Somon yo‘lidagi ulkan qora tuynuk atrofida qaynoq nuqta aniqlandi

Astronomlar ALMA va “Chandra” teleskoplari yordamida Somon yoʻli markazidagi oʻta ulkan qora tuynuk — “Oʻqotar A” atrofidagi jamlanma diskda issiq plazma bulutini aniqladi. U qora tuynuk atrofidagi ekvator orbitasida 70 daqiqalik davr bilan harakatlanadi va vertikal magnit maydonlari bilan oʻralgan. Maqola Astronomy&Astrophysics jurnalida chop etilgan.


“Oʻqotar A” galaktika markazidagi ogʻirligi 4,3×106 Quyosh ogʻirligiga teng boʻlgan, oʻta ulkan qora tuynuk bilan bogʻlangan ixcham radio manbadir. Dastlab qora tuynukning mavjudligi unga yaqin yulduzlar harakatining xususiyatlari bilan izohlandi. Buning uchun esa 2020-yilda fizika boʻyicha Nobel mukofoti berildi. Bu haqda “И все-таки они существуют” maqolasida maʼlumot berilgan. Keyinchalik GRAVITY bilan hamkorlik tufayli astronomlar Somon yoʻlining markazida qora tuynuk borligi haqida yangi dalillarga ega boʻldi va bu shu yilning may oyida EHT radioteleskopi yordamida qora tuynuk soyasi tasvirini olish orqali tasdiqlandi.


“Oʻqotar A” boʻyicha tadqiqot yoʻnalishlaridan biri uning turli toʻlqin uzunligi diapazonlarida chaqnashlar harakatini, xususan, infraqizil va rentgen diapazonidagi chaqnashlarni kuzatishdir. Manbaning bunday xatti-harakati materiyaning qora tuynukda notekis ravishda toʻplanish jarayoni va qora tuynuk atrofidagi jamlanma diskdagi magnit qayta ulanish jarayonlari bilan bogʻliq. Qayd etilganidek, ular aylanma diskda “qaynoq nuqtalar” hosil qilishi mumkin.


Maks Plank jamiyatining radioastronomiya instituti xodimi Machek Velgus boshchiligidagi astronomlar guruhi “Oʻqotar A” atrofidagi orbitada qaynoq nuqta aniqlangani haqida xabar berdi. Kashfiyot 2017-yil 6–7 va 11-aprel kunlari EHT kuzatuv kampaniyasi doirasida amalga oshirilgan yerdagi ALMA radioteleskop tizimining millimetr uzunligiga mos toʻlqin diapazonidagi qora tuynuk kuzatuvlarini tahlil qilish chogʻida, shuningdek, 11-aprel kuni qora tuynuk yaqinida chaqnashni qayd etgan “Chandra” kosmik teleskopidan olingan qora tuynuk kuzatuvlari natijasida amalga oshirildi.


Kuzatuv maʼlumotlarini eng yaxshi tavsiflovchi model quyidagicha. “Oʻqotar A”dagi Kerr qora tuynugining atrofi radiatsion samarasiz, magnitlangan jamlanma oqim bilan oʻralgan. Ekvatorial orbitadagi qora tuynuk atrofida 70 daqiqalik davriylikda issiq plazma bilan toʻldirilgan hudud soat yoʻnalishi boʻyicha aylanadi. Qaynoq nuqta quyi nishablikda kuzatiladi va yuqori qutblangan sinxrotron nurlanishini hosil qiladi. Shu bilan birga, qaynoq nuqtaga vertikal magnit maydonlar kiradigan modellar faqat toroidal yoki radial magnit maydonlari boʻlgan modellarga qaraganda kuzatuv maʼlumotlariga yaxshiroq mos keladi. Issiq plazma bulutining aylanma radiusi “Oʻqotar A” uchun taxminan besh Shvartsshild radiusiga teng deb taxmin qilinadi. Bu Merkuriyning orbital radiusi oʻlchamiga mos keladi.


Olimlarning taʼkidlashicha, ular kuzatuv maʼlumotlarini sharhlash uchun nisbatan oddiy geometrik modellardan foydalangan. Xususan, magnit maydonning tuzilishi neosesimetrik boʻlishi yoki vaqtga bogʻliq boʻlishi mumkin va jamlanma oqimdagi turbulentliklar taʼsiri ostida qolishi mumkin. Shuningdek, dogʻ orbitasi vertikal yoʻnalishda harakatlanish ehtimoli bor. Kelajakda qaynoq nuqtaning fizik jihatdan toʻliqroq modeli yaratilishi mumkin.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Астрономы увидели горячее пятно на орбите вокруг сверхмассивной черной дыры Млечного Пути” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: FelixMittermeier / pexels.com