Matnlar to’plami

5-sinflar uchun

Nazokatli bo`lish fazilati

Qiz bolalarning yurish-turishi, gap-so’zi nazokatli, dilbar bo’lsin. Bundaylarga ortiqcha harakat, qo’pol qo’l siltashlar yarashmaydi.

Nazokat, dilbarlik deganda muloyimlik, nozik xatti-harakat, yumshoqlik tushuniladi. Qattiq gapirish, qattiq kulish, qo’llarini siltab, hammani o’ziga qaratib turish nazokatdan yiroqdir. Darhaqiqat, tili shirin, chehrasi gulgun qiz-ayollar o’z oilasining baxt-u saodati, ota-onasining faxri bo’libgina qolmay, o’z elining ko’rki hamdir.

Demak, qizlarda, ayol kishida, birinchi navbatda, aql-u farosat, idrok-u nazokat bo’lishi kerak. Ana shu bilan u past-balandni, achchiq-chuchukni, bor-yo’qni, oila sharoitini, imkoniyatlarni fahmlay oladi, idrok etadi, aql-hushi bilan ish yurgizib, kam-ko’stlarni bartaraf qiladi. Zotan, ayollarga xos bo’lgan o’lmas nazokat atrofdagilarga hamisha qanot bag’ishlab kelgani haqida hayotda misollar bisyor.

Nazokat hamisha mehr bulog’idan suv ichadi.


Musiqaning qudrati

Rivoyat qilishlaricha, Olloh yaratgan o’n sakkiz ming olam ichida eng g’aroyibi bo`lgan inson dunyoga kelar ekan, unga jon musiqa orqali singdirilibdi. Shundan buyon inson o’z hayotini musiqasiz tasavvur eta olmaydi. Zero, kuy-qo’shiq kishiga cheksiz estetik zavq berishi barobarida uning qalbida ajib his-tuyg’u uyg’otadiki, u insonni doimo ezgulikka chorlaydi. Shundan bo’lsa kerak, asrlar mobaynida ota-bobolarimiz farzand tarbiyasida musiqa ilmiga alohida e’tibor bilan yondashganlar. Zotan, musiqaga, kuy-qo’shiqqa yoshligidanoq oshno bo’lgan insonning hech qachon ko’ngliga adovat, qo’lidan yovuzlik kelmaydi.

Bugun bobolar tomonidan aytilgan ushbu fikrlarning naqadar haqiqat ekanligini respublikamizning turli musiqa dargohlarida tahsil olayotgan talaba-yoshlarning fikr-o’ylari misolida ham bilib olishimiz mumkin.



Do`stlikning oxiri

 Ikki oshna yoshlikdan birga o‘sdilar. Davr kelib ikkalasi ham o‘z baxtini izlab yo‘lga chiqsalar, ikki yo‘l uchraydi. Biri bir tomonga, ikkinchisi boshqa tomonga yo‘l oladilar.Ulardan biri shaharma-shahar yurib ilm-u hunar orttiradi. Ikkinchisi borgan shahrida podshoh saylash uchun uchirilgan semurg`  qush tasodifan uning boshiga qo`nib, shu shaharga shoh bo‘lib qoldi. Yillar o‘tib, do‘sti shu shaharga keladi. Har yerga qo‘yilgan shahar shohining rasmiga ko‘zi tushdi. Do‘stining iqbolidan shodlanib,uni ko‘rishga oshiqdi. Podshoh saroyiga borib, uning huzuriga kirdi. Podshoh uni tanib, tanimaslikka oldi. U kuyunib,yonib «Axir men sening do‘sting falonchiman-ku!» deb o‘zini tanitdi. Do‘stimning holidan xabar olay deb huzuringga kelgan edim», debdi-yu, yo`liga qaytibdi.


6-sinf uchun

TOSHKENT

Iqtisodiy geografik rayoni bir tomondan Farg‘ona vodiysi va Mirzacho‘lga tutashsa, ikkinchi tomondan mamlakatning xorijga chiqadigan asosiy “darvoza”sidir. Geografik o‘rnidagi qulaylik tufayli Toshkent 1930-yildan beri O‘zbekistonning poytaxti maqomida kelmoqda. Toshkent viloyati qishloq tumanlarining deyarli yarmi: Yangiyo‘l, Qibray, Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron tumanlarining xo‘jaligi ixtisoslashuvi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida poytaxtning ta’siri ustuvor hisoblanadi. Zero, u yirik shahar bilan tutash tumanlarda iqtisodiy-ijtimoiy o‘zgarishlar jadal kechadi.

Iqtisodiy geografik rayon hududi relyefning xilma-xil shakllaridan iborat. Bu sanoat uchun ham, qishloq xo‘jaligi uchun ham beqiyos qulayliklar yaratadi. Rayonning Chirchiq va Ohangaron vodiylari Sirdaryoga qadar 100—150 km dan ortiq masofada pasayib borishi sababli sun’iy sug‘orish uchun g‘oyat qulay. Chirchiq va Ohangaron daryolari tog‘lardagi yog‘in 500-700 mmdan to‘yinib, dalalarni sug‘orishdan tashqari elektr energiya olishda ham muhim rol o‘ynaydi. Iqtisodiy geografik rayon toza ichimlik suvi bilan yaxshi ta’minlangan.

