Hazrati Abu Bakr Siddiq

BIRINCHI XALIFA ABU BAKR SIDDIQ

(Raziyallohu anhu) DAVRLARI

Eng avvalgi musulmon va eng birinchi siddiq va Rasulullohning hamsuhbatlari hamda Ulardan keyingi birinchi xalifa bo’lmish Abu Bakr Siddiq Abdulloh ibni Abu Qahofa ibni Omir nasablari Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga tutashadi.. Va Murra ibni Kab’i ibni Luayda jamlanadi. Onalari esa Omirning o’g’li Sahrning qizlari bo’lmish Salmo nomli ayol edilar.

Abu Bakr Siddiq, raziyallohu anhu fil yilidan ikki yilu to’rt oydan so’ng tug’ilganlar. Rasululloh alayhissalomdan ikki yoshu to’rt oylik kichkina edilar. Rasululloh alayhissalom ul janobning rostgo’yliklari, omonatdorliklari hamda Isro va Me’roj hodisasini eng birinchi bo’lib tasdiqlaganliklari uchun Siddiq deb nom qo’ygan edilar. Ya’ni, Rasulu akrom hazratlari janobni rostgo’ylarning rostgo’yrog’i degan yuksak sifat bilan oliy maqom darajasiga ko’targandilar.

Yahudiylar Rasululloh alayhissalomdan Isro voqeasini eshitgan so’zlariga ishonmasdan, Abu Bakr huzurlariga keladilar. «Sohibingiz mana shunday deyapti, siz shunga ishonasizmi?» — deb so’raydilar. Shunda Olloh va Rasulining do’sti, Islom ravnaqi yo’lida butun borlig’ini fido etuvchi zot bo’luvchi Abu Bakr makkor yahudiylarga shiddat-la qarab: «Agar bundan ham boshqa ajabliroq narsalarni Rasululloh hazratlari aytsalar men ko’nglimga zarracha shubha va shak keltirmagan holimda hech bir to’xtovsiz darhol tasdiq etaman», dedilar, Ushbu kundan boshlab Islom jon fidosining taxalluslari laqablari Siddiq bo’lib qoldi. Qiyomatga qadar, inshoolloh, shunday bo’lib qoladi.

Olloh Kalimasining yuksalishi yo’lida sof niyatli, xolis ixlosda xizmat qiladigan har bir muxlis mo»minning nomi albatta jahon ayvonida mana shunday yuksak fazilatli nomlar qatorida avlodlar qalbiga muhrlanib, to qiyomatga qadar unutilmay qolajakdur. Nodonlik va nafosatsizlik, befarosatlik kasalligiga yo’liqqanliklari sababli OLLOH kalimasining yuksalish yo’llariga g’ov solishga behuda chiranib urunuvchi badbaxtlarning nomlari esa asrlar osha la’nat tamg’asiga uchrab avlodlar nafratiga sazovor bo’lajakdur.

Bu ikki yo’ldan birini o’zingiz tanlab olavering, misollar esa atrofingazda qalashib yotibdi.

ISLOMDAN AVVALGI HAYOTLARI

Abu Bakr (r. a), Makkada o’sib ulgayganlar. Balog’atga yetganlaridan keyin Makka ahlining odatiga ko’ra savdogarchilik bilan shug’ullanganlar. Johiliyat zamonida ham Abu Bakr (r. a.) to’g’riliklari, sharifliklari, xushxulqlari, murosago’yliklari bilan xalq ichida tanilgan edilar. Abu Bakr hazratlari aslo araq ichmagan edilar. Araqni o’zlariga o’zlari xarom etgandilar. Bunga sabab bo’lgan voqeani tarixchilar quyidagicha ta’riflaydilar:

Bir kuni Abu Bakr mast bo’lib uchib qolgan odamning yonidan o’tib ketayotgan edilar. Qarasalarki, mast kishi siydigiga qo’lini tiqib yuziga surtayotibdi. Bunday jirkanch manzarani ko’rib behad nafratlangan holda, «Men aslo bunday noma’qulchilik qilmayman», deb o’zlariga so’z bergan ekanlar. Mana shundan keyin hatto bir tomchi ham tatib ko’rmaganlar.

Tarix bizga u janobning butlarga aslo sajda qilmaganliklarini ham hikoya etadi. Otalari bir kuni u janobni olib, ahli Makka odatiga ko’ra, butlarga sajda qilmoqlik uchun Ka’baga borgan ekanlar. Keyin katta butni ro’parasiga olib kelib «Mana, shu sening ilohing bo’ladi», deb uzlarini yolg’iz qoldirib ketgan ekanlar. Otalari nari ketgach, u janob butning yoniga yaqin borib, «men ochman, to’yg’iz» debdilar. Butdan sado chiqmagach, yana «men yalang’ochman, kiyintir», debdilar. But esa jim, serrayib turaveribdi. Buni ko’rgan Abu Bakr yerdan katta bir toshni olib butning yuziga qarab otibdilar-da, hech narsaga qaramay yugurgancha tashqariga chiqib ketibdilar. Shundan keyin aslo butlarga sajda qilmagan ekanlar.

Quraysh qabilasi u janobni rostgo’yliklarini, ochiq-ko’ngalliklarini bilganlari sababli juda yaxshi ko’rardilar, xurmat qilardilar. Janobda mujassam bo’lgan yuksak insoniy fazilatlar qurayshlar qalbida o’zlariga nisbatan muhabbatni paydo qilgan edi. Johiliyatda Abu Bakr harir savdosi bilan mashhur edilar. Bundan juda katta foyda ham ko’rardilar.

Rasululloh hazratlari bilan o’rtalarida ayrilmas do’stlik aloqasining barqarorligaga asosiy sabab — har ikki janobning yuksak sifatlarda hamohang bo’lganliklari edi, Yoshlari qariyb tengdosh, hovlilari hamsoya, o’zlari esa omonatdorlik va rostgo’ylik sifatlari bilan bezanganliklari sababli johiliyat zamonida, Rasulullohga payg’ambarlik kelmasdan avval ham ul janoblar bir-birlariga yaqin edilar.

ISLOMGA KIRISHLARI

«Xiro» g’orida Rasululloh hazratlariga vahiy nozil bo’lib, Jabroil alayhissalom «Siz Rabbil olamin tomonidan yuborilgan payg’ambarsiz», deb xabar bergan zahotlariyoq tezdan Xadicha onaning oldilariga kelganlar va mazkur xabarni aytganlar. Xadicha ona o’shal ondayoq hech bir ikkilanmay, imon keltirganlar. Qalblariga qo’rquv ketar-ketmas, Rasululloh hovlilaridan chiqib Baytullohni tavof qilgani borayotganlarida yo’lda Abu Bakrni uchratganlar. Rasululloh hazratlari Abu Bakr raziyallohu anhuga Islomni arz etganlar. Hazrat ham xuddi Xadicha ona kabi hech bir ikkilanmay, darhol tasdiqlab, qabul qilganlar. Bu to’g’rida so’ralgan paytida, «Men Muhammadni aslo yolg’on gapirganligini bilgan emasman. U janob yuksak omonatdorliklari, husnu xulqlari sababidan payg’ambarlikka loyiq zotlar», deb javob bergandilar. Shu tufayli Rasululloh hazratlari u janob haqlarida shunday degandilar:

— Men kimni Islomga da’vat etsam bir oz to’xtalar, taraddudga tushar edi. Abu Bakr esa men arz etgan chog’imda hech qanday taraddudsiz darhol qabul qilgandur.

RASULULLOH ALAYHISSALOM BILAN BIRGA BO’LGANLIKLARI

Abu Bakr Siddiq (r,a.), Rasululloh alayhissalom bilan Islomni e’lon qilgan kunlaridan boshlab doimo birga hamsuhbat bo’lganlar. U janob qurayshlardan va boshqa nodonlardan juda ko’p izo jafo chekkanlar. Boyliklari ham, nasablari ham, xalq orasida tutgan o’rinlari, e’tiborlari ham, xushxulqlari ham qurayshlarning izosidan qaytara olmagan. Islom diniga birinchilardek musharraf bo’lganliklari Rasulullohning eng yaqin hamkorlaridan bo’lganlari sababli qurayshliklar u janobga har turli izo jafolarni yetkazganlar. U janobning Rasulullohning juda ko’p o’rinlarda mushriklardan mudofaa qilganliklari tarix kitoblarida bitilgandur, U janob Rasulullohni himoya qilish yo’lida mushriklar izosidan zarracha qo’rqmay, jafolarini pisand etmay, jonfidoliklar etganlar. Siyrat kitoblarda bu haqda quyidagi voqea bayon etilgan.

Quraysh mushriklari baytulxaramdagi Ismoil hujralariga to’planishib o’zaro suhbat qurganlar. Gaplari asosan mana shu xususda bo’lgan:

— Biz hanuzgacha bu kishi kabi o’zidan juda katta ketgan odamni ko’rgan emasdik. Mana bu odamning o’z qavmiga yangiliklar kiritgani kabi biron kishining yangaliklar kiritib fitna qo’zgaganini ham bilmaymiz. Endi u dinimizni ayblamoqda, aqlimizni kamsitmoqda, olixalarimizni esa obro’sizlantirmoqda. Boshimiz qotib, nima qilishni ham bilolmay qoldik.

Mushriklar shunday deb turgan paytlarida Rasululloh hazratlari behosdan kirib kelib, rukn oldiga yetib qoladilar. Ularning yonlaridan o’tayotganlarida ular axmoqona so’zlar aytib Rasululloh hazratlarini masxaralashdi. Rasululloh hazratlari tavof qilib bo’lgach, yana ularning oldilaridan o’tadilar. Mushriklar beandisha gaplarini yana takror aytishadi. Shunda Rasululloh hazratlari ularga qarab: «Ey, quraysh jamoalari, men sizlarga qurbonlik keltirdim», deydilar. Odamlar biror narsa deb javob berishga yarolmay jim bo’lib qolishadi. Keyin tarqalib ketishadi. Ertasiga yana to’planishib, kechagi bo’lib o’tgan gaplarni eslashadi. Shunda bittasi o’rnidan turib, ularga: «Ey, qurayshlar, kecha uni yo’qligida rosa chaynadinglar. Oldingizga kelganida esa lom-mim deyolmay qoldinglar-ku?» dedi.

Ular suhbatlashib turgan onlarida Rasululloh hazratlari baytulxaramga adl qadamlar bilan kirib keladilar. Shunda ular janobi sarvari olamga har tomondan itday tashlanib, «senmi hali bizga falon-falon gapni aytgan», dsb so’roqqa tutadilar. Sarvari koinot dadil «Ha!» deb javob berganlaridan so’ng oralaridan bittasi belbog’ini yechib Rasulullohning muborak bo’yinlariga solib bo’g’moqqa boshlaydi. Bu holni ko’rgan Abu Bakr ularning oldiga tezlik bilan yetib keladilar. Ularga qarab: «Qanday badbaxt kishisizlar! Axir «rabbim — yagona olloh!» degan kimsani bekordan-bekorga o’ldirmoqchimisizlar?!»— deydilar. Ular endi Abu Bakrga tashlanib, uzun soqollaridan tortqilab, urmoqqa boshlaydilar. Ular hech ayamay rosa do’pposlab, urib azob berishadi. U janob uylariga boshlari yorilgan holda, og’riq zo’ridan aziyat chekib, arang yetib keladilaru hushlaridan ketib qoladilar. Ancha vaqt behush bo’lib yotadilar. Hushlariga kelgach, birinchi savollari «Rasulullohning ahvollari qanday?»— deb so’rashlik bo’ladi. «Yaxshi» deyishlariga ham qanoat qilmay, ko’ngillari xotirjam bo’lmay, onalariga va yana bir qo’shnilariga suyanib Rasulullohning hovlilariga yo’l oladilar. Rasululloh alayxissalomning nodonlar qo’lidan eson-omon qutulganlarini ko’rib, xursandliklaridan o’zlarini tutib turolmay Rasululloh hazratlarini quchoqlab oladilar.

Ha! Islom yuksalishi yo’lida mana shunday jonfidoliklar ko’rguzishgandi! Olloh yo’lida jonlari o’zlariga hech qanday qiymatsiz tuyulgandi. Ular jonlarini aziz bilib, uzoq tinch yashab yuraylik, deb quyon yuraklik qilishmay, «bizning hayotimizdan ko’ra olloh kalimasining yer yuzida o’rnashib oliy bo’lishligi qiymatliroq, muhimroqdir», deb bilishgandi. Zero, ular insoniyatni jon-dillaridan sevadigan, unga yaxshilikni xolis dil bilan istaydigan yuksak ong egalari, ko’zi ochiq kimsa edilar. Shuning uchun narsalar qiymatini baholashda xatoga hech yo’l qo’yishmagandi. Harakatlari zoe ketmadi. Nomlari abadiyat taxtasida hurmat-ikrom martabasiga yozilib qoldi.

OLLOH YO’LIDA QILGAN SARFLARI

Abu Bakr Siddiq (r. a.), o’zlarining sodiqlaridan, sevikli habiblaridan bir nafas ham ajralmay, uzoqlashmay, doimo birga bo’lishga harakat etardilar. Faqat bir narsa oldi-sotti qilgani biror yoqqa borganlaridagina biroz fursat ajralishga majbur bo’lardilar. Ishlarini bitkazgach, tezdan yana do’stlarining yonlariga qaytib kelardilar. O’zlarida bo’lgan bor narsalarini xoh arzon, xoh qimmat bo’lsin, din g’alabasi yo’liga ayamay sarf etardilar. Bir kuni Umay ibni Xalaf ismli kofirlar sardori Bilol ibni Rabboh degan xabash qulni Islom dinidan qaytarish uchun azoblayotganini, qumloq sahroga olib chiqib qaynoq qumlarga yotqizib ustlariga og’ir toshlarni bostirib qiynayotganini ko’rdilar. Berilayotgan azob qulning faqat iymonini ziyoda qilardi xolos. Shunchalik qiynoq va azoblar chekib turgan paytida ham og’zidan yagona «AHAD», «AHAD» degan so’z chiqardi, xolos. Abu Bakr, Umayya shaytondan Bilol ibni Rabbox raziyallohu anhuni katta pul barobariga sotib oladilar. Keyin esa Olloh uchun va rabbil olamin hidoyat qilib yo’llagan Islom muhabbati uchun uni ozod qilib yuboradilar.

Umar ibni Hattobning Zamir Rumiya ismli cho’rilari bo’lar edi. U ayol Umardan avvalroq Islom diniga musharraf bo’lgandi, Hazrat Umar uni qattiq qiynab, juda ko’p martaba urganlari natijasida cho’rining ko’zlari ko’r bo’lib qolgandi. Ammo shu holatida ham rabbil olamin ko’rsatgan yo’lidan chetga toymagandi. Ko’zidan ajralsa-da, iymonidan ayrilmagandi. Abu Bakr bu cho’rini sotib oladilar. Keyin esa ollohning rizoligi yo’lida ozod etib yuboradilar. Cho’rining kuzlari ojiz bo’lib qolgan paytda qurayshlar, «mana bu mochag’ar Lot va Manotning qarg’ishrga qoldi», deb gap-so’z yuritgandilar. Ularga qarab baxtli ayol shunday degandi:

— Bu gaplaringiz behuda. Lot va Manot hech narsani bilmaydi va hech narsa qilolmaydi ham. Mening mehribon rabbim esa hamma narsaga hatto meni ko’zimni qayta ochib qo’yishga ham qodirdur!

Ertasiga tong otganda ollohning marhamati tufayli ayolning ko’zi qayta ochilib yorug’ dunyoni yana ko’rishga muyassar bulgandi. Qurayshlar buni kurib, bu Muxammad ibni Abdullohning sehridan bo’lgan ish degandilar. Qurayshlar yolg’on aytgandilar, buyuk Olloh esa rost aytgandi.

