Ona tili – millat birligi va birdamligining timsoli. U millat deb atalmish birlikni yagona xalq sifatida oʻz atrofida birlashtiradi, dunyoda borligini taʼmin etadi.
Milliy maʼnaviyatimizning ajralmas qismi boʻlgan ona tilimizga davlat tili maqomi berilganiga bu yil 27 yil toʻldi. Ana shu muhtaram sana arafasida filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudovning oʻktam va oʻlmas tilimiz – oʻzbek tilining bugungi ahvoli, til ilmi va taʼlimi bilan bogʻliq masalalardagi fikrlari bilan qiziqdik.
– Ustoz, har yili yurtimizda 21 oktyabr oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun, ona tilimizning huquqiy muhofazasini taʼminlagan Qonun qabul qilingan sana sifatida tantana qilinadi. Siz shu qonunning tayyorlanish jarayonida bevosita ishtirok etgansiz. Keling, suhbatimizni mazkur tarixiy hujjatning qabul qilinishi, uning ahamiyati borasidagi fikrlaringiz bilan boshlasak.
– Oʻzbek tili yer yuzidagi eng boy va qadimiy yozma anʼanalariga ega tillardan biridir. Uning ildizlari tarixning ming yilliklari qaʼriga borib taqaladi, ana shunday chuqur manbalardan quvvat va qudrat oladi. Bu til bugunni moziy bilan, ajdodlarimizning benazir tafakkuri va taxayyuli mahsuli boʻlmish aqliy va badiiy inkishoflari bilan muntazam bogʻlab turuvchi qoʻporilmas koʻprikdir. Bu til oʻzbekning hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydigan bebaho boyligi, oʻzligining oʻzagi, “men”ligining magʻzi maqomidagi muhtasham mulkidir. Yaqin oʻtmishimizdagi istibdod davrida oʻzbek tilining yagona vatani boʻlmish Oʻzbekistonda bu tilning haq-huquqlari benihoya bepisandlik bilan poymol qilindi, uning qoʻllanishi “qizil quyushqon”ga solindi, u rasmiy muloqot maydoniga yoʻlatilmadi. Albatta, bunday munosabat xalqning, millatning hamiyatiga qilingan tajovuz edi va bu xalq qalbidagi adoqsiz ogʻriq edi.
Demoqchimanki, oʻzbek tiliga davlat tili maqomini berish toʻgʻrisidagi masalaning kun tartibiga chiqishi shunchaki muallaq tasodifning taqozosi emas, balki xalq qalbidagi asriy ogʻriqqa malham topish, tarixiy adolatni tiklash yoʻlidagi jiddiy va jasur saʼy-harakatlarning, taʼbir joiz boʻlsa, ibtidosi edi.
Albatta, mazkur qonunning tayyorlanishi va qabul qilinishi, osonlik bilan boʻlgan emas. 1988 yilda “Davlat tili haqida”gi Qonun loyihasini tuzish boʻyicha tilshunoslar, huquqshunoslar, adiblar va boshqa tegishli mutaxassislardan iborat komissiya tuzilgan. Men ham shu komissiyaning aʼzosi sifatida uning ishida ishtirok etganman. Respublikaning oʻsha paytdagi rahbariyati topshirigʻi va qatʼiy talabiga koʻra “Tillar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi hozirlanib, matbuotda eʼlon qilingandi. Ammo bu loyiha keng jamoatchilikning haqli va jiddiy eʼtiroziga sabab boʻldi. Chunki mazkur loyiha, nomidan ham koʻrinib turganiday, bir til haqida emas, balki bir nechta tillar haqida boʻlib, mamlakatda oʻzbek va rus tillariga davlat tili maqomini berishni qoidalashtirilgan edi. Albatta, loyihadagi ikki tillilik gʻoyasi behad qizgʻin bahs-munozaralarda, keng omma oʻrtasidagi muhokamalarda haqli eʼtirozlarga sabab boʻldi. Dangal aytish lozimki, qonun loyihasidagi ikki tillilik gʻoyasiga Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov barham berdi. Bu qonunning shu shaklda tayyorlanishi va qabul qilinishi bevosita u kishining nomi va faoliyati bilan bogʻliq. 1989 yilning 23 iyunida Oʻzbekistonning Birinchi rahbari sifatida Islom Karimov ish boshladi. Oʻsha paytdagi vaziyat qanchalik murakkab, qaltis, qanchalik tahlikali boʻlmasin, nafaqat markaz, balki oʻzimizdagi ikki tillilikning tarafdorlari qanchalik boʻlar-boʻlmas shovqin-suron qilishmasin, Islom Karimovning tashabbusi va koʻrsatmasi bilan yangi qonun loyihasi tayyorlandi, unda ikki tillilik gʻoyasi bartaraf etildi. Faqat oʻzbek tiliga davlat tili maqomini berish qoidalashtirildi, shuning uchun qonun loyihasi ham toʻgʻridan toʻgʻri “Davlat tili haqida” deb nomlandi. Yurtboshimiz rahnamoligida tayyorlangan va qabul qilingan mazkur qonun oʻzbek tiliga davlat tili maqomini berish bilan bir qatorda Oʻzbekistonning davlat mustaqilligi sari dadil qoʻyilgan ilk amaliy qadamlardan biri boʻlganligini taʼkidlash lozim. Oʻzbek tili ozod Oʻzbekistonning davlat tili ekanligi haqidagi qoida Asosiy Qonunimizda ham mustahkamlab qoʻyilgan.
Islom Karimovning taʼbiri bilan aytganda, “oʻzbek tili mustaqil davlatimizning bayrogʻi, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yoʻli bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biriga aylandi”.