Odatda taʼlim jarayonida boʻlgan, oʻqib-izlanayotgan oʻquvchilar, talabalar, tinglovchilar orasida shunday gap yuradi: “Nega oʻqigan narsalarimni eslab qolishim qiyin-u, qoʻshiqlarni oson yodlab olaman?” Chindan ham shunaqa. Bu taʼlimni ustun deb bilganlar uchun katta adolatsizlik, shundaymi, doʻstlar? Ayb xotira kuchimizdamikin yoki musiqa biz bilgan taʼlimiy vositalaridan kuchliroqligida? Nima boʻlganda ham qiziq mavzu va izlanishlar shunga yarasha ekani shubhasiz.
Ayb kimda (nimada)?
Biror jarayonda sabab-oqibat juftligida sabab bilan ishlash foydali yoʻnalish sifatida baholanadi. Biroq sabablar katta ahamiyat kasb etmasa-chi? Shunda ham ahamiyatsiz narsa nima ekanini bilib olish ziyon qilmaydi.
Oʻqib turib biror narsani eslab qola olmagandan keyin darrov xavotirlana boshlaymiz. “Xotiram pasayib ketyapti”, “Hech narsani eslab qololmayapman” kabi jumlalar bilan muammoni kattalashtiramiz, ammo bir marta eshitgan qoʻshigʻimizning naqaroti miyamizga mahkam “yopishib” olib, kun davomida qoʻyib yuborgisi kelmaydi. Shunda ham aybni xotiramizga agʻdarish kerakmikin? Ehtimol, musiqa boshqa taʼlim vositalari, aytaylik, kitobdan kuchliroqdir, albatta, barcha jabhalarda emas, aynan xotirada qolish xususiyatiga koʻra, u yuqoriroq oʻrinni egallashi mumkin. Demak, hali nimanidir ayblashga shoshmaslik kerak.
Chunki…
Avvalo, musiqa va xotira bir-biridan tamoman ayro tushunchalar emas, axir ular alaloqibat bir nuqtada kesishadi: eshitish. Bilasizmi, hatto musiqiy xotira nomli xotira turi ham mavjud ekan, ammo uning isteʼmoli ayrim oʻrinlarda biroz bahsli.
Musiqiy xotira musiqa bilan bogʻliq maʼlumotlarni, masalan, ohangdor tarkib va ohanglar yoki tovushlarning boshqa progressiyalarini eslab qolish qobiliyatini anglatadi. Til xotirasi va musiqiy xotira oʻrtasidagi farqlar tadqiqotchilarda musiqiy xotira tildan farqli ravishda kodlangan va uning mustaqil qismini tashkil qilishi mumkin degan nazariyani ilgari surishga sabab boʻldi. Shu bilan birga, ushbu atamani ishlatish muammoli, chunki u ogʻzaki tizimning kiritilishini nazarda tutadi, deya bu haqda izoh bermoqda Wikipediya.
Qolaversa, olimlarning tasdiqlashicha, miyaning xotira bilan bogʻlangan qismlari boʻlib, ular minglab maʼlumotlarni qayta ishlaydi. Shunday ekan, baʼzida kerakli maʼlumotlarni olish qiyin boʻlishi ajablanarli emas. Bunda musiqa yordam berishi mumkin. Musiqa ritm, qofiya va alliteratsiyaga ega, bularning barchasi bizga koʻp yillar oldingi yoki kechagi voqealarni ham eslab qolishga yordam beradi.
Psixolog Loren Styuart musiqa nega bunchalik katta kuchga ega ekani va “yopishqoq” ohanglar turli vaziyatlarda odamlarga qanday taʼsir qilishi haqida fikrlarini bildirib, quyidagi xulosalari bilan oʻrtoqlashadi: “Nima uchun baʼzi ohanglar bizning miyamizda doimo aylanib yuradi, degan savolga bir necha yillik izlanishlardan keyin ham javob berish juda qiyin. Bunga hali toʻliq javob yoʻq. Baʼzilarning fikriga koʻra, bu hodisa biz yuz yil avvalgidan koʻra koʻproq musiqa eshitayotganimiz sababli yuz bermoqda”.