Bedorlik

Har odamning gullagan fasli, ya’ni  umrning gurkiragan davri bo’ladi!                            Bu — yoshlik. Hayotimizning mazmun-mohiyati, to’lishimiz, meva berishimiz, ya’ni, bu dunyoi dunda Odam bo’lib tura bilishimiz, ildizimizning tiriklik zamiriga chuqur ketishi ana shu davrda, yoshlikda gullashimiz, qanday gullashimiz bilan bog’liq hodisa. O’smirlikning olov chog’larida dunyoni bilmoqqa intilish, jamiyatda shaxs bo’lib qolishga urinish eng ulug’ fazilat. Eskidan bir gap bor: «Yoshlikda o’rgangan ilm toshga o’yilgan yozuvdir».

Xullas, ilmli bo’lish, uyg’oqlikka yuz burish har kimning jamiyatdagi faolligi bilan uyg’unlashsa, yana ham yaxshi. Kechagi intilishlarimiz samarasi o’laroq, bugunimiz yorqinroq kechadi. Agar bugun tin olsak, beparvolik qilsak, ertamizning kechagidan ko’ra nursizroq bo’lishi tabiiy.

Qo`shiq dilni yayratar

Qo‘shiq — jon ozig‘i. Uni tinglaganingizda ruhingiz yengil tortadi, jon orom oladi. Buning asosiy sababi mazkur qo‘shiqlar xalqning jonli tilini o‘zida mujassam etgani, rang-barang xalqona iboralar bilan bezalib, ularning hikmat darajasiga ko‘tarilgani bilan izohlanadi. Tabiat va uning farzandi bo‘lmish inson ruhiyatidagi mushtarak jihatlar, ona tabiatdagi har bir o‘zgarishning odamlar kayfiyatiga ta’sir qilishi, kishilar o‘z hayotini tevarak-atrof hodisalari bilan chambarchas bog‘liq holda tasavvur qilishi bu qo‘shiqlarda yaqqol aks etadi. Agar e’tibor bersangiz, xalqimiz insonning tug‘ilishidan tortib, to bu dunyoni tark etish marosimigacha o‘z tuyg‘ularini mana shu qo‘shiqlar orqali ifoda etadi.

Bugungi kunda respublikamizning turli viloyatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan folklor ansambllari tomonidan o‘zlari mansub bo‘lgan hududga xos qadimiy qo‘shiqlarni qayta tiklash, ularga yangi-yangi jilvalar berib boyitish borasida samarali ishlar olib borilmoqda


Nazorat diktanti

      Bu diktant yaqinda yoki ilgari o’rganilib, mashqlar bilan mustahkamlangan qoidalarni o’quvchilar qay darajada o’zlashtirganliklarini aniqlash maqsadida o’tkaziladi. Nazorat diktanti asosan har chorak oxirida , ba’zan biror bo’lim o’tilgandan so’ng o’tkazilib, unga 2 soat ajratiladi. Bunda birinchi soatda diktant olinsa, ikkinchi soatda diktantda yo’l qo’yilgan xatolar ustida ishlanadi. Shu jihatdan nazorat diktantining ta’limiy ahamiyati ham katta.

     Diktant matnidagi so’zlar miqdorini belgilashda undagi barcha so’zlar hisobga olinadi. O’qituvchi diktant mavzusi va maqsadini hisobga olib, matndagi so’zlar miqdorini kamaytirishi yoki ko’paytirishi mumkin. Diktant matnidagi so’zlar soni quyidagicha bo’lishi mumkin.



Sinflar

    V


     VI


     VII


     VIII


   IX


So’zlar soni


100-110


110-120


120-150


150-170


170-200




          Diktantni baholash


      Diktantni baholashda quyidagicha mezon belgilanadi :

  “5“ ball : mutlaqo xatosiz yozilgan, qo’pol bo’lmagan bitta imlo yoki bitta ishorat xatosi bo’lgan diktantga qo’yiladi.

   “ 4“ ball :  ikkita imlo va ikkita ishorat xatosi bo’lgan diktantga qo’yiladi.Xatolar nisbati o’zgarishi mumkin,lekin ularning umumiy miqdori to’rttadan , imlo xato esa ikkitadan oshmasligi kerak.

    “3“ ball : to’rtta imlo hamda to’rtta ishorat xatosi bo’lgan diktantga qo’yiladi.Xatolar nisbati uchta imlo,beshta ishorat xato va boshqa ko’rinishlarda ham bo’lishi mumkin.Ammo imlo xato miqdori to’rttadan oshmasligi shart.

 “ 2” ball: yettitagacha imlo va shuncha ishorat xatosi bo’lgan diktantga qo’yiladi.

     Xatolar miqdori 15 tadan ortsa, “ 1 ” ball qo’yiladi.

