Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning hayot va ijod yo‘li

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning

hayot va ijod yo‘li

Muhammad Sodiq ibn Muhammad Yusuf ibn Muhammad Ali, 1952 yilning 15 aprelida Andijon viloyatida tavallud topgan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf O‘zbekistonda va islom dunyosidagi eng mashhur olimlardan edi. Shayx Muhammad Sodiq Islom ulamolarining eng katta nodavlat tashkiloti bo‘lgan Islom Ulamolarining Millatlararo Ittifoqining peshqadam a’zolaridan biri hisoblanardi.

Shayx Muhammad Sodiq boshlang‘ich diniy ta’limni otasidan olgan. Sovet o‘rta maktabini 1970 yilda to‘liq a’lo baholarga tugatgach, Muhammad Sodiq Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasiga o‘qishga qabul qilinadi. Keyinchalik, Toshkentdagi Oliy Islom Institutida tahsil olib, 1975 yilda muvaffaqqiyatli tamomladi. 1976 yilda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Liviyadagi ad-Dava’ al-Islami Milliy Islom Universitetiga qabul qilindi, hamda moliyaviy rag‘bat bilan muvaffaqqiyatli tamomlagan. Liviyada tahsil olish yillari Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni Musulmon ulamolarining kelajak avlodiga, ayniqsa, Arab dunyosiga va hattoki uzoq Yaponiya kabi mamlakatlarga ham tanitgan.

1997 yilda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Saudiya Arabistondagi xalqaro Islom tashkiloti bo‘lgan Robita al-Islomiya (Musulmon Olami Ligasi) tarkibidagi Musulmon davlatlar va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi federatsiyasiga rahbar etib tayinlandi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf shu kungacha ushbu tashkilot boshqaruv kengashining doimiy a’zosi hisoblanar edi.

Ijodiy faoliyati

Shayx ko‘plab islomiy kitoblar muallifidir. 1994 yildan 2000 yilgacha shayx ishlarining 60 foizi, ya’ni o‘ttizga yaqin mashhur maqolalar va yigirma beshgacha yaqin kitoblar, hamda qo‘llanmalar nashrdan chiqarildi. Ushbu ilmiy ishlarning ko‘pchilik qismi o‘zbek tilida yozilgan bo‘lib, ulardan ba’zilari rus va boshqa MDHga a’zo davlatlar tillariga tarjima qilingan.

Shayx yuqorida ko‘rsatilgan muddat davomida Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi Islom Madaniyati Markazi Shayx Muhammad Sodiqning ko‘plab ishlarini nashr qilib bordi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Tafsiri Hilol“, “Tasavvuf haqida Tasavvur“, “Ixtiloflar haqida“, “Din nasihatdir“, “Ruhiy tarbiya“ va shu kabi ko‘plab kitoblari hozirgi kunga qadar kitobxonlar orasida mashhur bo‘lib, qo‘lma-qo‘l o‘tib kelmoqda. Shuningdek, o‘quvchilarning talablariga binoan qayta qayta nashrdan chiqayotgan “Sunniy Aqidalar“ va 39 juz’dan iborat “Hadis va Hayot“ kitobi ham O‘zbekiston xalqi orasida e’zoz bilan mutolaa qilinadigan kitob qatoridan joy olgan. 2004 yilda tashkil topgan www.islom.uz veb loyihasi esa shaxsan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahbarligida yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu sayt Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga to‘g‘ridan to‘g‘ri savol berish imkoniyatini yaratar edi.

