Maqolaning 1-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/12899
Qo‘rquv sinovi
Ushbu tajribalarda hayotni ta’minlash tizimining ikkala elementlari ham, ilmiy jihozlar, jumladan, kino kamerasi ham qo‘llangan.
1950-yil 7-oktabrda tajriba “jangovar” sharoitlarga imkon qadar yaqin bo‘lgan sharoitda o‘tkazildi. Raketa dvigatelini sinovdan o‘tkazishdan oldin unga to‘liq jihozlangan kabina o‘rnatildi. Mishka va Chijik yana ilk sinov obyektlariga aylandi. Dvigatel taxminan bir yarim daqiqa ishladi. Itlar bu sinovdan ham juda a’lo darajada o‘tdi, ularning hatto nafas olish tezligi ham buzilmadi. Hayvonlar raketadan chiqarilganda, odamlarning chaqirig‘iga javob berdi va xursandchilik bilan ovqatlanishni boshladi.
Sigan va Dezik kabinadagi bosim sinovi paytida. RGANTD
Ammo sinovlarda dublyor sifatida qatnashgan Kutsiy va Lisa bilan nimadir sodir bo‘ldi. Dvigatel ishga tushirilgan vaqtda ular raketadan 250–300 metr uzoqlikda, yuk mashinasining orqa tomonida o‘tirgandi. Dvigatelning shovqinini eshitgan Kutsiy o‘z bo‘yinbog‘ini yirtib, mashinaning yon tomoniga sakrab tushdi va o‘rmonga qarab qochdi. Lisa esa mashinaning yon tomoniga yopishib olgan, juda og‘ir va kam nafas olardi, shu bilan birga mashinaga yaqinlashgan odamlarga hech qanday munosabat bildirmadi.
Mutaxassislarning Kutsiyni qidirishga vaqti yo‘q edi va ular hatto uni tajribadan chetlatishni ham o‘yladi, lekin dvigatel to‘xtaganidan bir necha daqiqa o‘tgach, chaqiruvga javoban uning o‘zi mashina oldiga qaytib keldi.
Otryadni kengaytirish
Barcha sinovlar tugagandan so‘ng bosimli kabina bo‘yicha materiallar NII-88’ga o‘tkazildi. Oltita kabina tayyorlanishi kerak edi. Birinchi kabinani asos qilib olish va u bilan barcha tajribalarni o‘tkazishga qaror qilindi. Boshqa barcha kabinalar undagi natijalarga ko‘ra tayyorlandi. Kabinalar yana Mishka va Chijik yordamida sinovdan o‘tkazildi.
Haqiqiy parvozlar oldidan fazoviy itlar jamoasi 9 tagacha kengaytirildi. Sigan, Rijik, Smeliy va Neputyoviy laqabli kuchuklar asosiy beshlikka qo‘shildi. Beshta parvozda o‘nta kuchukni uchirish mumkin edi, shuning uchun oldindan “uchuvchilar”dan kamida bittasi koinotga ikki marta chiqishi rejalashtirilgan edi.
1951-yil iyul-avgust oylarida 1-RB raketasining oltita parvozi rejalashtirilgandi. Poligonning texnik holatiga to‘liq jihozlangan beshta kabina keltirildi. Har bir raketa parvozidan oldin, barcha jihozlar ishlashining ishonchliligini mukammal kafolatlash uchun jihoz va hayvonlar bilan uch soatlik avtonom sinovlar o‘tkazishga qaror qilindi. Bu vaqtga kelib, hayvonlarni kabinalarga mahkamlashning yangi usuli ishlab chiqilgan: hayvonning faqatgina tanasi bog‘lanar, panjalari esa erkin holatda qolardi.
7-iyun kuni kapsulali qutqaruv tizimining yakuniy sinovlari o‘tkazildi. Smeliy va Rijik joylashgan kapsula Tu-2 samolyotiga joylashtirildi. Samolyot 5100 metr balandlikka ko‘tarilib, kapsulani tashladi. 26 soniyadan so‘ng 3400–3500 metr balandlikda parashyut tizimi ishladi, yana 10 soniyadan so‘ng asosiy parashyut ochildi.
Itlarni qidirish uchun Po-2 samolyotlari ajratildi. Bundan tashqari, avtomashinalarda parvozni kuzatib boradigan maxsus qidiruv guruhlari ishlab chiqildi.