     Eslatma.

Diktantdagi xatolar nisbatan turlicha ko’rinishda bo’lishiga qaramay , baholashda imlo xatolar miqdori asosiy chegara sanaladi.

2.Agar diktantdagi tuzatishlar miqdori beshtadan ortiq bo’lsa, baho bir ballga pasayadi.

3.Agar diktantda uch va undan ortiq tuzatish bo’lsa,   ” 5” ball qo’yilmaydi.



7-sinf

IJODIY BAYON MATNI

Munosib  farzand

 Inson o‘z xalqi oldidagi burchini ado etish  uchun, avvalo , unga munosib farzand bo‘lmog‘i lozim. Xalqning  obro‘- e’tibori hamma zamonlarda ham u tarbiyalagan farzandlarning kasb-hunari, bilimi, aql-idroki, ular qilgan kashfiyotlar, ko‘rsatgan jasorat va qahramonliklar bilan  o‘lchanadi. Xalqning yukini o‘z yelkasiga olgan odam hech qachon xor bo‘lmaydi, hamisha hurmat- izzat qozonadi. Aksincha, xalqning tuzini unutgan, unga xiyonat qilgan insonlar nech qachon niyatiga  yetolmaydi, albatta, bir kuni jazoga duchor  bo‘ladi.

 Ayniqsa, bugungi kunda  har bir xalqning obro‘- e’tibori faqatgina moddiy boyliklari bilan emas, birinchi galda, uning intellektual  va ma’naviy darajasi, sog‘lom va barkamol, yuksak iste’dodi, bilim va tafakkuri, zamonaviy kasb- hunarlarni egallagan farzandlari bilan belgilanadi. Shuning uchun mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlod tarbiyasiga katta ahamiyat berilmoqda.

 Qisqacha qilib aytsak, xalqimizning betakror fazilatlari- necha ming yillik taraqqiyot  yo‘li, u tarbiyalab voyaga yetkazgan buyuk insonlarning yuksak fazilatlari qalbimizda yuksak  g‘urur- iftixor uyg‘otadi. Biz mana shunday xalqqa farzand bo‘lganimizdan o‘zimizni g‘oyat baxtiyor his etamiz va hamisha uning nomini, sha’n-u  shrafini pok saqlashga intilib yashaymiz



E’tiborsizlik – millat fojiasi


Maktabda boshlang’ich sinf o’quvchilariga dars bo’lmoqda. O’qituvchi bolalarga qarata aytdi:

Sizga tarqatilgan qog’ozga xudodan nimani so’ramoqchi bo’lsangiz, barini yozing. Mazmuni, bexatoligi va husnixati eng yaxshi bo’lgan o’quvchiga ajoyib sovg’a beraman.

Ajoyib sovg’a ilinjida bolalar qog’oz qoralashga kirishib ketishibdi. Dars yakunida o’qituvchi yozilgan insholarni yig’ib olibdi va o’z sumkasiga solib qo’yibdi.

O’qituvchi uyiga kelib, kechki ovqatdan so’ng bolalarning ijod mahsullarini o’qiy boshlabdi. Bir inshoni o’qib tugatibdi-yu, ko’ngli buzilibdi. Boshqa qog’ozlarga yuzlanmabdi ham. Shu ahvolda birmuncha muddat o’tiribdi. Shu payt xonaga eri kirib kelibdi. Ayolini xafa holatda ko’rib ajablangan er vaziyatga izoh talab qilibdi. O’qituvchi qo’lida mahkam tutib olgan varaqni eriga uzatibdi va “O’qib chiqing” debdi. Qog’ozda quyidagilar yozilgan edi: “Men xudodan bir narsani so’rayman. Uyimizda televizorimiz bor. Men o’sha televizorga aylanib qolishni istayman. Mening ham uyimizda o’z o’rnim bo’lishini, hammaning e’tiborida bo’lishni xohlayman. Meni doim eshitishsa, gaplarimni bo’lishmasa deyman. Ota-onam ishdan charchab kelgan bo`lishlariga qaramay, menga hamisha vaqt ajratishsa, men bilan birga bo’lishsa deyman”.

Er inshoni o’qib bo’lib, baland ovozda debdi:

Bunga chidab bo’lmaydi. Ota-ona degani ham shunaqa bo’ladimi? Nahotki, o’z farzandidan ozgina vaqtini, ozgina e’tiborini qizg’ansa!

Ayol yosh to’la ko’zini eriga tikib, dardchil ohangda debdi:

Bu insho bizning o’g’limizniki, dadasi.

          (160 so‘z)



Tabiat bilan oshnolik

Xalqimizda tabiatni muhofaza qilishga oid juda ko‘p odatlar bor. Lekin keyingi paytda bunday odatlarga kamroq ahamiyat beriladigan bo‘lib qoldi. Shunday odatlardan biri suvga bo‘lgan hurmatdir. Ilgarilari kichik ariqcha yuzlab xonadonlardan oqib o‘tar va uni hech kim iflos qilmas edi. Qo‘l yuvish kerak bo‘lsa, ariqdan suv olib, undan uzoqroqda yuvilar edi.