Shayx a’zo bo‘lgan tashkilotlar

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf oxirgi yillarda ilmiy va da’vatga hamda diniy madaniyatni oshirishdagi faoliyatlarga o‘zini bag‘ishlagan edi. Shayx quyidagi xalqaro tashkilotlar a’zosi hisoblangan:

Makka shahridagi Butun Dunyo Islom Robitasining ta’cis majlisi

Butun dunyo tasavvuf uyushmasi

Butun dunyo Islomiy xalqlari boshqaruvining bosh kotibiyati a’zosi

Butun dunyo da’ati uyushmasi a’zosi

Butun dunyo ulamolari kengashi uyushmasi a’zosi

Islomobod shahridagi butun dunyo Islom uyushmasi a’zosi

Makka shahridagi butun dunyo mutafakkir ulamolari yig‘inining ijroiy qo‘mitasi a’zosi

Butun dunyo masjidlar uyushmasining a’zosi

Iordaniyadagi Oli Bayt mussasasiga qarashli Islomiy fikrlar akademiyasi a’zosi

Shayxning ilmiy darajalari

Toshkentdagi Imom Buxoriy nomli oliy ma’hadini bitiruvchisi

Tripoli shahridagi Butun Dunyo islomga da’vat fakultetini bitiruvchisi

Toshkentdagi Imom Buxoriy nomli oliy ma’hadida tafsir, ulumul Qur’on va faroiz fanidan dars beruvchi

Toshkentdagi Imom Buxoriy nomli oliy ma’hadda mudir noibi bo‘lib ishlagan

Toshkentdagi Imom Buxoriy nomli oliy ma’hadda mudir bo‘lib ishlagan

O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi hamda muftiysi lavozimida ishlagan

Toshkent islom universitetida oliy o‘quvi bo‘limida ustoz bo‘lib ishlagan.

Shayxning hayot yo‘li barchaga ibrat bo‘larli tarzda kechdi. Shayx meros qilib qoldirgan kitoblar va bilimlar jamiyatning axloqiy turmushida kishilarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish uchun xizmat qilishda davom etaveradi.

ILMNI TARTIB BILAN OLISH KЕRAK!

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning hayot va ijod yo‘li

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin!

Alloh taolo borliqni tartib-intizom asosida yaratgan. Shunday ekan, U Zotning dinini o‘rganish ham tartibli ravishda bo‘lishi lozim. Ana shunda ish barkamol va maqsadga muvofiq bo‘ladi. Misol uchun, inson e’tiqodini rostlamay turib, shariat ahkomlariga to‘g‘ri va izchil amal qila olmaydi. Arab tilining balog‘atini o‘rganmay turib, Qur’onning fasohatini anglashning imkoni yo‘q. Fiqhdan bahralanmagan odam Qur’on va Sunnatning maqsadini tushunmasligi aniq. Tasavvufning ta’mini totmagan odam ko‘pgina oyat-hadislarning mazasini tuymaydi. Ushbu taomil buzilganda nimalar sodir bo‘lgani va bo‘layotganini bugun hammamiz ko‘rib turibmiz. Shu bois, Islom ulamolari yosh avlodga ilmlarni tartib bilan o‘rgatishga alohida e’tibor berganlar. Hatto bir muallifning asarlarini o‘rganishda ham ma’lum tartiblarni tavsiya qilishgan. Biz ham ushbu an’anaga ko‘ra, hozirda yurtimizda kitoblari eng ko‘p chop qilingan musannifimiz, buyuk olimimiz, ustozlar ustozi shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayhning asarlarini o‘rganish tartibini taqdim qilmoqchimiz.

