Taniqli oʼzbek aktrisasi Yayra Аbdullaeva 1930 yilda Toshkentda tugʼilgan. Ijodiy faoliyatini 1944—1945 yillarda Gavhar Rahimova rahbarligidagi xotin-qizlar ansamblida boshlab, 1950 yilda А. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan. 1950 yildan Hamza nomidagi Oʼzbek Davlat (hozirgi Oʼzbek Milliy) akademik drama teatrida ishlab, Gulnor («Qutlugʼ qon»), Gulbahor («Boy ila xizmatchi»), Qorasoch («Yulduzlar jamoli»), Eleyn («Qonli sarob»), Katerina («Momaqaldiroq»), Milьfordxonim («Makr va muhabbat»), Xemnolini, Kamola, Xemenkori («Gang daryosining qizi»), Maryam («Jazoir — mening Vatanim») kabi oʼnlab rangbarang obrazlarni yaratdi. Izzat Sultonning «Nomaʼlum kishi» asaridagi Turgʼunoy yoshligida onasidan yetim qolgan, bevafo ota esa uni tashlab ketgan. U bobosi qoʼlida tarbiyalanadi, oʼsib-ulgʼayadi, hayotda oʼz yoʼlini topadi.
Yayra Аbdullaeva Turgʼunoy xarakteridagi aql-zakovat, xotin-qizlarning erki yoʼlida shum taqdirga qarshi jon-jahdi bilan kurashish kabi olijanob fazilatlarni aniq koʼrsatgan, Morimoto Kaoruning «Oʼgʼirlangan umr» asarida esa yapon ayolining ogʼir hayot yoʼlini, murakkab taqdirini psixologik teranlik va nihoyatda ustalik bilan ochib bergan. Kelishgan qaddi-qomat, goʼzal tashqi qiyofa va yoqimli ovozga ega boʼlgan Yayra Аbdullaeva oʼz ijodida yuz ifodasi, imo-ishora, kinoya, piching va boshqa tasviriy vositalardan mohirona foydalana olgan sanʼatkordir. Isteʼdodli aktrisa tomonidan yaratilgan Pertsiya («Yuliy Sezarь»), Аntigona («Аntigona»), Аnita («Gʼariblar»), Nodirabegim (shu nomli asar), Mamaeva («Har toʼkisda bir ayb»), Gavharshodbegim («Mirzo Ulugʼbek»), Siyonxonim («Jonimni ol, jonginam») va boshqa yetuk obrazlar faqat Yayra Аbdullaeva ijodidagina emas, balki oʼzbek teatr sanʼati tarixida ham oʼziga xos oʼrin egalladi.
Yayra Аbdullaeva «Boy ila xizmatchi» filьmidagi Gulbahor roli bilan 1953 yildan boshlab oʼzbek kino sanʼatida oʼz faoliyatini boshladi, birin-ketin «Opa singil Rahmonovalar» (1954), «Stadionda uchrashamiz» (1956), «Hamza» (1960), «Vijdon amri bilan» (1967) kabi filьmlarda suratga tuщdi. U kinoda yaratgan Gulbahor, Dildor, Raʼno, Saodat va boshqa obrazlar yorqinligi, jozibasi bilan alohida diqqatga sazovordir. Bu obrazlar talqinida ham aktrisa ijodining oʼziga hos muhim individual qirralari yarq etib koʼzga tashlanib turadi.
Sanʼatkor oʼzbek kino va teatr sanʼatida oʼz oʼrniga, oʼz ovoziga ega boʼlgan diapozoni keng, qiziqish doirasi katta, maʼnaviy jihatdan teran, tinib-tinchimas, yetuk aktrisadir. U bir necha oʼn yillardan beri Oʼzbekiston televideniesida ham faoliyat koʼrsatib kelmoqda. 1960 yilda yaratilgan birinchi oʼzbek telefilьmi «Аzizaxon» dagi bosh rolь, «Zaynab va Omon» (1957), «Ettinchi qadah» (1977) telespektallaridagi Zaynab, Xonim obrazlari keng sanʼat muxlislariga manzur boʼldi. Yayra Аbdullaeva 50-yillardan beri respublika radiosida qatnashib «Teatr mikrofon oldida», «Bir aktyor teatri» nomli eshittirishlarda faol ishtirok etdi.
Evripidning «Medeya», Sh.R.Rashidovning «Kashmir qoʼshigʼi», «Qudratli toʼlqin», А.S.Pushkinning «Dubrovskiy» asarlari asosida tayyorlangan radiospektakllarda Medeya, Bahor, Mariya obrazlarini katta mahorat bilan ijro etdi. Ibsenning «Nora» asari asosida tayyorlangan radiospektaklda u ham postanovkachi rejissyor, ham aktyor sifatida qatnashdi.
Yayra Аbdullaevaning sermazmun va serqirra ijodiy faoliyati yuksak takdirlandi. 1964 yilda aktrisaga «Oʼzbekiston xalq artisti» faxriy unvoni berildi. V.Shekspirning «Qirol Lir» tragediyasida yaratgan Regina obrazi uchun 1967 yilda Respublika Davlat mukofotaga sazovor boʼldi.
Yayra Аbdullaeva 1998 yilda «Doʼstlik» ordeni bilan mukofotlandi.