Birinchi marta astronomlar ikki galaktikaning birlashishi natijasiga guvoh boʻldi. Bunda qoʻshilish jarayonining oʻzi yangi yulduzlarning shakllanishini sekinlashtirib, galaktikalardan sovuq gaz zaxiralarining katta qismini chiqarib yuborgan. SDSS J1448+1010 tizimi misolida yulduzlarni hosil qilish uchun zarur boʻlgan materiyaning taxminan 47 foizi galaktikalardan tashqaridagi toʻlqin dumlarida toʻplanganligi maʼlum boʻldi. Maqola dastlab The Astrophysical Journal Letters jurnalida chop etilgan.
Galaktikalar rivojlanishini oʻrganishdagi muhim vazifalardan biri bu — tizim yashayotganda undagi sovuq molekulyar gaz zaxiralari — yangi yulduzlarni yaratish uchun zarur boʻlgan moddaning qanday oʻzgarishini tushunishdan iborat. Xususan, galaktikalarning birlashishi gaz oqimi hisobiga yulduz hosil boʻlish tezligini oshirishi mumkin. Oʻta yangi yulduz portlashi va yulduz shamollarini keltirib chiqaradigan portlashlar, shuningdek, ulkan qora tuynukni oʻz ichiga olgan galaktika yadrosi faolligi gaz oqib chiqishiga sabab boʻladi. Bu esa undagi yulduz shakllanishini sekinlashtiradi. Ushbu sohadagi tadqiqot uchun muhim jismlar galaktikalar boʻlib, bu yerlarda yulduzlar populyatsiyasidagi yulduz shakllanishining qizgʻin davri yangi yulduzlar paydo boʻlish jarayonining tezlikda yoʻq boʻlib ketishidan dalolat beradi. Keyinchalik yulduz shakllanishining takroriy portlashlari natijasida sodir boʻlgan tizimlar ham mutaxassislarda qiziqish uygʻotdi.
Texas universiteti xodimi Jastin Spilker boshchiligidagi astronomlar guruhi “Xabbl” kosmik teleskopi, “Jemini” janubiy yer teleskopi va ALMA radioteleskop tizimidan z=0,646 qizil diapazonda joylashgan SDSS J1448+1010 ulkan galaktikasi boʻyicha olingan kuzatuvlarni nashr etdi. Galaktika optik diapazonda koʻrinadigan, olisda joylashgan gazning millimetr miqyosda nurlanishini koʻrsatishi bilan ajralib turardi. Bu esa batafsilroq oʻrganishni talab qildi.
“Xabbl” va ALMA maʼlumotlaridan olingan SDSS J1448+1010 tasviri. ALMA, ESO, NAOJ, NRAO, S. Dagnello / NRAO / AUI / NSF, J. Spilker va boshqalar / Texas A&M
Nihoyat olimlar tomonidan SDSS J1448+1010ʼdan 64 kiloparsekgacha choʻzilgan ulkan molekulyar gaz rezervuari topildi. Galaktikada ikki galaktikaning davom etayotgan birlashishi natijasida paydo boʻlgan choʻziq toʻlqin dumlari mavjud va u tizimdagi umumiy sovuq gaz zaxiralarining taxminan 47 foizini oʻz ichiga oladi. Bu qoʻshilish paytida gaz zaxiralari “ota galaktika”lardan chiqarib yuborilgani va birlashuv boshlangan 70 million yil avval yulduzlarning tez parchalanishiga olib kelganini koʻrsatadi.
Shunday qilib, galaktikalarning birlashishi galaktikalardagi sovuq gaz miqdorini oshirishga ham, kamaytirishga ham qodir. U yulduz shakllanishiga bevosita taʼsir qiladi. Bu hodisa faol yadrolar yoki yulduz shakllanishining portlashi natijasida hosil boʻlgan materiya yoʻqotilishidan sifat jihatidan farq qiladigan fizik mexanizmdir. Tadqiqotchilar SDSS J1448+1010ʼda hosil boʻlgan bunday mexanizmning boshqa misollarini topishda davom etish niyatida.
Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Слияние галактик оказалось способно погасить вспышку звездообразования” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: ALMA, ESO, NAOJ, NRAO, S. Dagnello / NRAO / AUI / NSF