Abdulloh ibn Amajur at-Turkiy haqida

Abdulloh ibn Amajur at-Turkiy haqida

Abdulloh ibn Amajur at-Turkiy


Tug'ilgan joy:Farg‘ona


Yo'nalishlar: Astronomlar



Tarjimai hol


Abdulloh ibn Amajur at-Turkiy va uning o‘g‘li Abu-l-Hasan Ali IX - X asrlar farg‘onalik olimlardan bo‘lib, bizning adabiyotlarda ularning hayoti va faoliyati, ilmiy merosi deyarli o‘rganilmagan.



At-Turkiy o‘rta asrlardagi mashhur olim bo‘lgan. Ibn-an-Nadim va Ibn-al-Kiftiylarning zamondoshlari o‘zlarining “al-Fixrist” va “Hakimlar tarixi” asarlarida Abdulla at-Turkiy haqida shunday yozishgan: “Abu al-Qosim Abdulla ibn amajur al-Xaraviy – farg‘onalik o‘g‘lon”.



U zamonasining fozil va o‘z mavqeiga ega bo‘lgan ulamolaridan bo‘lgan. Olim quyidagi asarlarning muallifidir:



  • “Xatolardan xolis zij kitobi” (“Kitob az-zij al-maʼruf bil-xalis”),
  • “Bog‘lab turuvchi zij kitobi” (“Kitob az-zij al-maʼ¬ruf bi-l-muzannir”), “G‘aroyib zij” (“az-Zij al-badiʼiy”),
  • “O‘tmishlar ziji” (“Zij al-mamarrat”),
  • “Sindhind ziji” (“Zij as-Sind-hind”),
  • “Qulning ziji” (“Zij al-qini”),
  • “Musofirga foydali kitob” (“Kitab zad al-musafir”),
  • “Fors erasi bo‘yicha Mirrix (Mars) sayyorasi uchun zij” (“Kitab zij al-Mirrix ala at-tarix al-fari-si”)».


 



Manbalardan maʼlumki, bu olimning Abu al-Hasan Ali ibn Abu al-Qosim ismli o‘g‘li bo‘lib, u ham astronomiyaga qiziqqan. Bundan tashqari, Ibn al-Qiftiy Amajur oilasiga tegishli uchinchi shaxs, yaʼni Ali ibn Amajurning ham astronomik kuzatish ishlari bilan shug‘ullanganini eʼtirof etiladi.



 



O‘rta asrlarning yirik astronomlaridan Ibn Yunus as-Sadafiy (950—1009) olimga nisbatan uning turkiy nasabdan bo‘lganligini anglatuvchi “at-Turkiy” so‘zini ham ishlatadi va o‘z risolalarining birida Amajurlar tomonidan amalga oshirilgan quyosh va Oyning tutilishi hamda baʼzi sayyoralarni kuzatish tajribalarini bayon etadi. 



 



U keltirgan maʼlumotlarga qaraganda, olimlar balandliqda joylashgan to‘rt tomonni kuzatish mumkin bo‘lgan maxsus maskanda ish olib borishgan. Unda kuzatish ishlarida mo‘ljallangan maʼlum belgilangan yo‘nalishni ko‘rsatuvchi maxsus uzun tuynuk ham mavjud bo‘lib, bu bino rasadxona vazifasini bajaruvchi zaruriy qulayliklarga ega bo‘lgan. Abdulloh ibn Amajur at-Turkiy, uning o‘g‘li va yordamchisi Muflih ibn Yusuflar quyosh tutilishini kuzatish jarayonida o‘n ikki daraja va bir darajaning to‘qqizdan birini ko‘rsatib bergan jihozdan foydalanganlar.



Amajurlar quyosh, Oy, yulduz va sayyoralarni kuzatish bilan bog‘liq bo‘lgan tajribalarini asosan, Bag‘dod va qisman Sheroz shaharlarida olib borganlar (Olimning ismiga qo‘shib aytiladigan “al-xiroviy”, yaʼni “hirotlik” so‘zi u Hirot shahrida ham faoliyat ko‘rsatgan, degan taxminni bildiradi).



U o‘z tajribalari ustida ellik yilga yaqin ishlagan (Ibn Yunusning qoldirgan maʼlumotlariga ko‘ra, 885 – 933 yy.). 



 



Ular o‘z tajribalarining natijasi sifatida yuqorida nomlari zikr etilgan qator falakiyotga oid risolalar va jadvallarni taʼrif etganlar. Bu asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelmaganiga qaramasdan, Amajurlarning ikki qo‘lyozma asari xorijiy mamlakatlar kutubxonalarida saqlanadi va ular quyidagilardan iborat:



  • “Sayyoralarning tutilishi va bog‘lanishi haqida (astrologik) oldindan aytib berishlar majmuasi” (“Javamiʼ ahkam ad-kusufat va-l-qiran al-kavakib”). Risolasi Parij va Leydenda saqlanadi.
  • “Taylasan ziji” (“Zij at-Taylasan”). Bu qo‘lyozma faqat Parijda saqlanib qolgan. Yuqoridagi “taylasan” so‘zi arab tilida —bo‘yinni quyosh nuridan himoya qilish maqsadida salla ustidan yelkagacha tashlab yuriladigan ro‘molni anglatadi. Shu sababdan baʼzi adabiyotlarda muallifning bu risolasi “Ro‘mol ziji” deb tarjima etilgan. Bu zij hozirga qadar o‘rganilmaganligi sababli unga nima maqsadda bunday nom berilganligi aniqlanmagan.
  • Manbalarda Abdulloh ibn Amajur at-Turkiyning tavallud topgan va vafot etgan yili haqida maʼlumotlar saqlanmagan. Shuning uchun ham uning yashagan davrini IX-X asrlar deb tahmin qilish mumkin.