Maqolaning 1-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/12983
Joylarni egallang
Hujjatlarning hech bir joyida bo‘lajak baza Oyning qaysi mintaqasida joylashtirilishi haqida so‘z bormagan. Chamasi, har tomonlama mos va muvofiq joyni topish oson bo‘lmaydi.
Hatto “Luna-25” uchun ham qo‘nish maydonini tanlash uzoq va mashaqqatli bo‘ldi, oy bazasini joylashtirishda qulay joylar uchun esa keskin raqobat bo‘ladi, deya ogohlantirdi Rossiya fanlar akademiyasining Kosmik tadqiqotlar instituti akademigi Lev Zeleniy 2020-yil oxirida bo‘lib o‘tgan federatsiya kengashidagi davra suhbatida.
Gap shundaki, “Oydagi qishloq” uchun joy bir vaqtning o‘zida bir nechta mezonlarga javob berishi kerak.
1. Birinchidan, yoqilg‘i sifatida foydalanish uchun kislorod va vodorodni ishlab chiqarishda, keyinchalik esa hayotni ta’minlash tizimlari uchun suv muzi bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, bugungi kunda Oy muzini o‘rganish eng qiziqarli ilmiy masalalardan biridir (bu haqda “Oyga suv uchun” maqolasida o‘qing).
2. Ikkinchidan, energiya bilan ta’minlash maqsadida, qo‘nish hududida quyosh batareyalari uchun yetarli darajada yorug‘lik bo‘lishi kerak. Oydagi muz qutblarda joylashganligi sababli quyosh batareyalari vertikal ravishda joylashtirilishi va abadiy soya hududlari yonidagi yoritilgan joylarni qidirish kerak.
3. Uchinchidan, radioaloqani ta’minlashda Xitoyning “Syuetsyao”ga o‘xshash retranslyator sun’iy yo‘ldoshga ehtiyoj bo‘lmasligi uchun baza Yerdan ko‘rinadigan tomonda kerak.
4. Nihoyat, qo‘nish paytida muvaffaqiyatli sekinlashgan, ammo relyefdagi qiyalik tufayli yonga ag‘darilgan “Luna-23”ning muvaffaqiyatsizligini takrorlamaslik uchun yuza tosh va qiyaliklarsiz, yetarlicha tekis bo‘lishi kerak.
Zeleniyning ta’kidlashicha, bunday joylar kam va u yerga avtomatik qurilmani qo‘ndirib, uni egallab qo‘yish kerak. Shuningdek, u Oy hududlariga egalik huquqi va kosmik kemani qo‘ndirgan mamlakatlarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunlarni ishlab chiqish zarurligini aytdi.
Oy hududlarini “milliylashtirish” mavzusi ancha vaqtdan beri muhokama qilinmoqda, biroq bu gaplar har doim mavhum fikrlar bo‘lib kelgan. Ammo 2020-yilda amerikaliklar fikrlashdan muzokaralar jarayoniga o‘tish uchun jiddiy sabab berdi: kuzda NASA hamkasblari — ko‘pchilikning fikriga ko‘ra 1967-yilda qabul qilingan va hozirgi vaqtda asosiy hujjat hisoblangan “Kosmik shartnoma”ni AQSh foydasiga qayta talqin qilib, ularni “oy qo‘riqchisi”ga aylantirayotgan hamkor agentliklar bilan “Artemida bitimlari”ni imzoladi (ushbu pozitsiya haqida batafsil kanadalik olimlarning Science’dagi maqolasida bilib olishingiz mumkin).
“Artemida bitimlari” ikkitasi kosmik hamjamiyatda munozarani keltirib chiqargan bir nechta bandlarni o‘z ichiga oladi. Birinchisi, Oyda resurslarni qazib olishning asosiy qoidalarini tavsiflaydi, ikkinchisi esa aniq tavsiflanmagan “xavfsizlik hududlari” tushunchasi bo‘lib, unga ko‘ra muayyan hududga birinchi bo‘lib da’vo qilgan mamlakat, uning milliy suverenitetga ega faoliyatini yuritishi mumkin bo‘lgan haqiqiy hududlari deb talqin qilinadi. Shubhasiz, ushbu band “Koinot shartnomasi” ruhiga ziddir, chunki unga ko‘ra:
Kosmik fazo, shu jumladan, Oy va boshqa samoviy jismlar suverenitetni e’lon qilish, foydalanish, bosib olish yoki boshqa vositalar bilan milliy o‘zlashtirilmaydi.
“Koinot shartnomasi” II moddasi
“Artemida bitimlari”dagi xavfsizlik hududlari to‘g‘risidagi bandda, hududlardagi faoliyat to‘xtaganida ular bunday maqomdan mahrum bo‘lishi kerakligi ko‘rsatilgan. Biroq Zeleniy taklif qilganidek, bu ularni bitta oddiy uzoq muddatli qurilma bilan egallab turishga to‘sqinlik qilmaydi.
Juda tor emasmi?
