Daniel Amen 1976-yil Oral Roberts universitetini bitirib, koʻp oʻtmay taniqli psixiatrga aylanadi. Amen psixiatriya sohasida muhim izlanishlar olib boradi. Tibbiyot doktori oʻzining “Miyangizni boshqaring va hayotingizni oʻzgartiring” nomli asarida miyada sodir boʻladigan jarayonlarning inson xatti-harakati, hissiyoti va shaxsiyatiga taʼsiri toʻgʻrisida soʻz yuritadi.
U bemorlar miyasini skanerdan oʻtkazib, qayerda yuqori faollik kuzatilayotganini aniqlaydi. Uning fikricha, bu kuchlanish emotsional holat va shaxsiyatning izdan chiqishiga fiziologik sabab boʻlgan.
Tartibsiz neyron aloqalari surati. Manba: Gregadunn.com
Amen miyani funksional jihatdan eng muhim boʻlgan 5 boʻlimga ajratadi:
1. Chuqur limbik tizim. U hid bilish piyozchalari, gipotalamus (organizmning vegetativ funksiyalarini boshqaruvchi bosh poʻstloqosti markazi), bodomsimon tana kabi organlar guruhini oʻz ichiga oladi. Undagi gormonlar idrok va his-tuygʻularimizni, xotira va ishtahamizni shakllantiradi. Bu “prizma” orqali biz dunyoga boqamiz. Chuqur limbik tizim zoʻriqqanida tushkunlik sezamiz, boʻshashganida esa oʻzimizni yaxshi his qilamiz.
2. Bazal gangliyalar. Kulrang moddadan tashkil topgan poʻstloqosti tuzilmalari bazal gangliyalar (nerv tugunlari) hisoblanadi. Ular motor sohasi va tayanch harakat tizimini boshqarib, xavotir hissiga javob beradi. Ular faollasha borgani sayin, biz arzimas narsalardan ham tashvishlanadigan boʻlib qolamiz. Ularning faoliyati sekinlashganda esa qiziqish va shijoatimizni yoʻqotamiz.
3. Bosh miya qobigʻi. Bu kalla suyagi boʻshligʻida joylashgan miya sohasi boʻlib, fikrlash qobiliyatiga javobgardir. Bosh miya maromida ishlasha, puxta oʻylab, izchil harakatlanishga imkon beradi, uning faoliyati izdan chiqqan taqdirda, haddan ortiq taʼsirchanlik yuzaga keladi.
4. Belbogʻ pushtasi. Tafakkur jarayonining toʻxtovsiz harakati davriy cheksizlikni yodga soladi. Bunga belbogʻ pushtasining haddan tashqari faol ishlashi sabab boʻladi. Aynan u fikrlash qobiliyatining moslashuvchanligi uchun javobgardir. Belbogʻ pushtasi giperaktiv holatda fikrimizni muayyan nuqtada ushlab turishga undaydi. Tinch holatda esa eʼtiborimizni boshqa narsaga qaratishga imkon beradi.
5. Chakka sohalari. Ular miyaning bosh suyagi yon tomonlarida joylashgan ikkita qismi hisoblanadi. Koʻp yillar davomida mutaxassislar ularga kuchli qiziqish bildirmadi. Koʻpchilik chakka sohalari miya uchun oʻziga xos “yostiqcha” vazifasini oʻtasa kerak deb ishongan. Ammo soʻnggi tadqiqotlarga koʻra, ular boshqa bir qator vazifalarni ham bajaradi: tillar va hissiyotlarni aniqlash, vizual va tovushli maʼlumotlarni eslab qolishga yordam beradi. Mazkur funksiyalar chap va oʻng chakka sohalari oʻrtasida taqsimlangan. Ular ishdan chiqsa, xotira susayishi, asossiz tashvishlanish va bosh ogʻrigʻi yuzaga keladi. Ularning meʼyorida ishlashi turli xil maʼlumotlarni samarali qayta ishlashga imkon beradi.
Miya — “inson tabiatining kompyuterlashgan taʼminot tizimi”.
Amen oʻz izlanishlarida turli vaziyatlardan misollar keltiradi. Masalan, u er-xotin Bob va Betsi haqida hikoya qiladi. Psixoterapiya mashgʻulotlarida ular oʻtmishdagi xafagarchiliklarni eslab, janjallasha boshlaydilar. Amen suhbatni boshqa mavzuga burishga harakat qiladi, ammo bemorlar oyoq tirab turib oladi. Olti oy davom etgan samarasiz psixologik yordamdan soʻng, psixiatr Bob va Betsidan miya tekshiruvidan oʻtishni soʻraydi. Maʼlum boʻlishicha, muammo biologik sabab — belbogʻ pushtasi faolligining oshishi bilan bogʻliq ekan. Aynan u er-xotinga munosabatlarning ijobiy tomonini koʻrishga imkon bermaydi.
