Musavvir moʻyqalami uning tasavvuriga kelgan aql bovar qilmas narsalarni ham qogʻozga tushirishga qodir. Salvador Dali, Pablo Pikasso va hokazo rassomlar esa nafaqat sof fantaziya va xayolot mahsulini, balki gʻirt illyuzion tasvirlarni ham chiza olishgani bilan sanʼat shinavandalarini lol qoldirishgan. (Xususan, menga koʻpincha Dali xuddi oʻz gallyutsinatsiyalarini ham qogʻozga tushiravergandek tuyiladi)
Lekin, rassomning abstrakt xayoloti u yoqda tursin, koʻz ongimizda, real voqealikda boʻlib turgan ayrim narsalar borki, ularni har qanday mohir rassom ham hech qachon qogʻozda tasvirlab, ifodalay olmasligi aniq. Shunday narsalardan biri – Quyosh sistemasini barcha sayyoralari bilan birga, real miqyosga nisbatan proporsiyasining qogʻozda tasvirlash masalasidir. Ishonavering, aynan shu masalani na eng kuchli rassom va na eng kuchli chizmachilik mutaxassisi uddalay olmaydi.
Albatta, siz turli kitob va qoʻllanmalarda Quyosh sistemasining tasvirini koʻp bora koʻrgansiz. Bu tasvir saytimizning eng yuqori qismida ham doimiy turibdi. Biroq, sizni hayron qoldirsa ham shuni aytishim kerakki, Quyosh sistemasining tasvirini qayerdaki koʻrgan boʻlmang, bularning hammasi – qop-qop lof xolos! Bir narsa aniq: Quyosh sistemasining asl masshtabdagi tasviriy proporsiyasini siz hech qachon, smartfon yoki, kompyuteringiz monitorida koʻra olmaysiz. Hatto, xonadoningizda, eng zamonaviy, favqulodda katta oʻlchamli super-puper ultra HD ekranli televizoringiz boʻlsa ham, oʻsha ham Quyosh sistemasining asl masshtablarini sizga ochib bera olmaydi. Chunki, Quyosh sistemasining asl masshtablarini oʻziga sigʻdira oladigan ekran hali yer yuzida yoʻq. Bu ishni qogʻozga chizib uddalash ham amri mahol. Chunki, masalan, Quyosh tizimini hech boʻlmasa 1:15 000 000 000 (birga oʻn besh milliard!) masshtabda chizish uchun ≈9 km2 (!!!) yuzaga ega qogʻoz boʻlagi kerak boʻladi. Bunday oʻlchamdagi qogʻozni oʻzini yoyish uchun esa, yana kamida shu oʻlchamlik tekis maydon (3×3 km) – ochiq dala sharoiti talab etiladi. Shahar sharoitida bu ishni eplab boʻlmasligi tayin. Ravshanki, basharti, shunday ulkan qogʻoz topilgan taqdirda ham, unga Quyosh sistemasining real miqyosini 1:15 000 000 000 oʻlchamda tushirish uchun, ochiq sayhonlik yerga, masalan, sahroga chiqish kerak boʻladi.
astronomy.com / NASA
Saytimiz yuqori qismida tasvirlangan Quyosh tizimi chizmasi. Odatda, Quyosh tizimi shunga oʻxshash tasvirlar orqali namoyish qilinadi. Vaholanki, asl miqyos tamomila boshqacha!
Endi tasavvur qiling, bir necha tavakkalchi entuziast topilib, shu oʻlchamdagi qogʻozni tayyorlab, choʻlga chiqib ketishdi ham deylik. Ular oldida endi Quyoshni va boshqa sayyoralarni ham oʻz real oʻlchamiga nisbatan 1:15 000 000 000 nisbatda chizish masalasi turadi. Keling, shu 1:15 000 000 000 nisbatdagi “1” ni bir millimetr deb olaylik. (Undan kattalashtirsak, qogʻoz oʻlchamlari yanada kattalashishi kerak boʻlib qoladi, bunga quyida amin boʻlasiz).
