Gilos yurtimizda eng koʻp tarqalgan mevalardan biridir. Ayni hozirdan pishishni boshlab yozning oʻrtalarigacha dasturxonimiz koʻrkiga aylanadi. Bundan sakkiz ming yillar muqaddam ham insoniyatga moʻjizaviy kuch ato etib kelgan gilos mevalarida koʻp miqdordagi foydali moddalar, vitamin va minerallar mavjud. ?
Gilos mevasi oʻzining vitaminlarga boyligi bilan ajralib turadi. Vujudimizda kechuvchi moddalar almashinuvi jarayonida muhim ahamiyatga ega boʻlgan minerallariga, foydali mikroelementlarga boy hisoblanadi. Gilos mevasidan tabobatda koʻpgina kasalliklarning oldini olish va davolash maqsadida foydalaniladi.
Gilos buyrak va jigar faoliyatini yaxshilab, qon aylanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Gipertoniya bilan ogʻrigan bemorlar uchun faol birikmalarga boy boʻlgan toʻq qizil gilosning eng foydali miqdori kuniga 250–300 grammni tashkil etadi.
Artrit, revmatizm va podagrada ogʻriqlarni kamaytirish uchun yangi uzilgan shirin gilos mevasining 15 donasi yoki bir oshqoshiq quyuq gilos sharbati yoxud bu mevaning kompoti qaynatmasini kuniga uch mahal isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Ushbu qaynatma quyidagicha tayyorlanadi: 1 litr suv qaynagandan soʻng unga uncha toʻla boʻlmagan bir hovuch meva solinadi va past olovda 7 daqiqa qaynatiladi. Soʻngra olovdan olinib, ogʻzi bekitilgan holda 20 daqiqa dam beriladi. Qaynatmadan bir kunda kamida 0,5 litr isteʼmol qilish lozim.
Mevasi ichak faoliyati susayishi, qabziyat va boshqa ichki xastaliklarda davo sifatida qoʻllaniladi. Sharbati va qaynatmasi ovqat hazm qilish tizimini yaxshilaydi. Uning mevalari tarkibida kam miqdorda organik kislotalar mavjudligi sababli uni isteʼmol qilish meʼda shilliq qavatining yaligʻlanishi (gastrit) bilan ogʻrigan bemorlarda kislota miqdorining ortishini keltirib chiqarmaydi.
Shuningdek gilos mevalarida temir va vitaminlar koʻpligi bois kamqonlikda isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Gilos qaynatmasi yoki kompoti isitma tushiruvchi, shamollashda quvvat bagʻishlovchi vosita sifatida ichiladi.
Maqola saviya.uz saytidan olindi. Original maqola: Buyrak va jigarga yordamchi.
Muqova surat: pixabay.com