Abu Bakr Siddiq (r. a.) faqat mana shu ikkovlariiigina ozod etib qolmagandilar. Balki Omir ibni Fuxayrni, Ummu Unaysni va Abr ibni Juminaning joriyasi bo’lgan ikki qizni ham va bulardan boshqa yana qancha-qancha kishilarni ozod etgandilar. Shunchalik ko’p mollarini Olloh yo’lida sarflaganlari sababidan hatto Olloh taolo u janob haqlarida oyat nozil qilgandi. Mazmuni: «Kimki bersa va taqvo qilsa, Islomni tasdiq etsa bas, biz uni skonlikka yo’llab qo’yamiz».

U janob mana shu martabaga loyiq bo’lganlar. Islomga dohil bo’lgan vaqtlarida boyliklarining qiymati qirq ming dirhamga yetgandi. Mana shu ulkan boylikdan Madinaga xijrat etayotgan paytlarida faqatgana besh ming dirxam qolgandi, xolos. Boshqasini Olloh dinining g’alabasi yo’lida sarf etib yuborgandilar. Rabbilariga yo’liqqan onlarida esa yonlarida hech qanday boyliklari xam kolmagandi.

MADINAGA HIJRATLARI

Sayyidino Abu Bakr Makkada Rasululloh sallallohu alayhi vasalam bilan doimo birga turdilar, Xabash viloyatiga ko’chib boruvchilar ichida bormadilar. Bechorahol musulmonlar Makka mushriklarining izosi nihoyatda qattiq tus olgan paytda Xabashga ko’chib ketishganda ham Abu Bakr Makkada qoldilar. Dastlab ko’chib ketmoqchi ham bo’lgandilar. Biroq, yo’ldan tez qaytib kelib, Makkada o’zlarini butunlay Islom yo’liga baxsh etdilar. Kishilarni islom yo’liga va diniga hormay-tolmay chaqirdilar. Mehnatlari evazi o’laroq Makka atroflaridan bir necha guruh Abu Bakr qo’llarida Islomga musharraf bo’ldilar. Usmon ibni Affon, Abdurahmon ibni Afa, Zubayr ibni Avom, Talxatubni Ubaydulloh, Sa’d ibni Abu Vaqqos va bulardan boshqa yana qancha-qancha Makka ahlining atoqli kimsalari Abu Bakrga ishonganlari va u janobning faqat to’g’ri yo’lga da’vat etishlariga amin bo’lganlari sababli, chaqiriqlariga labbay, deb javob berdilar. Islom dinini qabul qildilar.

Quraysh kofirlarining musulmonlarga nisbatan zulmlari kuchaygan va sohibi-da’vat sallallohu alayhi vasallam aqaba bay’atidan keyin da’vatlarini keng yoyish uchun Madinada osoyishtalik va tinch joy topganligidan so’ng musulmonlarning Makkada quraysh mushriklaridan haddan ziyoda izo jafolar chekayotganlarini ko’rib, ularga bemalol ibrat qilish imkoniyatiga ega bo’lish hamda dinlarining asosini kenglikka yoyishga erisha olishga sharoit yaratish uchun Madina shahriga ko’chib borishlariga ruxsat etdilar. Juda ko’p musulmonlar Makkadagi yer-suvlardan, hovli-joylaridan ba’zilari esa boyliklaridan xam kechib Madinaga ko’chib ketishdi. Makkada juda oz musulmonlar qolishdi. Shular qatorida Abu Bakr ham hanuz jo’nab ketmagan edilar. Ustozlari va yo’l ko’rsatuvchilari bo’lgan Muhammad alayhissalom huzurlariga kelib birodarlari va hamkorlariga ergasharoq Madinaga ko’chib borishlikka ruxsat so’radilar. Shunda Risolat panoh sallallohu alayhi vasallam: «Kutib turing, shoyad Olloh subxonahu vataalo sizga biror yo’ldoshni belgilasa», dedilar. Hazratning gaplarini eshitib Abu Bakr sohibin nazir va bashir janoblarining o’zlari ushbu tarixiy safarda hamroh bo’lishliklarini his etdilar. Rasululloh alayhissalom har kuni kechqurun Abu Bakrning hovlilariga borardilar. U yerda ko’p vaqtlarini o’tkazardilar. Quraysh mushriklari esa o’zlarining majlisxonalariga to’planib bu janob taqdirini nima qilish tug’risida bosh qotirardilar. Mana u Madinada o’zini qo’llab-quvvatlovchi yordamchilarga ega bo’ldi, juda ko’p safdoshlari Madinaga ko’chib borib o’rnashdi. Endi nima qilishim kerak?» deya tinmay kengashlar o’tkazishardi. Mana shu majlislarida shayton boshliqlaridan bo’lgan bir iblisi la’in, ularning hozir qanday qaror qabul qilishlarini kuzatib turardi. Ular turli takliflarni o’rtaga tashlashdi. Shaytonsifat chol esa hammasini rad etaveradi. Oxiri munfiqlar sardorlaridan bo’lgan Abu Jahl o’rnidan turib majlis a’zolariga har bir qabiladan bittadan qonxo’r yigitlarni atrofdan taklif etdi. Abu Jaxlning rejasi bo’yicha, bu qonxo’r yigitlar Rasululloh eshiklari yonida payt poylab, ertalab Rasululloh odatlariga binoan, masjidga namoz o’qimoq uchun hovlilaridan chiqqanlarida birdaniga tashlanishlari, hazratning aziz jonlariga qasd qilib, o’ldirmoqlari zarur edi. «Shunday qilinsa,— dedi u la’in,— Muhammadning qoni butun qabilalarga tarqalib ketadi, natijada Abu Mannof urug’i majburan xunbahosini olishdan o’zga chorasi qolmaydi». Ushbu taklifdan Iblis benihoya shodlandi va uni qo’llab-quvvatladi. Shundan keyin tayyorgarlik ko’rishga kirishdilar. (Ular ham tadbir ko’rdilar, Olloh ham tadbir ko’rdi. Olloh eng yaxshi tadbir ko’ruvchidir!) Olloh subhonahu o’z payg’ambarini kofirlar qilayotgan yashirin xiylalaridan xabardor etdi va Madinaga xijrat etmoqliklariga amr qildi. Safar yo’llarini Olloh subhonahu ko’rsatib berdi. Shundan so’ng Rasululloh alayhissalom darhol Abu Bakrning hovlilariga jo’nadilar. Borib xabarni aytdilar. «Safarga tayyorgarlik ko’ravering», dedilar. Abu Bakr (r. a.) esa allaqachon safar jabduqlarini tayyorlab, ikkita nor tuyani uzoq yo’lga mo’ljallab boqib turardilar. Abu Bakr Rasulullohdan xabarni eshitgan onlarida ko’zlaridan sevinch yoshlari oqdi. Ummul Mo»minin Oyisha onamiz shunday deydilar:

— «Men hech kimni Rasululloh Abu Bakrga, «siz men bilan Madina safarida hamroh bo’lasiz», degan paytlarida shodlikdan yig’laganlaridsk yiglaganini aslo ko’rmadim.»

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tuzib berilgan ko’rsatma bo’yicha do’stlari va rafiqalari Abu Bakr (r. a.) bilan birgalikda uylaridan chiqib Savr nomli g’orga yetib keldilar. G’orga avval Abu Bakr kirib, ichini tekshirib, do’stlariga zarar yetkazadigan biror hasharot yo’qligiga ishonch xosil qilib xotirjam bo’ldilar. Yo’lda borishayotganda Abu Bakr goh oldinga o’tib, goh esa orqada qolib yurdilar. Rasululloh alayhissalom nega bunday qilayotganlarini so’raganlarida «Goho oldinga o’tib ketishim — yo’lni tekshirib biror xavf yo’qligini bilib kelish uchundir. Gohida orqada kolishim — yana orqamizdan biror kimsa ergashib kelayotgan bo’lsa, birinchi bo’lib men yo’liqay deganligimdan edi», dedilar. Ular g’orda berkinib yotganlarida izlariga tushganlar yaqiniga kelib izlashganda Abu Bakr Rasulullohni xavfdan ogoh etib, qattiq xayajonga tushdilar. «Agar birontasi shunday pastga qarasa, bizni ko’radi», dsganlarida, Rasululloh u janobga qarab: «Ey, Abu Bakr, ikki kishining uchinchi xamrohi Ollohning o’zi bo’lsa, nsga gam qilasiz», dsya tasalli berdilar.

Abu Bakrning Rasululloh hazratlariga mehribonliklari benixoya edi. G’orda Rasululloh u janobning tizzalariga bosh qo’yib uxlab stganlarida Abu Bakrni chayon chaqib oladi. Og’riqning qattiqligiga qaramay, sarvari olam bezovta bo’lmasinlar, deb Abu Bakr qimir etmay turadilar. Og’riq zo’ridan ko’z yoshlari o’z-o’zidan quyilib kelaveradi. Shunda mehribon va shafqatli zot bilib qoladilar. O’rinlaridan turib muborak qo’llari bilan chayon chaqqan yerni silab qo’yadilar. Abu Bakr o’sha zahotiyoq og’riqdan forig’ bo’ladilar.

Abu Bakr hazratlarining xijrat qilmaslaridan avval juda ko’p safarlarga borishlari odamlarga ma’lum edi. Abu Bakr bilan Rasululloh hazratlari yo’lda ketayotganlarida uchragan odamlar Abu Bakrdan «kim bilan ketyapsiz»? deb so’raganlarida u janob «yo’l ko’rsatuvchim bilan ketyapman», deb javob berardilar. Yo’lda hech kim Rasulullohning ishlaridan xabardor bo’lolmadi. Ikkovlon uzoq mashaqqatli yo’lni bosib o’tib,, eson-omon Madinaga yetib keldilar.

Suvsiz sahro yo’lida, quyoshning o’tli nafasiga chidab, sanoqsiz qum barxonlarini oshib o’tib qariyb 500 chaqirim yo’l bosishning o’zi bo’lmaydi. Bunda aziz jonini garovga tikib, ko’zlangan maqsad sari chidam, sabr va matonat bilan xarakat qilishlik talab etiladi. Safar mashaqqatidan sillasi qurigan yo’lovchi ko’ziga olis-olis ufqlar go’yo keti yo’q kabi tuyulib yurakni ezadi. Sahro quyoshi yo’lovchini qadam baqadam ta’qib etib shunday boshini qizdiradiki, bir lahza bo’lsin, tin olgani yo’l bermaydi.

MADINADAGI AHVOLLARI

Abu Bakr Siddiq Madinaga ko’chib borilganidan keyin ham Rasululloh alayhissalomdan ajralmay birgalikda hamkorlikda bo’ldilar. Rasululloh hazratlari Abu Bakrni nihoyatda izzat, hurmat etganlaridan qizlari Oyisha onamizga uylandilar Bu xususda Makkadalik vaqtlarida ahd boylangan edi. Madinaga ko’chib borishganvdan keyin dohil bo’lganlar. Oyisha ona Rasululloh hazratlarining eng sevikli va qalblariga eng yaqin ayollaridan edilar. Abu Bakr (r. a.) Rasululloh alayhissalom bilan birgalikda hamma g’azotlarda ishtirok etadilar. Badr jangida Rasululloh hazratlari bilan chodirda hamnishin edilar. Harbiy asirlarni fidya, ya’ni pul barobariga ozod etishlik fikrini ham Abu Bakr taklif etgandilar. Badr g’azotida Abu Bakr musulmonlarning ehtiyojlariga qarab, o’rtaga ushbu fikrni tashlagan kimsa edilar. Bergan maslahatlariga binoan asirlar fidya muqobiliga ozod etilgandi. Zero, o’sha kunlarda musulmonlar moliyaviy holatlarining nochorligidan mablag’ga nihoyatda ehtiyojli edilar. Buyuk qonunchi sallallohu alayhi vasallam mana shu maslahatga amal qilganlari uchun Olloh taolo tomonidan itob, ya’ni tanqid etilgandilar.

Uxud g’azotida Abu Bakr Rasululloh hazratlarining himoyachilari ichida sobitqadam turgandilar. Umumlashkar parokandalikka uchrab, holat og’irlashgan bir paytda sarvari olamni dushmanlar o’qidan bahodirona himoya etgan shijoatli sahobalar safida Abu Bakr Siddiq (r. a.) ham jonlari ham ko’zlariga ko’rinmay, ilohiy nur hidoyatchisining omonligi yo’lida sabotla mardona turgandilar.

Xudaybiyya sulhida munofiqlarning aldovlariga tushib qolmay, ularga qarshi keskin raddiya bergan sahobalardan birlari Abu Bakr (r. a.) bo’lgandilar. Tabuk g’azotida esa eng katta bayroqning bayroqdori vazifasida qatnashgandilar. Hijratning to’qqizinchi yilida Rasululloh hazratlari Abu Bakrni o’zlariga noib etib, hajga ketayotgan karvonga xojiboshi qilib tayinlagandilar. Abu Bakr juda ko’p musulmonlarga boshchilik qilib hajga borib va u yerda kishilarga haj farzlarini o’rgatgandilar. Abu Bakr Siddiq (r. a.) hech bir fikrda va hech bir maslahatda yo’lboshchilari bo’lgan Rasululloh hazratlariga ixtilofda abadiy bo’lmaganlar. Janob sarvari olam sallallohu alayhi vassallamning ko’rsatmalaridan bo’yin tovlamay to’xtovsiz ravishda bajo keltirganlar. Biror ra’yilariga qarshi o’laroq fikr ham bildirgan emasdilar. Qanday bir masala ko’ndalang kelmasun, har qanday hodisa yuz bermasun Rasululloh, hazratlari hamma holda Abu Bakr (r. a.) uchun, o’z bolalaridan, ahli ayollaridan ko’ra va moli dunyolaridan ko’ra ham sevikliroq bo’lardilar. Janob risolat maob xushliklari boisida Abu Bakr (r. a.) har bir narsa-laridan hech qanday qaroxiyatsiz voz kecha olardilar. Abu Bakr (r. a.) Ollohga bo’lgan iymonlarining natijasi o’laroq, uning payg’ambariga mana shunday jon fidoliklar qilardilar. Rasululloh alayhissalom bir safar Oyisha onamiz bilan o’z o’rtalarida yuz bergan bir voqeada hukm chiqarmoq uchun Abu Bakrni chaqirtirib kelganlarida Abu Bakrning tutgan yo’llari bunga eng yaxshi misol bo’la oladi. Rasululloh alayhissalom Oyisha onamizga qarab «men gapirib beraymi yoki siz gapirasizmi?» deganlarida, Oyisha onamiz «siz gapiring, ammo faqat haqiqatni ayting, deydilar. Shunda Abu Bakr o’rnilaridan shartta turib qizlarining yuziga tarsaki tushiradilar. Va «Ey beadab, hali Rasululloh haqiqatdan tashqari gapni gapirarmidilar!» deydilar. Ehtimol mana shu xodisa va bunga o’xshash yuz bergan hodisalar Abu Bakr (r. a.) ning iymonlari janob risolatpanoh sallallohu alayhi vasallam vasf etgan darajaga yetkanligiga dalil, hujjat bo’lib isbot etsa kerak. Janob sarvari olam «Butun yer yuzi aholisining iymoni Abu Bakr iymoni bilan tarozuda solishtirilganda, albatta, uning iymoni ularning iymonlaridan bosib ketgan bo’lardi», deb marhamat etgandilar.

Hazrati Sodiqul amin alayhissalom Abu Bakr to’g’rilarida «agar men do’st tutadigan bo’lsam edi, albatta Abu Bakrni do’st tutardim. Lekin Islom birodarligi o’zi kifoya qiladi», deganlarida Abu Bakr sha’nlariga ko’p gapirilgan bo’lmaydi. Balki janob risolat maobning u janob haqlarida «Quyosh chiqishi va botishida Abu Bakrdan ko’ra boshqa yaxshiroq kimsaga duch kelmaydi», demaklariga ajablanmasa bo’ladi. Abu Bakr raziyallohu anhu zaiflarga g’oyatda shafqatli, xushxulq, latofatli bo’lishliklari bilan birgalikda din dushmanlariga benihoya qattikqo’l edilar Xususan, Madina shahriga to’lib kettan yahudiylarga nisbatan chek siz nafrat-la shiddatli muomalada bo’lardilar. Ularning tilyog’lamaliklariga aldanib, yolg’on maqtovlariga uchib, bergan ba’zi bir sovg’alaridan xush bo’lib o’zlarini yo’qotib qo’ymasdilar Mo»minlar buyoqda qolib, ularni maqtashga o’tib ketmasdilar.

