Xitoy kompaniyasi qaytuvchi bosqichli asimmetrik raketa quradi

Xitoyning i-Space kompaniyasi qaytariluvchi birinchi bosqichga ega Hyperbola-3 modulli raketani ishlab chiqaradi. U asosiy ikki qismli seksiyadan va agar ehtiyoj boʻlsa, birinchi pogʻonaga oʻxshash yana bir yoki ikkita yon tezlatkichdan iborat boʻladi. Bitta yon tezlatkichli konfiguratsiyadagi raketa texnik qiyinchiliklar tufayli kosmonavtikada deyarli qoʻllanmagan asimmetrik koʻrinishga ega boʻladi. Kompaniya WeChatʼdagi ikki postda (1, 2) raketa haqida maʼlumot bergan.


Kosmosga joʻnatiladigan foydali yuk massasi keskin farq qiladi: kubsatlarning vazni odatda bir kilogrammni tashkil qiladi. Yaqinda uchirilgan yangi “Nauka” XKS modulining massasi esa 20 tonnadan oshadi. Sunʼiy yoʻldosh yaratuvchilari oʻz qurilmalari uchun kosmosga olib chiqiladigan massa va narx boʻyicha eng mos raketani tanlashi kerak. Bundan tashqari, ogʻir va oʻrta raketa operatorlari asosan bitta raketa orbitaga bir necha oʻnlab apparatlar olib chiqadigan guruhli parvozlarni amalga oshirmoqda. Shunga qaramay, massa, maqsadli orbita va uchirish sanasi turlicha boʻlgan sunʼiy yoʻldoshlarni birgalikda uchirishni tashkil etish juda qiyin vazifadir. Ammo faqat shu bilan shugʻullanadigan va oʻz raketalariga ega boʻlmagan alohida kompaniyalar ham mavjud.


i–Space

Bugungi kunga kelib, suyuq yonilgʻida ishlaydigan dvigatellarga ega barcha raketalar foydali yuk massasidan qatʼi nazar yonilgʻi bilan toʻliq toʻldiriladi. Buning bir qancha sababi bor. Birinchi navbatda, raketa massasining katta qismi yonilgʻidan iborat va u toʻliq toʻldirilmasa, tortish kuchi sezilarli darajada oshadi, natijada bu koʻzda tutilmagan aerodinamik yuklanmalarni keltirib chiqaradi. Baʼzi eltuvchi raketalarda yuklanma muammosi loyihalash bosqichida qisman hal qilinadi: ularda sonini oʻzgartirish mumkin boʻlgan bir nechta yon tezlatkichlardan foydalaniladi. Raketadan kelib chiqib, bu birinchi bosqichning toʻliq analoglari yoki nisbatan kichikroq oʻlchamdagi qattiq yonilgʻida ishlaydigan tezlatkichlar boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, dvigatel tortish kuchini bir tekis taqsimlash uchun deyarli har doim yon tezlatkichlarning simmetrik konfiguratsiyasi qoʻllaniladi. Hozirgi kunda foydalaniladigan raketalar orasidagi yagona istisno — Amerikaning Atlas V boʻlib, u baʼzan bitta, lekin kichik oʻlchamdagi yon tezlatkich bilan uchadi.


2019-yilda sunʼiy yoʻldoshni orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqqan birinchi xitoylik xususiy kompaniya Xitoy i-Space kompaniyasi oʻlchami va tuzilishi birinchi bosqichnikiga oʻxshash bitta yon tezlatkichli konfiguratsiyada ham uchadigan raketani ishlab chiqarishni boshladi. Render va texnik xususiyatlarga koʻra, raketa tuzilishi Falcon Heavyʼga juda oʻxshash. U birinchi bosqichning bir, ikki yoki uchta tezlatkichi boʻlgan ikki bosqichli tuzilishga ega. Birinchi bosqichda toʻqqizta dvigateldan foydalaniladi, shuningdek, aerodinamik boshqaruv qurilmasi va dengiz platformasiga qoʻnish uchun surilma tayanchlar mavjud. Konfiguratsiya va bosqichning qaytish joyiga (platformaga yoki quruqlikka) koʻra, raketaning fazoga olib chiqadigan foydali yuk massasi juda katta farq qiladi: uch tezlatkichli ortga qaytmaydigan versiyada 32,2 tonnadan boshlab, bir tezlatkichli quruqlikka qaytadigan versiyada 5,1 tonnagacha.


Raketaning uch xil konfiguratsiyasi / i-Space

Kompaniyaning taʼkidlashicha, bitta yon tezlatkichdan foydalanish oqibatida hosil boʻladigan asimmetriya raketani loyihalash va boshqarish jarayonini murakkablashtiradi. Asosiy muammolar sifatida i-Space aerodinamik modellashtirishning murakkabligi va raketa ogʻirlik markazining dvigatel tortish markaziga nisbatan siljishini keltirib oʻtadi. Kompaniya yechim sifatida dvigatel tortishish kuchining drossellash diapazonini koʻpaytirish, dvigatel tortish vektorining ogʻishini amalga oshirish va umumiy ogʻish paytida dvigatellarning xatti-harakatlarini tavsiflovchi sifatli model yaratishni taklif qiladi.


Birinchi bosqichning dengiz platformasiga qoʻnishi / i-Space

i-Space taʼ kidlashicha, modulli tuzilma, shu jumladan, bitta yon tezlatkichdan foydalanish, bosqichlarni qaytarish imkoniyati raketa konfiguratsiyasini uchiriladigan apparatlar massasiga muvofiq yanada moslashtirishga imkon beradi va ishlab chiqarish xarajatlarini fazoga olib chiqiladigan turli massaga ega uchta alohida raketani yaratish bilan taqqoslaganda ancha kamaytiradi.


Muharrirdan

Dastlab i-Space bu yozda reaktiv qoʻnish uchun prototip sinovlarini tayyorlamoqda deb notoʻgʻri xabar berilgan edi. Aslida, bu sinovlarni Xitoyning boshqa xususiy kosmik kompaniyasi — Deep Blue Aerospace tayyorlagan.


Rossiyada ham koʻp martalik birinchi bosqichli, ammo gʻayrioddiy ortga qaytish sxemasiga ega raketa yaratilmoqda. Bosqichda raketadan ajralgandan soʻng yoyiladigan qanotlar, turboreaktiv dvigatel va samolyot singari uchish-qoʻnish yoʻlagiga qoʻnishi uchun shassi (qoʻnish moslamasi) boʻladi.


Muallif: Grigoriy Kopiyev. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Китайская компания построит асимметричную ракету с возвращаемыми ступенями” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: freepik.com