Mir Alisher Navoiy haqida ma’lumot, hikmat va rivoyat

Nizomiddin Mir Alisher 1441 yilning 9 fevralida Hirotning Bog‘i Davlatxona mavzeyida,  temuriylar xonadoniga yaqin bo‘lgan davlat xizmatchisi G‘iyosiddin Bahodir oilasida tavallud topgan. Tarixchi Mirxond «Ravzatus-safo» asarida yozishicha, Amir Alisherning bobosi Amir Temurning o‘g‘li Umarshayx bilan emikdosh bo‘lgan. Quyida e’tiboringizga Alisher Navoiy hayotiga taalluqli ma’lumotlarni taqdim qilamiz.

Navoiyning ilmga bo‘lgan ishtiyoqi erta uyg‘onib, 4 yoshida maktabda ta’lim ola boshlagan. Navoiy hazratlari 7 yoshida Farididdin Attorning «Mantiqut-tayr» asarini yoddan bilganlar.

7 yoshli Nizomiddin Mir Alisher buyuk muhaddisimiz Buxoriy hazratlarining olti mingdan ziyod hadisi shariflarini yod bilgan. Mir Alisher 7-8 yoshlaridan boshlab g‘azallar yoza boshlagan.

Alisher Navoiy «muqarrabi hazrati sultoniy» («sulton hazratlarining eng yaqin kishisi») degan unvonni olgan. Unvon Navoiyga davlatning barcha ishlariga aralashish huquqini bergan.

Turkiy tilni qayta tiriltirgani Navoiyning ma’naviyatimiz uchun ulkan jasorati bo‘lgan. Zahiriddin Muhammad Bobur «Turkiy til bila to she’r aytibdurlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas», — deb yozsa, Husayn Boyqaro «Mir Alisher turk tilining o‘lik jasadig‘a Masih nafasi ila jon ato etdi» deb ta’kidlagan.

Alisher Navoiy o‘n besh-o‘n olti yoshlarida ham turkiy, ham forsiyda ijod qiladigan “ikki tilli” shoir sifatida tanilgan.

Alisher Navoiy o‘smirlik yillarida o‘zi sevgan shoirlarning 50 ming baytdan ortiq she’rlarini yod bilgan.

Alisher Navoiy turkiy tilda yozgan she’rlariga Navoiy, forsiy tildagi she’rlariga Foniy deb taxallus qo‘yadi.Shoirning forsiy she’rlar to‘plami “Devoni Foniy” deb nomlangan.

Navoiyning sevgilisi sifatida tasvirlanadigan “Guli” ismi faqat xalq og‘zaki ijodida, Navoiy haqidagi rivoyat va afsonalarda uchraydi xolos. Guli nomi Navoiyning hayoti haqida ma’lumot beruvchi yozma manbalarning hech birida uchramaydi.

Navoiy asarlarida Farhod – komil inson timsolidir. U bolaligidan ilmga chanqoq bo‘ladi va bir marta o‘qigani sira yodidan chiqmaydi. Farhod o‘n yoshga yetganda hamma ilmlarni egallab bo‘ladi.

Navoiy taxminan 18-19 yoshlarida Abdurahmon Jomiy bilan tanishadi. Jomiy uni ham farzand, ham shogird sifatida qadrlaydi.Keyinchalik bu ikki ulug‘ shoir o‘rtasidagi ustoz va shogirdlik munosabatlari yanada mustahkamlanib, ijodiy hamkorlikka aylanadi.

Samarqand Navoiyning hayoti va ijodida muhim ahamiyat kasb etadi. Alisher 1464 yilda Samarqandga keladi va bu yerda madrasada tahsil olib, ilm-fan, adabiyot va san’at bilan tanishadi.

1469 yili Navoiy do‘sti Husayn Boyqaroning taxtga chiqishi munosabati bilan 90 baytdan iborat “Hiloliya” qasidasini yozadi (“hilol” – yangi chiqqan oy).

Navoiy o‘z jamg‘armasi hisobidan Hirotda va butun Xuroson mamlakatida 300 dan ortiq inshootlar qurdirgan.

Alisher Navoiy 16 ta adabiy janrda ijod qilgan. Navoiy turkiy tilidagi ilk “Xamsani” 2 yil davomida yozadi. Dunyoning 64 tilga tarjima qilingan bu asar 51 ming misradan ortiq. Shoirning lirik merosi umumiy hajmi 50000 misradan ortiq «Xazoyinul-maoniy» nomli to‘rt devon (1491—1498)ga jamlangan.

Alisher Navoiy 1501 yil 3 yanvarda vafot etdi.Uni dafn etish chog‘ida maydalab yomg‘ir yog‘ib turgan edi. Buni tarixchi Xondamir “hatto tabiat ham motam tutdi” deya ta’riflagan.

Alisher Navoiyning 10 hikmati

Kishining odobi uning boyligidan yaxshidir.

Oxirat savobi dunyo rohatidan yaxshidir.

Til zarbasi – tish og‘rig‘idan kuchliroq.

Ko‘p toatdan–oz ma’rifat yaxshi, aqlli dushman axmoq do‘stdan yaxshiroqdir.

Yomon do‘st – shaytondir.

Til sukuti–inson salomatligi.

Seni yomonlikka boshlagan kishi dushmaningdir.

Kimki ko‘ngilni qattiq so‘z bilan jarohatlar ekan, unga achchiq til zaharli nayzadek sanchiladi.

Muloyim so‘z — vahshiylarni ulfatga aylantiradi; sehrgar — ohang bilan afsun o‘qib, ilonni inidan chiqaradi.

Ko‘p, bemaza so‘zlaydigan ezma — kechalari tong otguncha tinmay huradigan itga o‘xshaydi. Tili yomon odam — xalq ko‘nglini jarohatlaydi, o‘z boshiga ham ofat yetkazadi.

Navoiy haqida bir rivoyat


Alisher Navoiy hazratlari Samarqandda o‘qib yurgan kezlarida Buxoroyi sharifni ziyorat qilishni orzu qilibdilar. Samarqandda to‘xtab o‘tadigan karvonlarga qo‘shilib, bir guruh do‘stlari bilan Buxoroga yo‘l olibdilar.

Karvon yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, Karmanadan o‘tib «Malik rabot» karvonsaroyiga kelib to‘xtabdi. Yo‘lovchilar dam olib, tuyalar va otlarini sug‘oribdilar. Meshlarni to‘ldirib suv olibdilar. Karvonda ketayotgan Navoiy hazratlari yon-atrofidagi cho‘l-u sahrolarni kuzatib, o‘yga tolibdilar. Malik robot va Sardobani barpo etganlar ruhiga tilovat qilibdilar.

“Qani endi, mening Farhodlarim, Shirinlarim shu bepoyon sahrolarga kelib, shu joylarni obod qilsalar, suv chiqarib, bog‘-rog‘lar barpo qilsalar, imoratlar, yo‘llar, masjid madrasalar, shifoxonalar barpo etsalar, sahrolar o‘rnida go‘zal bir yurt bunyod bo‘lsa,” deb orzu qilgan ekanlar Alisher Navoiy. Oradan asrlar o‘tib, Xudoning marhamati va bobomizning iltijolari, xalqimizning mehnati evaziga tilovat o‘qilgan joylar bog‘-rog‘ga aylanib, shoir nomiga “Navoiy” deb atalibdi.

manba: erkak.uz