Rasululloh hazratlarining payg’ambarliklarshi o’zi tavrotdan o’qib bilgani holda inkor etganida Pinxos ismli yahudiyga qattiq tanbeh berganlari va «Olloh kambag’al, biz boymiz, Olloh bizga muhtoj bo’ladi», degan vaqtida og’ziga qarab ayamay urganlari u janobning iymonlari qanchalik quvvatli ekanligiga, ishonchlari mustahkamligiga dalil bo’lolsa kerak. Xalifalik mansabiga minganlaridan keyin ahli riddalarga qarshi urushmoqlik uchun muzokara ketayotgan vaqtda tutgan o’rinlari u janobning sobitqadam bir kishi ekanliklarini isbot etsa kerak. Umar (r. a.) «Zakot berishdan bosh tortganlarga qarshi urushmang», deb iltimos qilganlarida Abu Bakr qatiy suratda rad etganlari va bu bilan dinning haybatini va sharafini saklab qolishda o’zlarini tutishlari u janobni qanchalik sohibi ra’y kishi ekanliklarnni ko’rsatolsa kerak. Qur’oni karim bir necha mavzularda Abu Bakr Siddiq sha’nlariga ishora qilgandur. Surai Laylda shunday deyiladi: «Bas, kimki bersa va o’zi taqvo qilsa, Islomni tasdiq etsa, biz uni tezda osonlikka yo’llaymiz».

Surai Nurda qarindoshlarn bo’lgan Mistah bo’hton qiluvchilarga qo’shilib Oyisha onamizni bo’hton qilganligi uchun unga berayotgan ehsonlarini bermayman deb qasam ichgan paytlarida u janobga ishoratan shunday deyilgan: «Sizlardan bo’lgan boylar va ne’mat egalari qarindoshlariga, miskinlarga va Ollohning yo’lidagi muxojirlarga ehson qilmoqlikdan qasam ichmasun. Ularni avf etsunlar va kechirsunlar. O’zingiz ham Olloh sizni kechirishini istamaysizmi. Olloh kechiruvchi mehribon zotdur».

Ushbu oyat nozil bo’lganidan keyin Abu Bakr eshitgan zahotlariyoq darhol uylariga borib, oziq-ovqat va boshqa narsa-lardan olib, qarindoshlari Mistoxning hovlisiga ko’tarib jo’nab qoldilar. Yo’lda bora-borguncha «Ollohning mag’firatini istayman, Ollohning mag’firatini istayman», deb ketdilar.

Rasudulloh sallallohu alayhivasallam, Abu Bakr (r. a.) Najd o’lkasidagi Bani Qilob jangiga askarboshi qilib yuborganlar. Shu kabi Fazora jangiga ham askarboshi qilib jo’natganlar. Mazkur janglarda Abu Bakr hazratlari kofirlar ila shiddatli jang qilganlar va zafar qozongan holda qaytib kelganlar.

Xajjatul vado’da janob risolat maob hazratlari arofotda odamlarga xutba o’qib turgan onlarida Olloh taoloning: «Bugun dinlaringizni mukammal etdim va ne’matlarimni sizlarga to’la ayladim, hamda sizlarga Islomning din bo’lishligiga rozilik berdim»— degan oyati nozil bo’lgan vaqtida Abu Bakr hazratlari yig’lab «vahiy to’xtatishga yaqin qolibdi-da», degandilar. Sevikli habiblariga va murshidlariga dorul fanodan dorul baqoga safar etishga izn berilganligini his etgandilar. Bir arab shoirining baytini misolga o’qigandilar:

Har ish avjiga yetsa,

boshlandi puhsoni,

Quyosh chiqsa qiyomga

boshlangay zavoli.

RASULULLOH XASTALIK PAYTLARIDA MUSULMONLARGA IMOMLIK QILGANLARI

Janobi Risolat maob sallallohu alayhi vasallam Madinada o’n yil yashadilar va u yerda mustahkam yangi Islom hukumatini barpo etdilar. Madina shahrini mustahkam qo’rg’onga aylantirdilar. Islomiy da’vatni yon qo’shni davlatlarga ham tarqatdilar. Olloh subhonahu va taolo u janobga oxirgi sura —«izo joa nasrullohi»ni nozil qildi. Bundan sarvari olam sallallohu alayhi vasallam bu dunyodan ketadigan vaqtlarini yaqinlashganini sezdilar. Shundan keyin Olloh subxonahuga yanada ko’proq hamdu sano ayta boshladilar. Bir kuni Janob sarvari koinot sahobai kirom raziyallohu anhumga boqib: «Ollohning bandalaridan bir bandasiga Olloh dunyo va oxiratni va o’zining huzuriga kelishlikni tanlashga ixtiyor berdi, Banda esa Olloh huzurini ixtiyor etdi», dedilar. Janob risolat panoh sallallohu alayhi vasallamning ushbu gaplarini Abu Bakr (r. a.) eshitib ko’zlaridan jala kabi yoshlar to’karoq, qalblari ayriliq o’tidan alanga olaroq janoblariga boqib: «Yo Rasululloh, sizga jonlarimiz va ruhlarimiz fido bo’lsa bo’lmaydimi?»— dedilar.

Rasululloh hazratlari xastalanib o’ringa yotib qoldilar. Kasalliklari qattiqlashib, xastalik og’ir holatga ko’chgach, sahobalarga boqib: «Aytinglar, Abu Bakr namozda imom bo’lib tursinlar» deydilar. Oyisha onamiz shunday deydilar: «Hazrati Bilol namozga azon aytdilar. Shunda janob risolat maob «Abu Bakrga aytinglar, odamlarga imom bo’lsinlar», dedilar. Men u janobga boqib «Yo Rasululloh, Abu Bakr nimjon kishi, sizning o’rningizda imom tursalar odamlarga takbirni va qiroatni eshitdirolmaydilar. Hazrati Umarni ta’yinlasangiz yaxshi bo’lardi»,— dedim. Rasululloh esa bir necha .marta o’z gaplarini qaytardilar. Men Xafsaga dedim: «Siz Rasulullohga ayting, o’rinlariga Umarni tayimasunlar. Chunki u kishi ovozlari juda kuchli odam». Xafsa mening gapimga kirib hazrati Rasulullohga mazkur gapni aytdilar. Shunda Rasululloh «Abu Bakrga aytinglar, odamlarga imom bo’lsin, sizlar Yusufning ham suhbatlarisizlar», dedilar. Bu gapdan keyin Xafsa Oyisha onaga qarab o’pkaladilar. «Sizni deb shu gapni eshitdim» dedilar. Keyin Abu Bakr odamlarga imom bo’lib namozni o’qidilar. Bir kuni Rasululloh Umarni takbir aytayotganlarini eshitib qoldilar. Shunda «Abu Bakr qaerda, Olloh va musulmonlar bunga rozi bo’lmaydilar», dedilar.

Voqe’a bunday bo’lgandi:

Rasulullohning buyurganlaridan bexabar bir sahoba Abu Bakrning yo’qliqlarini ko’rib, Umarga «siz imom bo’lib qo’yaqoling», degandilar. Shu tufayli Umar hazratlari imom turgakdilar. Keyin Abu Bakr qaytib keldilar, namoz Rasululloh buyurganlariga amal qilinib qaytadan o’qildi.

Ruhi poklari malail a’lo tamon parvoz etgan dushanba kuni Rasululloh hazratlari muborak boshlari bog’langan holda Oyisha onaning eshiklaridan masjidga chiqdilar. Odamlar janobi risolat maob sallallohu alayhi vasallamning nurona chehralarini ko’rib behad shodlandilar. Janobi Risolat maob ularga namozlaringizni davom ettiravering degan ishorani qildilar. Abu Bakr, raziyallohu anhu, ham odamlar harakatlarini ko’rib, namozgohlaridan orqaga chekinmoqchi bo’ddilar. Lekin Rasululloh alayhissalom «o’rningizda turib, namozni o’qib bering» dedilar. Janob rasuli akram Abu Bakrning yonlariga kelib o’ltirgan holda namozni o’qidilar. Namozni o’qib bo’lganlaridan keyin odamlarga yuzlandilar, ularni atroflariga to’pladilar. Muborak ovozlari masjidning eshigi yonida ham eshitilib turdi. Hamma jamlanib bo’lgach, ularga qarab: «Ey, insonlar, do’zax qizitilgan, fitnaning esa zulmat tuni kabi qorong’uligi yuzaga chiqqan. Men faqatgina sizlarga Olloh halol qilgan narsani halol qilganman, xarom qilgan narsani men ham xarom qilganman», dedilar.

Rasuli akram so’zlarini tugatib ichkariga kirib ketadilar. Ali karamallohu vajhahu Rasulullohning oldilaridan tashqariga chiqqanlarida odamlar Rasulullohning ahvollari nechuk dsb so’radilar. «Ollohga shukrlar bo’lsin ahvollari ancha yaxshi», deb javob beradilar. Abbos ibni Abdumuttalib hazrati Alining qo’llaridan ushlab turib: «Ey Ali, Ollohga qasam ichib aytaman-ki, men Rasulullohning muborak yuzlarida Abdumuttalibning so’nggi soatlarida yuzlarida ko’rgan holatni ko’rdim. Shuning uchun bizni Rasululloh huzurlariga boshlab kirsangiz. Agar xalifalik bizning haqqimiz bo’lsa unda bilib olamiz va gar bizdan boshqalar haqqi bo’lsa talab qilamiz. Xalifalik bizni haqqimiz ekanligini odamlarga tavsiya etadilar», dedilar.

Hazrati Ali Abbosning gaplariga javoban: «Ollohga qasamki, men hargiz bunday qilmasmen. Agar u janob bizdan xalifalikni ma’n etsalar, xudoga qasamki, hech kim bizga uni qaytarib berolmaydi, dedilar.

Kun choshgohga ko’tarilgan vaqtida janob risolat maob sallallohu alayhi vasallamning ruhi poklari fano olamidan baqo gulistoniga rabbil izzatning ne’matlaridan faraxbol bo’lishlik uchun parvoz etdi.

Mash’um xabar bir zumda butun Madinaga yoyildi. Kibor sahobalardan birinchi bo’lib eshitgan kimsa Umar ibni Hattob bo’ldilar. Eshitgan zahotlaridayoq shoshilib odamlarning oldilariga keldilar. Ularni to’plab, ularning o’rtasida turib: «Munofiqlar Rasululloh vafot etdilar, deya da’vo etmoqdalar. Rasululloh alayhissalom o’lgan emaslar, lekin Rabbilarining oldiga, Muso alayhissalom ham qavmlarini qoldirib borganlari kabi ketdilar. Muso alayhissalom qirq kundan keyin, hamma Muso o’ldi, deb gap tarqatib yurganida tirik qaytib kelganlar. Ollohga qasamki, Rasululloh ham Muso alayhissalom qaytib kelganlaridek, albatta qaytib keladilar. Keyin esa Rasululloh o’ldilar deb gap tarqatgan kishilarning qo’l-oyoqlarini qirqadilar», dedilar. Xabarni eshitgan onlarida Abu Bakr ham masjidga qarab yugurdilar. Umar odamlar o’rtalarida turib so’zlab turardilar. Hech kimga qaramay to’g’ri Rasululloh alayhissalom yotgan xonalariga kirdilar. Xonaning bir yonida Janob Rasulullohning jasadi muboraklari oq yamaniy choponlariga o’rab qo’yilganini ko’rdilar. Gulgun chehralarini ochib yuzlaridan o’pdilar. Faraxbaxsh yuzlariga boqib, «Ey Rasululloh, ota-onam sizga fido bo’lsin, Olloh azalda yozgan ajal zavqini tortibdilar-da», dedilar. Keyin gulgun chehralarini avvalgidek urab qo’ydilar. Tashqariga chiqsalar, Umar hanuz odamlarga so’zlab turardilar. Oldilariga borib «shoshmang, ey Umar», dedilar. Biroq Umar to’xtamay gaplarida davom etaverdilar. Shunda Abu Bakr ham odamlarga qarab so’zlamoqqa kirishdilar. Odamlar Abu Bakrning ovozlarini eshitib yuzlarini o’sha tomonga karatdilar. Umar yakka qoldilar. Eng avvalo Ollohga hamd, keyin Rasulullohga salovat aytib Abu Bakr shunday deb so’z boshladilar:

— Muhtaram jamo’at, kimki Muhammadga ibodat qilib yurgan bo’lsa, u janob vafot topdilar. Va agar kimki yolg’iz Ollohga ibodat qiladigan bo’lsa yaxshi bilsunki, Olloh hargiz o’lmaydi, doimiy tirikdur.

Keyin ushbu muborak oyatni o’qidilar: «Muhammad ham o’tmishdagi payg’ambarlar kabi bir payg’ambardir. Agar u o’lsa yoki o’ldirilsa, sizlar orqangizga qaytib ketasizlarmi? Kimki dindan orqasiga qaytib ketsa, hargiz Ollohga zarar yetkazaolmaydi, Olloh tezda shokirlarni yaxshi amallariga binoan mukofotlaydi».

Ushbu oyatni eshitganda Umar «Ollohga qasamki, men hali bu oyatni Abu Bakr o’qimaslaridan burun eshitmagan ekanman», dedilar. Va birdan o’zlaridan ketib qoldilar. Rasululloh alayhissalom vafot etganlarini jazm bilgan paytlarida hazrati Umar o’zlarini tutib turolmay qolgandilar.

BANI SOIDANING SAQIFA NOMLI GUZARIDA

Madinada xabar tezda hamma yoqqa tarqaldi. Ansorlar bani Soidaning saqifa nomli guzargohida Sa’d ibni Uboda yonlariga to’plandilar. Ali ibni Abu Tolib, Talxa ibni Ubaydulloh va Zubayr ibni Avomlar odamlardan ajralib hazrati Fotimaning uylariga alohida yigildilar. Qolgan muhojir sahobalar esa barchalari Abu Bakrning oldilarida jam bo’ldilar. Bir kishi kelib ansorlar, bani ansorlar bani Soida saqifasida to’plaiib «Rasulullohga kim xalifa bo’ladi», degan masalani ko’rishyapti degan xabarni Abu Bakrga aytdi. Ushbu xabarni eshitgan zahotlariyoq hazrati Umar Abu Bakrga «Bizni o’sha yoqqa boshlab boring. Gap nimada ketayotganligini birgalashib ko’raylik», dedilar. Tezdan ikkovlon yo’lga chiqib jo’nadilar. Borayotganlarida xalifalikka Ubayda ibni Jarroxni tavsiya etishlikni, zero u Islom millatining ishonchli kimsalaridan, deb maslahatlashdilar. Saqifaga yetib kelishgach, ansorlar Sa’d ibni Ubodani halifalikka nomzod etib ko’rsatishlik taraddudida turganliklarini ko’rishdi. «Men Rasululloh hazratlarshshng «halifalik — Quraysh haqqi», deganlarini eshitganman», dedilar.

Abu Bakr bu bilan butun ish muhojirlarning o’zlariga tegishli ekanini eslatmoqchi bo’ldilar. Abu Bakr amaliy ishga hozirlik ko’rishni istab odamlar oldida xutba o’qishga turdilar. Ollohga hamd va sano aytganlaridan so’ng Abu Bakr kishilarga qarab so’z boshladilar:

— Olloh taolo Muhammadni o’z xalqiga payg’ambar qilib yubordi. Yakka Ollohga ibodat qilmoqlari uchun va uni shirkdan poklab yagonalamoqlari uchun o’z millatiga nigohbon etib yubordi. Odamlar turli olihalarga ibodat etardilar. Bular bizni shafoat etadi, bizga foyda yetkazadi, deb gumon qilardilar. Haqiqatda esa ibodat etayotgan narsalari jonsiz toshlardan yo’nilgan xaykal va yog’ochlardan yasalgan butlardurlar, Ular o’zlariga zarar ham, foyda ham yetkaza olmaydigan Ollohdan boshqa narsalarga ibodat etadilar. Bular Olloh oldida bizni shafoat etadilar», deydilar. «Biz bularga bizni Ollohga yaqinlashtirishlari uchungina ibodat etamiz», deyishadi. Biroq, arablarga ota-bobolaridan meros bo’lib qolgan xurofiy dinlarini tashlamoqlik oson bo’lmadi. Juda katta ish ko’rindi. Ularni mana shu xurofiy odatlarini tashla-moqliklari uchun yordamlashishga Olloh taolo muxojirlarning avvallarini xos qildi.

