Joylarga kim nom qo‘yadi?

Turli oʻlkalar, viloyat, tuman, qishloqlarni kim nomlaydi? Quyidagi maʼlumotlarni oʻqib bu haqda oʻzingiz xulosa chiqararsiz…


Osiyo

Osiyo maydoni kattaligi jihatidan ham, aholisi koʻpligi jihatidan ham birinchi oʻrinda turadigan qitʼa. Ammo uning nomi qanday paydo boʻlganligi haqida aniq, ishonchli maʼlumotlar yoʻq.


Taxminlarga koʻra, unga Yevropa bilan birga ism berilgan. Demak, shu jihatdan ikki qitʼani egiz desa boʻladi.


Qadimgi Ossuriya davlati (u hozirgi Iroq hududida boʻlgan) tilidagi “asu” soʻzi “sharq”, “sharqiy oʻlkalar yeri” degan maʼnoni anglatadi. Yevropaning nomi bu soʻzning antonimi “ereba” — “gʻarb”dan olingan.


Rimliklar oʻzlariga qarashli maʼlum bir viloyat — provinsiyani Osiyo deb ataganlar. Keyinchalik bu soʻzning maʼnosi kengayib, butun bir qitʼaga nisbatan ishlatila boshlagan.


Avstraliya

Qadimgi yunon geografi va astranomi Klavdiy Ptolemey janubiy yarim sharda qandaydir qitʼa borligi haqida taxmin qiladi. Va bu sirli qitʼani “TERRA AVSTRALIS INKOGNITA” (“Janubdagi nomaʼlum yer”) deb nomlaydi.


1605-yilda niderlandiyaning Ost-Indiya kompaniyasiga qarashli, Villem Yans (Yanszon) boshchiligidagi kema Avstraliya qirgʻoqlariga yetib keladi. Yanszon bu joyni Yangi Gollandiya deb ataydi.


Mazkur materik sohillari XIX asr oxiriga kelibgina toʻliq oʻrganib chiqiladi.


1814-yilda ingliz dengizchisi va tadqiqotchisi Metyu Flinders boshidan kechirgan sarguzashtlari haqidagi kitobni nashr ettiradi. Mazkur asarda Yangi Gollandiyani afsonaviy Janubiy yer (Terra Avstralis) sharafiga Terra Avstralis deb nomlashni taklif etadi.


Avstraliya nomi keyinchalik ommalashib ketdi.


Antarktida

Muz qitʼaning nomi Katta Ayiq yulduz turkumining yunoncha atalishi — “Arktos” (“Ayiq”)dan kelib chiqqan.


Yunonlar mazkur yulduz turkumi ostida joylashgan shimoliy yerlarni Arktikos deyishgan. Shu sababli shimoliy yarim shardagi yerlar Arktika deb nom olgan. Antarktida Arktikaga nisbatan qarama-qarshi nuqtada joylashgan. “Anti” oldqoʻshimchasi qarama-qarshilik, teskarilik maʼnosini bildiradi. “Id” qoʻshimchasi esa yunoncha “eydos” soʻzidan olingan va yaqinlik, oʻxshashlik maʼnolarini bildiradi.


Garchi juda qadim zamonlardayoq janubiy yarim sharda qandaydir qitʼa borligi haqida gipoteza — ilmiy farazlar aytilgan boʻlsa-da, Antarktida eng oxiri boʻlib kashf etilgan.


Mazkur qitʼa 1820-yilda Rus Antarktika ekspeditsiyasi tomonidan kashf etilgan. Bu ilmiy safarga dengiz ofitser-tadqiqotchilari F. Bellinsgauzen va M. Lazarev boshchilik qilgan.


Braziliya

Braziliya davlatining nomi “pau brazil” soʻzidan kelib chiqqan.


Pau brazil yogʻochi qattiq tropik daraxt. Uning vatani, aslida, Hindiston. Yevropada uni sappan, fernambuk, qizil sandal deb ataganlar. Poʻstlogʻining rangi toʻq sariq boʻlgani uchun Ispaniya va Portugaliyada unga brazil (“braza” — choʻgʻ, yonayotgan koʻmir soʻzidan) deb nom berganlar. Janubiy Amerika bosib olingach portugallar u yerda tanish daraxt — brazilni uchratadi va butun bir oʻlkani Brazil, Braziliya deb ataydi.


Shunday qilib, Braziliya “brazil daraxtining oʻlkasi” maʼnosini anglatadi.


Andalusiya

Ispaniyadagi bu qadimiy viloyatining nomi “vandallar oʻlkasi” maʼnosini anglatadi.


Milodiy V asrning boshida jangari german qabilasi — vandallarning qoʻshini Yevropaning shimoli-sharqidan gʻarbiy hududlarga tomon yurish boshlaydi. Hech narsadan qaytmaydigan olomon Pireneya togʻlaridan oʻtib Ispaniyani zabt etadi. Keyin Gibraltar boʻgʻozi orqali Rim imperiyasi va Afrikaga yoʻl oladi. Qabila Rimni zabt etadi. Shahar ikki hafta mobaynida talanadi, madiniyat osori atiqalari vayron qilinadi.


Dahshatga tushgan Yevropa ahli johil, insoniylik qiyofasini yoʻqotgan bu olomonni “vandallar”, moddiy ma madaniy yodgorliklarga boʻlgan yovvoyi munosabatni “vandalizm” deb ataydi.


Vandallar haqidagi xotiralar Andalusiya nomida ham saqlanib qolgan. (Vandal — Andal).


Maqola oriftolib.uz saytidan olindi. Original maqola → Joylarga kim ism qoʻyadi?
Muqova surat pixabay.com saytidan olindi.