Bir soatdan keyin qutqaruv guruhi kapsula tushgan joyga yetib keldi. U yerda odamlar parashyutlarning daraxtlar tepasida turganini ko‘rishdi. Ushbu sinov parvozi kuchuklarga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagandi, ularda hech qanday ko‘karish yoki jarohat izlari topilmadi. Kuchuklar o‘z laqabiga reaksiya bildirdi va zavq bilan siylovni yeb oldi.
Endilikda koinotga raketalarda kuchuklarning haqiqiy parvozini amalga oshirish kerak edi. Birinchi “uchuvchilar” etib Dezik va Sigan tayinlandi.
Parvoz
Ularning parvozi 22-iyulga belgilangan edi. Parvozdan bir soat oldin, raketaga yonilg‘i quyish chog‘ida itlardan elektrokardiogramma olindi, ularning vazni tortildi, nafas olish tezligi va yurak urishi o‘lchandi. Shundan so‘ng maxsus liftda ular germetik kabinaga olib chiqilib, joylashtirildi. Kuchuklar bu jarayonlarning barchasiga xotirjam munosabatda bo‘ldi.
Soat 14:00 da ikki yildan ortiq tayyorgarlik ko‘rilgan tajriba boshlandi. Sigan va Dezik koinotga parvoz qildi.
R-1B raketasining parvoz yo‘nalishi. RGANTD
Raketa tezlashishi 63 soniya davom etdi, dvigatel o‘chirilgan paytda, raketaning tezligi soatiga 3940 kilometrni (sekundiga 1094 metr), bosim esa 5,45 g ni tashkil etdi. Raketa maksimal 88,7 km balandlikka erishdi. Kapsula parashyuti uch kilometr balandlikda ochildi va muvaffaqiyatli qo‘ndi. Parvozdan qo‘nishgacha 32 daqiqa o‘tdi — bu 2021-yildagi New Shepard ekipajining parvozidan uch baravar ko‘p edi.
Havoda parashyutni ko‘rganlarning barchasi kapsulaning qo‘nish joyiga otildi. Kapsulaga birinchi bo‘lib yetib kelgan omadlilar sinovdan o‘tayotganlar tirik yoki yo‘qligini bilish uchun illyuminatorga yopishib oldi.
Vladimir Yazdovskiy bu voqeani quyidagicha eslaydi:
“Biz Voronkov bilan yuqori platformadan tushdik, men Korolyevga hamma narsa joyida ekanini aytdim. U indamay meni quchoqladi va hammani chuqurlikka tushishga taklif qildi. Parvozga hali 20 daqiqa bor edi. Mening tibbiyot bo‘yicha hamkasblarim startni ko‘rishni, dvigatelning shovqinini eshitishni juda xohlardi va biz Ulug‘ vatan urushidan beri bu yerda qolib ketgan kaponirlar (ikki tarafga o‘t ochish uchun qurilgan maxsus himoya istehkomi)ga joylashib oldik. Quyosh diskining ufqda paydo bo‘lishidan taxminan yetti daqiqa oldin, raketa dvigateli yoqildi, u olov va tutun bilan qoplandi, va nihoyat uchish maydonchasidan ajralib chiqdi. Raketa xuddi kichik yulduz kabi ko‘tarilayotgan Quyosh nuri tomon chopar va bizning hayvonlarimizni noma’lum masofalarga olib ketardi. U yerda kuchuklarni nima kutmoqda ekan-a?
Tong tinch, tiniq edi — go‘yo tabiat nimanidir tinglayotgan, nimanidir kutayotgandek. Biz qanday kutayotgandik?! Akademik S.A.Xristianovich yana shubha bilan hayvonlarning omon qolishi dargumon ekanini ta’kidladi. Lekin mening negadir muvaffaqiyatga ishonchim komil edi.
Parvozdan 10–15 daqiqa o‘tgach, ufqda raketaning boshi bilan qorday oppoq parashyut paydo bo‘ldi. Uni ko‘rganlarning barchasi u qo‘nishi mumkin bo‘lgan joyga shoshilishdi. Bir zumda barcha iltimos va nasihatlarim unutildi. Hamma koinot kashshoflarini ko‘rishni xohlardi. Kapsulaga birinchi bo‘lib yetib kelgan omadlilar allaqachon illyuminatordan qarab ulgurgan edi. Ularning baland ovozi eshitildi: tirik ekan, tirik ekan!