Abu Bakr (r. a.) ushbu yuqoridagi so’zlarni so’zlaganlaridan keyin ansor qiromning manoqiblarini, fazllarini va Islom da’vatini xalqlar o’rtasida yoyishda ko’rsatgan xizmatlarini bir-bir yodga ola boshladilar. Kishilar shovqin-surondan tinchib qoldilar. Keyin yana so’zlarida davom etib dedilar:

— Arablar hargaz bu ishni bilaolmagan bo’lurdilar. Zero ular faqat Qurayshlardan bo’lgan zotga kelgan vahiy orqali bunday yuksak ilmiy va olamiy fazilat cho’qqilarini egallash vositasini bilib yetdilar, Quraysh qabilasi esa arablar ichida o’rnashgan yeri hamda nasabi jihatidan eng o’rtadagi xalq hisoblanadi. Sizlar Umar yoki Abu Ubaydani o’zlaringazga Rasulullohdan xalifa etib saylab olsangaz men roziman.

Abu Bakr so’zlarini tugatib o’rinlariga o’ltirgashshrqdan keyin muxojirlardan bittalari o’rinlaridan turib: «Balki biz Abu Bakrga ba’yt etamiz. Rasululloh diniy ishimizni ishonib u janobga topshirgan ekanlar, nechuk biz dunyoviy ishimizni ishonib topshirmaylik?» dedilar. O’rtada ancha tortishuv bo’ldi. Har kim o’z tomonidan ko’rsatgan nomzodni mansabga ega qilishlik uchun harakat qilib ko’rdi. Ahvol keskinlashib ketib va ixtilofga aylanib ketishligidan havf etgan Umar o’rinlaridan turib Abu Bakrga «Qo’lingizni cho’zing, men sizga bay’at beraman», dedilar.

Abu Ubayda ham o’rinlaridan turib, «Men oramizda Rasulullohga g’orda ikkinchi hamroh bo’lgan kishi turib ushbu ishga u janobdan ilgari qo’l urmasmen», dedilar va qo’llarini Abu Bakrga bay’at berishlik uchun uzatdilar.

O’sha ovda Abu Bakrga bay’t berdilar. Muxojir va ansorlar ham birin-ketin Abu Ubaydaga ergashib Abu Bakr raziyallohu anhuga bay’at bera boshladilar. Oxiri xammalari Abu Bakr mu-sulmoilarning halifalari deb tan olib bay’at berib bo’ldilar. Abu Bakr raziyallohu anhuga bay’at berilib bo’lgach, o’rinlaridan turib so’zlashga botshtadilar. Avvalo Olloh taologa hamd va sano aytganlaridan keyin o’zlarini xalifalik mansabiga minganlaridagi birinchi hutbani irshod etdilar. U quyidagi mazmundan iborat edi:

— Ey odamlar, men sizlarga ishboshi bo’ldim, aslida sizlardan ko’ra yaxshiroq emasman. Bas, agar ishni to’g’ri olib borsam, menga yordam beringlar va agar noto’g’ri qadam qo’ysam, meni to’g’rilab qo’yinglar. Rostlik Olloh tomonidan berilgan omonatdur. Yolg’onchilik esa xiyonatdur Sizlarning ichlaringizda zaif sanalganlar mening qoshimda quchlidir. Toki haqqini zo’e etmay undirib bergum, inshoolloh, ichlaringizda kuchli deb e’tibor etiladiganlar mening qoshimda zaifdur. Toki birovning haqqini undan oldirib bergum, inshoolloh, qaysi bir qavm Olloh yo’lida jihod etishlikdan tiyilsa, albatta Olloh ularga xorlik libosini kiyguzur. Qaysi bir qavm ichida yaramas buzuq ishlar avj olsa, barchalarini balo yakson etur.

Sizlar men Ollohga va Rasuliga qanchalik itoat etsam, menga shunchalik itoat etinglar. Agar men ularga itoat etmay, osiylik qilib o’z xohishim yo’liga kirib ketsam, u takdirda sizlarga itoat etishlik lozim bo’lmay qoladi. Namozlaringazga turinglar! Olloh sizlarga rahm etsun!..

Avvalda ba’zi bir bani Hoshim ularning ichlarida Ali ibni Abu Tolib ham Abu Bakrga bay’t berishliqdan bosh tortib turdilar. Biroq uzoq vaqt o’tmay hammalari bay’at etishdi. Zero, Abu Bakr raziyallohu anhuning yurgizgan go’zal siyosatlari, Qur’on va sunnat talablariga binoan yuritgan ish uslublari Ali ibni Abu Tolib kabi Islom donishmandini ham Abu Bakrga ixtiyoriy ravishda sidqidildan bay’t berishlikka undagan edi.

ABU BAKRNING XALIFALIK DAVRLARIDA YURITGAN BIRINCHI AMALLARI

O’n birinchi yil safar oyining oxirlarida Rasululloh hazratlari Usoma ibni Zayd qo’mondonliklari ostida askar tortib etib, Zayd ibni Xorisa va u janobning safdoshlarini shahid etgan Rumlarga qarshi urushmoq uchun yubormoqchi bo’lgandilar. Faqat bu davrda Rasululloh xastalanib qolganliklari sababli askarlar sog’ayishlarini kutib jihodga chiqmay to’xtab turishgandi. Askarlarning harbiy qarorgohi Madina shimolida joylashgan «Jurf» degan qishloqda edi.

Rasululloh hazratlari vafot topib, o’rinlariga Sayyidino Abu Bakr xalifa etib saylanganlaridan keyin u janobning birinchi ishlari mana shu qo’shinni jangta jo’natmoqlik bo’ldi. Qo’shin ichida Kibor saxobalar bo’lishib, ular mazkur yurishni to’xtatib turishlikka maslahat berdilar. Biroq Abu Bakr, raziyallohu anhu, hech qanday taraddudga tushmay, «Men Rasululloh boshlagan ishlarini hech so’zsiz oxiriga yetkazaman. Agar meni yirtqichlar tortqilab ketsalar-da, Usoma askarini Rasululloh buyurganlaridek Rumlarga qarshi muxoraba etuvga yuboraman!» dedilar.

Avval ahvol nihoyatda noziklashib turgan bir paytda, atrof qabilalar zakot bermaslikka ahd etib, Islom davlatiga qarshi chiqib turgan ahvolda Abu Bakr g’oyatda jasorat va azimat ko’rsatdilar. Bu bilan chetki xurujlar ta’siri ostida Islom davlati ichida paydo bo’ladigan taraddudli holatga barham berildi. Zero, Usoma askaridagi kuchlar Madina davlatining asosiy qo’shinidan iborat edi. Bu qo’shinni jangga yuborishlik bilan Abu Bakr (r. a.) birinchidan, aholi o’rtasida tug’iladigan noxush holatni bartaraf etgan bo’lsalar, ikkinchidan, esa Rasululloh hazratlarining buyruqlarini bajarishlik hamma holatda qat’iy lozim ekanligini amaliy suratda ko’rsatib berdilar. Abu Bakr razilohu anhu Usoma askarlarini darhol Jurfdagi harbiy qarorgohga jamlanishga amr etdilar. Askar jamlanib bo’lgach, Usomaning o’zlari ham eng asosiy kuchni jangga olib ketib, Madinai Munavvaraning mudofaasini tahlika ostiga qoldirmaslik fikrida Umarni o’rtaga vositachi qilib, askarni jangga yubormaslikni Abu Bakr (r. a.) dan iltimos etgani jo’natdilar. Hamda mazkur qo’shin boriladigan bo’lsa, o’rinlariga biron nomdor sahobani qo’mondon etib tayinlashlarini ham aytishlikka o’tindilar. Hazrati Umar o’zlari ham mazkur qo’shinda qatnashuvchilar ichida edilar. Abu Bakrning oldilariga kelib Usomaning iltimoslarini aytdilar.

Abu Bakr (r. a.) qat’iy suratda qo’shin albatta jangga yuborilishini aytdilar. U holda qo’shinga biror nomdor sahobani bosh qo’mondon qilib ta’yinlash lozimligini maslahat tariqasida aytdilar. Bu so’zni eshitgan onlarida Abu Bakr (r. a.) o’rinlaridan sapchib turib, Umar (r. a.)ning soqollaridan ushlab, «Onang bolasiz qolgur, Umar, hali sening gapingga kirib men Rasululloh hazratlari shaxsan tayinlagan qo’mondonni ishdan olaymi?!» dedilar. Zotan, Rasululloh alayhissalom Usomani qo’mondon etib ko’rgan vaqtlarida ham xaloyiq ancha-muncha gaplar qilishgan, o’rinlariga nomdorroq sahobani tayinlashlarini ham so’zlashgan edilar. Biroq Rasululloh alayhissalom ularning gaplariga e’tibor bermay Usomani xalq o’rtasiga qo’yib xutba so’zlagan va uni qo’mondolikka tayinlagan edilar. Bu safarda ham o’sha avvalgi gap qaytarildi. Johiliyat odati bo’lgan nomdor, ulkan kishilarni e’zozlash kabi holatni Abu Bakr butunlay sahobai qirom ichlarida tugatmoqqa qaror berganlaridan hech qanday gapga quloq solmay Usomani yana qo’mondon etib tayinladilar. O’zlari Jurfga borib askarni qo’zg’olishga buyruq berdilar. Piyoda yurgan holda qo’shinni uzoq masofaga kuzatib ham qo’ydilar.

Abu Bakr (r. a.) piyoda, Usoma esa otda ketayotganlarida: «Siz yo otga minib oling, yo esa men ham yayov bo’lib olay»,— deganlarida, «Sen ham yayov bo’lmaysan, men ham otga minmayman. Olloh yo’lida bir necha qadam piyoda yursam nima qipti», deb javob berdilar. Yo’lda ketayotganlarida Abu Bakr (r. a.) Usomadan «Umarni qoldirib ketishliklarini, davlat ishlarida yordam berib turishlari lozimligini aytib, ijozat so’radilar. Usoma ham, tabiiy, ijozat berdilar. Abu Bakr hazratlarining bu ishlari bir tomondan, Islom askariga bo’lgan tavozu’lik bo’lsa, ikkinchi tomondan, Usomaning qo’mondonligiga dillari rozi bo’lmagan kishilarga saboq edi. Chunki xalifa bo’la turib oddiy bir qo’mondondan qo’l ostidagi bir jangchisini to’g’ridan-to’g’ri olib qolavermay, ijozat so’raganligi, kishilar o’z qo’mondonlariga ne darajada itoat etishlari zarurligini ko’rsatadi. Bu bilan Usomaning askarlar ichida obro’-e’tibori kuchayardi. Usoma qo’mondonligidan norozi holda bo’lganlar ham Abu Bakrning qilgan ishlarini ko’rib lom-mim deya olmay qoldilar. Vidolashuv vaqtida askarlarga qarab xutba o’qidilar:

— Xiyonat qilmangaz, ahdlaringizni buzmangiz, birovni qiynab o’ldirmangiz, yosh bolalarni, qari kishilarni, ayollarni o’ldirmangiz, mevali daraxtlarni sug’urib tashlamangiz, o’t qo’yib kuydirmangiz, qo’y, mol va tuyalarni faqat yeyish uchun so’yingiz, cherkovlarda ibodat bilan mashg’ul bo’lgan kimsalarni o’z hollariga tashlab qo’yingiz, ularga tegmangiz. Yelkalariga shayton minib olgan yovuz kishilarni ko’rsangiz bo’yinlarini qilich bilan uzib tashlangaz. Olloh nomi bilan madad tilab ish yuritingiz.

Shundan keyin Usomaga qarab Rasululloh amrlarini qattiq tutishlikni ta’kidlab tavsiya etdilar. Askar jo’nab ketdi, Usoma ham Abu Bakrning tavsiyalarini o’rniga keltirib Kuzoa va Rum yerlariga hujum qildilar. Usoma ham ushbu safarda ikki oydan ortiqroq yurib, oxiri eson-omon mo’l-ko’l g’animatlar bilan Madinaga qaytib keldilar. Kutib olgan bir necha sahobalar hamrohligida Abu Bakrning o’zlari ham Madinadan tashqariga chiqdilar, Zafar quchib kelayotgan Islom lashkarining shavkatli jangchilarini takbir va tahlil aytgan hollarida kutib oldilar. Usoma askarlarini yuborishlik Islom ahliga ma’naviy jihatdan juda foydali bo’ldi. Chunki arab qabilalari buni eshitib, ahli Islomda yetarli kuch borligini bildilar. Agar bularda yetarli kuch bo’lmasa edi, chet qo’shinlar bilan urushmoq uchun bunga ko’p askarni jo’natolmas edilar, deb o’yladilar. Shu tufayli ba’zi bir Islom davlatiga qarshi chiqishlikni o’ylab turgan qabilalar o’z ra’yilaridan qaytishga majbur bo’ldilar. Chunki atrof qabilalar Muxammad alayhissalom vafotlaridan so’ng barpo etilgan davlat parchalanib kstadi, chet qabilalarni o’z ta’sir doirasida tutib turmoqqa yarolmaydi, deb xom xayol qilgandilar. Biroq o’z dinini saqlab olamga yetkazishlarini iroda etgan Olloh taolo Abu Bakr kabi to’g’ri fikrli, sobit qadam kishini ish boshiga keltirib, ularning xomxayollarini puchga chiqardi. Zero, ular Islom Muhammad alayhissalomning o’zlari o’ylab topgan xayollarining samarasi deb gumon etardilar. Islom Olloh taolo yoqqan nurdan bir mash’ala ekanligini, shoxlari yetti qavat osmonda cho’zilib ketganligini, asllari esa yetti qavat yerning ichiga mahkam o’rnashganligidan bexabar g’ofil edilar. Butun xayollari puchga chiqdi, Islomning porloq nurini butun yer yuzi uzra sochmoqqa muvaffaq bo’ldi. Kelajakda ham shunday bo’ladi, inshoolloh, Omin!..

RIDDA URUSHLARI

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam butun Arabiston yerini vafot etgunlariga qadar Islom bayrog’i ostida birlashtirgan edilar. Biroq, ba’zi bir sahro arablari Islomga butunlay jon-dildan berilib ketmagandilar. Ular zakot berishlikni jarimg deb tushunganlari sababli malol kelardi. Shunga ko’ra Rasululls» alayhissalomning ruhi poklari oliy dargohga parvoz etgach, ba’zi qabilalar zakot berishlikdan qutulish fursati kelib qoldi, deb o’ylab, Abu Bakrga zakot bermasliklarini ayta boshladilar. Ba’zi bir qabilalarda esa hatto payg’ambarlikni da’vo etuvchilar ham mavjud edi. Ular o’zlariga ergashgan kimsalar yordamida Islom hukumatiga qarshi isyon uyushtirishga kirishdilar.

Makkai Mukarramadan tashqaridagi hamma arab qabilalari mana shu kabi holatga giriftor bo’ldilar. Rasululloh hazratlari tiriklik vaqtlarida ham payg’ambarlikni da’vo etuvchilar bor edi. Shulardan biri bani Hunayf qabilasidan bo’lgan Musaylamatubni kazzob hatto Rasululloh hazratlariga maktub yozishga ham jur’at etgandi. Uning maktubida shunday iboralar bor edi:

«Ollohning elchisi Musaylamadan, Ollohning elchisi Muhammadga, ma’lum bo’lsinki, yerning yarmi sizga tegishli, qol-gan yarmi esa Qurayshlarga tegishlidur. Lekin Qurayshlar insof qilmayaptilar. Sizga salom bilan Musaylama».