Hozirgi vaqtda shahardagi ba’zi ariqlar ahvoliga bir nazar tashlang: axlat to‘kilganini, chiqindi iflos suvlar oqizib qo‘yilganini ko‘rasiz. Ko‘pincha ko‘chalarda turli xil moy, iflos qo‘shilgan oqova suvlari ham ariqlarga tushib, sasib yotadi. Yosh kelin — qizlarga hovli, ko‘cha va uy oldilarini erta bilan suv sepib supurish odat. Lekin ba’zi ko‘p qavatli uylarining podyezdlariga kirganingizda oyoq qo‘ygani toza joy topilmaydi.

“Yaxshidan bog‘ qolar”, degan maqol bor. Xalqimizda qadim — qadimdan daraxt ekish, bog‘ qilish odati mavjud. Farg‘ona vodiysida o‘g‘il farzand tug‘ilganda 10 ta terak ekish odati bo‘lgan. O‘g‘il balog‘atga yetguncha, bu teraklar ham o‘sib, uy-joy qurish uchun yaroqli bo‘lib qolar edi. Hozirgi vaqtda daraxt ekish yana odat tusiga kirib bormoqda. Har yili bahorda ко’chat ekish oyligi o‘tkazilmoqda.

Yana bir yaxshi odatlardan biri qushlarga in qurish. Hozir ko‘pchilik maktablarda erta bahorda bolalar qushlarga in qurish oyligini o‘tkazishadi.

Har yili mart oyida umumiy shanbalik o‘tkazish ham odat tusiga kirib qoldi.

8-sinf

Ishonch


Katta tog‘ tizmalaridan biriga burgut uya qurgan edi. Uning uyasida esa to’rtta katta burgut tuxumlari bor edi.

Kunlarning birida zilzila bo‘lib, burgutning uyasi larzaga kelibdi va tuxumlardan biri tog‘ etagidagi vodiyda joylashgan tovuq fermasiga dumalab ketibdi. Tovuqlar dumalab kelgan tuxumning burgutniki ekanligini bilishar edi, shunga qaramay, uni panohlariga olib, bu tuxumdan polapon ochib chiqarish kerak degan fikrda edilar. Shunda keksa tovuqlardan biri mas’uliyatni o‘z bo’yniga olib tuxumni kerakli muddatda bosib yotishga qaror qildi.

Shunday qilib, tuxum yorilib, ichidan sarvqomat burgut bolasi chiqdi. Afsuski, burgut tovuqlarday o’sishi kerak edi. Tez orada, burgut o’zining tovuqdan boshqa narsa emasligiga ishona boshladi. U o‘z uyini va oilasini sevar edi, lekin ich-ichidan ko’proq narsaga qodir ekanligini his qilar edi.

Bir kuni u fermada o’ynab yurar ekan, samoda o’ziga o’xshagan bir necha qushlarning uchib yurganini ko’rdi. “Oh, — dedi yosh burgut xo’rsinib, — men ham shu qushlarday ucha olaman”. Bu gapga javoban barcha tovuqlar uning ustidan kula boshlashdi: “Sen tovuqsan, tovuqlar hech qachon bunday ucha olmagan, senga ham, yo’l bo’lsin!”

Burgut samoga termulishda davom etar, har gal uchishni orzu qilganida oilasi tomonidan qaytarilar edi. Buning natijasida unda parvoz qila olishiga bo’lgan ishonch kun sayin so’nib borardi. Alaloqibat, u burgutlik orzusidan voz kechib, tovuqlarday yashashga ko’nikib qolibdi.


Ona mehri


G’arb davlatlaridan birida istiqomat qiluvchi bola onasidan nafratlanar edi. U bilan birga yurishdan uyalar edi. Chunki uning bir ko’zi yo’q edi. Oilasini boqish uchun onasi u o’qiydigan maktabda oshpazlik qilar edi.

Kunlarning birida ona o’g’li o’qiydigan sinfga kiribdi. Bundan achchiqlangan bola o’ylab o’tirmasdan onasiga baqira ketibdi: “Nega mening sinfimga kirdingiz? Meni uyatdan o’ldirdingiz-ku!” Shundan so’ng onasi boshi egik holda chiqib ketdi-yu, o’rtoqlari uning ustidan kula boshlashdi. Afsuski,“Nima bo’lgandayam u sening onang» deydigan odam topilmadi.

Bu holdan qattiq achchiqlangan bola uyga kelgach, onasiga yanada ko’proq zahrini sochdi: “Mening sinfimga kirishga qanday haddingiz sig’di. O’rtoqlarim oldida meni bir pul qildingiz-ku!” Onasining javob gaplarini bola eshitmas, aslida, uning tuyg’ulari bilan zarracha bo’lsin qiziqmas edi.