Yurtimizda qadimdan buyuk allomalar yetishib chiqqan. Ular o‘zlarining ilmiy asarlari orqali dunyo tamadduniga, jahon madaniyatiga, xususan, islomiy ilmlar rivojiga bemisl hissa qo‘shganlar. Ana shunday buyuk darg‘alarning so‘nggi vakili shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayh bo‘ldilar. Ochig‘ini aytishimiz kerak, oxirgi asrlarda olimlar, fuzalolar ko‘p o‘tgan bo‘lsa-da, ular katta ilmiy asarlar qoldirishga ko‘p e’tibor bermaganlar. Ehtimol, bu hol ular yashagan davr va sharoit taqozosi bo‘lgandir. Nima bo‘lganda ham, bu narsa tarixiy voqelikdir. Yana bir haqiqat shuki, o‘shanday ilmiy harakatlar olib borgan ba’zi ulamolarning asarlari keng ommaga tarqamay qolib ham ketgan. Xususan, xudosizlik tuzumi hukm surgan paytlarda xalqimiz o‘z dinini o‘rganishdan butkul mahrum bo‘lib qoldi, diniy adabiyotlar batamom tugatildi. Ushbu katta bo‘shliqni to‘ldirish esa ustoz rahmatullohi alayhga muyassar bo‘ldi. U kishi islomiy ilmlarning deyarli barcha yo‘nalishlarida qalam tebratib, xalqimizning diniy saviyasini oshirishga, ma’naviy xazinasini boyitishga ulkan hissa qo‘shdilar. Bugun bu haqiqatni ilmu farosatli, qalb ko‘zi ochiq, insofi bor har bir inson yaxshi biladi, tasdiqlaydi.

Shayx hazratlarining asarlariga xalqimizning muhabbati va ishtiyoqi nihoyatda baland. Bugun bu asarlar kirmagan o‘zbek xonadoni juda kam bo‘lsa kerak. Muxlis kishilar u zotning deyarli barcha kitoblarini jamlagan. Ammo bu kitoblar turli mavzularda, turli hajmlarda bo‘lgani bois, ko‘pchilik o‘quvchilar o‘zlari yoki farzandlari bu asarlarni qaysi biridan boshlab, qay tartibda o‘qish maqsadga muvofiq bo‘lishini so‘rab, murojaatlar qilishmoqda. Bu nihoyatda to‘g‘ri fikr. Zero, Hazrat dinni tartibli ravishda o‘rganish lozimligini doimo ta’kidlar edilar, barcha tushunmovchiliklar ushbu taomilga amal qilmaslikdan kelib chiqayotganini uqtirar edilar. Xullas, mazkur murojaatlar, xususan, farzandlariga shu asarlarni o‘qitib, avlodlarini ilm-ma’rifatli qilib tarbiyalash ilinjida savol yo‘llagan aka-uka, opa-singillarimizning harakatlari turtki bo‘lib, shu mazmundagi savollarga javob tariqasida quyidagi jadvalni omma e’tiboriga havola qilishni ma’qul topdik. O‘ylaymizki, bu kamtarona urinishimiz foydadan xoli bo‘lmaydi.

Har bir ishda tartib zarur. Tartibli ishning samarasi mo‘l bo‘ladi, o‘zi bardavom bo‘ladi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Amallarning eng afzali – oz bo‘lsa ham, davomiy bo‘lganidir”, deganlar.

Ro‘yxatda kitoblar mazmuni va dolzarbligiga ko‘ra bosqichlarga ajratildi. Har bir bosqichda taxminiy tartib bor bo‘lsa-da, ularni har bir o‘quvchi o‘z qiziqishi va imkoniyatidan kelib chiqib, o‘zi uchun tartiblab olishi mumkin. Ayniqsa, bunda kitobxonning yoshi ham e’tiborlidir. O‘quvchi toliqmasligi uchun murakkabroq kitoblar o‘rtasida tushunish osonroq bo‘lgan kichikroq asarlar tavsiya qilindi. Bu kitoblarning har biri mustaqil asar bo‘lsa-da, ularni tartibli ravishda o‘rganish o‘quv samarasini oshirib, insonga ilm talab qilishda g‘ayrat-shijoat beradi.

Ayni paytda, har bir odamga ayni damda kundalik hayotida dolzarb bo‘lib turgan mavzuni oldin o‘rganib olishi farz ekanini ham eslatib o‘tish darkor. Misol uchun, oila qurmoqchi bo‘lganlar “Baxtiyor oila” kitobini, savdogarlar “Bozor” kitobini avval o‘qib, o‘rganishlari lozim.