Demak, olgan masshtabimiz 1:15 000 000 000 mm. Bu miqyosdagi 1 mm joyga Yer sayyorasi arang sig‘adi. Endi tasavvur qiling, 3×3 km o‘lchamli ulkan qog‘ozda atigi 1 mm o‘lchamli nuqta qo‘yildi va u Yer sayyorasini ifodalamoqda! Eng o‘tkir ko‘zli odam ham bu mittigina zarra nuqtani ilg‘ay olmaydi va unga o‘sha 3×3 km o‘lchamli oppoq qog‘ozda hech nima yo‘qdek ko‘rinadi. Keling, tasavvur to‘liqroq bo‘lishi uchun o‘sha 3×3 km o‘lchamli qog‘ozda Yer sayyorasini ifodalash uchun bitta igna uchi joylashtirildi deb hisoblaymiz. Endi agar Yer atigi igna uchidek kelsa, unda 1:15 000 000 000 mm nisbatli masshtabda, Quyosh uchun diametri taxminan 10 sm keladigan biror qiyos topishimiz kerak. Keling, buning uchun handalakni olamiz. Demak, 3×3 km o‘lchamli oppoq qog‘oz o‘rtasiga, Quyoshni ifodalash uchun, diametri 10 sm keladigan handalakni qo‘ydik. Hozircha ≈9 km2 lik ulkan qog‘ozimiz o‘rtasida bitta handalak va bitta igna uchidan iborat Quyosh-Yer sistemasini chizdik. Lekin o‘sha handalak Quyoshni ham bunday o‘lchamli qog‘oz chetidan turib ko‘rishning iloji bo‘lmasa kerak. Men handalakni 3 km masofadan ko‘ra oladigan odamni eshitmaganman ham. Endi asta-sekinlik bilan shakllanib borayotgan 1:15 000 000 000 mm masshtabli Quyosh sistemasi chizmasiga boshqa sayyoralarni ham kiritishni boshlaymiz. Buning uchun, avvalo, Quyosh-handalak va Yer-igna uchi orasidagi masofaning ham masshtabini belgilab olishimiz kerak. Real miqyosda bu masofa ≈150 000 000 km. Biz olgan masshtabga ko‘ra esa har bir mm ga 15 000 km to‘g‘ri keladi. Demak, Yerni ifodalayotgan igna uchun handalak Quyoshdan 10 metr masofada joylashishi kerak. Qolgan sayyora va yo‘ldoshlar bo‘yicha ham shunga o‘xshash ish ko‘ramiz. Biz Yerning o‘lchamini 1 mm deb olgan bo‘lsak, unda Oyning o‘lchami bu miqyos uchun 0,25 mm bo‘ladi va u igna uchidek keladigan Yer tasviridan 3 sm masofada joylashdi. (0,25 mm o‘lchamli zarra-nuqtani 3×3km o‘lchamli qog‘oz tugul, oddiy daftar varog‘ida ham imkonsiz o‘zi). Merkuriy bizning chizmamizda handalakdan 4 m masofada joylashgan 1/3 mm o‘lchamli nuqta ko‘rinishida bo‘ladi. Merkuriyni, biz ish ko‘rayotgan miqyosga nisbatan qarasak, chang zarrasi deb olishimiz to‘g‘ri bo‘ladi. Venera esa handalakdan 7 metr narida joylashgan va o‘lchami 1 mm dan sal kichik nuqta shaklida bo‘ladi. (Keling, uni ham igna uchi deb olaveramiz). Demak, hozirgacha biz 3×3 km o‘lchamli qog‘oz markazida Quyosh, Merkuriy, Venera va Yerni Oyi bilan chizdik. Buning uchun bizga handalak, chang zarrasi, igna uchi kerak bo‘ldi. Endi tashqi sayyoralarni ham chizmamizga kiritishni boshlaymiz. Birinchi bo‘lib Marsga yuzlanamiz. U handalakdan 16 metr masofada joylashgan 0,5 mm o‘lchamli nuqta bo‘ladi. U igna uchidek kelayotgan Yer bilan eng yaqin masofaga kelganda, 1:15 000 000 000 mm masshtab uchun, oraliq 4 metrga teng bo‘ladi. Navbat Quyosh sistemasidagi eng yirik sayyora – Yupiterga keldi. Agar Quyoshni handalakdek keladigan shar deb olayotgan bo‘lsak, bu o‘lcham miqyos uchun Yupiter diametri 10 santimetrlik yong‘oqdek keladigan shar bo‘ladi va u handalakdan 52 metr masofada joylashadi. Yupiterning Galiley yo‘ldoshlari esa ushbu yong‘oqdan 3, 4, 7 va 12 sm masofada mos ravishda joylashgan taxminan 0,1-0,5 mm o‘lchamli nuqtalar bo‘ladi. Yupiterning umumiy yo‘ldoshlar sistemasi esa yong‘oq atrofidan taxminan 2 m masofaga cho‘zilgan diametrga ega joyni egallaydi. Endi siz, balki, allaqachon Quyosh sistemasini qog‘ozda aniq proporsional masshtab bilan chizib ifodalash, aslida, imkonsiz va absurd