ibroniy) tillarini yaxshi bilgan. Sulton Mahmud G‘aznaviyning Hindistonga yurishlari paytlari esa, qadimgi hind tili — sanskritni o‘rgangan; hatto bir qancha juda muhim asarlarni sanskritdan arabchaga, arab tilidan sanskritchaga tarjima qilgan.
Donishmand olim boshqa dunyolar mavjudligi to‘g‘risidagi ilmiy gipotezani ham ilgari surgan…
Mahmud Sa’diy
HIKMATLAR
Yaxshi bilmagan narsasiga uringan kishi sharmanda bo‘ladi.
* * *
Odamlar o‘rgangan, odatlangan va bilgan narsaga qarshilik ko‘rsatma.
* * *
Ne’matning qadri u yo‘qolganidan keyin bilinadi.
* * *
Asosi bo‘lmagan fandan voz kechilsa ham bo‘ladi.
* * *
Tenglik hukm surgan joyda sotqinlik, aldamchi ehtiroslar, g‘am-g‘ussa bo‘lmaydi.
* * *
Ko‘z bilan ko‘rgan eshitgandan afzalroqdir.
* * *
Nodonlik bedavo kasallikdir.
* * *
Minnat — qilingan ehsonni yo‘qqa chiqaradi.
* * *
Yunon faylasuflari avom xalq uchun emas, balki yuqori tabaqalar (manfaatlarini) ko‘zlab usul va qoidalar ishlab chiqqanlar.
* * *
Bugunning chorasini ko‘rib ertaga ehtiyoji qolmagan kishi aqllidir.
* * *
Ulug‘ hodisalar har vaqt yuz beravermaydi.
* * *
Har bir yangi narsada lazzat bor.
* * *
Birovni zo‘rlik bilan va yollab ishlatish doimiy bo‘lmaydi, to‘g‘ri ham kelavermaydi.
* * *
Til — so‘zlovchi istagini eshituvchiga yetkazuvchi tarjimondir.
* * *
Tilning vazifasi shuki, unda kishi bir narsani aytganda boshqasi haligining maqsadini darhol anglashi kerak.
* * *
Xayr-saxovat ham mardlik sanaladi.
* * *
Har bir insonning qadr-qimmati o‘z ishini qoyil qilib bajarishida.
* * *
Istagiga erisha olmagan kishini malomat qilinmaydi.
* * *
Ishi yurishmaganni tahqirlama.
* * *
Suqrot odamlarning sanamlarga ibodat qilishiga qarshilik ko‘rsatib, sayyoralarni Xudo deb atashdan bosh tort¬di. Shuning uchun Afinaning o‘n ikki qozisidan o‘n bittasi uni qatl etishga fatvo berdi. Suqrot esa haq yo‘ldan qaytmaganicha o‘lib ketdi.
* * *
Odamlar tuzilishlarining rangi, suvrat, tabiat va axloqda turlicha bo‘lishi faqatgina nasablarining turlichaligidan emas, balki tuproq, suv, havo va Yerning odam yashaydigan joylarining turlichaligidan hamdir.
* * *
Soqov nazarida hamma odamlar ham soqovdir.
* * *
Jins jinsiga tortadi, qush sheriklari bilan qo‘nadi.
* * *
Ikkala da’vogar rozi bo‘libdi-yu, qozi rozi bo‘lmabdi.
* * *
Amir Ismoil Somoniy debdi; «Ajdoding shuhratiga suyanma, o‘zingga o‘zing shuhrat top».
Kimda-kim qarindoshlari sababli o‘ziga obro‘, yaqinlik axtarsa va o‘tgan ajdodlari bilan kibrlansa, o‘sha kishining o‘zi o‘lik, ajdodlari esa tirik sanaladi.
* * *
Xabar xabarchilar sababli rost va yolg‘on tusini oladi.
* * *
Qalamning abadiy izlari bo‘lmaganda, xalqlarning xabarlarini qaydan bilar edik?!
HIKOYaTLAR
OChNING QORNINI TO‘YG‘AZ
Xalifa Umar ibn Abdulaziz o‘zining o‘g‘li Abdulloh ming dirhamga bir qimmatbaho toshni sotib olganini eshitib, o‘g‘liga xat yozibdi: «Menga yetib kelgan xabarga qaraganda, bir uzuk olibsan. Senga nasihatim shuki, darhol o‘sha uzukni sotib, uning puliga mingta ochning qornini to‘yg‘az. O‘zingga bo‘lsa kumushdan uzuk qildir, uzukning ko‘zi ham o‘zidan bo‘lsin».
Abdulloh otasi aytgandek qilibdi.
