Sayyid Muhammad Bahouddin ibn Sayid Jaloliddin 1318 yilda Buxoro yonidagi Qasri Hinduyon (Qasri Orifon) qishlog‘ida tavallud topgan. Naqshband yoshligidanoq tasavvuf yo‘liga kirgan, uning sirlarini o‘rgangan, Qur’oni Karim, tavsir va hadislarni puxta egallagan. U dehqonchilik bilan shug‘ullanib, keyinchalik shoyi gazlamalarga, temir va mis buyumlarga turli naqshlar bitgan. Shu sababli u kishining‘ laqabi «Naqshband» bo’lgan.
Bahouddin Naqshband Abdulholiq G’ijduvoniyni o‘ziga pir va ustod deb bilib, uning ta’limotini rivojlantirgan. Naqshbandiy tasavvuf nazariyasi va amaliyotiga doir 13 ta asar yozgan. Ular orasida «Hayotnoma», «Dalili oshiqon», «Odob al-solikin» kabi asarlar alohida ahamiyatga ega. Xoja Bahouddin «Naqshbandiya» tariqatiga asos solib, Arabiston, Eron va Markaziy Osiyoning ko‘p shaharlarida tasavvufni keng targ‘ib qilgan.
Naqshbandiylikning asosiy mohiyati «Dast ba koru, dil ba yor!» («Qo‘l ishda, Olloh dilda») degan shiorda o‘z ifodasini topgan. Bahouddin (dinning faxri) karomatli inson bo‘lganligi uchun unga «Balogardon» deb nom berishgan. A. Temur, A. Navoiy, A Jomiy, Maxtumquli va boshqa ulug‘ zotlar Naqshbandiya yo‘lini tanlaganlar. Xoja Bahouddin Naqshband 1389 yilda o‘z qishlog‘ida vafot etgan. 1993 yili O’zbekistonda Bahouddin Naqshbandning 675 yilligi keng nishonlandi.
tarix.uz