Sayfi Saroyi haqida

Sayfi Saroyi haqida

Sayfi Saroyi


Tavallud topgan sana:
1321 yil


Vafot etgan sana:
1396 yil


Tug'ilgan joy:Xorazm


Yo'nalishlar: Tarjimonlar, Yozuvchilar, Shoirlar



Tarjimai hol


Sayfi Saroyi - o‘zbek mumtoz adabiyotining iste’dodli vakillaridan biri. Fors, arab tili, adabiyoti, tarixi va xalq og‘zaki she’riy ijodini mukammal o‘rgangan, g‘azalnavis shoir, qasidanavis, epik dostonchi va tarjimon sifatida tanilgan.



1321 yil Xorazm yaqinidagi Qamishli (Sarqamish) qishlog‘ida hunarmand - qurolsoz oilasida tug‘ilgan. Markaziy Osiyoda mo‘g‘ullar istilosi davrida yashagan, o‘z vatanini tark etishga majbur bo‘lgan, umri jahongashtalikda kechgan.



Dastlabki ta’limni o‘z yurtida olgan. Uning ismining ma’nosi “qilich” demakdir, zero, bilimlari qilich kabi o‘tkirdir. So‘ngra u ta’limini Oltin O‘rda Saroyida davom ettiradi. Bu erda u savod olib, she’rlar yozishni boshlaydi.



Urushlar tufayli Sayfi Saroyi dastlab Eronga, keyin Turkiyaga boradi. U umrining oxirlarida Misrga borib, o‘sha joyda taxminan 1396 yil vafot etgan.



Shoirning o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan hissasi bebahodir. O‘zidan oldingi yashab ijod etgan shoirlar ijodini o‘rganib, Sayfi Saroyi quyidagi misralarda ijod maydonini bog‘ gulshaniga, shoirlarni esa shu bog‘dagi qushlarga qiyos qilib, ikki guruhga ajratgan:



 



Jahon shoirlari, ey gulshani bog‘,



Kimi bulbuldurur so‘zda, kimi zog‘.



Bizgacha shoirning adabiy merosidan bir necha g‘azallari, qasida, qit’a, ruboiyi, masnaviylari, “Suhayl va Guldursun” dostoni (1394) hamda “Gulistoni bit-turkiy”(1390-91) yetib kelgan. “Sindbodnoma” ni o‘zbek tiliga qilingan tarjimasi saqlanib qolmagan. Ayrim asarlari Istanbulda (1926) “Turk adabiyoti namunalari”da berilgan.



Sayfi Saroyi Sa’diyning “Guliston” asarini o‘zbek tiliga birinchi bo‘lib tarjima qilgan, ammo u asl nusхa matniga o‘zining falsafiy-axloqoiy sharhlarini qo‘shib, uni “Gulistoni bit-turkiy” deb atagan. Saadi asarini asos o‘rnida olib, u asarni zamona ruhi va mahalliy muhitini aks ettiruvchi yangi hikoyatlar, qit’a va baytlar bilan to‘ldirgan.



“Gulistoni bit-turkiy” 8 bobdan iborat:



1 - bob "Sultonlar haqidagi hikoyatlar"



2 - bob "Faqirlar axloqi haqidagi hikoyatlar"



3 - bob "Qanoatning foydasi haqidigi hikoyatlar"



4 - bob "Sukutning foydasi haqidagi hikoyatlar"



5 - bob "Ishqdagi yigitlik sifati haqidigi hikoyatlar"



6 - bob "Qarilikdagi zaiflik sifatlari haqida"



7 - bob "Tarbiyaning ta’siri haqida"



8 - bob "Suhbat odoblari haqida", har bir bobda hikoyatlar bor.



Uning ko‘plab hikoyalari didaktik uslubda bo‘lib, ularda pand - nasihat, adolat va osoyishtalik o‘rnatish masalalari muhokama qilinadi. U zolim podsho va amaldorlarni insof va adolatga chaqirib, davlatni qat’iy qonun - qoidalar asosida boshqarish, kishilar xulq - atvorini yaxshilash borasida pand-nasihat qilgan.



Shuningdek, yana bir hikoyatlar to‘plami mashhur - “Iso Mo‘jizasi”. Unda bir odam Iso payg‘ambarimiz oldiga kelib, o‘lgan odamni tiriltirishni so‘raydi. Lekin Iso bu qilmish odamlarga foyda keltirmasligini aytib, bu ishni rad etadi. Biroq odamzod chekinmay, unga tiriltirishni o‘rgatib qo‘yishini iltimos qilaveradi. Iso boshqa rad eta olmay, uni duo qilishga o‘rgatadi. Bu odam uyi tomon ketayotib, suyaklarni topib oladi va tiriltirish duosini o‘qiydi. Suyaklar sherga aylanib, duo qilgan odamni yeb qo‘yadi.



“Guliston bit-turkiy” eski turkiy tilining namunasi sifatida yagona nusxada Gollandiyaning Leypsig universitetida saqlanadi. Fotonusxasi Fanlar Akademiyasi qoshidagi Sharqshunoslik institutida saqlanib keladi.



“Suhayl va Guldursun” dostoni o‘zbek adabiyotidagi epik she’riyati taraqqiyotining munosib namunasi sanaladi. Doston xalq afsonasi “Guldursun” asosiga qurilsa-da, unda real tarixiy voqealar, ya’ni Amir Temurning Xorazmga yurishi ham aks etgan.