Cho‘l hasharoti havodan suv olishda yordam bera oladimi?

Namibiya choʻl qoʻngʻizi Afrikaning janubi-gʻarbiy qurgʻoqchil sahrolarida omon qolish uchun havo, ya’ni tumandan suv yigʻadigan hasharot. Uzun oyoqli, qoramtir mitti hasharot o‘zining qabariq tanasini shamolga tutish orqali tumandan tomchilar toʻplab, qanotlaridan ogʻziga o‘tkazib icha oladi. Olimlar bir necha yillardan buyon suv tanqisligi mavjud hududlarni suv bilan ta’minlashda foydalanish uchun hasharotlarning bu kabi sirlarini oʻrganib keladi. Hozirda tadqiqotchilar guruhi hasharotda mavjud tuzilma uning tanasida suv toʻplanishiga qanday yordam berishi haqida ancha chuqurroq tushunchaga ega boʻldilar.


Namibiya cho‘l qo‘ngʻizi (Stenocara gracilipes) tumanda “isinganda” uning qorniga suv tomchilari urilib, tanaga dumalab oqib o‘tadi. Tadqiqotchilar hasharot suvni tanasining yuzasidan qanday qilib ogʻziga olib o‘tishini oʻrganishga o‘nlab yil sarf etdilar. Eng avval, qoʻngʻiz tomchilarni yigʻishi kerak. Ogoyodagi Akron universiteti fizigi Xanter King va uning jamoasi qoʻngʻiz havodan olishi mumkin boʻlgan tomchilar yigʻilishidan oldin qanday shakl va tuzilmada boʻlishiga diqqat qaratishdi. Tumanni tutib olish osondek koʻrinadi, “ammo uni ushlash uchun qoʻllaringizni yumsangiz, barmoqlaringiz orasidan chiqib ketaveradi, muammo — shunda”, — deydi Xanter King.


Uning jamoasi har xil yoʻnalishdagi notekis, quvursimon va silliq boʻlgan yuza toʻqimalarining 3D shaklini yaratib, tumanli havodan qancha suv chiqarib olish mumkinligini bilish uchun ularni maxsus havo tunnelida sinab koʻrdilar. Ular notekis yuzalar tumanni boshqalariga qaraganda yaxshi tortishini aniqlashdi. Yuzasida 1 millimetrlik shish qatlami bor shar silliqrogʻiga nisbatan qariyb 2,5 baravar koʻproq suv tomchilarini tutib qolar ekan. King mikroskop darajasida nima sodir boʻlayotganini tushunish uchun Urbandagi Illinoys universiteti, jonivorlar harakati mutaxassisi Mattia Gazzola va uning talabasi Fan Kiat Chenga murojaat qildi.


Gazzolaning laborotoriyasi gidrodinamikani modellashtirishga ixtisoslashgan. Ikkala tadqiqotchi birgalikda suv tomchilarida harakat qiluvchi turli xil gidrodinamik kuchlar yuza toʻqimasiga qay darajada koʻproq yoki kamroq yopishishini koʻrish uchun kompyuter modelini yaratdilar. Jamoa kashf etgan muhim omillardan biri bu yuzaning qanchalik “moylanganligi” edi. Agar suvning yupqa qatlami doimiy mavjud boʻlsa, tomchilarning unga yopishish ehtimoli juda kam edi. Yuzaning mikroskopik tuzilishi — mikrometr darajasida qanchalik silliq yoki dagʻalligi — bu ham tomchilar harakatiga taʼsir qilishi boʻyicha har yili Vashingtondagi Sietl shahrida boʻlib oʻtadigan Amerika fiziklari jamiyatining shu haftadagi uchrashuvida olimlar ushbu jamiyatning gidrodinamika boʻlimiga hisobot taqdim etishdi.


Chenning soʻzlariga koʻra, agar tadqiqotchilar qoʻngʻizning bunday xususiyatiga monand material yarata olsalar, muhandislar chodirlarda qoʻnim topadigan qochqinlar uchun suv toʻplash qurilmasini yasab berar, qurilma yordamida esa shamoldan suv tomchilarini olish mumkin boʻlar edi. Bu kabi materiallar havodan oʻzini suvga toʻldirib oladigan shisha idish koʻrinishida ham boʻlishi mumkin. Morokkoning Sahara kabi eng chetdagi qurgʻoqchil hududlarida odamlar tuman tushishini yillab tayyorlangan holda kutishadi. Ular suv yoʻlini toʻsib ortga, qishloqqa yoʻnaltiruvchi quvurga tushirish uchun toʻgʻonlardan foydalanadi. Biroq tuman tushish ehtimoli oʻta pastligicha qolayotganini bildirgan Chen shu kichik ehtimoldan olingan natija ham chanqoq aholi uchun harna ekanligini ta’kidlamoqda.


Tadqiqotchilar tarkibiga kirmaydigan, Virjiniya politexnika instituti hamda Bleksburg davlat universitetining biomexanik muhandisi Jonatan Boreykoning soʻzlariga koʻra, hasharotlarning bunchalik koʻp tumanni yig’a olishi katta harakatdir. Tadqiqotchilarning e’tiboriga sabab boʻlgani buning ulkan qadam ekanligini bildiradi. Boreyko qoʻngʻizlarga qarab yaratilayotgan texnologiya laborotoriyadan tashqarida qanchalik foydali boʻlishi hali noma’lumligini bildirgan. “Tadqiqotchilar oʻzlariga “Qoʻngʻizning amaliyotidan foydalanish suvga muhtoj odamlarga kerakli darajada suv yigʻa olishimizga yordam beradimi?” — degan savolni berishlari kerak”.


Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola → Cho‘l hasharoti havodan suv olishda yordam bera oladimi?