DONIShMAND ShOH
Qadimda eronliklarda daymoh oyining birinchi kunini xurram kun deb atashar ekan. Shu kuni podshoh shohlik taxtidan tushib, oq kiyimlar kiyar va sahroga chiqib oq poloslarda o‘tirar ekan. Yuzidagi parda va podshohlik liboslarini yechib, oddiy fuqaro kiyimida ko‘chaga chiqar ekan. U o‘sha kuni el-yurtdagi ahvolni bilish, odamlar bilan gaplashish uchun fuqarolarini ishdan ozod qilib qo‘yar ekan. Kimda-kim podshoh bilan biror narsa haqida gaplashmoqchi bo‘lsa, u xoh yuqori tabaqadan, xoh quyi tabaqadan bo‘lsin, tortinmay unga yaqin borib suhbatlashar ekan.
Shu kuni podshoh dehqon va korandalar bilan birga o‘tirib ovqatlanar, sharob ichar ekan. Shunda u fuqarolariga qarab:
— Bugun men sizlarning biringiz va birodaringizman. Chunki dunyo sizning qo‘lingizda vujudga keladigan obodonlik bilan, obodonlik esa podshohlik bilandir. Bu ikkisi bir-biriga muhtojdir. Shunday bo‘lgach, biz bir-biriga mehribon ikki birodar singarimiz va bu birodarlik bir-biriga mehribon ikki birodar: Xushang va Vokarddan meros qolgan, — der ekan.
YoLG‘ONChI
Yolg‘onchilikka shu qadar o‘rganganlar borki, agar ulardan nogahon:
— Umringda biron marta rost so‘zlaganmisan? — deb so‘rasangiz:
— Rost gapirib qo‘yishdan qo‘rqmasam, yo‘q der edim, — degan javobni eshitasiz.
Bunday kishilar adolatdan chekinib, o‘zlarini xatarga duchor etgan bo‘ladilar.
NOMUS
Malika Kleopatra o‘z mamlakatiga bostirib kelayotgan dushman bo‘lmish Avgust qo‘liga tushib, nomusi poymol bo‘lishidan qo‘rqib, ikki ko‘ksiga zaharli ilon qo‘ygan ekan.
Odamlari malika huzuriga kirishsa, u toj kiyib, boshi bilan o‘ng qo‘liga suyanganicha o‘tirganmish. Kleopatra shu ko‘yi o‘lib qolibdi-yu, lekin dushman qo‘liga tiriklayin tushmagan ekan.
***
Peshvolardan olg‘a o‘tdim shaxd ila,
Men g‘avvosu ilm bo‘ldi ummonim;
Ilm-bahsga mendek ruju qo‘ygan yo‘q,
Menga tengni yaratmadi davronim.
Hinddan so‘ra Mashriq aro qadrimni.
Mag‘rib meni o‘qir, yo‘qdir armonim.
Bo‘lsa hamki odamlari g‘ayridin
Tan oldilar zo‘r shuhratu, zo‘r shonim…
***
Kim uchsa sa’y-jahd qilmay shuhratga,
Karam libosiga bo‘lsa qancha och.
G‘aflat soyasida shod yotar, ammo
Sharaf kiyimisiz qolar yalang‘och.
***
Masofa tufayli ayshim buzildi,
Dilimda orom yo‘q, cheksizdir firoq.
Maktubing dardimga to‘tiyo bo‘ldi,
Minglab parixondan o‘sha yaxshiroq.
ALLOMANING SO‘NGGI SO‘ZLARI
— Bir kuni Abu Rayhonning oldiga kirdim, qarasam, u jon berayotgan, g‘arg‘ara bilan nafas olib, ko‘kragi siqilayotgan edi, — deydi faqih Abulhasan al-Valvolijiy. — O‘shanday holda turib, menga qarab:
— Sen bir kuni menga al-jaddat al-fosida hisobi haqida nima degan eding? — dedi.
Men uning qiynalayotgan holiga rahmim kelib:
— Shunday holatda-ya? — deb so‘radim.
— Ey sen, — dedi Abu Rayhon, — men bu dunyo bilan xayrlashayotibman, o‘sha masalani bilmay ketganimdan ko‘ra, bilib ketganim yaxshiroq emasmi?
Men o‘sha masalani unga tushuntirib berdim, u bo‘lsa uni yodlab oldi va o‘zi ham va’da qilgan narsasini menga o‘rgatdi. Shu bilan men uning oldidan chiqdim, hali uyga yetmay, yo‘lda ketayotganimda Abu Rayhon uyidan yig‘i ovozini eshitdim…