Yillar o’tib, bola tinimsiz mehnati evaziga katta shahardagi o’qishga ketdi. U yerda uylanib bola-chaqali bo’libdi. Onasi esa bolasini sog’inibdi. Qolaversa, nabiralarini ham hali ko’rmagan edi. Shu sababli o’sha katta shaharga o’g`lini izlab boribdi. Afsuski, o’g’lining uyiga kirish unga xursandchilik baxsh etmabdi. Nabiralari bir ko’zi yo’q ayolni ko’rib qo’rqib ketishibdi, yigit ham nega mening bolalarimni qo’rqitasiz, nega mening uyimga ruxsatsiz keldingiz deb onasini haydab yuboribdi. Boyaqish ona uzr so’ragan holda uydan chiqib ketibdi.

Oradan yillar o’tib, bola o’z qishlog’iga, sinfdoshlar yig’ilishiga chaqirilibdi. Xotini va bolalarini uyga tashlab o`zi qishlog’iga  boribdi. Oyoqlarini uyi tomon tortibdi. Yo’q, onasini sog’inganidan emas, qiziqishmi, nimadir uni shunday qilishga undabdi. Uyiga borib qarasa, atrof odamlar bilan gavjum: onasining janozasi bo’layotgan edi. O’g’lining kelganini eshitgan qo’shni ayol unga onasi berib ketgan maktubni yetkazibdi. Maktubda shunday satrlar bitilgan edi:

“Senga doimiy uyat manbayi bo’lganimdan juda ham xafaman. Sinfdoshlaring yig’ilishiga kelishingni eshitib juda ham sevindim, lekin seni ko’rgani bora olmayman, balki seni boshqa ko’ra olmasman ham. Bilasanmi, yoshligingda falokat sababli ko’zingni yo’qotgan eding. Shunda men bir ko’zimni senga bergan edim. Dunyoni mening ko’zlarim orqali ko’rayotganingdan faxrlanaman…

Onang”.

 

Nafs bandalari

 Bir otaning uch o`g`li bore di. Kunlaridan bir kuni uch aka -uka safar qildilar. Cho‘l-biyobonlardan o‘tib borar ekanlar, yo‘lda bir ko‘zani topib oldilar. Ko‘zaning ichi oltin bilan to‘la edi. Kutilmaganda qo‘lga kirgan boylik  aka-ukalarni cheksiz xursand qildi. Bu xazinani uchga barobar taqsim qilaylik , har kim o‘z hissasiga rozi bo‘lsin, deb bir qarorga keldilar.

 Oltinlarni taqsim qilishdan oldin, ovqatlanib , biroz dam olmoqchi bo‘lishdi.  Bularning kenjasi ovqat  keltirish uchun  o‘sha yerga yaqin qishloqqa qarab ketdi. Ovqat kutub o,tirgan akalarning niyati buzildi.  Katta aka o‘rtancha ukasiga dedi:

 -Kenjamizni nega oltinga sherik qilamiz, uni o‘ldirib, oltinlarni o‘zimiz taqsim qilib olsak bo‘lmaydimi?

 Ukasi uning so‘zini ma’qulladi. Kichik uka kelishi bilan uni o‘ldirishga qaror qildilar.

 Ovqat keltirishga  ketgan kichkina ukaning ham niyati buzildi. U ham ikki akasini o‘ldirib, hamma oltinlarni o‘ziga qoldirmoqchi bo‘ldi. Shu maqsadda u ovqatga zaxar aralashtirdi, uni kutib turgan akalarining xuzuriga keltirib qo‘ydi.

  Akalari darhol uni yiqitib, boshini tanasidan judo qildilar. Kichik ukani o‘ldirib, xotirjam bo‘lganlaridan keyin, o‘tirib ovqatni yaxshi ishtaxa bilan yedilar.ko‘p vatq o‘tmadi, o‘tkir zaxar o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, har ikkisi ikki tarfga cho‘zilib jon berdi.

   Shunday qilib ochko‘zlik, dunyoga hirs bog‘lagan uch aka-ukani halokatga yetkazdi.




Tuya bergan dars


Bir kuni sichqon tuyaning yuganidan ushlab, uni o‘zi bilan ergashtirib keta boshlabdi. Tuya muloyim jonivor emasmi, indamay, to’dasiga ham bildirmay sichqonning ortidan yurib boraveribdi. Bundan kibrlangan sichqon: “Men Alpomishday yigit ekanman-ku, shunday katta tuyani sudrab ketyapman-a”,                           — debdi. Garchi tuya sichqonning bu fikridan xafa bo’lgan bo‘lsa-da, payt poylab, unga hali dars berib qo’yarman, degan o‘y bilan yo’lda davom etaveribdi.

Sichqon kibr bilan, tuya sukut bilan yo‘l yura-yura soy bo’yiga kelib qolishdi. Sichqon suvni ko’rgach to‘xtab qoldi. U qo’rquvdan oqarib ketgan edi. Voqeani kuzatib turgan tuya sichqonga sezdirmaslikka harakat qilib shunday dedi: “Ey, tog’larda, vodiylarda yuganimdan ushlab, menga yo‘l ko’rsatuvchi sohibim, nega to’xtab qolding. Sen mening yo’lboshlovchimsan, sen yursang, ortingdan men ham yurar edim».