Vitaliy Ivanovich Popov va Aleksandr Dmitriyevich Seryapin lyukni ochib, datchiklarni ajratib, havoni qayta tiklash tizimini o‘chirib, hayvonlarni kabinadan olib chiqdi. Kapsuladan olganidan so‘ng Dezik va Sigan yugura boshladi, sakradi, tajribachilarga erkalana boshladi, boshqalarga e’tibor bermadi. Ular butun tashqi ko‘rinishi bilan mamnunlikni ifoda etdi, dumi tinimsiz likillardi va “egalari”dan keyin mashinalarga borib, o‘z joyiga o‘tirib oldi”.
Shu tariqa birinchi amalga oshirilgani bilan bog‘liq ma’lum bir muammo bo‘lsa-da, koinotga birinchi muvaffaqiyatli parvoz yakunlandi.
Yana chegara mojarosi
Bu parvozdan oldin hech kim koinotdan tirik qaytmagan edi. Qo‘shma Shtatlarda qo‘lga kiritilgan Fau-2 raketalarida maymunlarni koinotga yuborish bo‘yicha bir necha bor urinishlar bo‘lgan, biroq birinchi holatda maymun start oldidan vafot etgan. Keyin esa kapsulalarda parashyut ishlamay qolgan. Amerika Qo‘shma Shtatlarida birinchi marta 1951-yil 20-sentabrdagi raketa parvozidan so‘ng hayvonlar koinotdan tirik qaytib tushgan. Ammo ularning parvoz balandligi atigi 70 km bo‘lgan va parvozning asosiy yo‘lovchisi – behush holatdagi maymun va o‘n bir sichqondan ikkitasi evakuatsiya kechikishi tufayli Yerda o‘lib qolgan.
VSS Unity parvozi atrofidagi tortishuvlarda bo‘lgani kabi muammo bunda emasdi, muammo parvoz balandligida edi. Sigan va Dezik 88 kilometrga, AQSh Harbiy-havo kuchlari va NASA ma’lumotlariga ko‘ra koinotning chetidan yuqoriga, lekin Karman chizig‘idan pastga ko‘tarildi. Demak, xalqaro standartlarga ko‘ra, 1951-yil 15-avgustda koinotga uchgan Mishka va Chijik birinchi muvaffaqiyatli fazoviy “sayyohlarga” aylangan. Ular o‘shanda 100,9 kilometr balandlikka chiqqan.
Sigan va Dezik ham deyarli bir xil narsani boshdan kechirganga o‘xshaydi. Ularning parvozidan so‘ng koinotga parvoz qilish haqidagi ko‘plab qo‘rquvlar asossiz ekani ma’lum bo‘ldi. Ammo parvozdan ko‘p yillar o‘tgach paydo bo‘lgan mezonlarga ko‘ra, itlarni “fazoviy sayyohlar” deb atash mumkin emasdi. Ehtimol, shu sabab SSSR bunday tortishuvlar kelib chiqmasligi uchun ularning parvoz balandligi 100 kilometrni tashkil etgani haqida xabar bergandir. Bu haqda 2001-yilda “Rossiya fazoviy tibbiyoti tarixi” fundamental asarida aytilgan. Ammo men aniqlaganimdek, haqiqiy parvoz balandligi boshqacha edi. Agar sizda biron bir savol bo‘lsa, RGANTD’ning asl hujjatiga murojaat qilishingiz mumkin: 14-fond, 1-ro‘yxat, 2-ish, 46-bet.
1951-yil 3-sentabrda koinotga parvoz dasturi yakunlandi va barcha oltita raketa uchirildi. Afsuski, ulardan ikkitasi fojiali yakunlandi. Raketalarda parashyut tizimi ishlamadi, bortdagi itlar esa qo‘nish vaqtida halok bo‘ldi. Bular Mishka, Chijik, Lisa va Dezik edi. Omon qolgan fazoviy hayvonlarni olimlar uyiga olib ketdi. Sigan o‘z hayotini akademik Blagonravov oilasida, Smeliy esa Yazdovskiy oilasida yakunladi.
Hayvonlarni koinotga chiqarish dasturi juda muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lib, sovet olimlariga o‘sha davrda tengi yo‘q, noyob ilmiy ma’lumotlarni taqdim etdi. Itlardan keyin inson ham koinotga parvozni takrorlashi mumkinligi aniq bo‘ldi.
Biroq barcha natijalar o‘sha paytda o‘ta maxfiy deb tasniflangan edi va jahon ilmiy jamoatchiligi birinchi “fazoviy sayyohlar” nomini ko‘p yillar o‘tgachgina bildi.
Muallif: Pavel Shubin. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Цыган и Дезик: первые суборбитальные туристы в истории” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: wikipedia.com