Shuni ham ta’kidlash o‘rinliki, bu jadvalda shayx Muhammad Sodiq rahmatullohi alayhning barcha asarlarini o‘qishga va o‘qitishga bel bog‘lagan kishilar nazarda tutilgan. Ammo ushbu tartib hazratning asarlari bilan tanishayotgan barcha o‘quvchilar uchun ham manfaatli bo‘ladi, degan umiddamiz.

SHAYX MUHAMMAD SODIQ MUHAMMAD YUSUF

HAZRATLARINING NASHR QILINGAN ASARLARINI O‘QISH TARTIBI

BIRINCHI BOSQICH

1. Iymon

2. Sof tabiat dini

3. Amallar niyatga bog‘liqdir (“Islomning madori bo‘lgan hadislar” rukni)

4. Mo‘minning meroji – mufassal namoz kitobi (kiril va lotin alifbolarida)

5. Mo‘minning qalqoni – mufassal ro‘za kitobi

6. Mo‘minning najoti – mufassal zakot kitobi

7. Mo‘minning umr safari — mufassal haj kitobi

8. Yolg‘on

9. Ijtimoiy odoblar.

10. Baxtiyor oila

11. Isrof

12. Sunniy aqiydalar

13. Ixtiloflar: sabablar, yechimlar

14. Vasatiya – hayot yo‘li

15. Tasavvuf haqida tasavvur

16. Samarqandning sara ulamolari

17. Zikr ahlidan so‘rang (turkumi) 1-qism

IKKINCHI BOSQICH

18. Mukammal saodat yo‘li

19. Aqoid ilmi va unga bog‘liq masalalar

20. Kifoya (1, 2, 3-juzlar).

21. Yaxshilik va silai rahm (1, 2-juzlar)

22. Bozor va unga bog‘liq masalalar

23. Folbinlik, sehrgarlik, jin chiqarish va noan’anaviy davolash kabi ishlar haqiqati

24. Din nasihatdir.

25. Ochiq xat

26. Ruhiy tarbiya (1, 2, 3-juzlar)

27. “Hadis va Hayot” turkumi (1‒10-juzlar)

28. Zuhd va hayo (“Islomning madori bo‘lgan hadislar” rukni)

29. Zikr ahlidan so‘rang (turkumi) 2-qism

UCHINCHI BOSQICH

30. Qur’on ilmlari

31. Tafsiri Hilol (1, 2, 3-juzlar)

32. Hadis va Hayot silsilasi (11‒20-juzlar)

33. Odoblar xazinasi (“Adabul mufrad”: 1, 2, 3, 4-juzlar).

34. Mazhablar – birlik ramzi

35. Sog‘lom bola

36. Hidoyat imomi (Imom Abu Mansur Moturidiy)

37. Halol ochiq oydindir, harom ochiq oydindir (“Islomning madori bo‘lgan hadislar” rukni)

38. Zikr ahlidan so‘rang (turkumi) 3-qism

TO‘RTINCHI BOSQICH

39. Aqidatut-Tahoviya sharhining talxiysi

40. Tafsiri Hilol (4, 5, 6-juzlar).

41. Mustalahul hadis

42. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam

43. Hadis va Hayot silsilasi (21-30 hamda 34, 35, 36, 37-juzlar)

44. Xislatli hikmatlar sharhi (1, 2, 3, 4-juz)

45. Fiqhiy yo‘nalishlar va kitoblar

46. Usulul fiqh

47. Din nasihatdir (“Islomning madori bo‘lgan hadislar” rukni)

48. Zikr ahlidan so‘rang (turkumi) 4-qism

ERKIN MAVZULAR

50. Keksalarni e’zozlash

51. Mazhabsizlik – Islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid’atdir

52. Zikr ahlidan so‘rang (turkumi) 5-qism

53. Qarz va unga bog‘liq masalalar

54. Qur’on Karim va o‘zbek tilidagi ma’nolari tarjimasi

55. Oltin silsila (“Sahihul Buxoriy”)

Eslatma: “Mustalahul hadis”, “Fiqhiy yo‘nalishlar va kitoblar” va “Usulul fiqh” kabi kitoblar mutaxassislikka oid bo‘lgani uchun oddiy o‘quvchiga biroz murakkabroq tuyilishi mumkin. Ularni o‘qishda shu sohaning olimlaridan yordam so‘rash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuni e’tiborda tutish lozim.