Sichqon ortga tisarilib dedi: “Bu suv juda ham chuqur, juda ham katta. Men bu yerda cho’kib ketaman-ku’’.

Suv tuyaning tizzasi bo’yicha kelar edi. “Eee, shu tizza bo’yi keladigan suvdan qo‘rqyapsanmi?” — deya tuya sichqonning ustidan kula boshladi.

Tizza bilan tizzaning farqi bor. Senga chumoliday tuyulgan narsa bizga ajdarhoday tuyuladi. Sening tizzangdagi  suv bizning bo‘yimizni 10 marta ko’madi.

Unday bo’lsa, sen o’zingga o’xshagan sichqonlar bilan bo‘y o’lchash. Tuyalar bilan bo‘y o’lchashaman deb, yosh umringni xazon qilma.

 

 

Insoniy ehtiyojlar

Inson moddiy va ma’naviy ehtiyojlar bilan tirik. Uning vujudi moddiy olam qonuniyatlari bilan yashasa, qalbi va ongi, shuuri ma’naviy olam qonuniyatlari bilan nafas oladi. Masalan, ovqat yeyish, badan tarbiyasi bilan shug‘ullanish — moddiy olam qonuniyatlariga bo‘ysunish alomati.  O‘ylash, fikrlash, ishonish, zavqlanish, go‘zallikni sevish – bularning  barchasi ma’naviy olam qonuniyatlaridan dalolatdir. Mukammal inson bo‘lish uchun ham moddiy, ham ma’naviy olam qonuniyatlari asosida yashash lozim bo‘ladi. Buning uchun odam o‘zidagi moddiy va ma’naviy ehtiyoj hamda mayllarni boshqara olishi zarur.

Demak, inson hayotining mohiyatini tashkil etadigan moddiy va ma’naviy ehtiyojlarni bir-biridan ustun qo‘yib bo‘lmaydi. Qayerda moddiy intilish kuchayib ketsa, odamlar ma’naviy qiyofasini yo‘qota boshlaydi, ular  o‘rtasida o‘zaro hurmat, go‘zallikni qadrlash, haqiqatga ishonch kabi fazilatlar yo‘qoladi. Aksincha, faqat ma’naviy intilishlar bilan ham yashab  bo‘lmaydi. Chunki bunday hayot odamlarning moddiy taraqqiyotdan orqada qolib ketishiga, maktab, kutubxona, teatr, muzey kabi ilm-ma’rifat  maskanlari qurishga mablag‘ to‘plamay, oxir oqibatda ruhiy jihatdan qashshoq bo‘lib qolishga olib keladi.



An’analar – ma’naviy merosimiz

O‘zbek xalqining paydo bo‘lish tarixi necha ming yilliklarga borib taqalsa, uning an’analari, urf-odatlari, marosimlari ham shunchalik teran tarixiy ildizga ega. Ular millatning ma’naviy-ruhiy ehtiyojlari zamirida paydo bo‘lib, shakllanib, sayqallanib, o‘z mazmunida shu xalqning orzu-o‘ylari, istaklari, axloq normalarini mujassam etadi. Bugungi avlod ularni ko‘z qorachig‘idek avaylab-asrab, yanada taraqqiy ettirmog‘i, kelgusi nasllarga ma’naviy qadriyat sifatida yetkazmog‘i ham qarz, ham farzdir.

Darhaqiqat, an’analar, urf-odatlar, marosim va bayramlar xalqning, millat ma’naviyatining ajralmas qismi. Istiqlol yillarida Prezidentimizning sa’y-harakatlari tufayli jamiyatni ma’naviy yuksaltirish, milliy qadriyatlarimizni tiklash, ularning umrboqiyligini ta’minlash borasida juda katta g‘amxo‘rliklar qilinmoqda. Xalqimiz mustaqillik sharofati bilan o‘zligimizni namoyon qiladigan an’ana-larimiz, urf-odatlarimizni. qaytadan tiklab, ularni mazmunan boyitish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

 

7-sinf

Ijodiy bayon

Ezguliklarning boshi — yaxshilik

Kunlaridan bir kuni bir bola otasining yoniga kelib debdi:                                                      -Otajon, menga doimo dushmanlik nazari bilan boqib, zarar yetkazib yurgan bir odam bor. Men unga hech bir yomonlik qilmagan bo‘lsam ham,u rayimda yuradi, xatto meni o‘ldirish uchun fursat kutadi. Kecha u dushmanimning juda past bir jar yoqasida uxlab yotganini ko‘rdim. Agar uyqusirab bir yondan ikkinchi yonga ag‘darilsa yoki qattiqroq tovush chiqarib uyg‘otilsa, turishga harakat qilib jarga qulab tushishi mumkin edi. Men tovush chiqarmasdan, sekingina yurib uning yoniga bordim. Juda ehtiyotlik bilan uni ushlab, asta sekin o‘z tomonimga torta boshladim. Ancha beriga kelib xavf-hatardan qutilgandan keyin ruhim ko‘tarildi, shodlanib yo‘limda davom etdim .

