“Lyusi” sayyoralararo stansiyasi XKS va Yerga yaqin teleskoplar orbitasidan past boʻlgan holda Yer yaqinida birinchi gravitatsion manyovrni amalga oshirdi. Bu harakat uskunaga Yupiterning bir nechta troyan asteroidlariga va bitta asosiy kamar asteroidiga yetib borish imkonini beradi deb xabar qiladi Nasaspaceflight.com sayti.
NASA, SwRI
“Lyusi” oʻtgan yili koinotga uchirilgan boʻlib, u hali fazoviy kemalar tashrif buyurmagan troyan asteroidlarini oʻrganish boʻyicha birinchi ishlarni amalga oshiradi. Stansiya 12 yil davomida 8 ta Yupiter troyan asteroidi va bitta asosiy kamar asteroidiga borib, ularning batafsil tasvirlarini oladi, shuningdek, xususiyatlari hamda tarkibini aniqlaydi.
2022-yil 16-oktabr tongida “Lyusi” Yer yaqinidagi birinchi gravitatsion manyovrni muvaffaqiyatli yakunladi. Bu stansiyaning Quyosh atrofida aylanish davrini koʻpaytirdi va orbitasini oʻzgartirib, uni Yupiter—Quyosh tizimining L4 nuqtasiga yoʻnaltirdi.
Yerga yaqinlashish vaqtida “Lyusi” sayyora yuzasidan 351 kilometr balandlikka yetib keldi. Bu XKS va Yerga yaqin teleskoplar orbitasidan pastdagi hudud hisoblanadi. Natijada qurilma boshdan kechirgan kichik atmosfera qarshiligini qoplash zarurati yuzaga keldi. Minimal uchib oʻtish balandligi dastlabki qiymatdan koʻpaytirildi va stansiya ushbu harakat bajarilishidan bir necha soat oldin tuzatuvchi manyovrni amalga oshirdi. Buning natijasida stansiyaning boʻshagan Quyosh batareyasi va fazoviy chiqindilarga toʻqnashishi bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelmadi.
Muallif: Grigoriy Kopiyev.Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Станция «Люси» совершила первый гравитационный маневр у Земли” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat manbasi: “Lyusi”ning Yerga yaqinlashayotgan vaqtida teleskop tomonidan olingan surati. Nik Jeyms / Britaniya astronomiya assotsiatsiyasi