Rasululloh ushbu maktubni olganlaridan so’ng, unga quyidagi mazmunli maktub jo’natdilar:

«Bismillohir rohmanir rohim, Ollohning elchisi Muhammaddan, yolg’onchi Musaylamaga ma’lum bo’lsinki, yer Ollohning o’ziga xos mulkidur, kimga xohlasa o’shanga beradi. Oqibat mutaqqiylar foydasidadur».

Buning orqasidan bir ayol kishi ham bani Tamim qabilasidan payg’ambarlik da’vo etib chiqqandi, Bu ayol Abu Bakr xalifalik zamonlarida Musaylama bilan urushgani o’z ergashuvchilarini boshlab ham chiqdi. Biroq, Musaylama xiyla ishlatib, ayolning ko’nglini topib unga uylaidi. Shu zaylda ayol payg’ambarlikni Musaylamaga ravo ko’rib, tarafdorlarini Musaylamaga ergashmoqlikka amr etadi. Har ikki qabilaning qo’shilishi oqibatida kattagina qo’shin tuziladi. Bu ham yetmaganday Talxatubni Xuvaylidin va Asvad ibni Xabs kabi kimsalar ham payg’ambarlikni da’vo etib Islom hukumatiga qarshi bosh ko’tardilar. Ahvol juda jiddiy tus olgandi. Bir tomonda payg’ambarlik da’vosi, ikkinchi tomonda zakot bermaslik da’vosi bilan hukumatga qarshi kuchlar maydonga kelgandi. Bularning barchasi bilan urush qilmoqlikka musulmonlarning kuchlari yetmaydi degan mulohaza bilan Abu Bakrning xuzurlariga kelib, zakot bermovchilar bilan vaqtinchalik sulh tuzib turmoqlikni ham taklif etdilar. Ko’proq kuchga ega bo’lgunlarigacha urushmay turishni o’tindilar. Maslahatchilar safidagi kibor sahobalaridan Umar ibni Hattob Abu Bakrga qarab «Zakot bermovchilar bilan urushmay turing», dedilar. Shunda Abu Bakr (r. a.) xalqqa qarab «Agar ular Rasululloh vaqtla-rida berib kelgan birgina uloqchani bermasalar, o’shalarga qarshi urush ochaman», dedilar.

Umar ibni Hattob ham nihoyat Abu Bakrning ra’yilarini qabul qildilar. So’ng qolgan musulmonlar ham o’z ra’yilaridan qaytib Abu Bakr (r.a.)ning fikrlarini ma’qulladilar. Keyin o’n qo’mondon rahbarlik ostida alohida-alohida askar to’pladilar.

Islom lashkarida Xolid ibni Valid, Amr ibni Os, Ukrima ibni Abu Jahl kabi jasoratli sahobalar boshchilik qildilar. Abu Bakr bularning barchalarini to’plab xutba o’qiganlaridan so’ng ular birin-ketin belgilangan marraga qarab yo’l oldilar.

Bu sa’y harakatdan oldinroq isyonchilarni ogohlantirib maktub ham yozib yubortirdilar. Zakotlardan bosh tortgan qabilalardan bir qanchasi xatolarini anglab, qilgan ishlariga pushaymon yeb tezdan yana zakotlarni yig’ib, xalifa huzuriga yubordilar. Qo’shin zimmasidagi vazifalarini sharaf bilan ado etib, isyonchilarni butunlay tor-mor keltirib, Madinaga zafar g’alabalari ila qaytib keldilar. Islomning avvalgi haybati qaytadan yana tiklandi.

Musaylama jangda quturgan itdek o’lib ketdi. Yolg’ondakam payg’ambar Talxa ibni Xuvaylidin askarlari ham Islomning shavkatli, bahodir, jonfido jangchilari hamlasiga dosh berolmay jangda butunlay tor-mor bo’ldi. Talxa ibni Xuvaylidin esa ahvol jiddiylashganini ko’rgach, qo’shinni tashlab, juftakni rostlab qoldi. Keyin har yerlarda yashirinib yurdi. Umar ibni Hattob xalifalik vaqtlarida tavba bilan kelib Islomni qabul qildi. Islom tarixida «Ridda» deb nomlangan voqea mana shulardan iboratdur. Arablar butunlay Islomdan chiqib ketmagan bo’lsalar-da, biroq besh farzdan birisini ya’ni zakot berishlikdan bosh tortganlar.

Abu Bakr (r. a.) ning to’g’ri ra’yilari hamda jasoratlari tufayli Islom davlati o’z ichida paydo bo’lgan ixtilofga tez orada barham berdi. Va dinning shavkatini saqlab qoldi. Butun ahli Islom tutgan to’g’ri siyosatlari uchun Abu Bakrdan minnatdor bo’lib qoldilar.

Agar Abu Bakrning o’z ra’yilarida qattiq turishlari bo’lmaganda edi, ehtimol Islom hukumati ichida paydo bo’lgan ixtilof yomon oqibatlarga olib kelgan, dinning yuksak shavkati balki mustahkam o’rnashib qolmagan bo’lurdi. Lekin Ollohning inoyati ila bunday nochor ahvolning oldi to’g’ri yo’l bilan olindi. Islomning so’nmas shavkati arablar ichida saqlab qolindi.

Albatta, ushbu mavqe’da Abu Bakr (r. a.)ning tutgan o’rinlari katta ahamiyat kasb etadi. Zero, Umar kabi qattiqqo’l kimsalar ham ra’y qilmagan ishni qilishlikda o’z ra’yilarida sobit qadam turdilar. Natija kutilganidek yaxshi oqibatli tugadi.

XOLID IBNI VALID SABABLARIDAN TUG’ILGAN IXTILOF

Sayfulloh Xolid ibni Valid ridda urushining eng jasoratli qahramonlaridan va dushmanga eng g’oratgir bahodirlardan edilar.

Lekin mana shu jang asnosida yurgan paytlarida kichkina bir xatoga yo’l qo’yadilar. Umar ibni Hattob (r. a.) Xolidni qilgan mana shu xatolari tufayli bosh qo’mondonlik vazifasidan bo’shatishlikni maslahat ko’radilar. Xolid dushman askarboshisi Molik ibni Nuvayrani o’ldirib ayoliga, iddasi bitgach, o’zlari uylangandilar. Mazkur xato ishning xabari Madinaga yetgan vaqtida Umar (r. a.) ga Xolidni o’z vazifasidan bo’shatishlik lozim ekanligini aytadilar. Zero, «bunday xatoni kechirib bo’lmaydi»; deydilar. Abu Bakr (r. a.) esa Xolidni bosh qo’mondonlik vazifasidan bo’shatmaslikni ra’yi etdilar. Qilgan xatosi uni vazifasidan bo’shatishlik kabi jazoga sazovor etmaydi deb o’yladilar. Nuvayraning ayolini taloq etib yuborsalar, shuning o’zi xatolariga jazo sifatida kifoya qilardi degan fikrda bo’ldilar. Xalifa o’z ra’yilarini amalga oshirdilar. Xolidni chaqirtirib kelib, juda qattiq tanbeh berib koyidilar va ayolni taloq etib yuborishlariga amr etdilar. Xolid darhol xalifa amrlarini bajardilar. Yana qaytadan borib qo’mondonlik vazifasini ado etaverdilar. Biroq, Xolidning qilgan kirdikorlaridan Umar norozi bo’lib yuraverdilar. Xalifalik mansabiga o’ltirgach, Xolidni qo’mondonlikdan bo’shatib, o’rinlariga Ubayda ibni Jarrohni tayin etdilar. Lekin katta qalb egasi bo’lgan Xolid o’zlarini ishdan bo’shashlaridan hech qanday tushkunlikka tushmay, musulmon askarlarining saflarida Islom dushmanlariga qarshi oddiy jangchi sifatida qahramonona jangni davom ettiraverdilar. Xolidning bunday yuksak mardonavorliklarini ko’rgan Umar (r. a.) u kishi haqlarida o’ylab yurgan noto’g’ri fikrlaridan qaytib shunday degandilar: «Olloh Abu Bakrni rahmat qilsun, u janob odamlarni tanishlikda mendan ko’ra bilimdonroq ekan. Abu Bakr aql-zakovatlari, idrok va layoqatlari yordamida Rum askarlarini itoat etdirganlarini, Islomdan qaytib ketgan juda ko’p qabilalarni yana qaytadan g’olib shavkatli din bayrog’i ostida jam etganlarini tarix aslo unutgan emasdur.

Dunyo ayvonidan baqo bo’stoniga rixlat etib ketayotgan vaqtlarida Islom mustahkam tarzda arab yerlarida o’rnashgan, ta’limotlari bir butun holda hukm surayotgan edi. Islomni qaytadan yana oyoqqa turg’izib uning tengsiz ta’limotini hech qanday ortiqu kamsiz musulmonlar ichida o’rnatishlikda Abu Bakrning xizmatlari maqtovga loyiq bo’lgandi. Ummul mo»minin Oyisha raziyallohu anho janob Abu Bakr haqlarida mana shu gapni juda to’g’ri aytgandilar: «Rasululloh alayhissalom baqo gulistoniga ko’chgach, Madinada nifoq o’rmalab qolgan, butun arablar esa yoppasiga dindan qayta boshlagandilar. Olloh taolo taborak Abu Bakr qo’llari orqali ularni yana qaytadan jam etdi. Abu Bakrning boshlariga tushgan kun agar salobatli tog’ boshiga tushsa edi, albatta, uni o’rnidan tebratib yuborgan va maydalab tashlagan bo’lardi».

QUR’ONNI JAMLASH

Ridda urushi tugagandan keyin hazrati Umar o’zlarining ziyrak fahmlari bilan qarasalar, juda ko’p Qur’onu Karimni yodlagan qori sahobalar mazkur urushda shahid bo’lishibdi. Bundan hazrati Umar Qur’onni tezda qalblardan zoe’ bo’lib ketishligidan havf etdilar. Zero hali oldinda katta janglar kutib turmoqda edi. Shu sababli xalifani oldilariga borib dedilar: «Men janglarda qorilarning shahid bo’lib ketishlari tufayli Kur’on zoy’e bo’lib ketishligidan havf etib qoldim. Qur’onni jamlab qo’ysak degan ra’ydaman». Abu Bakr bu gaplariga javobat «Men Rasululloh alayhissalom qilmagan ishni qilmasman» dedilar. Umar (r. a.) janobga qayta-qayta murojaat etib, mazkur ish xayrli narsa ekanligani tushuntirdilar. Nihoyat, Abu Bakr (r. a.) ham mazkur amalni xaqiqatdan xayrli ish ekanligiga fahmlari yetib, Qur’onni jamlashga rozilik berdilar. Eng mashhur qorilardan va Qur’onni yod olganlardan biri bo’lgan Zayd ibni Sobit (r. a.)ni chaqirib keltirdilar. U janobga qarab: «Siz Rasulullohning vahiy kotiblaridan bo’lgansiz, shunga ko’ra Qur’onni tekshirib chiqing va bir yerda jamlang», deb buyurdilar. Zayd ibni Sobit (r. a.) xalifaning buyruqlariga binoan Qur’onni tekshirib chiqdilar. Har xil narsalarga yozilgan Qur’on suralarini to’pladilar. Biror narsaga yozilmay qolgan oyatlarini jamlashlikda mazkur oyatni Qur’ondan ekanligaga va qaysi surada joylashishiga ikki kishi guvohlik bergan-dan keyin sahifaga yozishga kelishib olgandilar.

Agar ikki guvoh topilmasa mazkur oyat tashlab yuborilgan, Mana shunga ko’ra yozilmay qolgan oyatlarni ikki qori guvoxlik berganlaridan so’ng, ular ko’rsatmasi inobatga olinib, Qur’on sahifasiga yozib, qo’shib qo’yilgan. Og’zaki eshitilgan oyatning qaysi suradan ekanligiga sahobalardan ikki kishi chiqib guvohlik berolmagan taqdirda uni ham Qur’onga qo’shmay tashlab yuborilgan. Mana shu tariqa ila Qur’onni jamlovchilar hech qanday ixtilofsiz oxirigacha jamlab chiqdilar. Faqat ikki oyatda tortishib qolishdi.

Xuzaymatil ansoriy bo’lmaganlarida zdi, Umar (r. a.) mazkur ikki oyatni xazf etgan bo’lurdilar. Rasululloh sallallohu alayhi, Xuzaymatil ansorning guvohliklarini ikki kishi guvohligi o’rnida qabul qilishlikka ishora etgandilar. Xuzayma (r. a.) o’zlari mana shu ikki oyat haqiqatan ham Qur’ondan ekanligiga o’zlari o’zlariga guvohlik berganlaridan keyin guvohliklari ikki kishi guvohligi barobarida hisoblanib Qur’onga qo’shib qo’yildi.

Qur’on, hammasi to’plab bo’linganidan keyin, Umar (r. a.)ning qizlari Rasululloh hazratlarining zavji muboraklari Xafsa onaning huzurlariga qo’yib qo’yildi.

ABU BAKR VA FOTIMAI ZAHRO (RAZIYALLOHU ANHUM) O’RTALARIDA

Rasulu akram hazratlari rafiqil a’loga intiqol etishlaridan avval «Fadaq» degan joyda biroz ekinzor yer qoldirgandilar. Hazrati Rasululloh vafot etganlaridan keyin Abu Bakr xalifa bo’lib tayinlanganida jahon ayollarining sayyidalari bo’lmish fotimai Zaxro xalifaning huzurlariga otalaridan qolgan «Fadak» qishlog’idagi yerni meros tariqasida talab etib keldilar. Abu Bakr (r. a.) Fotimai Zahroning talablarini inobatga olib, Fadakdagi yerni meros tariqasida bermoqchi bo’lib turganlarid hazrati Umar Rasululloh alayhissalomning «Biz payg’ambarlardan meros olinmaydi. Qoldirgan narsamiz sadaqa bo’ladi», degan muborak gaplarini aytib qoldilar. Ushbu hadisni eshitganlaridan keyin xalifa Fotimai Zahroga uzr aytib «Fadakdagi Rasulullohdan qolgan yerni sizga meros tariqasida mulk qilib berolmayman», dedilar. Fotimai Zahro bu hukmni eshitib achchiqlari kelgan holda «Yolg’iz Muhammadning qizlaridan boshqa hamma odamlarning bolasi otasidan meros olarkan-da», deb chiqib ketdilar. Hazrati Ali Karmallohu Vajhu Abu Bakr (r. a.) bay’at bermaganlarida hazrati Umarning «yoqib yuboraman», deb tahdid solishlari achchiqlarini yanada ziyodalashtirdi. Shunchalik jahlga banda bo’lganlaridan «Umar va Abu Bakr ila gaplashmayman», deb Fotimai Zahro qasam ichdilar va qasamlarida sobit turdilar.

Abu Bakr sayyidatin nisoning g’azablanganlaridan nihoyatda diqqat bo’ldilar. Fotimai Zahroning erlari bo’lgan Ali ibni Abu Tolib (r.a.)ning oldilariga keldilar. «Agar Fotimai Zahro qasamlaridan qaytmasalar va meni kechirmasalar, men albatta xalifalikdan iste’fo beraman. Fotimai Zahroning ichlarida menga nisbatan g’azablari bo’la turib mazkur vazifada qololmayman», dedilar. Hazrati Umar xam shunga o’xshash so’z aytdilar. «Agar Rasulullohning aziz qizlari rozi bo’lmasalar, men ham albatta Madinani butunlay tashlab chiqib ketaman». dedilar. Hazrati Ali Fotimai Zahro yonlariga kirib bu xususda ancha so’z qildilar, Xalifa va Umar tutgan ishlarida shariat doirasidan chiqmaganlari va musulmonlar ijmosida tajovuz qilmaganlariii aytdilar. «Achchiqlanishingazga, g’azabda davom etishligingizga shuning uchun hech qanday bahona yo’q,— dedilar. Fotimai Zahro Alining ko’rsatgan hujjatlaridan qanoat hosil

qildilar va Abu Bakr (r. a.)ga bay’t berdilar. Hamda Rasulullohning «Bizdan qolgan narsa meros bo’lmaydi, uni sadaqa qilinadi», degan gaplariga ham qanoat hosil qilib, ichlarida bo’lgan adovat asarini butunlay chiqarib tashladilar. Abu Bakr va Umar kabi Rasulullohning jonfido safdoshlariga nisbatan gina-kuduratlar ko’tarilib qalblari ularga nisbatan yana musaffo qolgan holga keldi, Ushbu hodisadan ko’p vaqt o’tmay Fotimai Zahro eng sevikli kishilariga uchrashmoqlik ilinjida u janobning ikki sahobalaridan mamnun va rozi bo’lgan hollarida dunyodan rixlat qilib ketdilar.