“Neyro-mushak birikuvi”. Manba: www.gregadunn.com
Shuningdek, vahima bilan bogʻliq holatlardan aziyat chekkan Marsh ismli ayol haqida soʻz yuritiladi. Psixolog maslahati unga yordam bermaydi. Kitob muallifi bilan uchrashgach, uning miyasi darhol skanerdan oʻtkaziladi. Aniqlanishicha, bemorda bazal gangliyasi oʻng tomonining faolligi oshgan boʻlib, uni faqat dorilar bilan davolash mumkin edi.
Amen Ariel ismli bemorini ham eslab oʻtadi. U uzoq vaqt davomida ogʻir salbiy oʻylar, motivatsiyaning yoʻqligi singari ruhiy tushkunlik alomatlarini boshdan kechirgan. Tekshiruv chuqur limbik tizimning giperaktiv holatda ekanini koʻrsatadi. Bu miyadagi kimyoviy jarayonlarning izdan chiqqanini anglatadi.
Uy sharoitida sogʻlom miya faoliyatini saqlab qolish mumkinmi? Psixiatrning bunga ishonchi komil:
Ijobiy insonlar bilan muloqot qiling. Hayotimizda uchraydigan har bir inson bizga tayanch yoki toʻsiq boʻlishi mumkin. Kishilar oʻrtasidagi oʻzaro uzoq muddatli muloqot limbik aloqalarni hosil qiladi va ular ruhiy salomatligimizga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Ortiqcha muammo sizga kerakmi? Agar biror kimning oldida oʻzingizni bezovta va noqulay his etsangiz, u sizning limbik tizimingizga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan boʻladi.
Salbiy fikrlar haqida oʻylamang. Oʻy-fikrlarimiz organizmimizga taʼsir koʻrsatishini anglab yetishimiz lozim. Fikr paydo boʻladi — miya kimyoviy bogʻlanishni yoʻlga qoʻyadi — miyaga elektr impulsi yuboriladi — oʻylayotgan narsamizni anglay boshlaymiz. Fikrlar sogʻligʻimizga taʼsir qiladi. Ijobiy fikrlaydiganlar bir tekisda nafas oladi, yuragi tinch uradi, kaftlari quruq boʻladi. Har qanday fikrni ijobiy yondashuv bilan boshlash zarur. Bu oʻrinda aynan shu tamoyil qoʻl keladi: yaxshilik haqida qancha koʻp oʻylasak, limbik tizim shuncha me’yorida ishlaydi.
Hayotiy maqsadlar va ragʻbatlantiruvchi omillarni belgilab oling. Hayotiy maqsad yoqtirgan mashgʻulotingiz bilan samarali shugʻullanishga imkon beradi. Buning uchun ragʻbatlantiruvchi omillar yetarlicha: eʼtirof, moddiy farovonlik, baxtli oila. Agar tanlagan ishingiz koʻlami oʻzingizga munosib boʻlsa, unga boʻlgan muhabbatingiz javobsiz qolmaydi. Maqsadga intilish diqqatimizni yaxshilab, bosh miya qobigʻining sogʻlom faoliyatini taʼminlaydi.
Sport bilan shugʻullaning. Sport mashqlari moddalar almashinuvini yaxshilaydi va uyquni mustahkamlaydi. Shuningdek, ular triptofan (“baxt gormoni” boʻlmish serotonin moddasi sinteziga taʼsir koʻrsatuvchi aminokislota) ishlab chiqarishga yordam beradi. Agar sport zallarida shugʻullanish maʼqul kelmasa, hech boʻlmaganda ertalablari uyda badantarbiya qiling.
Bosh jarohatlariga jiddiy eʼtibor qarating. Amen oʻz kitobida avtohalokatda miyasi chayqalgan Villi ismli kishi haqida hikoya qiladi. Odatda kelishuvchan va samimiy boʻlgan bu odam avariyadan soʻng asabiy va jizzaki boʻlib qoladi. Hatto boshqalarga zarar yetkazish haqida oʻylay boshlaydi. Amen Villining miyasini skanerlagach, paranoyaga sabab boʻlgan chap chakka sohasi va belbogʻ pushtasidagi giperaktivlik holatini aniqlaydi. Oʻz vaqtida boshlangan muolaja (antikonvulsant va antidepressantlarni qabul qilish) Villi va uning yaqinlari hayotini saqlab qoladi.
Psixolog yoki psixoterapevtga murojaat qilishdan qoʻrqmang. Muhtoj boʻlganingizda yordam soʻrashingiz lozim. Buning boshqa yoʻli ham bor. Krokodil (Timsoh) Dandi maslahatiga rioya qilgan holda, tashvishingizni yaqinlaringizga ayting, shunda ular muammoni hal qilishga koʻmaklashadi.
Miyelinizatsiya. Manba: gregadunn.com
Miya organizmni oʻz oʻyin qoidalariga boʻysundirsa-da, biz unga taʼsir koʻrsata olishimizni unutmaslik lozim. Diktatorni ittifoqchiga aylantirish oʻz qoʻlimizda.
Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Maqolada rassom va neyrobiolog Greg Dann suratlaridan foydalanildi. Havola → Miya – diktator.