Klimaks o‘zi nima?

Klimaks – yangicha hayot
Klimaks o‘zi nima?
Klimakteriy qanday alomatlari bilan namoyon bo‘ladi?
Klimakterik davr qancha davom etadi?
Klimakterik sindrom nima?
Erta alomatlar
O‘rta davr alomatlari
Kechki alomatlar
Qaysi shifokorga murojaat qilishi kerak?
Foydali maslahatlar

Klimaks o‘zi nima?


Klimakteriy (klimaks, klimakterik davr) – bu ayollar hayotida har xil tarzda kechadigan fiziologik davrdir. Bu davrda ayollar gormoni-estrogenlar miqdori pasayib, reproduktiv tizim faoliyatining susayishi sodir bo‘ladi natijada hayz ko‘rish sikli to‘xtaydi va bu davr 40-55 yoshlarga to‘g‘ri keladi.




Klimakteriy qanday alomatlari bilan namoyon bo‘ladi?


Klimakteriyning alomatlari turli-tuman belgilar yoki belgilar yig‘indisi bo‘lishi mumkin. Bularga qon quyilishi, tungi terlash, yurakning tez-tez urishi, uyqusizlik, vahimali tush ko‘rish, oyoq qo‘llarning uvishishi, sanchib og‘rishi, tananing va muskullarning zirqirab og‘rishi, bosh og‘rig‘i va aylanishi, kayfiyatning birdaniga o‘zgarishi, asabiylashish, tushkunlik, tez charchash, etning junjikishi, nafas qisishi, havo yetishmasligi, og‘iz qurishi va lovullashi, turli xil noxush ta’m sezgisi, unutuvchanlik boshqalar kiradi. Ba’zi ayollarda bunday alomatlarning birortasi ham paydo bo‘lmaydi. Lekin 75 foiz ayollarda bu alomatlarning bittasi yoki bir nechtasi uchrashi mumkin. Bu alomatlar butunlay meyoriy holat hisoblanadi.


Klimakterik davr qancha davom etadi?


Klimakterik davrning yengil va fiziologik kechishi avvalo ayol kishining o‘ziga bog‘liq. Qolaversa, oila a’zolarining qo‘llab-quvvatlashi, oiladagi sog‘lom muhit, atrofdagilarning mehr ko‘rsatishi bu davrning yengil va qisqa muddatli davom etishiga yordam beradi. Bu davr 50 foiz ayollarda bir yilgacha, 25 foiz ayollarda 2-3 yil, 20 foiz ayollarda 5-10-20 yilgacha, 5 foiz ayollarda esa umrining oxirigacha davom etadi.


Klimakterik davrda ayollarning tashqi ko‘rinishlarida, sog‘lig‘ida, hayotga bo‘lgan qiziqishlarida sezilarli o‘zgarishlar bo‘ladi. Organizm 20-30 yil avvalgiga qaraganda boshqacha tarzda ishlaydi. Ba’zi ayollarda yuzlarida ajinlar paydo bo‘lishi, so‘niq nigohlar, atrofdagi voqea-hodisalarga qiziqishning yo‘qolishi kuzatilsa, ba’zi ayollarda esa hayotga bo‘lgan munosabatlari umuman o‘zgarmaydi, ulardagi zehn o‘tkirligi, aqlning sinchkovligi, jozibali nigohlari saqlanib qoladi. Yillar davomida yig‘ilgan o‘rnak bo‘larli hayotiy tajribalari, fikrlash doiralari ortib boraveradi.



Ushbu maqolani ham o‘qing:  Homiladorlik taqvimi: 20 — hafta

Klimakterik sindrom nima?


Klimakterik sindrom – klimakterik davrni boshidan kechirayotgan ayollardagi patologik holat bo‘lib, bunda nerv-psixik, vegetativ qon tomir va modda almashinuvi buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi.

Bu holatning boshlanishi va xarakteriga qarab 3 guruhga bo‘linadi.


Erta alomatlar


Vazomotor – qizishning ortib borishi, ter quyilishi, bosh og‘rig‘i, titrash, yurakning tez-tez urishi.

Psixoemotsional – asabiylashish, seruyqulik, holsizlik, bezovtalanish, depressiya, libidoning pasayishi, yomon uxlash, vahimali tushlar ko‘rish.


O‘rta davr alomatlari


Urogenital – qinning quruq bo‘lishi, jinsiy yaqinlikda og‘riq sezilishi, qichishish, achishish, tez-tez peshobga chiqish. Teri, soch, tirnoqlar – tirnoqlarning mo‘rt va sinuvchanligi, terida ajinlar paydo bo‘lishi va qurishi, sochlarning qurishi va to‘kilishi.


Kechki alomatlar


Yurak ishemik kasalligi, osteoporoz, osteoartrit, xotira pasayishi, ko‘rish va eshitishning pasayishi, vazn ortishi va boshqalar.


Qaysi shifokorga murojaat qilishi kerak?


Bu davrni boshdan kechirayotgan ayollar ginekolog, nevrolog va kardiolog ko‘rigidan o‘tib turishlari lozim.


Foydali maslahatlar


Avvalo hayot tarzingizni va unga bo‘lgan munosabatingizni o‘zgartiring – salbiy holatlarga e’tibor bermang va ijobiy tuyg‘ularga diqqatingizni qarating.

Barcha zararli odatlardan voz keching. Achchiq va sho‘r taomlar iste’molini cheklang, tamaki mahsulotlari, spirtli ichimliklardan voz keching. Chunki ularning barchasi qarishni tezlashtiradi.

O‘z vazningizni nazorat qiling, ko‘p ovqat yemang. Ovqat ratsionida hayvon oqsilini (go‘sht) kamaytiring, sabzavot va mevalar, baliqni ko‘proq iste’mol qiling. Kalsiyga boy mahsulotlarni (sut, qatiq, tvorog, pishloq, holva) iste’mol qiling.

Jismoniy faollikni oshiring, chunki kam harakat qilish semirishga olib keladi.

Kuniga 7-8 soat uxlang, chunki uyqu vaqtida organizm kuchlari tiklanadi va asabiylashish omillarining salbiy oqibatlari yo‘qoladi.


Ushbu maqolani ham oqishingizni tavsiya etamiz: Erta boshlangan menopauza xavflimi?


 © Hakimova Nigora Qo‘chqorovna , oliy toifali ginekolog.

«Salomatlik sandig‘i» gazetasi.