Kerakli joyni topish, ko‘plab rover, qo‘nish platformalari hamda ularni tashuvchi raketalarni ishlab chiqish, qurishning o‘zi juda qiyin vazifa. Lekin bo‘lajak “qishloq” uchun juda muhim bo‘lgan texnologik muammo mavjud va bu hali hal qilinmagan.
Rossiya Fanlar akademiyasining Kosmik tadqiqotlar instituti direktori Anatoliy Petrukovich N + 1 bilan suhbatda Rossiya—Xitoy rejalarida ko‘plab lunoxod, kabel, antenna va inshootlarga ega bazani yaratish ko‘zda tutilganligini tushuntirdi. Ular bir-biri bilan o‘zaro aloqada bo‘lishi uchun bazaning barcha tarkibiy qismlari bir-biridan bir necha o‘n metrdan ortiq bo‘lmagan masofada joylashgan bo‘lishi kerak. Biroq bugungi kunda mavjud bo‘lgan barcha qo‘nish tizimlari bunday aniqlikni ta’minlab bera olmaydi.
Aytaylik, “Luna-25” qo‘nish ellipsining o‘lchami 30 ga 15 kilometrga teng, “Perseverans” lunoxodining qo‘nish maydoni 7,7 ga 6,6 kilometr bo‘lgan, “Luna-27” ning istiqbolli qo‘nish tizimi esa 1,5—2 kilometrgacha aniqlikni ta’minlashi kerak. Bundan tashqari, tarixda hech qachon kosmik apparatlar boshqa samoviy jismlardagi ilgari qo‘ngan boshqa apparatlar yaqiniga qo‘nmagan. Yagona istisno bu — “Serveyer-3”dan 163 metr nariga qo‘ngan “Apollon-12” Oy moduli. Ammo “Apollon” kosmonavtlar tomonidan qo‘ndirilgan, Oy bazasi robotlari esa mustaqil ravishda uchib boradi.
Astronavt Charlz Konrad “Serveyer-3” yonida, o‘ng burchakda — “Apollon-12” Oy moduli. NASA
Petrukovich Oy bazasi qo‘nish muammosi hal qilinishidan oldingi dastlabki paytlarda “robotlar qishlog‘i”ga unchalik o‘xshamaydi. Aksincha, bu orbita va yuzada bir-biridan katta masofalarda joylashgan, lekin o‘zaro aloqa qilib, harakatlarini muvofiqlashtiradigan bir nechta apparatlar bo‘ladi.
“Roskosmos” ikkita to‘laqonli missiyani, masalan, lunoxodlarni boshqa mamlakatlar bilan muvofiqlashtirish tajribasiga ega emas. “Chane-7” va “Luna-27” ni muvofiqlashtirish rejalari hamkorlik standartlarini ishlab chiqishga va Oydagi yaqin qo‘shnilikka tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi, deydi N + 1 suhbatdoshi.
“Luna-25” uchun qo‘nish joyi tanlashda foydalanilgan parametrlar. Qo‘nish sektorining qiyalik xaritasi, 15 darajadan yuqori — qora, 7 dan 15 gacha — kulrang, 7 dan kam — oq. М. V. Dyachkova va boshqalar / “Astronomicheskiy vestnik”, 2017-yil
Hal qilinishi mumkin bo‘lgan eng yaqin vazifa bu — tuproq namunalarini uzatish yoki ikkita apparatning lunoxod orqali o‘zaro ta’siri. Aslida, bu amerikaliklar rejalashtirgan va Marsda qisman amalga oshirishni boshlagan sxemaning o‘zginasi: yaqinda Yerga yetkazib berish uchun tuproq namunalarini to‘playdigan “Perseverans” marsoxodi qo‘ndirildi. Bir necha yil o‘tgach, undan boshqa marsoxod namunalarini olib, uchish moduliga boradi (ushbu loyiha haqida batafsil bizning “Mars: u yoqqa va ortga” maqolamizda o‘qing). Bunday sxema ruxsat etilgan qo‘nish xatosini bir necha kilometrga kengaytiradi va umuman missiyani ishlab chiqish talablarini soddalashtiradi.
Rossiya va Xitoy Oy qishlog‘ining rejalarini ko‘rib chiqishayotgan vaqtda, “Roskosmos” muhandislari oldida sodda va shu bilan birga yanada muhimroq vazifa turibdi — “Luna-25” ni muvaffaqiyatli qo‘ndirish. Biroq katta ehtimol bilan, bu yana bir yilga suriladi. SSRI davridan beri Rossiya boshqa kosmik jismlarga bironta ham qo‘nish uyushtirgani yo‘q. SSRI bu vazifani yarim asr oldin uddaladi, ammo yaqinda Hindiston va Isroil bunday oddiy bo‘lib ko‘ringan qo‘nishning har qanday kosmik agentlik ham eplay olmaydigan ulkan ish ekanini isbotladi.
Mualliflar: Grigoriy Kopiyev, Ilya Ferapontov ishtirokida. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Деревня луноходов. Как Китай и Россия собираются осваивать Луну” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: nplus1.ru