SpaceX toʻrt nafar ekipaj aʼzosi — uch amerikalik astronavt, Rossiya va sovet kosmik parvozlari tarixidagi beshinchi ayol — kosmonavt Anna Kikina boʻlgan Crew Dragon kosmik kemasini XKSga uchirdi. Bu NASA va “Roskosmos” oʻrtasidagi qayta tiklangan qoʻshma parvozlar dasturining ikkinchi missiyasidir. Birinchisi ikki hafta oldin amalga oshirilgan bo‘lib, unda “Soyuz” bortida amerikalik orbitaga yoʻl olgan edi. Parvoz translyatsiyasi SpaceX’ning YouTube kanalida namoyish etildi.
Rossiya va AQSh uzoq vaqtdan beri kosmosga qoʻshma parvozlarni amalga oshirmoqda: rossiyalik kosmonavtlar baʼzi shattllar ekipaji tarkibiga kiritildi, amerikalik astronavtlar esa “Soyuz”da uchishdi. 2011-yil shattl reyslari toʻxtatilgandan soʻng NASA astronavtlarini Xalqaro kosmik stansiyasiga yetkazish uchun almashinuv tartibida emas, “Roskosmos”dan kosmik kemalarda joy sotib olish orqali “Soyuz”dan foydalanishni davom ettirdi.
2010-yillarda NASA Amerika kosmik kemalarining xususiy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilishini faol ravishda moliyalashtirdi va 2020-yilda Crew Dragon XKSga ikki astronavtni yuborib, uzoq kutilgan natijaga erishdi. Shundan buyon NASA joy uchun pul toʻlagan Rossiya kemasida amerikalik astronavtning faqat bitta parvozi amalga oshirildi. 2022-yilning iyul oyida esa NASA va “Roskosmos” qoʻshma parvozlar dasturi qayta tiklanganini eʼlon qildi: endi agentliklar oʻz kemalarida yana joy almashadi.
Birinchi qoʻshma parvoz 21-sentabr kuni Fransisko Rubio ikki rossiyalik bilan “Soyuz”da koinotga yoʻl olganida amalga oshirildi. 5-oktabrda esa Crew Dragonʼning “javob” parvozi boʻlib oʻtdi. Crew-5 missiyasi ekipaji toʻrt kishidan iborat bo‘lib, missiya qoʻmondoni mahalliy amerikaliklarning kosmosdagi birinchi ayol vakili Nikol Manndir. U bilan birga NASA’dan Josh Kassada ham uchdi. Shuningdek, ekipaj tarkibida boshqa mamlakat vakillari ham bor: JAXA’dan Koiti Vakata va “Roskosmos”dan Anna Kikina. Kikina Rossiyaning Crew Dragon kosmik kemasidagi birinchi vakili, shuningdek, Sovet-Rossiya kosmonavtikasi tarixidagi beshinchi ayol kosmonavt boʻldi.
SpaceX
Crew Dragon yuklangan Falcon 9 raketasi Kanaveral burnidagi kosmodromdan Moskva vaqti bilan soat 19:00 da uchirildi. XKS bilan tutashuv taxminan 29 soatdan keyin sodir boʻladi. 2023-yilning fevralida kemaning Yerga qaytishi kutilmoqda.
Crew Dragonʼdan tashqari NASA tomonidan xuddi shu dastur doirasida moliyalashtirilgan ikkinchi kosmik kema — Boeing CST-100 Starliner ham mavjud. Birinchi sinov parvozida u muammolarga duch keldi va Yerga beshikast qaytgan boʻlsa-da, XKSga yetib bora olmadi. Shu tufayli sinov dasturi sezilarli darajada sekinlashdi. May oyida u ekipajsiz stansiyaga muvaffaqiyatli borib keldi va fevral oyida esa ilk bor bortida odamlar bilan parvoz qilishi mumkin. Ammo rossiyaliklarning Starlinerʼdagi parvozi darhol boshlanmasligi mumkin: “Roskosmos” rahbari Yuriy Borisov bu haqida muzokaralarni boshlash uchun ushbu kosmik kemaning kamida uchta muvaffaqiyatli parvozi kerakligini aytib oʻtdi.
Muallif: Grigoriy Kopiyev. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Crew Dragon с Анной Кикиной на борту отправился на МКС” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: SpaceX