Sayyorashunoslar laboratoriyada Ryugu asteroidining tuproq zarralari tahlili yangi natijalarini taqdim etdi. Maʼlum boʻlishicha, Ryuguning “ota-ona sayyora”si tanasi ichidagi harorat Selsiy boʻyicha 30 darajadan oshmaydi va Ryugu kabi asteroidlar “yosh Yer” ga uchuvchi moddalarni yetkazib berishi mumkin. Maqola Nature Astronomy jurnalida chop etildi.
Vodorod va azot zarralarining umumiy izotop tarkibini Quyosh, Yupiter tizimi, Oort buluti kometalari, sayyoralararo chang va uglerodli xondritlar bilan taqqoslash. Nature Astronomy jurnali, 2022-yil
Yerga yaqin joylashgan, 900 metrli Ryugu asteroidi C sinfiga mansub, avtomatik apparat yordamida batafsil oʻrganilgan Quyosh tizimidagi bir nechta kichik jismlardan biri hisoblanadi. Yaponiyaning “Xayabusa-2” sayyoralararo stansiyasi bir necha yil davomida uni orbitadan turib oʻrganib chiqdi va shu vaqt ichida unga bir nechta modullarini qoʻndirib, 2020-yil oxirida Yerga yetkazilgan, umumiy massasi 5,4 gramm boʻlgan, ikkita tuproq namunasini olishga muvaffaq boʻldi. Shundan soʻng tuproq namunalari laboratoriyalarda har tomonlama oʻrganildi. Ushbu tadqiqotlar natijalari meteoritlar va asteroidlar oʻrtasidagi bogʻliqlikni aniqlash, ilk Quyosh tizimi sharoitlarini va yosh Yerga suv hamda organik moddalarni yetkazib berishda asteroidlarning oʻrnini oʻrganish uchun kerak edi.
Yaponiyaning Kochi universiteti qoshidagi chuqurlashtirilgan dengiz yadrosini oʻrganish markazi xodimi Moto Ito boshchiligidagi bir guruh sayyorashunoslar asteroid yuzasidan (A0029, A0037) va texnogen kraterdan (C0009, C0014 va C0068) olingan beshta Ryugu namunasi tahlili natijasini eʼlon qildi. Tekshirilgan tuproq zarralari elektron mikroskopiya, neytron faollashuv tahlili, nano oʻlchamdagi ikkilamchi ion massa spektrometriyasi va rentgen spektral mikroanaliz kabi turli usullar yordamida oʻrganilgan.
a) C0068 namunasining sayqallangan qismidagi magniy (qizil), kalsiy (yashil), temir (koʻk) va oltingugurt (sariq) ning taqsimlanish xaritasi; b) teskari aks etgan elektronlardagi namunaning tanlangan qismi tasviri; c) transmissiya elektron mikroskopi yordamida olingan saponit va serpentinning bitishish maydoni tasviri. Motu Ito va boshqalar / Nature Astronomy jurnali, 2022-yil
Tahlil shuni koʻrsatdiki, Ryugu tuprogʻi asosan mayda va qoʻpol donali fillosilikatlardan iborat boʻlib, ular aglomeratlar hisoblanadi. Uning hajmi bir necha oʻnlab mikrometrgacha boʻlgan va nozik matritsaga kiritilgan. Fillosilikatlar serpentin va saponit aralashmasi boʻlib, matritsada karbonatlar (umumiy hajmning 2–21 foizini tashkil qiladigan dolomit, kalsiy karbonat va breynerit), sulfidlar (umumiy hajmning 2,4—5,5 foizini tashkil qiladigan pirrotin, pentlandit) va magnetit (umumiy hajmning 3,6—6,8 foizini tashkil qiladi) joylashgan. Zarrachalardan biri (C0009) oz miqdorda (umumiy hajmning 0,5 foizi) Ryugu moddasida kamdan kam uchraydigan suvsiz silikatlar (olivinlar va piroksenlar) ni oʻz ichiga oladi. Zarrachalar meteoritlardan farq qiladigan ferrigidrit yoki sulfatlardan iborat emas. Namunalarning mineral tarkibi CI-xondritlar turidagi meteoritlarga oʻxshash hamda CY va CM-xondritlardan juda farq qiladi. Bundan tashqari, alifatik organik birikmalarga boy va yirik donali fillosilikatlar bilan bogʻliq boʻlgan mikrometr oʻlchamli hududlar ham topilgan.
Tadqiqotchilar Ryugu “ota-ona sayyora” si tanasidagi suv va minerallar oʻzaro taʼsirining maksimal harorati 30 daraja Selsiyda boʻlgan, bu alifatik birikmalarning saqlanishiga yordam bergan degan xulosaga keldi. Shu bilan birga, fillosilikatlarga kiritilgan organik moddalar nozik matritsaga qaraganda yoʻq qilinishdan yaxshi himoyalangan koʻrinadi. Zarrachalardagi vodorodning izotop tarkibi ular “yosh Yer”ga olib kelingan uchuvchi moddalarning yagona emas, muhim manbai boʻlishi mumkinligini anglatadi. Bundan tashqari, olimlarning taʼkidlashicha, tahlil natijalari Ryugu kabi asteroidlar tarkibini oʻrganish juda qimmatli ekanini anglatadi, chunki yetkazib berilgan namunalar laboratoriya tadqiqotlari uchun mavjud boʻlgan, Quyosh tizimidagi ifloslanmagan moddalar qatoriga kiradi.
Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Планетологи подтвердили возможность доставки летучих веществ на молодую Землю астероидами” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: C0068 namunasining sayqallangan qismidagi magniy (qizil), kalsiy (yashil), temir (koʻk) va oltingugurt (sariq) ning taqsimlanish xaritasi. Motu Ito va boshqalar / Nature Astronomy jurnali, 2022-yil