Muhammad Yusuf xalqimiz sevgan shoirlardan edi. U 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyati Marhamat tumanining Qovunchi qishlogʻida dehqon oilasida dunyoga keldi.
Oʻrta maktabdan soʻng Rus tili va adabiyoti institutiga kirib, uni 1978 yili tamomladi. 1978-1980 yillarda respublika Kitobsevarlar jamiyatida, 1980-1986 yillarda “Toshkent oqshomi” gazetasida, 1986-1992 yillarda Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida, “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida ishladi.
Umrining soʻnggi yillarida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi vazifasini bajardi.
U oʻnga yaqin sheʼriy toʻplamlar, koʻplab qoʻshiqlarning muallifi sifatida keng kitobxonlar qalbiga kirib ulgurdi. Shoirning dastlabki sheʼrlari “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida 1976 yili eʼlon qilindi. Soʻngra “Tanish teraklar” (1985), “Bulbulga bir gapim bor” (1987), “Iltijo” (1988), “Uyqudagi qiz” (1989), “Halima enam allalari” (1989), “Ishq kemasi” (1990), “Koʻnglimda bir yor” (1991), “Bevafo koʻp ekan” (1991), “Erka kiyik” (1992), “Yolgʻonchi yor” (1994) kabi sheʼriy toʻplamlari, saylanmalari nashr etildi.
1989 yilda esa “Uyqudagi qiz” nomli sheʼriy toʻplami uchun unga respublika Yoshlar tashkilotining mukofoti berildi.
U rostgoʻy shoir, halol va pokiza qalb egasi edi. Shoir muhabbat haqida kuylaydimi, bevafo yor haqida qoʻshiq toʻqiydimi yoki tariximiz sahifalarini qalamga oladimi, ularda hamisha hayotga, haqiqatga hamnafaslik sezilib turadi. Satlardagi ravonlik, soddalik va xalqonalik sabab shoir sheʼrlari tezda yodda qoladi.
1998 yili Muhammad Yusufga “Oʻzbekiston xalq shoiri” degan yuksak unvon berildi.
Shoir 2001 yilning 1 avgust kuni 47 yoshida olamdan oʻtdi.