Shaxmat o‘ynash va yashashning ikki usuli

Hamma biladigan istalgan oʻyinni oling va oilaviy oʻyin kechasiga aylanib ketadigan sayohatni boshlashdan oldin bitta tabiiy savol bering.


Bu oʻyin qanchalik murakkab?


Matematik jihatdan, bu savolga javob berishning ikki yoʻli bor. Birinchisi satrlar fazosi, yaʼni oʻyin davomida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan donachalarning mavjud tartibidan foydalanishingiz mumkin. Iks-nol oʻyinida, masalan, iks-nollarning barcha konfiguratsiyalarini koʻz oldimizga keltirib, ularni sanab chiqamiz.


mathwithbaddrawings.com

Ikkinchisida, siz oʻyin shajarasining hajmini, yaʼni birinchi yurishdan to oxirgisigacha yurishlar zanjirlari sonini berishingiz mumkin. (Koʻpchilik konfiguratsiyalar oʻyin shajarasida bir necha bor uchragani uchun, u satrlar fazosidan ancha katta).


mathwithbaddrawings.com

Endi, bu oʻyinni boshqa bir oʻyinga — shaxmatga almashtiramiz.


Mutaxassislarning fikricha, qoʻpol qilib aytganda, ikki xil oʻynash yoʻli bor.


Birinchisi, pozitsion oʻyin: oʻyinni boshqarib oʻzingizni ustun pozitsiyaga olib chiqish, figuralar bilan markazni boshqarish va shohni xavfsiz joyga yashirib qoʻyish. Bunda iloji boricha koʻproq figurani saqlashga harakat qilasiz. Oʻzingizcha shox-motlar haqida oʻylab oʻtirmang.


Ikkinchisi, kombinatsion oʻyin: nafis va zich ishlangan yurishlar ketma-ketligini qidiring (Irving Chernev aytganidek “Hayratlanarli zarbalar seriyasi”). Figuralar haqida qaygʻurmang. Aniq motlar va halokatli hujumlar uchun keragicha qurbon qiling.


mathwithbaddrawings.com

Yaqinda shuni tushundimki, shaxmatdagi bu ikki uslub taxminan ikki murakkablik oʻlchovlariga mos keladi.


Pozitsion oʻyinchilar satrlar fazosidagi qulay joylarni, yaʼni oʻzlari ustun deb hisoblagan tartiblarni qidiradi. Kombinatsion oʻyinchilar boʻlsa, oʻyin shajarasidagi ideal shoxlarni qidiradi. Oʻynashning ikkala yoʻli ham oʻziga xos oʻylash uslubi, oʻyinning yuqori darajali modelini oʻz ichiga oladi.


Bu darslar, menimcha shaxmatdan ancha tashqarida ham amal qiladi.


Yozish ham soʻzlarni toʻgʻri taxlash oʻyini. Siz pozitsion, yaʼni yaxshi material aniqlash va yigʻishga eʼtibor qaratib, ular bir-biriga mos kelish yoki kelmasligi haqida oʻylamaydigan yozuvchimisiz? Yoki kombinatsion, yaʼni kuchli taʼsirga erishish uchun mavjud materialdagi soʻzlar silsilasini sayqallab, oʻtkirlaydigan yozuvchimisiz?


(Men kombinatsion yozuvchi sifatida oʻsdim. Ammo bu samarasiz perfektsionizm koʻrinishida yuzaga chiqishi mumkin. Shuning uchun yaqin bir necha yildan beri pozitsion yozuvchi boʻlishga harakat qilyapman.)


Pazandachilikdachi? Balki siz muzlatgichini mazali masalliqlar bilan toʻldirib, ularni birlashtirganda mazali ovqat chiqishiga ishonadigan pozitsion oshpazdirsiz. Yoki ehtimol aniq va rejali retseptlardan foydalanadigan kombinatsion oshpaz boʻlishingiz ham mumkin.


(Men tabiatan pozitsion oshpazman. Ammo yaxshi retseptlar mening improvizatsiyalarim erisholmaydigan natijalarga erisha olishini bilaman, shuning uchun ham kombinatsion oʻyinimni kuchaytirishga harakat qilyapman.)


Yana bazm uyushtirish ham bor, uni mehmonlar kombinatsiyasi oʻyini desak boʻladi. Siz bir nechta qiziqarli insonlarni taklif qilib, bazmni qizdirishni ularning oʻziga qoʻyib beradigan pozitsion reja tuzasizmi? Yoki Professor Z davrasida X xonim Doktor Y bilan kelisha olishi kabi aniq shaxslararo dinamikaga eʼtibor beradigan, ehtiyotkor kombinatsion reja tuzuvchimisiz?


(Men, hmm… oxirgi paytlarda bazm uyushtirganim yoʻq… balki yaqinda uyushtirarman.)


Har qanday kombinatsion olam butunlay oʻrganib boʻlmaydigan darajada keng. Ammo oʻynashning turli uslublarini tizimlashni foydali deb topdim.


Muallif: Ben Orlin. Ushbu maqola mathwithbaddrawings.com saytidagi “Two ways to play chess. Also, two ways to live” nomli maqolaning tarjimasi.