KITOB O‘QISH HAQIDA

Fursatdan foydalanib, shayx hazratlarining kitob o‘qishdagi tajriba va tavsiyalaridan ham eslab o‘tsak. U kishi kitob o‘qish uchun kundalik daftar tutishni tavsiya qilar edilar. “Har bir kitobni boshlashda o‘sha kunni daftarga qaydlab qo‘yasiz. Kitobda tushuna olmagan, savol tug‘ilgan o‘rinlar uchun ham daftarga ishora qo‘yib borasiz. Biror jumla yoki gapni tushuna olmasangiz, ko‘p o‘ylanib vaqtni ketkazmaslik kerak, vaqti-soati kelib, biror joydan o‘sha gapning sodda ifodalangan shakli chiqib qoladi, jumboq o‘z-o‘zidan yechiladi. Keyin kitobni tugatgan sanangizni belgilaysiz. Shunda qancha va qaysi kitoblarni o‘qiganingiz ko‘z o‘ngingizda bo‘ladi. Bu holat sizga yanada shijoat beradi”, degan edilar.

Ba’zan odamlarning “Hazratning kitoblari ilmiy-da, tushuna olmayapmiz”, deyayotganini eshitib qolamiz. Bu gap qisman to‘g‘ri, ammo hammasi ham shunday emas. Ularni yuqorida berilgan tartibda o‘qilsa, tushunish qiyin bo‘lgan joyini belgilab borib, keyin ahli ilmlardan so‘rab olinsa yoki “Savol-javob” saytidan so‘ralsa yoxud kitob o‘qishda bardavom bo‘linsa, asta-sekin hamma narsa tushunarli bo‘lib, mutolaa ochilib boraveradi. Shunisi aniqki, musulmon odam dinini o‘rganish uchun ushbu dovonni oshib o‘tishi lozim, boshqacha qilib aytganda, ilm olish uchun biroz mashaqqat tortishi kerak.

Shayx hazratlari har bir ishda tartibli bo‘lib, vazifalarni mahkam tutish lozimligini ham ta’kidlardilar. “Bir ishga o‘zingizni bir muddat majburlasangiz, o‘sha narsa sizga odatga aylanib qoladi, keyin o‘shani bajarmasangiz, uyqungiz kelmaydigan bo‘lib qoladi”, der edilar. U zot kitob o‘qish haqida yana “Bugun kitob o‘qigan odam kechagi odam emas-da”, deb qo‘yardilar.

Bir kuni hazrat bilan bir joydan kelayotib, “fotochteniye” ‒ tez o‘qish usullaridan biri haqida so‘radim, chunki o‘sha kunlari shu mavzuda bir kitobchani o‘qiyotgandim. Ustoz: “Bu kabi usullar har doim ham muvaffaqiyatli bo‘lavermaydi, matn esda qolsa ham, boshqa jihatlarda nuqson bo‘ladi, masalan, fikrlash yetuk bo‘lmaydi. Undan ko‘ra o‘zimizning o‘qishimiz yaxshi”, dedilar.

Yana bir kuni hazratga o‘qiyotgan kitoblarimizdagi ko‘p gaplar yoddan chiqib ketayotganidan shikoyat qilgandek bo‘ldim. Shunda ustoz: “O‘zi shunaqa bo‘ladi. Bir ma’lumotni bir kitobda ko‘rib, keyin shu bo‘yi o‘qimasangiz, esingizdan chiqib ketishi oson bo‘ladi. Agar o‘sha ma’lumotni bir safar bu kitobda, keyin boshqa bir kitobda, bir muddat o‘tib, yana qaysidir asarda o‘qisangiz, ana shunda xotirada yaxshi qoladi”, dedilar. Shu bois, kitoblarda ayrim ma’lumotlarni takror o‘qishdan malollanmang, bu ham siz uchun foyda. Bir ma’lumotni bitta kitobda takror o‘qigandan ko‘ra, boshqa-boshqa asarlarda o‘qish uning yodda yaxshiroq saqlanishini ta’minlaydi.