Otasi o‘g‘lining bu go‘zal ishidan, oliyjanobligidan shodlanib ko‘ziga yosh oldi, uni quchoqlab, yuz-ko‘zidan o‘pib:

-Bor bo‘l, o‘g‘lim, yasha, umring uzoq bo‘lsin! Mukofotimni olishga sen haqlisan, chunki dunyoda eng ulug‘ fazilat yomonlikka yaxshilik qilishdir, — deb qimmatli uzugini o‘g‘lining barmog‘iga kiygizdi, uning haqiga duo qildi.


 

Mehr-muhabbat ulashish fazilati


Bir kuni donishmanddan odamlarni sevuvchilar yoki uni faqatgina tilida gapiruvchilar orasida qanday farq borligini so‘rashibdi. Shunda donishmand: “Keling, sizga ularning farqini amaliyotda ko’rsatay”, — deb dasturxon hozirlabdi.

Sevgi tilidan qalbiga yetib bormaganlarni eng avval dasturxonga chaqiribdi. Dasturxonga ovqat keltirilgach, donishmand mehmonlarga uzun qoshiq beribdi. Qoshiq shu darajada katta ediki, u bilan ovqat yeyish imkonsiz edi. Shu sababli ham taomlar og’izga yetib bormay, to’kilib- sochilib ketar edi. Mehmonlar ming qiyinchilik bilan ovqatni yeya olmay dasturxondan turib ketishibdi.

Shundan so’ng donishmand dasturxonga yuzlaridan nur yog’ilib turadigan, sevgi qalblarining tubidan joy olgan insonlarni dasturxonga taklif qilib, ularga ham shunday uzun qoshiqlarni beribdi. Bu galgi mehmonlar qoshiqlarda bir-birlariga ovqat yedirishar edi. Shunday qilib, ularning har biri qorinlarini to‘yg‘azib, donishmandga o’z minnatdorchiliklarini bildirib, dasturxondan turib ketishibdi.

Ko’rdinglarmi, — debdi donishmand, — kim faqat o’zini o’ylasa, hayot dasturxonida ham faqat o’z qornini o’ylaydi va dunyodan och o’tadi; kim do’stini o’ylasa, o’zi ham do’sti tomonidan to’ydiriladi. Shubhasiz, bu dunyoda sevgisini, muhabbatini bo’lishib yashaganlar muvaffaqiyat qozonadi.















Mehmondo`stlik – ulug` fazilat

Odamlar orasidagi o‘zaro mehr-muruvvatning ibratli jihatlaridan biri mchmonnavozlikdir. O‘zbek xalqi asrlar davomida o‘zining mehmondo‘stlik udumlarini asrab kelmoqda. Zero, kimningdir uyiga mehmon kelishi — yaxshilik belgisi, mehr-oqibat, o‘zaro iliqlik, insoniylik ramzi. Mehmon bilan birga uyga rizq-ro‘z, hamdardlik, osoyishtalik kirib keladi, ko‘ngilsiyohliklar, gina-kudurat unutiladi, qarindoshlar o‘rtasida totuvlik mustahkamlanadi.

Mehmon kutish kishilarda saxiylik, xushmuomalalik sifatlarini tarbiyalaydi, xasislik, xudbinlik, manmanlik illatlarini bartaraf etadi. Mehmon kirgan uyga yangi kayfiyat, yangicha ruh, do‘stlik kirib keladi. O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning:

Do‘st bilan obod uying,

Gar bo‘lsa u, vayrona ham,

Do‘st qadam qo‘ymas ekan,

Vayronadir koshona ham,- degan satrlari xalqimiz mentalitetidagi noyob fazilatni -o‘zbek xonadoni eshiklari do‘stlar uchundoimo ochiq ekanini ifodalaydi.

Xalqimiz “ Mehmon kelsa eshikdan, rizqi kelar teshikdan” der ekan, odamlarni bag‘rikeng bo‘lishga, bu dunyoga hamma o‘zining rizqi bilan kelganiga ishora qiladi. Mehmonning shu fazilati uchun ham kelgan kishining ostiga yangi ko‘rpachalar yoziladi, ohorli idish-tovoqlarda taom tortiladi. Qo‘ni-qo‘shni ham chaqirilib, dilbar suhbatlar quriladi.

Albatta, har bir xalqning mehmon kutish udumlari turlichadir. Lekin bizning xalqimiz qaysi millat bo‘lishidan qat’i nazar, eshikdan kelgan odamning hurmatini joyiga qo‘yib kutub oladi, lazzatli taomlar bilan siylaydi. Mehmondo‘st o‘zbek xalqi azaldan uyiga kelgan kishini ochiq yuz bilan kutib olishga odatlangan.