Musiqa va xotira bogʻliqligi
Aynan shu mavzuda kuzatishlar olib borgan Tiffani Jenkins qoʻshiqlar kuchli his-tuygʻularni uygʻotishi va bizni hatto oʻtmishga olib borishi mumkinligini aytadi. U musiqa bizni uzoqlarga “olib ketganda” miyamizda nima sodir boʻlishini oʻrganadi. Unga koʻra, musiqa va xotira oʻrtasidagi bogʻliqlik kuchli va yangi tadqiqotlar ushbu xotiralar terapevtik taʼsir uchun qanday ishlashini aniqlashga umid qilmoqda. Neyrologlar xotira bilan bogʻliq miya mexanizmlarini tahlil qilib, musiqaga aylangan soʻzlarni eslab qolish eng osoni ekanini aniqlashgan.
Tasavvur qiling, kichik yoshli bolakayga ingliz alifbosini oʻrgatish urinyapsiz. Hali savodxon boʻlmagan, hatto oʻzbek alifbosini ham bilmaydigan kichkintoylar uchun “A, B, C, D, E, F, G” qoʻshigʻi eng optimal variant emasmi? Musiqaga asoslangan matn oddiy nutq emas, balki qoʻshiq sifatida eshitilganda yaxshiroq eslab qolinadi.
Ehtimol, musiqalardagi takror, qoʻshiqlardagi naqarotlarning qaytarilib turishi ham ahamiyatlidir, axir, biror maʼlumot xotiramizda qolishining asosiy omillaridan biri ham aynan takror. Ehtimol, musiqadagi ohangdorlik, shira, nagʻmalar bizni oʻziga tortar. Musiqa va xotira bogʻliqligi va inson musiqani, qoʻshiqni bunchalik tez, oson hamda uzoq muddatli maʼlumot sifatida eslab qolishi haqida izlanishlar koʻplab topiladi.
Oʻzi nima muhimroq?
Tabiiyki, izlanishlarning barchasi ilm uchun gʻoyat qadrli. Ammo maqola avvalida aytilgan fikrimizni yana takrorlasak:
Biror jarayonda sabab-oqibat juftligida sabab bilan ishlash foydali yoʻnalish sifatida baholanadi. Biroq sabablar katta ahamiyat kasb etmasa-chi? Shunda ham ahamiyatsiz narsa nima ekanini bilib olish ziyon qilmaydi. Ahamiyatli boʻlgan sabablarni oʻrgandik. Oqibat-chi?
Nima boʻlganda ham musiqa xotiramizga oson joylashishi aniq. Uning sabablari koʻp, ammo bugun ahamiyatlisi nima? Qoʻshiqlar nima sababdan miyamizga bunchalik “yopishib olgani”ni aniqlashmi yoki bu kuchdan unumli foydalanish? Bizning fikrimizga koʻra, bu kuchdan oqilona foydalanish, xotirani rivojlantirish, koʻproq bilim olishda bu usulni qoʻllash bugun barcha insonlar uchun birdek foydali boʻladi.
Taʼlimning eng quyi bosqichi boʻlgan bogʻchalarda bolalarga xorijiy tillarni oʻrgatishda, yangi soʻzlarni yodlatishda musiqaning kuchidan foydalansak, ular uchun qanchalik foyda berishini tasavvur qilib koʻring. Hatto oʻrta maktablarda oʻquvchilar uchun aniq fanlarda formulalarni eslab qolishning musiqiy-taʼlimiy usullari oʻylab topilsa, esda qolishi qiyin boʻlgan teoremalar ohanglar bilan ongimizga quyilib kelsa xotira bilan bogʻliq qancha qiyinchiliklar bartaraf etilgan boʻlardi.
Kelajakda taʼlimda aynan shunday vositalar yaratilishiga va ular kutilgan samarani berishiga umid qilib qolamiz.
Muqova surat: Gigxels / pixabay.com
Manbalar:
→ youtu.be/DHGKqTPQq6U
→ uz.zahn-info-portal.de/wiki/Music-related_memory
→ uz.zahn-info-portal.de/wiki/Music-related_memory
→ postnauka.ru/faq/96543
→ www.bbc.com/culture/article/20140417-why-does-music-evoke-memories