ABU BAKR DAVRLARIDAGI FUTUXOTLAR

Arab yarim orolida yangidan tashkil topgan Islomiy ta’limot Hukmronligi ostida yashovchi davlatni ikki tomondan o’sha davrlarda eng madaniylashgan va taraqqiy topgan Eron va Rum davlatlari o’rab olgan edi.

Miloddan 753 yil avval tashkil topgan, dunyoning eng kuchli va taraqqiy topgan davlatining poytaxti avvalda Rum shahri bo’lgandi. Konstantin tomonidan 330 yidda Konstantinopol shahri bino etilgach, poytaxti mazkur shaharga ko’chirilgandi. Oradan bir necha asrlar kechgach, Rum saltanati (imperiyasi) sharqiy va g’arbiy saltanatlarga bo’linib ketgandi. G’arbiy Rum saltanatining poytaxti Eski Rum shahrini poytaxt etgan g’arbiy Rum saltanati oz muddat ichida inqirozga uchrab dunyo yuzidan yo’qoldi. Biroq sharqiy Rum saltanati yoki Vizant saltanati deb nomlangan davlat esa milodiyning V asriga kelib kuchaydi. Sharqda Dajla daryosiga, g’arbda Adriat dengaziga, shimolda tatar yerlariga, janubda esa Xabashiston mamlakatiga qadar bepoyon yerlarni qanoti ostiga oldi. Inchunun, Eron saltanati ham o’sha davr muqobalasida bepoyon mustamlakalarga ega bo’lgan qudratli davlat hisoblanardi. Rum va Eron saltanatlari o’rtasida eskidan qattiq adovat mavjud edi. Bunga sabab o’zaro raqobat, yangi mustamlakalarni talashuv edi.

Islom olami zuhur etgan paytga kelib ular o’rtasidagi adovat juda keskin tus olgan. Rum bilan Eron har yer-har yerda o’zaro urushlarni davom ettirishardi. Erondagi ichki kelishmovchiliklar esa davlatning anchagina zaiflashuviga olib keldi.

Abu Bakr (r. a.) xalifalikka o’ltirganlaridan so’ng chet davlatlarga qarshi muxoraba etuv niyatida bo’ldilar. Birinchi maqsad, ezilayotgan mazlumlarni ezuvchi hukmdorlar zulmidan ozod etuv bo’lsa, ikkinchidan, Islom davlati sarhadini kengaytiruv edi. Zotan, arab yarim orolida tuzilgan davlat agar o’z yerlarini chetki mamlakatlarini istilo etish hisobiga kengaytirmasa, tabiiyki, quruq sahro bag’rida tashkil topgan davlat xalqaro maydonda taraqqiy etgan qo’shni davlat bilan raqobatda teng kela olmas edi. Zero, yuksak taraqqiy etgan qudratli davlatning qad rostlashi uchun eng avvalo odam va yer boyliklari yetarli miqdorda ta’minlangan bo’lmoqligi zarurdir. Bularsiz xalqaro maydonda zo’rlar bilan bellasha oladigan davlatni barpo qilish o’yi bir xom xayol bo’lurdi. Siyosat va ijtimoiy sohada faoliyat ko’rsatib yuksak malaka hosil qilgan Abu Bakr buni juda to’g’ri baholay olgandilar. Shuning uchun birinchi bo’lib Eron saltanatiga qarashli bo’lgan Iroq orlariga qo’shin yuborish taraddudiga tushdilar. Xolid ibni Valid qo’l ostlarida Iroqga qarshi muxoraba olib borish uchun Hijriyning 12 yili (melodiy 663 yil boshlari) 10 ming askarni yubordilar. U yerda Musanno ibni Xorisa 8 ming askar bilan kutib turardi. Har ikki firqa birga qo’shilganidan so’ng Xolid ibni Valid qo’shin bilan Iroq chegarasidan ichkariga suzub kirdilar.

Basra yaqinidagi «Xafir» nomli suv yoqasida dushmanni qarshi oluv uchun Xolid ibni Valid askarlarni uch qismga taqsimlab kutib turdilar. O’sha davrda Iroq muzofotiga Xurmuz ismli Eron sarkardalaridan zo’r bir kishi boshchilik etardi. U juda katta qo’shinga ega edi. Xolid ibni Valid Xurmuzga talabnoma jo’natdilar. Mazmuni quyidagicha: «Yo Islomni qabul qilib, joningni saqlab qol, yohud bizning zimmamiz ostida himoyalanuvni qabul qilib juz’ya berishga rozi bo’l. Agar bu ishlardan birisini qabul qiluvdan bosh tortsang, unda o’zingdan ko’r. Men shunday lashkar bilan keldimki, ular o’limni sizlar hayotni sevganingiz kabi sevadilar».

Xurmuz talabnomani Eron shohi Kisroga jo’natib, o’zi qo’shinga bosh bo’lib Xolid askarlariga qarshi so’qishuv uchun yo’lga chiqdi. Ular Kozifa degan yerda ro’paro’ keldilar. Jang boshlanmasdan oldin har ikki qo’mondon o’rtaga chiqib kuch sinashdilar. Xolid ibni Valid jang maydonida Xurmuzning boshini tanasidan judo qil-dilar. Keyin ikki o’rtada qattiq olishuv bo’ldi. Islom lashkarlarining hammasiga dosh berolmagan Xurmuz qo’shinlari betartib suratda tumtaraqay qochdilar. Dushman askarlari qochmaslik uchun bir-birlari bilan bog’lanib olishgan ekan. Shu sababli ushbu jang tarixda «Zotissalosil» jangi deb nomlanadi.

Kisro Xurmuzga yordam bsrish uchun Qorin nomli sarkardasi boshchiligida katta qo’shin junatdi. Bular Xurmuzning qochoq qo’shinlari bilan birgalashib Sano degan yerda Xolid ibni Valid askarlari bilan yana to’qnashdilar. Jang oqibati shu bo’ldiki, Qorin qilichdan kechirilib, askarlari esa butunlay tor-mor etildi. Mazkur jangdagi olingan asirlar ichida Hasanul Basriyning otalari Habib ham bulgan ekanlar, Qorin mag’lubiyatidan so’ng Eron shohi «Anzar zargar» nomli sarkardasi boshchiligida yanada kuchliroq qo’shin jo’natdi, Bular bilan ham «Nalija» nomli joyda qattiq jang qildilar. Oqibat dushman askarlarini Islom lashkarlari o’rab oldilar va butunlay tor-mor etadilar. Bu voqea 12 yil safar oyida bo’lib o’tadi.

Nalija voqeasida arab nasroniylaridan ham qo’shin ichida jangda qatnashganlari qirilib bitgandi. Qolgan nasroniy arab qabilalari bularning o’chini olish uchun eronliklarga yordam tariqasida askar yuborishga qaror qildilar. Eron va arablardan to’plangan juda katta qushin «Ulays» degan yerda jamlanib Xolid ibni Valid askarlari bilan to’qnashadilar. Jang benihoya qizg’in kechadi. Dushman askarlari son jihatidan musulmon askarlaridan bir necha barobar ortiq edilar. Ammo Ollohning kalimasini baland-latuv maqsadida jang qilayotgan oz sonli qo’shin kufr saltanati himoyasida shaytonga tarafdorlik qilib jang etayotgan ko’p sonli qo’shin ustidan zafar topdilar. Bu zafarli voqea 12 yil safar oyining oxirlarida (623 yil may oyida) Firot daryosi yakinida be-nihoya ko’p qonlar to’kilganligidan o’sha yerdagi bir jilg’aga «qonli jilga» deb nom berildi.

Mazkur zafardan so’ng Xolid ibni Valid lashkarlarni «Munozara» davlatining poytaxti Xira shahriga qarab boshladilar. Yo’ldagi qo’rg’onlarni zabt eta borib Xira shahrini qamal etadilar. Oqibatda xiraliklar bilan Xolid har yili 190-ming dirxam juz’ya beruv barobariga sulh tuzadilar. Xira axolisi, eski odatlariga ko’ra, Xolidga ham hadyalar berishadi. Xolid bularni Madinaga juz’yaga qo’shib jo’natib yuboradilar.

Abu Bakr pora olishga bahona topilmasligi uchun mazkur hadyani juz’yadan hisob etishga buyuradilar. «Munozara» davlatining poytaxti Xira qo’lga olinganidan keyin shu atrofdagi qolgan viloyatlardan ham sulh tuzishlik uchun Xolid huzurlariga elchilar kela boshladi. Xususan Banikiya va Barusi viloyatlarining bosh-liqlari Xolid huzurlariga kelib yiliga o’n ming dirxam juz’ya beruv barobariga sulh tuzadilar.

Shundan ksyin Xolid ibni Valid butun Iroq muzofotini to’laligicha qo’lga kirituv harakatiga tushadilar. Bir necha janglar davomida dushman askarlariga orqama-orqa zarbalar berib zafar nog’oralarini chalib olg’a qarab Iroqning eng ichkarisigacha kirib boradilar.

Xolid ibni Valid Iroq muzofotida bir yilu ikki oy mobaynida turib, juda katta ishlarni amalga oshira oldilar. Hatto to’g’ridan-to’g’ri Eron chegarasiga yo’l ochib ko’ydilar. Shundan keyin xalifa buyruq yuborib, Xolidni Shom viloyatida jang olib borayotgan Islom qo’shiniga yordamga chorladilar. Iroq viloyatiga Musanno ibni Xorisa bosh qo’mondon bo’lib qoladilar.

Abu Bakr 12-yil xajdan keliboq butun arabistonga chaqiriq qog’ozlari jo’natdilar. Kattagina qo’shin hozirlanib 12-yil safar oyida Suriya viloyatiga qarshi yurish boshlandi. Suriya asosan Vizant saltanati qo’l ostidagi mustamlaka davlat hisoblanardi. Bu yerda yashovchi xalq vizant hukumatining zulmidan benihoya ezilgan edi. Shu sababli Islom askarlari kuchli qarshiliksiz Suriya viloyatini birin-ketin qo’lga kirita bordilar. Oxiri Rum sultoni Xiraqil arablarga qarshi urushmoqlik uchun ukasi Feodor boshchiligida juda katta qo’shin hozirlab jo’natdi, Mazkur qo’shin Islom lashkarlari bilan «Ajnodin» degan yerda muxorabaga kirishdi. Ikki o’rtadagi qattiq olishuv Feodorning sharmandalarcha qochishi bilan tugadi. Ajnodin voqeasi 13-yil jumodil avval oyining oxirida (634-yil iyulda) bo’lib o’tgandi. Mazkur jangda, tarixchilar rivoyatiga ko’ra, rumliklar tomonidan yuz mingdan ortiq kishi qatnashgan ekan. Mazkur g’alaba Abu Bakr davrlaridagi eng oxirgi zafar bo’ldi. Sevinch xabari yetganidan uzoq vaqt o’tmay Abu Bakr (r. a.) fano olamidan baqo dunyosiga rixlat etgandilar.

ABU BAKRNING BOSHQARUV SIYOSATLARI VA HISLATLARI

Rasululloh vafot etgan vaqtlarida Islom mamlakatining chegarasi qanday holda bo’lsa Abu Bakr xalifalik davrlarida ham asosan shu darajada bo’lgan. Iroq va Suriyaning ba’zi bir viloyatlari Islom lashkarlari tomonidan qo’lga kiritilgan bo’lsada, biroq hali u yerlarda to’la tartib joriy etib bo’linmaganligidan ularni ham Islom davlati hududiga qo’shuv mumkin emasdi. Iroq va Shom o’lkalari asosan fath etilib, Madina davlatining qo’l ostiga birlashuvi Umar ibni Hattob davrlarida amalga oshgandi. Shu bilan birgalikda Iroq va Shom fatxini boshlab beruvchi hamda mazkur fathlar uchun kuchli qo’shinni tartibga keltiruvchi shaxs Abu Bakr (r.a.) bo’lganliklari tufayli mazkur o’lkalarni fatx etuv sharafining yarmi albatta u janobning hissalariga tushadur. Abu Bakr davrlarida ham davlatchi boshqaruv holati Rasululloh davrlaridagidek bo’lib, muhim bir o’zgaruv va isloh kirgizmagan edilar. Chunki Abu Bakr (r. a.) Arabistonda yuz bergan umumboshdoqlikni bostirishlik va fatxlar ila mashg’ul bo’lganliklaridan ikki yil uch oy davom etgan boshqaruv davrlarida bunday ishga tashabbus ko’rsatmaklariga fursat ham bo’lmagan edi.

Islom davlatining mukammal bir davlat tarzida oyoqqa turg’izgan kishi Umar ibni Hatob bo’lgandilar. Shu sababli u janob Islom davlatining asoschilaridan sanaladurlar.

Abu Bakr (r. a.) Rasululloh o’rinlariga qolgan bir kishi bo’lganlaridan ahli Islomning diniy hamda dunyoviy raisi hisoblanardilar. Bu janob ahli Islomni namozda imomlari, mamlakatni idora etishda hukmdori edilar.

Rasululloh hazratlariga noib bo’lganliklaridan xalifatu Rasululloh deb yuritilardilar. Abu Bakr va hamda u janobdan keyin davlatni boshqargan xulafoi roshidin davrlarida hukumat asosan sho’ro usulida boshqariladi.

Xalifa muhim ishlarda o’zicha mustabidona hukm chiqaravermay balki kibor sahobalarini to’plab ularga maslahat solardi. Zotan, Qur’onu Karimning ta’limoti va Rasulullohning sunnatlari shunday edi.

Nizo va xusumatlarni hal etish uchun xalifa avval Qur’onu Karimdan shunga doir hukmni izlar, agar Qur’onda topolmasa, Rasulullohning shunday ishda hukm qilganqilmaganliklarini tekshirar, agar bulardan ham ma’lumot ololmasa, unda kibor sahobani yig’ib, masalani o’rtaga tashlab, ularning fikrlarini so’rab va shu ra’y bilan hal etardi.

Abu Bakr (r. a.)ning asosiy kengashchilari Umar ibni Hattob, Abu Ubayda ibni Jarroh, Ali ibni Abu Tolib, Usmon ibni Affon edilar. Kotiblari esa Zayd ibni Sobit (r. a.) bo’lgandilar.

Abu Bakr (r. a.) davrlarida Arabiston yarim oroli asosan o’nta viloyatga bo’linib, har biriga alohida voliylar tayin etilgan edi.

Abu Bakr (r. a.) davrlarida davlatning asosiy kirim xazinasini zakot mollari, zimiylardan yig’ilgan juz’ya, hamda urushlarda tushgan g’animat molining beshdan biri hisobiga yig’ilgan mollar tashkil etardi. Xazinaga yig’ilgan «kirim» xalifa tomonidan mustahiq kishilarga darhol bo’lib berilardi. Xazinada pul saqlanmasdi. Xalifaning maoshi ham baytul mol hisobidan belgilangandi.

