o’zingga qoldirgan molingga
ham baraka ato etsin.
Rasulullouh sollallohu alayhi vasallamning duolari
U islomga eng avval kirgan sakkiz kishining biri…
Jannatiyligi bashorati berilgan o’n sahobiyning biri…
Umar ibn Xattobdan keyin xalifa saylash huquqiga ega bo’lgan oltita sho’ro a’zosining biri…
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlik paytlarida Madinada fatvo bera oladigan bir necha nafar musulmonning biri…
Uning ismi johiliyat davrida Abduamr bo’lgan, islomga kirgach, Payg’ambar janoblari Abdurahmon deb nomladilar.
Bu kishi Abdurahmon ibn Avf roziallohu anhudir.
Abdurahmon ibn Avf Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Dorul Ar-qamga (Makkadagi Arqam ibn Abdumanof al-Mahzumiyga tegishli hovli. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchun da’vat Markazi bo’lib xizmat qilgan) kirmaslaridan oldin, Abu Bakr Siddiqdan ikki kun keyin islomni qabul qildi. Allohning yo’lida ilk sahobalar singari ko’p aziyatlar chekdi, ammo ular bu qiynoq va azoblarga sabr qildilar, dinlarida sobit turdilar, iymonlari chin ekanini isbotladilar. Hatto dinlarini asrab qolish maqsadida ko’pchilik musulmonlar Habashistonga hijrat qildilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va ashoblarga Madinaga hijrat qilish uchun izn berilganda Abdurahmon Alloh yo’lida vatanini tark etayotgan muhojirlarning eng avvalgi safida bo’ldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam islom jamiyatining quvvatini oshirish uchun muhojir va ansorlarni birodarlashtirayotib, uni Sa’d ibn Rabe’ al-Ansoriy bilan tutingan aka-uka, deb e’lon qildilar. Sa’d yangi birodari Abdurahmon nbn Avfga «Ey uka, men Madinadagi eng badavlat odamman, ikkita katta bog’im bor, ikkita xotinim bor. Bog’larimni borib ko’r, qaysi biri senga yoqsa, o’shani olaqol. Xohlasang ikki xotinimdan senga yoqqanini taloq qilay, iddasi chiqqach, uylanib olarsan», dedi.
Abdurahon ansoriy birodariga minnatdorchilik bildirib, «Alloh sening molingu bola chaqangga baraka bersin… Yaxshisi, sen menga bozorni qaerdaligini ko’rsatib qo’y», dedi. Shu-shu u bozorda tijorat qila boshladi. Halol-pok savdo qilar, tushgan foydani yig’ib qo’yardi. Oz fursatda bir ayolning mahriga yetadigan mablag’ to’plandi. Abdurahmon uylandi. Yangi kuyov xushbuy atir hidini gurkiratib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga keldi…
— Mahyam (bu yamoniy kalima bo’lib, taajjubni ifodalaydi), ey Abdurahmon, — dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam.
— Uylandim…,— dedi u uyalibgina.
— Ayolingga nima mahr berding?
— Danakcha keladigan tillo.
— Unda bir qo’y so’yib bo’lsa ham to’y qil,— dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. So’ng qo’shib qo’ydilar. — Alloh molingni barakali qilsin.
Abdurahmon aytadi:
— Shu duodan keyin dunyo menga ergashib yuradigan bo’ldi. Hatto bir toshni ko’tarsam, tagidan, albatta, yo tillo, yo kumush topardim».
Badr urushida Abdurahmon ibn Avf ko’p qahramonliklar ko’rsatdi. Allohning ashaddiy dushmani Umayr ibn Usmon ibn Ka’b at-Taymiyni yer tishlatdi.
Uhud jangida musulmonlar oyog’i ostidagi yer go’yo omonatday larzaga kelib, ayrim kishilar qochib ketgan paytlarida ham u zalvorli tog’day sobit turdi. Jangdan yigirmadan ortiq jarohat bilan chiqdi. Ayrim yaralari qo’l sig’adigan darajada chuqur edi.