8-sinf

Ijodiy bayon

Yaxshilik va yomonlik


Qizil tanli keksa cholning uyi oldida ikki bo’ribosar it urishishar edi. Chol nabirasi bilan birga ularni tomosha qilib o’tirishardi. Itlardan biri oq, ikkinchisi esa qora edi. O’n ikki yoshli bolakay esini taniganidan beri shu ikki it bir-biri bilan olishishardi. Bola fikrlay oladigan yoshga yetganda, uning xayolida uyni qo’riqlashga bitta it yetarli-ku, nega bizda ikkita it bor. Nega ularning rangi biri oq, biri qora, degan savollar paydo bo’la boshlabdi.

Bir kuni bolakay bobosidan bu savollarga javob berishni so’radi. Bobosi unga:

Bu itlar menga ikki narsani ifodalaydi.

  Nimani ifodalaydi?

Yaxshilik va yomonlikni. Yaxshilik bilan yomonlik shu itlar kabi ichimizda doimo kurashib turishadi. Ularni ko’rib men shuni o’ylayman. Shu sababli ham yonimdan ayirmayman.

Bola shu yerda bolalarcha fikrlab, kurash bor joyda g’olib ham bo’lishi kerak, degan o’yda bobosidan ularning qaysi biri g’olib chiqishini ham so’radi.

Bobo nabirasiga jilmayib: “Qaysi birini ko’proq boqsam, o’sha g’olib chiqadi”, -deb javob qaytaribdi.

 

Har narsaning boshi ilm

Ilm ko‘ngil ko‘zini ochadi, nodonlik va qorong‘ulikni yo‘qotadi, ulug‘ darajaga yetkazadi. Ilm olimlarning ziynati, odamlarning hurmati bo‘lib, bitmas-tuganmas davlatdir.

Ilmi ko‘p odamlarga ko‘ra ilmim oz deb uyalmang, balki bilish, o‘rganishga iltifot qilmasligingizdan, hafsalasizligingizdan uyaling. Mana bunisi aybdir.

Har vaqt ilm-hunarga muhabbat qo‘ying, o‘rgatilgan narsalarni yodingizdan chiqarmang, ilm -hunar o‘rganishga chin ixlos bilan kirishing, yoshligingizni bekorga o‘tkazmang.

Ilm-hunar o‘rganish ish bo‘lsa ham, yomon niyat bilan o‘rganilsa, go‘zalligi yo‘qoladi. Ilm o‘qib katta mansab egasi bo‘laman, molu-mulkim ko‘payadi degan niyat bilan ilmga kirishmang, bu niyatni ко’nglingizdan chiqaring, ilm o‘rganishdan maqsad mansab egallash, boylik orttirish emas, balki olim bo‘lib, jamiyatga manfaat etkazishdir. Buni esingizdan sira chiqarmang.

O‘qib olim bo‘lganingizda ilmingiz bilan maqtanib, boshqalarni ko‘zga ilmay mutakabbir  bo‘lib yurmang, olim odam kamtar, muloyim, tavozeli bo‘ladi, ilmi bilan sira ham maqtanmaydi. Kecha-kunduz fikri-zikri xalqqa foyda yetkazish bo‘ladi.



GO’ZALLIK NIMADA?

Insonning aziz-u mukarram qilib yaratilgani ayon haqiqat va uning murakkab, tushunarsiz mavjudot ekanligi ham sir emas. Shu sababli bani bashar o’z hayotida ko’p qoqinadi, aksar yaxshilig-u yomonliklar ichida surinadi. Mirzakalon Ismoiliy bu nozik masalalar tegrasida nazokat va tabiiylik bilan qalam tebratadi. Binobarin, inson Olloh tomonidan yaratilgan jamiki suvrat-u siyratlarning mukammali ekan, u shunga monand ravishda fe’l-atvorga, go’zallikka ega mog’i lozim, lekin go’zallik deganda nimani tushunamiz? Shahlo ko’zlar, tiniq chehra-yu la’li lablar mutanosibligimi? Yoki chiroyli kiyim-bosh, qimmatbaho taqinchog’u bezaklarnimi? Menimcha, go’zallikning o’z qonunlari, qoliplari bor. Yuqorida sanalgan narsalar bilan «chiroyli odam» bo’lish mumkin, lekin «go’zal inson» bo’lish uchun esa uni odamiylik fazilatlari to’ldirishi kerak. «Go’zallik ham bamisoli daraxt. Yaprog’i — axloq, ildizi — ichki dunyo,

mevasi — yaxshi fazilat. Xulosa qilib aytganda, odam bolasidagi go’zallik tabiat ato qilgan husn-jamoldan tashqari, yana eng yaxshi xulq-atvorni, insondagi eng yaxshi fazilatlarni o’z ichiga olgan odamiylikdan iboratdir. Mana shunda go’zallik insonga husn beradi. Bu xil go’zallik yaproqlarsiz, ildizlarsiz qurishi muqarrar bo’lgan daraxtga sira-siao’xshamaydi, qurimaydigan, o’lmaydigan, boqiy go’zallikdir, — deydi.