ʼʼYer aylanadi!ʼʼ — degani uchun Jordano Brunoni dahriylikda ayblab, gulxanda tiriklayin yoqib yuborishgan. Aynan shu tasdiq uchun Galileo Galiley uzoq muddat inkvizitsiya sudining qiynogʻida boʻlib, kasallanib jon bergan…
Qanchalik ayanchli boʻlmasin, yuqorida aytilgan gaplar tarixiy haqiqat. Bugungi kunda Yerning oʻz oʻqi va Quyosh atrofida aylanishi, adashmasam, 4-sinfdan boshlab tabiatshunoslik darsida hammaga tushuntiriladi va zamonamizda Yerning aylanishiga shubha qilguvchilar qolmagan boʻlsa kerak. Biroq Brunoning hayotiga zomin boʻlgan ushbu haqiqatni olimlar inkor etib boʻlmas aniq tajriba va dalillar orqali isbotlashganiga ham koʻp boʻlgani yoʻq. Yerning aylanishi 1961-yilda Yuriy Gagarinning koinotga uchib, oʻz koʻzi bilan koʻrgan holda emas, balki undan naq 110 yil avval, yaʼni 1851-yilda farang fizigi Jan Bernar Leon Fukoning (1819–1868) Parij Panteonida oʻtkazgan tajribasi orqali isbotlangan edi. Parij Panteoni neoklassik uslubda barpo qilingan gumbazli inshoot boʻlib, Fuko tajribasida gumbaz oʻrtasiga 67 metr uzunlikdagi poʻlat arqonga kattaligi taxminan oʻrtacha oshqovoqdek keladigan temir shar ilib qoʻyilgan.
Jan Bernar Leon Fuko (1819–1868)
Mohiyatan bu ulkan mayatnik boʻlgan. Mayatnik Yerning aylanishi taʼsirida harakatga kelib, tebrana boshlagan. Mayatnik tebranishining harakat yoʻnalishi va tezligi sekin-asta oʻzgarib, soat koʻrsatkichi boʻylab, har soatda 11 daraja tezlik bilan tebrangan. Bu esa Yer aylanayotganining isboti edi. Fuko tajribasini aniqroq tasavvur qilish uchun shimoliy qutbning qoq markazida ham xuddi shunday Panteon qurilgan deb tasavvur qilamiz. Mayatnikning tebranish tekisligi uning tagida aylanayotgan Yerning harakatiga bogʻliq boʻlmaydi. Bu holatda Yer shunchaki ulkan mayatnik tagida aylanayotgan boʻladi. Shu sababli Shimoliy qutbda mayatnikning tebranish tekisligi Yerga nisbatan (yaʼni Panteon devorlari va poliga nisbatan) soat koʻrsatkichi yoʻnalishida sutkasiga 360º ga aylanadi. Tebranishlar tekisligining aylanish tezligi, mayatnik joylashgan geografik kenglikka bogʻliq boʻladi. Masalan, ekvatorda tebranish tekisligi umuman aylanmaydi. Parijda esa mayatnik taxminan 32 soat 20 daqiqa ichida toʻliq bir marta aylanib chiqadi.
Parij Panteonidagi Fuko mayatnigi.
Albatta, 1851-yilga kelib olimlar Yerning haqiqatan ham aylanishini allaqachon yaxshi bilishardi va endi ularga Bruno va Galileyning taqdiri kabi ayanchli hukm xavf solmayotgan edi. Lekin Fuko mayatnigi va tajribasi Yerning aylanishini juda oson va tushunarli shaklda isbotlab bergan ilk fizik tajriba boʻldi. Bungacha bu boradagi barcha bilimlar istisnosiz ravishda faqat nazariy yoʻnalishda talqin qilinar edi. Bu borada Fukoning oʻzi shunday yozgandi: ʼʼHodisa sekin-astalik bilan boshlanadi va qaytib toʻxtamaydigan boʻlib rivojlanadi… U bilan toʻqnash kelgan kishi bir necha daqiqaga mulzam boʻlib qoladi va sukut aralash tafakkurga gʻarq boʻladi. Keyin esa bizning fazo boʻylab betoʻxtov harakat qilayotganimiz haqidagi nisbatan oʻtkir va keskin fikrlar bilan yana yoʻlida ravona boʻladiʼʼ. Fuko oʻzi yoshlik yillarida tibbiyot yoʻnalishida tahsil olgan, lekin oʻzidagi ayrim psixologik omillar sababli keyinchalik shifokorlik sohasini tashlashga majbur boʻlgan. U qondan qoʻrqqan. Shundan soʻng u fizika bilan mashgʻul boʻlgan va bir necha ajoyib kashfiyotlarni amalga oshirgan.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Fuko mayatnigi
Muqova surat: freepik.com