“Ular reyting ko‘rsatkichlariga emas, hayotda zarur bo‘lgan ko‘nikma va bilimlarni berishga e’tibor qaratishadi.”
Hech kimga sir emaski, ko‘plab davlatlarda zamonaviy ta’lim tizimi isloh qilinishi zarur. Bolalar o‘rta maktabni qanday qilib o‘zlarining oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishi, soliqlarni to‘lash yoki real hayotdagi ko‘pgina kundalik mashg‘ulotlarni bajarilishini tushunmasdan bitirmoqdalar. Ta’lim tizimining yagona maqsadi o‘zimiz va jamiyatimizni yaxshilashga yo‘naltirilgan ta’lim berishdan iborat bo‘lishi kerak. Lekin hozirda, aksincha, ta’lim bizga qanday qilib o‘ylash kerakligini emas, nima haqida fikr yuritish kerakligini o‘rgatyapti, xolos. Shu sababli o‘quvchilar faqatgina jamiyat hayotiga qanday aralashish va qanday singib ketishni bilib o‘qishni tamomlashyapti.
Ko‘plab bolalar ta’lim tizimidagi kamchiliklar juda chuqur ildiz otganligi sababli ham bu kamchiliklarni anglab ulgurmasdan maktabni tugatadilar. Ba’zi hollarda, hatto targ‘ibot va noto‘g‘ri ma’lumot bilan ham oziqlanadilar. Masalan, istalgan tarix darsligini ko‘rib chiqing: deyarli barchasida yevropaliklar Amerika tub aholisini ommaviy qirg‘in qilganliklari haqidagi ma’lumotlar qolib, ularning Shimoliy Amerikaga asos solganliklarini ko‘rasiz. Shu bilan bir qatorda, agar siz maktablarda yosh bolalarga o‘qitiladigan sut mahsulotlari yoki to‘g‘ri ovqatlanish piramidasiga e’tibor berib qarasangiz, uning sog‘liq uchun nima foydali ekanligini emas, balki nima ko‘proq moddiy foyda keltirishini aks ettirayotganini ko‘rishingiz mumkin.
freepik.com
Yaxshi xabar shuki, bu holat hamma mamlakatlarda ham ro’y berayotgani yo‘q va ba’zi davlatlar hatto ta’limga bo‘lgan yondashuvlarini o‘zgartirishga harakat qilishmoqda. Ta’lim sohasida ko‘p yillardan beri yetakchi bo‘lib kelayotgan Finlandiya esa hozirda o‘z ta’lim tizimini butunlay isloh qilish jarayonida. Finlandiya standart fanlardan voz kechib, o‘quvchilarga yanada yaxlit va fanlararo aloqalarni anglash orqali ilm olish imkonini beruvchi hodisalarga asoslangan ta’lim tizimini joriy etilish arafasida.
Hodisalarga asoslangan ta’lim nima?
Hodisalarga asoslangan ta’lim matematika va kimyo kabi fanlar orasidagi klassik bo‘shliqni bartaraf etadigan, ta’limga nisbatan mutlaqo boshqacha yondashuvga asoslangan o‘qitish tizimidir. Odatdagidek alohida fanlar o‘rniga, o‘quvchilar biror hodisa yoki tushunchani olib, unga bog‘liq bo‘lgan geografiya, tarix yoki iqtisod kabi har qanday boshqa fanlar doirasida tahlil qilib har taraflama o‘rganishadi.
Hodisalarga asoslangan taʼlim o’z veb-sahifasida quyidagicha izohlanadi:
Hodisalarga asoslangan o‘qitish va o‘rganish tizimi ta’lim jarayonida umumiy va real vaziyatlarni o‘qitishda bolalarning tabiiy qiziqishidan foydalanadi. Real hodisalarga asoslangan hayotiy vaziyatlar bolalarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini an’anaviy maktab fanlariga qaraganda ko‘proq oshiruvchi boshlang‘ich nuqta hisoblanadi. Hodisalar hayotiy vaziyatlarning ajralmas bo‘lagi sifatida yaxlitlikda o‘rganiladi va ular bilan bog‘liq ma’lumotlar va ko‘nikmalar fanlararo chegaralarni olib tashlagan holda o‘rganiladi.Ushbu hodisalar insoniyat, Yevropa Ittifoqi, ommaviy axborot vositalari va texnologiyalar, suv yoki energiya kabi yaxlit mavzulardir. Shuningdek, ta’limning bu turi o‘quvchilarga 21-asrning eng muhim ko‘nikmalari hisoblangan tanqidiy fikrlash, ijodkorlik, yangilik kirita olish, jamoa bo‘lib ishlash va aloqa o‘rnata olish kabi ko‘nikmalarni egallashga imkon beradi.
freepik.com
Shunday qilib, endilikda o‘quvchilar faqatgina fizika singari fanlar bilan alohida shug‘ullanishmaydi. Balki bitta mavzuga aloqador bo‘lgan bir qator fanlarni, asosan, fanlararo aloqa yondashuvini qo‘llagan holda o‘rganadilar. Masalan, o‘quvchilar turli tillar, mamlakatlar iqtisodiyoti, tarixi va geografiyasini o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan Yevropa Ittifoqini o‘rganishadi. Kelgusi haftada esa iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish orqali kimyo, atrof-muhitni o‘rganish, iqtisodiyot va siyosat kabi fanlardan o‘z bilimlarini oshirib borishadi.
O‘z navbatida, o‘quvchilar onlayn kurslar va sinfxona darslarini o‘z ichiga olgan darslar orqali bilim olganliklari sababli o‘qituvchi va o‘quvchi munosabatlari, o‘quvchilar, tengdoshlar va o‘qituvchilar o‘rtasidagi muloqot jarayoni ham keskin o‘zgaradi.Bu holatda o‘quvchilardan yanada ochiqroq gaplashish va ko‘proq fikr almashish talab qilinadi. Tuzilishi jihatidan ko‘proq guruh bo‘lib ishlashga asoslangan ta’limning bu ko‘rinishi an’anaviy “o‘qituvchi o‘quvchilarga dars beradi” degan tushunchadan juda farq qiladi.
Bundan tashqari, endilikda o‘quvchilarning o‘zlashtirishini baholash jarayonida o‘qituvchi va sinf rahbarlaridan tashqari, o‘quvchilar ham faol ishtirok etishadi. Bu holat o‘quvchilarning e’tiborini an’anaviy yozma imtihonlardan tashqari, testlar va natijalarga qaratishlari mumkinligi sababli uni yaxshi yangilik sifatida qabul qilyapmiz.
Maqolaning 2-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/4048
Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola: Finlandiya majburiy fanlardan xalos bo‘lgan birinchi mamlakat bo‘ladi (1-qism).