Ammo Abdurahmon ibn Avfning urush maydonidagi jihodini uning moli bilan qilgan jihodiga qiyoslansa, xuddi arzimasday bo’lib qoladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni jangovar safarga qo’shin yubormoqchi bo’ldilar. Ashoblarga «Askarlarni ot-ulov, qurol-yarog’ va oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun sadaqa qilinglar», deb yuzlandilar. Bu chaqiriqqa Abdurahmon ibn Avf birinchi bo’lib «labbay», deb javob berdi. Uyiga borib, tezda qaytib keldida:
— Yo Rasululloh, menda to’rt ming dinor bor edi. Shuning ikki mingini Allohga qarzga beraman. Qolgan ikki mingini bola-chaqam ehtiyojiga qoldiraman, — dedi.
Payg’ambar alayhissalom:
— Alloh sening bergan molingga ham, bola-chaqangga qoldirgan molingga ham baraka ato etsin,— dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlaridagi so’nggi g’azot — Tabuk g’azotiga otlanganlarida, qo’shinning molga bo’lgan ehtiyoji askarga bo’lgan ehtiyojidan kam emas edi. (Tabuk — Shom va arab jazirasi chegarasidagi shahar. U paytda Rum tasarrufida bo’lgan. Hozir Saudiya Arabistoni hududida). Rum lashkari mo’rmalaxday son-sanoqsiz, tish-tirnog’igacha qurollangan. Madinada esa yil qurgoqchil kelgan. Safar olis, oziq-ovqat kam, ot-ulov undan ham kam. Hatto bir necha musulmonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, u kishi bilan birga jihod qilish uchun olib ketishlarini so’rashganida, ularga na bir ot, na bir tuya topib berolmay qaytarib yubordilar. Ular Alloh yo’lida infoq qila olmaganlaridan qalblari mahzunlikka, ko’zlari jiqqa yoshga to’lib, qaytib ketishdi. Ularga «Bakkoun»-«Alloh uchun yig’laganlar», deb nom berishdi. Qo’shinni esa «Jayshul usra» — «Qiyinchilik chekkan lashkar», deb atashdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarni Alloh uchun infoq — ehson qilishga buyurib, ajrini Parvardigori olamdam umid qilishga undadilar. Har galgidek Abdurahmon ibn Avf birinchilar qatorida bo’ldi. U ikki yuz uqiya (salkam 7,5 kg) tillo olib keldi. Buni ko’rgan Umar ibn Xattob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga dedi:
— Menimcha, Abdurahmon savob o’rniga gunoh orttirib olyapti. Bola-chaqasiga hech vaqo qoldirmadi…
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so’radilar:
— Ey Abdurahmon, bola-chaqangga biron narsa qoldirdingmi?
— Ha, — dedi u, — berganimdan ko’ra ko’proq va yaxshiroq narsani qoldirdim.
— Nimani?
— Alloh va Rasuli va’da qilgan rizq, yaxshilik va ajrni.
Qo’shin Tabukka jo’nab ketdi. U erda Alloh taolo Abdurahmon ibn Avfni musulmonlarning birortasiga nasib etmagan sharafga erishtirdi. Namoz vaqti kirib kolgan edi. Payg’ambar alayhissalom hadeganda kelavermadilar. Shunda Abdurahmon ibn Avf qavmga imom bo’lib, namoz o’qishga tutindi. Birinchi rakaat oxiriga yetmay, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelib, namozxonlar safiga turdilar va Abdurahmon ibn Avfga iqtido qilib, namozni ado etdilar…
Butun bashariyat sayyidi, barcha anbiyolar imomi Muhammad ibn Abdulloh janoblariga imom bo’lishdan ko’ra ortiqroq shon-shavkat bo’lishi mumkinmi?!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam robbilari huzuriga rihlat qilgach, Abdurahmon ibn Avf u zotning zavjai mutohharalarining xizmatida bo’ldi. Ularning barcha hojatlarini jon-dili bilan bajarar, safarga chiqsalar, kuzatib chiqar, hajga borsalar, birga haj qilar, tuyalarining ustiga xavdaj (ayollar minishi qulay bo’lishi uchun tuyaning ustiga o’rnatiladigap moslama) o’rnatib berar, dam olishga to’xtaganlarida imkoniyatidagi bor shart-sharoitni muhayyo qilardi. Bu Abdurahmon ibm Avfning manoqiblaridan bo’lib, uning bu darajada mo’minlarning onalari tarafidan ishonchga sazovor ekanligiga hamma havas qilardi.
