Ko‘ngillilar astronomlarga Quyoshdagi chaqnashlarni aniqlashga yordam beradi

Solar Jet Hunter fuqarolik ilmiy loyihasi ishga tushirildi. Unga koʻra, xohlovchilar astronomlarga SDO fazoviy observatoriyasi tomonidan olingan suratlarda Quyosh chaqnashlarini qidirib topishga yordam berishi mumkin. Natijalar Quyosh atmosferasida sodir boʻlayotgan jarayonlarni oʻrganishga yordam beradigan ommaviy maʼlumotlar bazasini shakllantirish imkonini beradi.


Quyosh Yerda joylashgan teleskoplar va fazoviy kemalar yordamida oʻrganilayotganiga qaramay, astronomlarda yulduzning tuzilishi va unda sodir boʻlayotgan jarayonlar haqida koʻplab savollar mavjud. Xususan, Quyosh tojining anomal qizishi savoliga haligacha javob topilmagan, Quyosh shamolining tezlashish jarayonlari va uning Quyosh tizimidagi harakatlari yaxshi oʻrganilmagan. Quyosh atmosferasida toʻsatdan toʻlqinli plazma portlashlari boʻlgan chaqnashlarni oʻrganish tadqiqotlarda yordam berishi mumkin. Taxminlarga koʻra, oqimlar magnit qayta ulanish paytida paydo boʻladi va shu bilan plazmani isitadigan va harakatga keltiradigan katta miqdordagi energiyani ishlab chiqaradi. Shunga qaramay, chaqnash paydo boʻlish mexanizmlari va ularning Quyosh hayotidagi roli olimlar oʻrtasida bahs mavzusi boʻlib qolmoqda.


Yevropa kosmik agentligi xodimi Sofi Masset boshchiligidagi astronomlar jamoasi fuqarolik ilmiy portali Zooniverse negizida yangi ilmiy loyiha — Solar Jet Hunter’ni ishga tushirdi. Uning maqsadi, SDO fazoviy observatoriya bortida oʻrnatilgan AIA (Atmospheric Imaging Assembly) uskunasi tomonidan olingan Quyosh tasvirlari arxivini tahlil qilish orqali chaqnashlar katalogini tuzishdir. AIA Quyoshning yuqori aniqlikdagi tasvirlarini har 12 soniyada bir necha toʻlqin uzunliklarida olish imkoniga ega.


SDO observatoriya tomonidan aniqlangan Quyosh chaqnashiga bir misol / SDO

Loyihada istalgan shaxs ishtirok etishi mumkin. Bunda kompyuter va internet aloqasi boʻlishi kifoya. Ishni boshlashdan oldin saytda roʻyxatdan oʻtish va chaqnashlarni Quyosh atmosferasining boshqa elementlaridan, masalan, yopiq toj halqalardan ajratish uchun qoidalar bilan tanishish kerak boʻladi. Keyin SDO tasvirlari va ulardan tashkil topgan animatsiyalarda chaqnashlarni qidirish boshlanadi. Har bir rasm koʻplab koʻngillilar tomonidan tahlil qilinadi. Bu ishning aniqligini oshiradi. Olimlar barcha topilgan chaqnashlarni bitta maʼlumotlar bazasiga toʻplaydi va ular ommaga ochiq boʻladi. Bu esa Quyosh chaqnashlari fizikasi boʻyicha tadqiqotlarda yordam beradi.


Fuqarolik ilmi astronomiya va kosmonavtikada tobora koʻproq oʻrin egallamoqda. Faol asteroidlarni izlash, spiralsimon galaktikalar buramalarining burilish darajasini oʻlchash yoki “Kyuriositi” roveriga qum va oʻtkir jinslarni ajratishda yordam berish imkoniyati mavjud.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Добровольцы поищут джеты на Солнце” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: unsplash.com