Shu o‘rinda yana bir xotira yodimga tushadi. Bir gal muallifning kitobda oldin nashr bo‘lgan bitiklaridan foydalanishi haqida suhbatlashib qoldik. Shunda men: “Muallif o‘zining kitobidan iqtibos keltirsa bo‘laveradimi?” dedim. Hazrat: “Ha, o‘zining eski asarlaridan o‘ttiz foizgacha foydalansa bo‘ladi”, dedilar.

Shayx hazratlari: “Bir mavzu haqida qaysi kitobda qanday ma’lumot borligini eslab qolishning o‘zi ham katta yutuq, juda batafsil esda qolmasa ham mayli. Kerak bo‘lganda darrov izlab, topib olasiz”, derdilar. U kishi yana: “Bir narsani o‘qisangiz, qanchadir qismi esda qolib, qolgani esdan chiqadi. Agar o‘shani o‘qish bilan birga yozib ham chiqsangiz, ancha ko‘proq qismi yodingizda saqlanib qoladi. Ammo ma’lumotni esda saqlashning eng yuqori darajasi o‘sha mavzuni kimgadir dars qilib o‘tishda ekan. Dars bersangiz, ham yaxshi uqib olasiz, ham esda saqlab qolasiz”, degandilar. Shunga ko‘ra, o‘qigan kitoblaringizni farzand-nabiralarga tushuntirib borsangiz, olgan ma’lumotingiz xotiraga mustahkamroq joylashadi.

Hazratning kitob haqida aytgan yana bir gaplari bugun juda ham muhim: “Hozirda odamlar manavi telefon va shunga o‘xshash jihozlarda uzuq-yuluq ma’lumotlarni o‘qishga o‘rganib qolishyapti. To‘g‘ri, bunda ham ancha-muncha ilmga ega bo‘lish mumkin. Ammo kitobning o‘rni boshqa. Kitobda muallif avval muqaddima yozadi. Unda ushbu asarda qaysi mavzuda va nimalar haqida so‘z borishini bayon qiladi. Keyin o‘zi yoritayotgan mavzuning tarixidan gap boshlaydi va asta-sekin asosiy nuqtaga yetib boradi. So‘ng esa kerakli xulosalarni berib, so‘ziga xotima yasaydi. Shu bois, kitobni bir chetdan o‘qigan odam bilan u yer-bu yerdan ma’lumot o‘qib yurgan odamning orasida yer bilan osmoncha farq bo‘ladi. Hakkam-dukkam ma’lumotlarni o‘qishga o‘rgangan odamning fikrlashi ham hakkam-dukkam bo‘lib qoladi, bir narsani gapirsangiz, atroflicha fikrlay olmaydi”.

Hozirgi kunda kitoblarning elektron shakllari ham juda ommalashdi. Bunga xizmat qilayotganlarni Alloh yorlaqasin, ajrlarini mo‘l qilsin. Buning qulayligi, yo‘l-yo‘lakay o‘qishga munosibligi va boshqa manfaatli jihatlari borligi aniq. Ammo har qancha foydali bo‘lmasin, baribir oddiy, qog‘oz kitobning o‘rnini bosa olmas ekan. Qolaversa, kitob ochib o‘qishning fayzi boshqa. Kimga qanaqa bilmadim-u, ammo menga shunaqa tuyuladi. O‘zimning shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytsam, elektron kitobda o‘qigan ma’lumotlarim oddiy kitobda o‘qiganlarimchalik esda qolmaydi. Menimcha, ekrandagi kadrni ko‘rish uchun miyaning ancha qismi band bo‘ladi chog‘i va shu bois, ma’lumotni xotiraga saqlashda sustlik yuzaga keladi.