Abdurahmon ibn Avf, umuman, musulmonlarga, xossatan, mo’minlarning onalariga g’oyatda mehribon edi. Bir safar o’ziga tegishli yerni qirq ming dinorga sotib, pullarni banu Zuhra qavmiga (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ning onalari Omina binti Vahbning qavmi), faqir musulmonlarga, muhojirlarga va Payg’ambar hazratlarining ayollariga taqsimlab berdi. Oisha roziallohu anhoning ulushini olib borgan kishidan onamiz bularni kim berib yuborganini so’radilar. «Abdurahmon ibn Avf» degan javobni eshitgach, ‘»Mendan keyin sizlarga faqat sabr-bardoshli kishilargina mehribonchilik qiladi», degandilar Allohning rasuli», deb qo’ydilar.
Abdurahmon ibn Avf Rasululloh sollallohu alayhi vasallamnint baraka duolarining ta’sirini butun hayoti mobaynida sezib yurdi. U sahobalarning orasidagi eng moldor, badavlat kishiga aylandi. Tijorat ishlari misli ko’rilmagan darajada avj oldi. Unga tegishli karvonlar tez-tez Madinaga don-dun, un, yog’, kiyim-kechak, idish-tovoq, atir-upa singari aholiga zarur maishiy mollarni keltirib turar, madinaliklardan ortgan boshqa tovarlarni chetga olib chiqib sotardi.
Bir kuni Abdurahmon ibn Avfning karvoni Madinaga kirib keldi. Karvon yetti yuz tuyadan iborat edi. Ha, yetti yuz tuya… Tuyalarga oziq-ovqat, mato, umuman, odamlar uchun eng zarur narsalar ortilgan edi. Karvon yerni larzaga solgancha shaharga kirib kelganida, atrofni tuyalarning bo’yniga osilgan qo’ng’iroqlarning jarangiyu og’ir yukdan ezilgan tilsiz jonivorlarning o’kirishi tutib ketdi. Shovqin-suronni eshitgan Oisha roziallohu anho «Bu nima tupolon?» deb so’radi. U zotga «Abdurahmon ibn Avfning karvoni yetti yuzta tuyada bug’doy, un va oziq-ovqat olib kelyapti», deyishdi.
Oisha onamiz dedi:
— «Alloh uning dunyosiga baraka berdi, lekin oxiratda berajak savobi ulug’roqdir».
Darhaqiqat, Abdurahmon ibn Avf nihoyatda qo’li ochiq, saxiy odam edi. Molini hech kimdan ayamas, so’rab kelganlarga oshkora yordam qilar, so’rashdan uyalganlarga mahfiy ko’mak ko’rsatar, hatto o’ng qo’li bergan sadaqani chap qo’li sezmay qolardi.
Bir safar qirq ming dirham kumush sadaqa qildi. Ketidan muhtojlarga qirq ming dinor tillo ham tarqatdi. Ikki yuz uqiya oltin ehson qilgani esingizda bo’lsa kerak?! Bir gal Alloh yo’lida jang qilish uchun ketayotgan mujohidlarning besh yuztasini otga mindirib yubordi. Boshqa jangdan oldin islom jangchilarini bir yarim mingta tuya bilan ta’minladi.
Abdurahmon ibn Avfning o’lim soati yaqinlashganida qo’l ostidagi ko’pgina mamluklarni ozod qilib yubordi. Badr jangi qatnashchilarining har biriga to’rt yuz dinordan berishni vasiyat qildi. Tirik qolgap buyuk jang ishtirokchilarining hammasi o’z ulushini oldi. Ularning soni yuzta edi. Yana mo’minlarning onalariga ham ko’p mol vasiyat qildi. Oisha onamiz, ko’pincha, uning mehribonchiliklarini eslab, «Alloh uni Salsabiyl (jannatdagi buloqning nomi) suvidan serob qilsin», deb duo qilardi.
