O‘ZBЕKISTON MUSULMONLARI IDORASI – O‘zbekiston musulmonlariga rahbarlik qiluvchi diniy tashkilot. 1943 yil 20 oktabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari qurultoyida ta’sis etilgan. Hazrati Imom majmuasi tarkibiga kiradi. Dastlab Shayx Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon hovlisida ish boshlagan. 1956 yildan Baroqxon madrasasida faoliyat yuritgan. 1992 yildan Movarounnahr musulmonlari idorasi, deb yuritilgan. 1996 yildan hozirgi nomi bilan ataladi. U davlatdan ajralgan mustaqil tashkilot sifatida faoliyat yuritadi. Idora O‘zbekistondagi musulmonlar o‘rtasida diniy ishlarni boshqarib turadi, fatvolar beradi, masjidlarga imom-xatiblar tayinlaydi, diniy xodimlar tayyorlaydi. Moddiy jihatdan musulmonlardan masjidlarga tushadigan xayr-ehson, yordamchi xo‘jaliklar va boshqalar hisobiga ta’minlanadi. Idora rahbar organi – Oliy hay’at. Uning raisi muftiy hisoblanadi. Idoraning huquqshunoslik, xalqaro aloqalar, ta’lim va kadrlar tayyorlash, masjidlar va fatvo bo‘limlari bor. Toshkentdagi Imom Buxoriy nomidagi islom institutida (1971) va 9 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti (shulardan 2 tasi xotin-qizlar bilim yurti)da kadrlar yetishtiriladi. Idora muassisligida «Hidoyat» jurnali va «Islom nuri» gazetasi nashr etiladi. Idora tasarrufidagi «Movarounnahr» nashriyoti diniy adabiyotlar, diniy taqvim va boshqalarni chop etadi. Musulmonlar idorasi xorijiy mamlakatlardagi ko‘pgina diniy tashkilotlar bilan aloqa qiladi. Har yili 3,5–4 ming kishining haj safarini uyushtirishda faol ishtirok etadi. Idora o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunga rioya qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Din sohasidagi ma’naviy-ma’rifiy, ta’lim ishlarini va faoliyatini yanada takomillashtirishda ijtimoiy ko‘mak va imtiyozlar berish to‘g‘risida» 2003 yil 23 avgustdagi 364-son qaroriga asosan idora qoshida maxsus jamg‘arma tashkil etildi. U islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini asrash, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni diniy aqidaparastlik va ekstremizm xataridan himoya qilish, mamlakatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish hamda din sohasidagi ma’naviy-ma’rifiy va ta’lim ishlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Xalqaro Islom konferensiyasi tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha muassasasi ISESCO (AYSЕSKO) Toshkentni 2007 yilda Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilishi munosabati bilan Hastimomda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan keng ko‘lamda bunyodkorlik ishlari olib borildi, xususan, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi uchun yangi, zamonaviy muhtasham bino qurildi. Uning har bir xonasi eng zamonaviy ish qurollari va kompyuter texnikasi bilan jihozlandi.
Idoraga turli yillarda Eshon Boboxon Abdumajidxon o‘g‘li (1943–57), Ziyovuddinxon Boboxonov (1957–82), Shamsuddinxon Boboxonov (1982–89), Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (1989–93), Muxtorjon Abdullayev (Buxoriy) (1993–97), Abdurashidqori Bahromov (1997–2006) raislik qilgan. Hozirgi raisi (2006 yildan) Usmonxon Alimov.