Shaxsiy fikrlash uslubi: barometr hikoyasi

Kunlarning birida Britaniya Qirollik akademiyasi prezidenti Ernest Rezerfordga kasbdoshi yordam soʻrab murojaat qildi. U talabalaridan biriga fizika boʻyicha eng past ballni qoʻyishni istar, talabasi esa eng baland ballga loyiq ekanini taʼkidlardi. Ikkovlari oxir-oqibat uchinchi shaxsning – betaraf hakamning xulosasini qabul qilishga kelishgan, bu uchun domla Rezerfordni tanlashgandi.


Imtihondagi savol quyidagicha edi: “Binoning balandligini barometr yordamida qanday qilib oʻlchash mumkin?”. Talaba shunday javob bergandi: “Binoning tomiga chiqib, barometrni arqonga ulab pastga tashlash kerak, soʻng uni tortib olib, arqonning uzunligini oʻlchash zarur”.


Savol qanchalik qiyin va murakkab boʻlmasin, javob tushunarli va aniq edi. Boshqa tomondan, imtihon fizika fani boʻyicha boʻlib, javobning bu fanga aloqadorlik jihati juda kam edi.


Domla Rezerford talabaga yana bir bor urinib koʻrish imkonini berdi. Olti daqiqa vaqti borligini aytib, javobi fizika qonunlariga asoslanishi shartligini taʼkidladi. Besh daqiqa oʻtdi hamki, talaba javoblar varagʻiga hech narsa yozmadi. Rezerford talabadan:


– Javobing yoʻqmi, tan berdingmi? – deb soʻradi.


Talaba javoblari bir nechtaligini, u eng yaxshisini tanlashga urinayotganini aytdi.


Bu gap domlaning qiziqishini orttirdi. U belgilangan vaqt tugamay turib javob berishini soʻradi talabadan. Yangi javob quyidagicha edi: “Tomga chiqasiz va barometrni pastga tashlaysiz. Uning tushish vaqtini hisoblab turasiz. Soʻng formula yordamida binoning boʻyini topish mumkin”.


Rezerford sherigidan bu javobdan qoniqqan-qoniqmaganini soʻradi. U, noiloj, maʼqul ishorasini berdi. Biroq talaba yana bir qancha javoblari borligi haqida eslatdi. Domlalar ularni ham aytishini soʻrashdi.


– Barometr yordamida bino balandligini oʻlchashning bir necha usullari bor, – deb gap boshladi talaba. – Masalan, quyoshli kunda koʻchaga chiqib, barometr va uning soyasi uzunligini oʻlchaysiz. Soʻng bino soyasini oʻlchaysiz. Bundan keyin oddiygina tenglama yordamida bino balandligini topish mumkin.


– Yomonmas, boshqa javoblaring ham bormi? – dedi Rezerford domla.


– Bor, juda oddiy uslub ham bor. U sizga albatta yoqadi. Barometrni qoʻlga olib, narvondan koʻtarilasiz. Shu jarayonda barometrni devorga yopishtirib, belgi qoʻyib ketasiz. Soʻng belgilarni barometrning uzunligiga koʻpaytirsangiz, binoning balandligi kelib chiqadi. Agar siz murakkabroq yoʻldan bormoqchi boʻlsangiz, – deb gapini davom ettirdi u, – barometrga bogʻich bogʻlaysiz va uni kapgir kabi tebratib, binoning poydevori va tomida tortishuv kuchini oʻlchaysiz. Ana shu ikki oʻlchov orasidagi farqdan ham binoning boʻyini topsa boʻladi. Tebrangichingizni tomga olib chiqib, uni tebratib, tebranish vaqtlariga asoslanib ham bino balandligini aniqlashingiz mumkin. Va nihoyat, ushbu masala yechimlari ichida eng zoʻr bitta uslubi bor: barometrni olasiz va bino boshqaruvchisini topib: “Aka, ajoyib bir barometrim bor. Agar binoning balandligini aytsangiz, sizga beraman”, deysiz.


Shundan soʻng Rezerford domla talabadan: “Nahotki bu savolni yechishning umum qabul qilingan uslubini bilmasang?!” deb soʻradi. Talaba oʻsha usulni bilishini, biroq oʻqituvchilar oʻz fikrlash uslublarini oʻtkazdiradigan, nostandart yechimlarni qabul qilmaydigan maktab va kollejlardan toʻyganini aytdi.


Bu talaba 1922-yili Nobel mukofoti sovrindori boʻlgan daniyalik fizik Nils Bor (1885–1962) edi.


Maqola oriftolib.uz saytidan olindi. Original maqola → Shaxsiy fikrlash uslubi.
Muqova surat: freepik.com