Ota-ona farzandlarining ko‘z o‘ngida hadeb televizor ko‘rib o‘tiravermay, kitob o‘qib tursa, bolalar ham kitobxon bo‘ladi. Ularga qilinadigan sovg‘alar ichida ham albatta kitob, daftar-qalamlar bo‘lishi kerak. Ularni o‘zlari uchun kiyim tanlashga o‘rgatganimiz kabi kitob olishga ham o‘rgatishimiz darkor. To‘y- ma’raka, bordi-keldilarga qunt qilganimiz kabi bolalarga ham kitob xususida va’dalar berib, ularni amalga oshirishimiz kerak. Ota-ona har kuni ma’lum paytda oila davrasida kitob o‘qishni yo‘lga qo‘yishi lozim. Bolalarga o‘qishi kerak bo‘lgan kitoblarni tayinlab berib, keyin undan imtihon olib, kundaligiga baho qo‘yib, muvaffaqiyatlari bilan qutlab, sovg‘alar ulashish juda ham muhim. Bularning barchasida izchillik talab qilinadi.

Yana bir tavsiya. Agar imkon bo‘lsa, farzandlarga “Hadis va Hayot” turkumidan olingan qisqa hadislarning matnlarini yodlatib borilsa ham juda yaxshi bo‘ladi. Shuningdek, “Aqiydatut-Tahoviya”ning matnini ham yodlatilsa ayni muddao bo‘ladi. Ayniqsa, Qur’onni yod olib bo‘lgan bolalar nima qilishini bilmay, to‘xtalib qoladilar. Qur’on bilan zehni charxlanib turgan tolibi ilm uchun hadis va ilmiy matnlarni yodlash ham ancha oson kechadi. Ular bu matnlarning ma’nolarini to‘liq tushunmasalar ham yodlab olaversalar, keyinroq ma’nosini o‘rganib, to‘ldirib oladilar va bu ilm ularga mulk bo‘lib qoladi.

Xulosa qilib aytganda, shayx hazratlarining asarlarini o‘rganishda muallif rahmatullohi alayhning mazkur ko‘rsatmalariga amal qilib borilsa, inshaalloh, juda ulug‘ ish bo‘ladi. “Toma-toma ko‘l bo‘lur”, deganlaridek, hademay ancha katta ilmga, ma’naviy kamolotga yetib qolinadi. Shu bilan birga, kitob o‘qishda qalbni musaffo tutish va o‘qiganlariga amal qilib borish ilmning barakali bo‘lishi uchun asosiy omil ekanini ham unutmaslik kerak.

Shuni ta’kidlash o‘rinliki, bu yerda faqat shayx rahmatullohi alayhning asarlari haqida so‘z yuritdik, xolos. Ammo yurtimizda yana boshqa ko‘plab ulamolarimizning kitoblari ham nashr bo‘lmoqda. Ularni ham ushbu tartibga qiyoslagan holda o‘qib borilsa, juda yaxshi bo‘ladi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga birgina narsani ziyoda etishni so‘rab duo qilishni buyurgan. U ham bo‘lsa, ilmdir.

“Robbim! Ilmimni ziyoda qil!” deb ayt» (Toho surasi, 114-oyat).

Alloh hammalarimizning ilmimizni ziyoda qilsin va manfaatli aylasin!

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

Manba: www.islom.uz

BUGUN KITOB O‘QIGAN ODAM KЕCHAGI ODAM EMAS…

Shayx hazratlari kitob o‘qish haqida


Asl olim – ilmi diniy yo dunyoviy bo‘lishidan qat’i nazar – olim. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdek ikki yuzga yaqin kitob yozgan olimning kitob o‘qish haqidagi tavsiyalari juda e’tiborga molik ekan. Sizlarga ham ilindim.