Rasululloh hazratlari davrlarida Islom millatining ijtimoiy hollari na ravishda bo’lsa, Abu Bakr davrlarida ham xuddi shu ravish uzra bo’ldi. Qur’onu Karimning oliy ta’limoti Rasulullohning sunnayi soniyalari asxobi qiromning naq yuraklari-ga o’rnashgandi. Shunga binoan ularning butun xatti-harakatlari din va qardoshlik asosiga bino qilingandi. Ularning bir-birlariga xayrixohliklari va mehribonliklari benihoya edi. Abu Bakr (r. a.) davrlarida futuxotlar boshlanib, Madinaga chetdan daromad keluvi ko’paygan bo’lsa-da, musulmonlar hamon oddiy kiyimlar kiyishar, o’rtacha darajada hayot o’tkazishar edi. Xalifaning o’zlari ham kiyinish hamda yashash tarzida ularga namuna bo’larli darajada edilar. Haqqoniyat va adolat hukm surganligidan birovga jabr, zulm qilguvchida bo’lmas, shikoyat etuvchida qolmagandi. Abu Bakr xalifalik etib Umar ibni Hattob qozilik vazifasini bajargan vaqtlarida bir yil davomida biror nizolashuvchi da’vogar da’voga kelmaganligining o’zi ham usha davrda haqqoniyat nechog’lik hukm surganligini ko’rsatib turmoqdadur. Xalifa butun axloq va odatlarida Rasululloh kabi bo’lishga, butun kuchlar bilan Rasulullohning sunnatlarini ijro etishga, idora va siyosatda izlaridan borurga tirishardilar. Abu Bakrning idoralari xalqni g’oyatda mamnun etgandi. Shu sababli keyingi xalifalarni saylagan vaktlarida Abu Bakr kabi idora usulini yuritmoqni undan talab etadigan bo’ldilar.

Abu Bakr g’oyat kichik ko’ngilli, yumshok, tabiatli, xalqqa juda ham marhamatli edilar. U janob ozg’in va tabiatlari yumshoq bo’lgani holda kerakli o’rinlarda shunday yurakli va qattiqqo’llik ko’rsatardilarki, buni ko’rib eng yurakli va kattiqqo’l sanalgan Umar va Ali (r. a.)lar ham hayron qolardilar. U janob to’g’ri fikrli, uzoqni ko’ruvchi, sabotli bir shaxs edilar.

Abu Bakr xalifa bo’lmaslaridan avval ham asxobi kiromning eng ortig’i bo’lib, jo’mardlik, shafqat va marhamat, qanoat va taqvolik, tavozu va shijoat kabi fazilatlari bilan ajralib turardilar. Xalifa bo’lganlaridan keyin o’zlarining bu kabi go’zal axloqlari bilan xalqqa namuna bo’ldilar. U janob xalifa bo’ldim, deb sira mag’rurlanmadilar. Dunyo lazzatlariga berilmadilar.

Bil’aks, xalifa bo’lganlaridan keyin bu dunyo lazzatlaridan ko’proq yuz o’girdilar. O’zlarining kattagina boyliklari va xazinadan keladigan yaxshigina daromadlari bo’lishga qaramay o’rta darajada kiyinadilar, Ochlikni to’sar darajadagina ovqatlanar-dilar. Bir vaqt xotinlari kundalik sarflaridan orttirib birozgina to’plagan va bunga bir narsa olmoqchi bo’lgan ekanlar. Abu Bakr buni bilib yig’ilgan aqchani baytul molga topshirgan va oyliklaridan ayollari jamg’arib qolgan miqdordagi pulni kamaytirgan ekanlar. Vafot etgan vaqtlarida olgan oyliklarini o’zginasidan qarz-qurzlarini to’lashga vasiyat etganlari bu dunyodan naqadar yuz o’girganlarini va kishilar haqqiga munosabatlari ne darajada bo’lganliklarini ko’rsatadi.

Abu Bakr xalifa bo’lmaslaridan avval Madinaning yuqori tarafida Sux degan yerdagi hovlilarida yashardilar. G’oyat shafqatli va marhamatli hamda kichik ko’ngil bo’lganliklaridan qo’ni-qo’shnilariga har vaqt yumshoqlik etar, hatto joriyalarga qo’y-echkilarni sog’ishga yordamlashar, podalarni haydashar edilar. Xalifa bo’lganlaridan keyin bir qiz «Abu Bakr endi bizga qarashmasa kerak» degan ekan. Buni eshitib haligi qizni oldiga borib qo’ylarini sog’ishdilar va «Sizga albatga yordamlashib yuraman, xalifa bo’lmoqligim — avvllgi xulqimni o’zgartirmasa kerak, degan umiddaman», dedilar.

Voqean Suxda turgan vaqtlarida bularga yordam etib yurdilar. Bir kuni Abu Bakr bir necha kishilar bilan o’ltirgandilar. Shunda bir kishi kelib «Assalomu alaykum, yo xalifai Rasululloh», degan edi. Bunga Abu Bakrning achchig’lari kelib, «Boshqalarni qoldirib yolg’iz mengagina salom berasanmi?», deb tanbeh etgandilar. Umar ibni Hatgob kun sayin bir qari kampirning oldiga borib yordam etib kelib yurarkanlar. Ko’p vaqt o’tmay o’zlaridan avval kimdur unga yordam ko’rsatib ketayotganini fahmlab holdilar. Shunda bu kim ekan deb poylab turdilar. Qaysi ko’z bilan ko’rsinlarki, kampirga kelib yordam etayotgan xalifa Abu Bakr ekanlar. Abu Bakr (r. a.)ni yozamiz desak, maqtovga sazovor sifatlari juda mo’ldur. U janobning Islom yo’lida qilgan xizmatlarini yozib adosiga yetish mushkuldur.

Biroq biz bu yerda maqsadimiz qisqacha bayon etishlik bo’lgani sa-babli mazkur bir-ikki voqeani yozish bilangina kifoyalandik, xolos.

Birgina Abu Bakr emas, balki Rasulullohning sahobalaridan har birlari ham maqtovga sazovor sifatlarga ega edilar. Xususan, xulafoi roshidin deb atalmish Umar, Usmon va Ali kabi zotlarning barchalarida xalqqa o’z islomiy xulqlari bilan muqtado bo’luvchi, go’zal, ergashiluvchi namunalar mavjud edi. Ularni bu borada birlarini birlaridan ajratib bo’lmasdi. Hammalari ham Olloh yo’lida haqqoniyatni olamga hukmroi bo’lishi yo’lida dunyo xalhlarini ozodlik, erkinlik, hurfikrlilik kabi asriy orzulari bo’lgan narsalarga yetishlari yo’lida hech bir narsalarni, hatto jonlarini ayamay sarf etgandilar. Ularning amal g’ururi alday olmagandi. Xushomadgo’ylar maqtovi xushlarini o’g’irlamagandi. Katta mansabga minsalar edi, oddiy xalq kiyadigan kiyimdan ham arzon bahoroq kiyimlar kiyishardi, oddiy tarzda ovqatlanishardi. Oddiy hovlilarda faqirona tarzda hayot kechirishardi. Dunyo matolariga ahamiyat ko’zi bilan aslo boqishmagandi. Ular hukmdorlik vazifasini to’liq ado etishlikda hanuz olam osmonida yagona yorug’ yulduz bo’lib porlab turishmoqda. Olloh hammalaridan rozi bo’lsin, bialardan ham o’zi rozi bo’lsin, rahmatiga musharraf aylasin. OMIN!!!

ABU BAKRNING KASALLARI VA UMAR RAZIYALLOHU ANHUNI VALIAHD TA’YIN ETUVLARI

13-yil jumodil oxir oyining avvalgi haftasida Abu Bakr (r. a.) sovuq kuni hammom qilgan edilar. Shunda qattiq shamollab o’ringa yotib qoladilar. Kasalliklari og’irlashib qolganidan namozga chiqa olmasliklari sababli Umar ibni Hattobni o’rinlariga imom bo’lishga buyurdilar.

Abu Bakrning kasalliklari kun sayin og’irlasha bordi. Tuzalishdan ko’ra tuzalmasliklari bilina boshladi.

Mo’minlar Abu Bakrning sihat topishlarini istab har doim duolarda bo’lib turdilar. U janobdan eng ko’p kelib xabar olib turuvchi kimsa Usmon ibni Affon (r. a.) edilar, Bir kuni bir necha asxoblar ko’rgani kirib: «Ey Abu Bakr, tabib chaqirib kasalingazni ko’rsatsakmikin», deganlarida, ularga javoban: «Tabib kelib meni ko’rib ketdi», deganlarida, asxob, «Tabib nima dedi?» — deb so’radilar. Men xohlaganimni qilaman, dedi», deb javob bergan ekanlar. Abu Bakr (r. a) o’zlarining xalifalik davrlarida butun hayotlarini Islomiyatning quvvat va shavkat kasb etuviga xalqning adolat va haqqoniyat bayrog’i ostida tinch-totuv yashashla-ri yo’lida Arabiston davlatini soglom bir asos ustiga qurib, butun qayg’ulari shu xalqning manfaat va maslahatlarini ko’zlaganlari kabi kasal hollarida ham mana shu qayg’uda bo’ldilar. Agar o’zlaridan keyin xalifa saylash masalasini xalqning ixtiyoriga tashlab ketsalar, xalifalikni istovchilar o’rtasida fitna chiqib, biror kor-hol yuz berishidan cho’chir edilar. Zero, Saqifa bay’atida bo’lib o’tgan ba’zi bir ko’ngilsizliklar hamon yodlaridan ko’tarilgani yo’q edi. Shu sababdan asxob kiromning fikrlarini olib, o’zlaridan keyin ma’lum bir kishini valiahd etib tayinlash maslahatida bo’ldilar. Asxobi kirom oralarida xalifalik mansabiga loyiq kishilar yetarlicha bo’lib, bularning eng avvalgi saflarida Umar ibni Hattob bilan Ali Ibni Abu Tolib (r.a.)lar turardilar. Bularning har ikkilarida xilofatga o’zlarini eng ahl deb bilar va mamlakatni go’zal idora eta olishga hamda xalq orasida adolat ruhini amalga oshira olish-ga iymonlari komil edi.

Abu Bakr Umar ibni Hattobni o’zga saxobadan ortiqroq bilib, o’zlaridan keyin valiahd etib qoldirmoqchi bo’ldilar. Mazkur fikrga kelganlaridan keyin saxobayi kiromga o’zlarining fikrlarini kinoya tarzida anglata boshladilar. Abdurahmon ibni Avfni chaqirib, Umar haqlarida qanday fikrdasiz?» deb so’radilar. Abdurahmon (r. a.) «U kishining qattiqqo’lligidan boshqa aybi yo’q», dedilar. Abu Bakr bunga javoban: «U mening yumshoq bo’lganim uchun shunday qattiqqo’llik qiladi, agar o’zlari ish boshiga kelsalar albatta qattiq qo’lliklaridan anchasini tashlaydilar, deb o’ylayman», dedilar. Bundan keyin Usmon ibni Affonni ham chaqirib fikrlarini oldilar.

Hazrati Usmon Umarning «Ichi tashqarisidan yaxshiroq, bilishimcha, bizning ichimizda u kishiga o’xshash odam yo’q», dedilar. Boshqa bir necha kibor sahobalardan ham Umar haqlarida mana shunday yaxshi, iliq gaplar eshitdilar. Abu Bakr (r. a.) Umar haqlarida bir necha asxobning fikrlarini olgach, u janobni valiahd etarga qaror qildilar. Va kotib-lari Usmon ibni Affonni chaqirib quyidagi vasiyatnomani

yozdirdilar:

«BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIM»

Bu Rasulullohning xalifasi Abu Bakr tomonidan dunyoda eng oxirgi va oxiratga esa birinchi qadam qo’yishi oldidan bergan ahdnomadur. Men sizga Umar ibni Hattobni xalifa etib tayinladim. Agar ishni tuzuk yuritsa va adolat o’rnida bo’lsa juda yaxshi. Mening uni haqqida fikrim va bilishim ham shudir. Agarda jabr va zulm qilsa, siyratni o’zgartsa, javobgarligi menga bo’lmayajakdur. Chunki men g’aybni bilmasmen, men bu ishimdan yolg’iz yaxshilikni istadim. Har kimga o’zi qilgan amalining jazosi bo’lajakdur. Zolimlar ne ahvolda tushishlarini kelajakda bilurlar…» degan mazmunda ahdnomani yozdirib, muhr urdirib qo’ydilar.

Umar ibni Hattobning valiahd tayin etiluvi ba’zi bir xalifalikka umid etuvchi kibor sahobalarga yoqmayajak edi. Xususan Umar ibni Hattobning qattiqqo’l bo’lib, yuz xotir saqlamasliklari ko’pchilik kishilarning qarshiliklariga sabab bo’lajak edi. Buning ustiga Umarni valiahd tayin etilishi «sho’ro» asosiga xilof bo’lganligidan masalani yanada mushkullashtirar edi. Haqiqatda Umarni xalifa tayin qiluv xabari asxob orasida yoyilishi bilan xalq o’rtasida turli mish-mishlar tarqala boshladi. Hatto ba’zi bir kibor asxoblar Abu Bakr oldilariga kirib bu to’g’rida raddiya berdilar.

Talxa ibni Ubaydulloh bir necha kibor asxoblari bilan kirib: «Umar ibni Hattobni shu qadar qatiqqo’lligini bilib turib xalifalikka o’zingizdan so’ng tayin etibsiz. Agar bu to’g’rida Rabbingiz sizga savol bersa, ne deyajaksiz?» dedilar. Abu Bakr (r. a.) bularning raddiyalariga ahamiyat bermadilar. Talxa ibni Ubaydullohdan hech ham achchiqlanmay: «Meni Olloh birla qo’rqitmoqchi bo’lasizmi? Men unga: «Sening yaxshi bandangni tayin etdim», deb javob beraman. Boshqalarga ham ushbu gapimni eshitdirib qo’yinglar», dedilar. Abu Bakr (r. a.) o’zlaridan so’ng xilofat masalasida ba’zi bir nomatlub voqealar yuz berajagini sezganlari sababli xalifani tayin etish fikrlaridan qaytmadilar. Umar ib-ni Hattobda bo’lgan davlat siyosatini yurgizuv iqtidorini bilganliklari tufayli ba’zi bir asxobni bu ishdan norozi bo’lganliklarini nazarga olmay o’z ra’yilarida sobit qoddilar. Abu Bakr o’zlarining qattiq kasalliklariga qaramay xalq o’rtasida ta’sir ko’rsatadigan bir xutba o’qidilar. Minbarga ko’tarilib masjidda xaloyiq o’rtasida o’zlarini xalifalik mansabiga kishi tanlashlikda aslo xatoga yo’l qo’ymaganliklarini, balki xalqning manfaatini ko’zlab ish tutganliklarini, asxob oralaridan davlat siyosatini yurgizishlikka eng iqtidorli kimsa tayin etilganini, valiahd tayin etilgan kishi o’zlarining qarindoshlari bo’lmaganliga sababli bu ishni qarindosh-urug’chilikka tortishuv deb baholamasliklarini bayon etib, Umar ibni Hattobning xalifaliklariga rozi bo’lishga va itoat etishlikka chaqirdilar. Xalq qoshida favqulodda nufuzga ega bo’lgan va ehtirom qozong’an, ko’ngillarga muhabbati naq o’rnagan bu buyuk. zotga qarshi chiquvchi biror kimsa-da bo’lmadi.

Umar ibni Hattobni valiahd tayin etilishiga kibor asxobni kayflarini ketgazganiga ushbu quyidagi voqea ochiq misol bo’la oladi.