Bundan tashqari, u qonuniy merosxo’rlariga ham sanab adog’iga yetish qiyin bo’lgan darajada ko’p molu dunyo qoldirib ketdi… Mingta tuya, yuzta ot, uch ming qo’y. Qur’on taqsimoti bo’yicha marhumning qarz va vasiyatlari ado etilganidan keyin beriladigan butun merosning sakkizdan biri to’rtta xotiniga taqsimlanganida, ularning har biriga sakson ming dinordan tegdi. Tilloyu kumushlar vorislarga bolta bilan bo’lib berildi. Hatto taqsimda ishtirok etgan kishilarning qo’llari bolta zarbidan qavarib ham ketdi.
Hech shak-shubha yo’qki, bularning hammasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning duolari barakoti tufaylidir.
Ammo son-sanoqsiz boyliklar Abdurahmon ibn Avfni maftun etib, domiga ilintirolmadi. Odamlar uni qo’l ostidagi kishilar orasida ko’rib, kim xoja, kim qulligini sira ajratolmasdi.
Bir kuni ro’zador Abdurahmonga og’iz ochish uchun taom ksltirilganida, dasturxonga qarab dedi:
— Mus’ab ibn Umayr vafot qildi, holbuki, u mendan yaxshiroq edi. Uni kafanlash uchun bir parcha mato topa oldik, xolos. Boshini o’rasak, oyoqlari ochilib qolardi. Oyoqlarini yopsak, boshiga yetmas edi. Undan keyin Alloh dunyoni bizning qadamlarimiz ostiga sochib tashladi… Qo’rqamanki, amallarimiz uchun va’da qilingan mukofot shu dunyoda berib qo’yilmadimikan?!
So’ng yig’lab yubordi. Taomdan bir luqma ham totib ko’rmadi.
Abdurahmon ibn Avfga shon-sharaflar bo’lsin! Dunyo rostgo’ylari sardori Muhammad ibn Abdulloh janoblari unga jannat bashoratini berdilar.
Uni so’nggi manziliga Payg’ambar alayhissalomning tog’avachchasi Sa’d ibn Abu Vaqqos boshchiligidagi musulmonlar kuzatib qo’yishdi. Janoza namozini ikki nur sohibi Usmon ibn Affon o’qidi. Azadorlar safida zo’r qaygu ichra turgan Ali ibn Abu Tolib:
— «Sen bu ummatning ulug’laridan biri eding, Alloh seni rahmatiga olsin», deb duo qildi.
Doktor Abdurahmon Ra’fat al-Boshoning «Sodiq sahobalar qissasi» (Toshkent, “O’zbekiston”, 1997) kitobidan olindi.
ABDURAHMON ibn AVF (taxminan 579-654) -sahoba; makkalik ilk (Xadichadan keyin) sakkiz musulmonning beshinchisi. Asharai Mubashsharalardan.
Abdurahmon ibn Avf ham Habashistonga, ham Madinaga ko‘chgan muhojirlardan. Badr, Uhud va b. janglarda Muhammad (sav)ning yonlarida bo‘lgan.
Uhud jangida yigirma joyidan yaralangan. Dastlab faqir edi, so‘ngra tijorat bilan shug‘ullanib boyib ketgan. Xayr-ehsonni ko‘p qiladigan, bu odatni yaxshi ko‘radigan zot bo‘lgan. Bir kunda o‘ttiz qulni ozod qilgan. Mol-dunyosining bir qismini hayotligida musulmonlarga tarqatgan, bir qismini g‘oziylarga vasiyat qilib qoldirgan.
Umar (ra)dan so‘ng xalifa bo‘lishni istamagan, hakamlik qilgan. Usmon (ra)ni xalifa etib saylagan va hammadan oldin unga bay’at qilgan.
Islom ensiklopediyasidan