Tabiiyki, gap oldi-qochdi asarlar emas, asl ilmiy kitoblar mutolaasi haqida.

1. Bugun kitob o‘qigan odam kechagi odam emas-da.

2. Bir ma’lumotni bir kitobda ko‘rib, keyin shu bo‘yi o‘qimasangiz, esingizdan chiqib ketishi oson bo‘ladi. Agar o‘sha ma’lumotni bir safar bu kitobda, keyin boshqa bir kitobda, bir muddat o‘tib, yana qaysidir asarda o‘qisangiz, ana shunda xotirada yaxshi qoladi…

3. Bir mavzu haqida qaysi kitobda qanday ma’lumot borligini eslab qolishning o‘zi ham katta yutuq, juda batafsil esda qolmasa ham mayli. Kerak bo‘lganda darrov izlab, topib olasiz…

4. Bir narsani o‘qisangiz, qanchadir qismi esda qolib, qolgani esdan chiqadi. Agar o‘shani o‘qish bilan birga yozib ham chiqsangiz, ancha ko‘proq qismi yodingizda saqlanib qoladi. Ammo ma’lumotni esda saqlashning eng yuqori darajasi o‘sha mavzuni kimgadir dars qilib o‘tishda ekan. Dars bersangiz, ham yaxshi uqib olasiz, ham esda saqlab qolasiz…

5. Hozirda odamlar manavi telefon va shunga o‘xshash jihozlarda uzuq-yuluq ma’lumotlarni o‘qishga o‘rganib qolishyapti. To‘g‘ri, bunda ham ancha-muncha ilmga ega bo‘lish mumkin. Ammo kitobning o‘rni boshqa. Kitobda muallif avval muqaddima yozadi. Unda ushbu asarda qaysi mavzuda va nimalar haqida so‘z borishini bayon qiladi. Keyin o‘zi yoritayotgan mavzuning tarixidan gap boshlaydi va asta-sekin asosiy nuqtaga yetib boradi. So‘ng esa kerakli xulosalarni berib, so‘ziga xotima yasaydi. Shu bois, kitobni bir chetdan o‘qigan odam bilan u yer-bu yerdan ma’lumot o‘qib yurgan odamning orasida yer bilan osmoncha farq bo‘ladi. Hakkam-dukkam ma’lumotlarni o‘qishga o‘rgangan odamning fikrlashi ham hakkam-dukkam bo‘lib qoladi, bir narsani gapirsangiz, atroflicha fikrlay olmaydi…

6. Bir ishga o‘zingizni bir muddat majburlasangiz, o‘sha narsa sizga odatga aylanib qoladi, keyin o‘shani bajarmasangiz, uyqungiz kelmaydigan bo‘lib qoladi…

7. Fursatdan foydalanib, shayx hazratlarining kitob o‘qishdagi tajriba va tavsiyalaridan ham eslab o‘tsak. U kishi kitob o‘qish uchun kundalik daftar tutishni tavsiya qilar edilar. “Har bir kitobni boshlashda o‘sha kunni daftarga qaydlab qo‘yasiz. Kitobda tushuna olmagan, savol tug‘ilgan o‘rinlar uchun ham daftarga ishora qo‘yib borasiz. Biror jumla yoki gapni tushuna olmasangiz, ko‘p o‘ylanib vaqtni ketkazmaslik kerak, vaqti-soati kelib, biror joydan o‘sha gapning sodda ifodalangan shakli chiqib qoladi, jumboq o‘z-o‘zidan yechiladi. Keyin kitobni tugatgan sanangizni belgilaysiz. Shunda qancha va qaysi kitoblarni o‘qiganingiz ko‘z o‘ngingizda bo‘ladi. Bu holat sizga yanada shijoat beradi”, degan edilar.

Shahnoza To‘raxo‘jayevaning feysbukdagi sahifasidan olindi