Abu Bakrning so’nggi kunlarida ahvollaridan xabar olmoqlik. uchun bir necha sahobalar bilan birla Abdurahmon ibni Avf oldilariga kirgandilar. Xalifaning bu vaqt kayfiyatlari anchagina tuzuk edi. Abdurahmon kiribok, xalifaga qarab, «Ahvolingaz nechuk, men sizni tezda sog’ayib ketasiz degan umiddaman», dedilar. Abu Bakr bunga javoban «Mening ahvolim juda og’ir. Sizdan ko’rgan narsalarim esa kasalimdan ham og’irroqdur. Men eng or-tiqrog’ingizni xalifa tayin etdim, Xalifalikni har biringiz o’zingizga olmoqchi bo’lib bunga kayfingiz ketdi, Sizga dunyo iqbol qildi, tezda ipak kiyimlar kiyasiz, ipak ko’rpalarda yotasiz. Ollohga qasam kchib aytamanki, sizni hech bir jinoyatga qo’l urmay bo’yningazning chopilishi dunyo lazzatiga cho’muvingizdan or-tiqroqdur», dedilar. Abdurahmon ibnk Avf bu gaplarni eshitgach, xalifaga: «O’zingizni bunday ishlar bilan diqqat qilavermang, bo’lmasa kasalingiz yangidan kuchayib ketadi. Xalq sizning haqqingizda ikki fikrda bo’ldi, bir firqa bu xususda sizning fikringizda — bu ishingizdan mamnun va rozi bo’ddilar. Ikkinchi firqa esa sizga karshi kelib o’z fikrini so’zladi va maslahat berdi. Sizning yo’ldoshingaz haqida yaxshilikdan boshqa narsa bilmaymiz. Sizning bu qilgan ishingizdan yaxshilikdan boshqa narsani o’ylagansiz deb gumon etmaymiz. Siz doimo solih. va muslix bo’ldingiz. Dunyoda qilgan hech bir ishingiz uchun kuyinishga sizga yo’l yo’q», dedilar. Buning uzriga xalifa: «To’g’ri, men yolg’iz mana shu ishlar uchun kuyunaman, men qilgan uch ish bor. Koshki shularni qilmagan bo’lsam edi. Uch narsa bor. shularni qilgan bo’lsam edi. Uch narsani Rasulullohdan so’ragan bo’lsam edi: Ali menga urush e’lon qilgan bo’lganlarida ham uylariga bormagan bo’lsam edi. Saqifa kuni Abu Ubayda yohud Umarga bay’at berib o’zim vazirlik mansabida qolgan bo’lsam edi. Fujoatul Sulamiyni yondirmayincha o’ldirtirmagan yoki ozod etgan bo’lsam edi. Ash’as ibni Qaysni ozod etmay o’ldirtirgan bo’lsam edi. Chunki men uni yaxshi odam bo’lib ketishiga aslo ko’zim yetmaydi. Xolid ibni Validni Shomga yuborgan vaqtimda Umar ibni Hattobni Iroqga yuborgan bo’lsam erdi. Bunda ikki qo’lni barobar Olloh yo’lida uzatgan bo’lurdim. Rasulullohdan, o’zlaridan keyin xalifalik kimga tegishli bo’lishini so’ragan bo’lsam edi. Bu vaqt nizoga o’rin qolmasdi. Ansorni xalifalikka haqqi bormi yoki yo’qligini so’ragan bo’lsam edi. Inining singlisi birla amakining merosin so’ragan bo’lsam edi. Chunki bu ko’nglimda bir qadar g’ashlik bor», dedilar.

Mana bu gaplar xalqni Umar haqlarida ikki turli fikrda bo’lganligini ko’rsatadi. Faqat Abu Bakr (r. a.) vafot etib, Umar (r. a.) bay’at oluvga o’ltirganlarida biror qarshi chiquvchi kimsa topilmadi. Bu narsa Abu Bakrning xotirlarini saqlov va u janobga ehtirom yuzasidan bo’lgandi. Hazrati Umar valiahd tayinlangan chog’da bir qadar kimsalar norizo bo’lgan bo’lsalarda, ammo xalifalik mansabida yuritgan adolat siyosatlari tufayli oxiri hammalari Umardan bag’oyat minnatdor va rozi holda bo’ldilar. Umardan keyingi xalifa saylov vaqtida Abu Bakr va Umarlar yurgan yo’ldan yurishlikni shart etiluvi buning eng ochiq isbotidur.

Umar (r, a.) xalifalik davrlarida shunday adolat bir tarzda hukm yurgizganlari sababli sharqu g’arb tarixchidari tomonidan dunyoda eng adolatli, to’g’ri ijro etgan hukmdor sanaladi.

Abu Bakrning ahvollari og’irlashib qolganidan keyin qizlari Oyisha (r. a,)ni chaqirib hujralarida qabr uchun joy hozirlamoqqa vasiyat etdilar. Ustlaridagi ikki qavat kiyimlarini yechib shunga, uchinchi qavat bir kiyimni qo’shib kafan qilishga buyurdilar. Oyisha onamiz «Ey, ota, hozir biz boymiz, yangi kafan olib kafanlatsak ham bo’ladi-ku», deganlarida, Abu Bakr «yangi kiyimga mendan ko’ra tirik-lar muhtojrok», dedilar. Yuvishlikni xotinlari Asmo bintu Umaysga vasiyat qildilar. Yordamga o’g’illari Abdurahmonni olishni buyurdilar. Baytulmoldan olingan narsalarni o’z kissalaridan to’lashga amr etdilar. Mollaridan beshdan birini hayrot yo’llariga sarf etishlikka buyurdilar, Vafot etgan kunlaridan kechiktirmay darhol dafn etarga amr qildilar. Abu Bakr mazkur kasallaridan shifo topmayincha 13-yil-ning jumodil oxir oyining 21-kuni dushanba shom bilan hufton o’rtasida fano olamidan tinchlik ila baqo olamiga rohat bilan safar etdilar. Bu melod hisobiga 634 yil avgustga to’g’ri keladi.

U janobning oxirgi so’zlari: «Ey Rabbim, meni musulmon etib o’ldirgin va solihlarga qo’shgii» degan duolari bo’ldi. Vasiyatnomaga binoan Asmo bintu Umays Abdurahmon yordamlarida yuvdilar, uch qavat kafanga kafanlanib minbar masjid orasiga qo’yilib, hazrati Umar tomonlaridan janoza o’qiddi. Qabrlariga Umar, Us-mon, Talxa va Abdurahmon ibni Abu Bakr tushdilar. Janoza o’qilib dafn etilgan kun ham dushanba kechqurun edi. U janobning hukmdorlik davrlari ikki yilu uch oy davom etdi.

Abu Bakrning vafot etuvlari Rasulullohning vafotlari kabi asxobi kiromga favqulodda qattiq ta’sir etdi. Butun Madina qayg’u va dahshat ichida koldi. Ushbu vaqt Abu ibni Ali Tolib yoshlariga belanib yugurib kelib Abu Bakrning eshiklari oldida to’xtadilar va u janobning fazl va sifatlarin bayon etuvchi ushbu xutbani so’zladilar:

«Ey Abu Bakr, Olloh seni rahmat etsun, sen hammadan avval Islomni qabul qilgan, imoni eng eski, ishonchi eng aniq kishi eding. Sen Rasulullohga eng mulozim, xulk va fazl hamda siyrat jihatdan eng yaqin, ahl Islomni himoya etuvchi kishi eding. Butun xalq Rasulullohni yolg’onga chiqarganda, sen uni tasdiq etding. Xalq izo yetkazganda, sen yordamga shoshilding. Xalq o’ldiradigan vaqtida sen u bilan birga bo’lding. Olloh seni o’z kitobida Siddiq deb atadi. Sen ahli Islom uchun bir tayanch, kofirlar uchun balo va musibat eding. Sen yo’lingda hech birda adashmading, senga za-iflik va qo’rqoqlik aslo yo’l topaolmadi. Sen go’yoki subutda salobatli tog’dek eding. Sen Rasululloh aytganlaridan badaning zaif, dining quvvati, tavozuli, Olloh qoshinda ulug’, mo’minlar qoshinda buyuk va qudratli eding. Senga hech kim biror xususda tama’ etolmasdi. Kuchli va kuchsiz sening qoshingda barobar edi. Kuchlidan kuchsizning haqqini olib berganga qadar kuchli sening qoshingda kuchsiz sanalardi. Kuchsiz esa kuchli sanalardi. Olloh sening ajringdan bizlarni mahrum qilmasun. Sendan so’ng bizni adashtirmasun…»

Umar ibni Hattob ham Abu Bakr yonlariga kirib qisqa, ammo g’oyat mazmunli bir nutq irod etdilar. «Ey Rasulullohning xalifasi, sen o’zingdan so’ng xalqqa goyat og’ir yuk yuklading. Senga yetish qayoqda, sening ortingdan boruvga bizga mumkin bo’lmayajak!»

Abu Bakrga marsiya o’laroq Ummul mo»minin Oyisha va boshqalar tarafidan xutbalar so’zlandi. Xison kabi buyuk so’z ustalari tomonidan sherlarda tartib etildi. Biroq Ali ibni Tolibning so’zlagan g’oyat balog’atli xutbalari oldida bularni so’zlab o’ltirishga hojat qolmaydi.

XULOSA

Dunyodan ne-ne nomdor hukmdorlar, fotihlar, sohibqironlar o’tdilar. Ular hayotlari davomida qancha-qancha ishlarni amalga oshirgandek bo’ldilar. Hatto ba’zilari yer yuzidagi mamlakatlarning juda katta qismini o’z qo’llari ostida birlashtirishga muvaffaq bo’laoldilar. Qancha-qancha qasrlar, saroylar, muhtasham imoratlar barpo qildilar. Kishilarni hanuz hayratga soluvchi mo»jizakor imoratlarini qurdirdilar. Dahshatlaridan o’z davrlarida olam titradi. Biroq, zamonlarning o’tishi bularning barchasini kishilar dilidan birin-ketin chiqarib tashladi. Hech birlari mana shunchalik boylikka, hashamga ega bo’lganligi bilan kishilar dilini o’zlariga rom qilaolmadilar.

Zero, tutayotgan ishlari, siyosatlari ko’pincha havolari amriga itoatan bo’lardi. Adolatni o’z o’lchovlari bilan o’lchardilar. Haqqoniyatni o’z ra’ylari bilan ifodalardilar. Mana shu tufayli bo’lsa kerakki, ular vafot topishlari bilan nom-nishonlari ham vafot topib ketdi. Hech kim ularni dilida muhabbatla yod etmaydi. Zero, ular haqiqiy adolat va haqqoniyatni asl manbaidan o’rganib, uni xalq orasida og’ishmay amalga oshirish o’rniga hoyu havaslarga ko’milib, havolariga qulga aylanib, nafslari buyrug’ini bajaruvchi xor kimsalar edilar. Kishi nafsining domidan ozod bo’lmay turib hech qachon ozodlik nash’asini surolmaydi. Dunyo hokimiyatini butunlay o’z qo’liga kiritgan bo’lsada, butun olam ahli uning amriga muntazir tursada, biroq o’zi nafsining domidan o’zini xalos etolmaydigan bo’lsa, unday odamni shox emas balki gado deb atamoq savobga yaqindur.

Nafs xohishlarida qutulmoq uchun, nafsni ba’zi bir nodonlar o’ylagani kabi butunlay mahrumiyatga duchor qilish kerak emas. Bil’aks, uni xohishlarida o’rtacha darajani topish lozim. Lekin bu o’rtacha darajani kishi biron bir manbaaga suyanmay turib, o’z aqli va ilmi bilangina o’zicha topaolmaydi.

Ilm va falsafada eng yorqin yulduzlar sifatida tanilgan kimsalar ham faqat o’z aqllariga suyanganlari uchun mazkur darajani belgilashda xatoga yo’l qo’ydilar, og’ib ketdilar. Ularning ilm va mantiqlariga maxliyo bo’lib ergashgan bashariyat ham ular qilgan xatolari orqasida juda ko’p jabru-jafolar tortdi. Adashishlar qorong’uligida darbadar kezadi. Bunday o’rtacha darajani o’rganishlik uchun yagona manbaa bu vahiy ilohiy edi. Ya’ni, payg’ambarlarga ergashishlik ular ko’rsatgan yo’lga yurishlik, buyurgan ishlarini qilishlik, ma’n etgan amallaridan to’xtashlik bilan kishi adolatni, haqqoniyatni topa olardi. Adolat nima ekanligini tushunish uchun, uni amalda tatbiq etish uchun yagona qo’llanma — bu ilohiy vahiydur.

Ilohiy vahiy esa payg’ambarlarga yuborilgan bo’ladi. Demak, qolgan bashar mana shu ilohiy vahiy orqali adolat mezonini bilishga ega bo’lgan payg’ambar ko’rsatmasini o’rganishligi kerak. O’rganganda ham hech qanday o’zining ra’yiga yopishib olmasdan, ko’rsatmani o’z xohishiga qarab o’zgartirmasdan to’g’ri aql va sog’lom qalb bilan o’rganmog’i kerakdur. Mana shunday sog’lom qalb bilan payg’ambar ko’rsatmasini egallagan Abu Bakr kabi zot dunyoda hukmdorlik davrlarida adolatni asl mag’zini ko’rsata olishga muvaffaq bo’laoldilar. Hukmdorlik ko’zlarini pardalab, aqllarini hoyu-havas zanjiriga kishanlab qo’ya olmadi. Negaki, u janob payg’ambar ko’rsatmasini qalblariga to’g’ri joylab olgandilar, Mana shu ko’rsatmadan na hukmdorlik davrlarida va na oddiy fuqarolik davrlarida chetga og’madilar.

Dunyoning maftunkor matolari aqllarini o’g’irlab, o’zlarini orqasidan ergashtiraolmadi. Chunki har bir bosgan qadamlari payg’ambar ko’rsatmasiga binoan bo’lardi. Natija kutilganidek bo’lib chiqdi. Olam ahli qalbida o’chmas iz qoldira oldilar. Bularning barchasiga eng avvalo payg’ambar ko’rsatmasini dasturil amal qilganliklari bilan erisha oldilar. Demakki, qachon bir millat va shaxs hayot olamida najot muvaffaqiyat yo’lini tutmoqni istasa, payg’ambar ko’rsatmasini o’ziga asosiy yo’llanma qilib olishi zarur bo’ladi. Boshqa shaytoniy shaxslar tomonidan tuzilgan amal dasturlari kishilik jamiyatini ilal oqibatda halokat jariga yetaklab keladi. Va mana shu halokat jariga tashlab yuboradi. Natijada olam sahifasidan nom-nishonsiz o’chib ketadi. Ba’zi bir davrlarda ko’zga tashqi tomondan ilgarilab ketganga o’xshasa-da, ichki tomondan esa zil ketaveradi.

Bahorda ichi tushib qolgan qovun ustidan qaralganda uncha bilinmasada, so’yilgan paytida suv bo’lib oqib ketgani kabi, payg’ambar ko’rsatmalarini chetga qo’yib, allaqanday shaxslar tomonidan tuzilgan ko’rsatmalarni o’zlariga asos qilib oluvchi millatlar ham mana shu ichi tushgan qovunga o’xshab qolishadi. Ichi tushgan qovun hech narsaga yaroqsiz bo’lib boraveradi. Tarix bunday hodisa va voqealardan behisob bo’lib o’tganligiga guvohdir. Tarix bizga ibrat bo’lishi kerak. Bo’lmasa biz ham ibrat bo’lib qolamiz. Kelajagamizga achinsak, avlodlarimizga muruvvat ko’rsatmoqni istasak, g’aflat uyqusidan uygonmoqligimiz kerak. Ungu so’lga ibrat nazari bilan boqib domiga tortayotgan jarlikdan qutulish chorasini shoshilinch ravishda topishimiz darkor. Chora esa yagona, u ham bo’lsa payg’ambar ko’rsatmalaridur. O’tmish bobolarimiz mana shu ko’rsatmaga amal qilishib yuksak fazilat cho’qqilarini egallashgan ekan. Oliy insoniy sharafni butun olamga namuna tarzda ko’rsata olishgan ekan. Bizlar ham qachon shunday oliylikni istasak, sharaflikni istasak, o’shalar amal qilgan dasturga amal qilishimiz zarur bo’ladi.

Ey rabbimiz, bizga mana shu ko’rsatpsh yo’lingda yurishlik paytida yetgan qiyinchiliklarga sabr ato etgan! Oyoqlarimizni haqiqatga yetaklovchi haq yo’lida barkaror aylagin! OMIN!!!

«Xulofoi roshidiyn» kitobidan