g‘oya ekanini fahmlab bo‘lgandirsiz? Chunki Quyoshni handalak deb olganimizda unda Quyosh sistemasidagi eng yirik sayyora – Yupiter ushbu handalakdan 52 m masofada joylashgan yong‘oqdek bo‘lib qolmoqda. Mayli, hafsalangiz pir bo‘lgan bo‘lsa ham, keling, chizmamizni oxiriga yetkazib qo‘yaylik. Yupiterdan narida yana bir yirik sayyora – Saturn joylashgan. Biz belgilab olgan 1:15 000 000 000 mm masshtabda Saturn ham deyarli yong‘oq kattaligidagi (o‘lchami 8 mm diametrga ega) shar ko‘rinishida bo‘ladi. Faqat endi bu yong‘oq handalakdan 100 metr narida joylashishi kerak. Uning halqalari esa yong‘oq sirtidan atigi 1 mm masofada joylashgan eni 4 mm lik joyni egallaydi xolos. Saturn yo‘ldoshlar sistemasi ham ushbu yong‘oqqa nisbatan olsa, taxminan 40-50 sm masofada joylashadigan, o‘lchamlari 0,2 mm dan oshmaydigan zarrachalar shaklida bo‘ladi. Shu tariqa handalakda yong‘oqlarni ajratib turadigan oraliq masofalar keskin oshib boradi. Saturnda keyin joylashgan Uranni biz olgan miqyos uchun yong‘oqdek keladi deyish qiyin. Chunki uning o‘lchamlari 1:15 000 000 000 mm proporsiya uchun atigi 3 mm diametrli sharcha bo‘ladi xolos. Buni no‘xat doniga qiyoslash o‘rinli bo‘lsa kerak. Bu no‘xat donasining handalakdan olisligi 196 metrni tashkil qiladi. Uran yo‘ldoshlari sistemasi esa ushbu no‘xatdan 4 sm diametrga ega masofada joylashgan va o‘lchami 0,1-0,2 mm dan oshmaydigan zarralardan iborat bo‘ladi. Tartib bo‘yicha handalakdan 300 metr narida yana bir no‘xat donasi – Neptun joylashadi. Uning o‘lchami ham bizning miqyos uchun 3 mm dan sal kichik bo‘ladi. Nereida yo‘ldoshi esa ushbu no‘xatdan 70 sm; Triton esa 3 sm masofada aylanayotgan zarralarga teng bo‘ladi. Katta sayyoralar safidan quvilgan bechora Pluton joylashgan masofa handalakdan 420 metr va balki undan ham narida joylashgan bo‘lishi zarur bo‘ladi. Bunda o‘sha bechora Plutonning o‘zi esa 0,5 mm o‘lchamli zarracha bo‘ladi. Lekin Pluton orbitasi ham Quyosh sistemasining chegarasi emasligi aniq. Undan narida Koyper belbog‘i, Oort buluti va kometalarning afeliy nuqtalari joylashadigan geliosferaning ovloq chekkasi mavjud.
Maʼlum kometalar ichidan Quyoshdan eng olis ketadigan nuqtasini oladigan boʻlsak, bu handalakdan 1500 metrgacha naridagi nuqta boʻlishi mumkin. Ularning Quyoshga eng yaqin kelish nuqtasida esa handalakdan 12 mm masofadan joylashadigan joy boʻladi. Koʻrib turganingizdek, kometalarning afeliy nuqtasi Plutondan ham deyarli 4 marta nariga bormoqda. Kometalarning oʻzi esa 1:15 000 000 000 mm masshtabda ifodalab boʻlmas darajada kichikki, ular uchun nanometrdan ham kichik oʻlchamlarni qoʻllashga toʻgʻri keladi.
Endi hisoblashlarimizni umumlashtiramiz. Bizning 9 km 2 oʻlchamli favqulodda ulkan qogʻozimizga joylashtirish uchun:
1 ta handalak;
2 ta yongʻoq;
2 ta noʻxat;
2 ta igna uchi;
≈10 ta atrofida chang zarralari kerak boʻladi.
Va ushbu narsalardan Quyosh sistemasining 1:15 000 000 000 mm masshtabdagi modelini hosil qilish uchun handalakdan 3, 7, 10, 16, 52, 100, 300, 420 va 1700 m masofada chang zarrasi, igna uchlari, chang zarrasi, yongʻoq, yongʻoq, noʻxat, noʻxat, chang zarrasi va yana bir necha undan ham kichik chang zarrasini joylashtirib chiqish kerak boʻladi.
Xullas, Quyosh sistemasining asliga mutanosib miqyos bilan ifodalangan chizmasini chizishning iloji yoʻq! Bu borada sizga nimayiki chizib koʻrsatishgan boʻlsa, bilingki, bu bir qop lofdan boshqa narsa emas…
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Tasvir-u tasavvurga sigʻmas miqyos
Muqova surat: freepik.com