“Farhod va Shirin”da boshqa obrazlar
Dostonda Mehinbonu, Farhod otasi Xoqon, Shopur, Bahrom va shunga o’xshash timsollar ham borki, ular asosiy qahramonlarning faoliyatini qo’llab-quvvatlaguvchi ijobiy timsollar sifatida tasvirlanadi. Ana shulardan biri bo’lgan Shopur haqida quyidagilar yozilgan:
Hunar bobida ustodi zamona,
Zamona ichra naqqoshi yagona.
Varaqni kilki aylar chog’da tasvir,
Bo’lub noyib manobi kilki taqdir.
Ne surat yozg’ali topib chu dast ul,
Jahonni aylabon suratparast ul…
Qalam ahlig’a oning tarhi dastur,
Jahon ahli debon otini Shopur…
Guzin Farhodg’a bexavfu kulfat,
Bo’lub Shopur ila ul nav’ ulfat-
Ki, onsiz bir dam o’lg’och istab oni,
So’rub dardu muhabbat dostoni.
Shunday qilib, Farhod Shopur timsolida o’ziga munosib do’stni ko’rib, umri oxirigacha u bilan birga bo’ldi.
Ammo dostonda Xusrav , Sheruya singari salbiy timsollar ham borki, ular qattiq qoralanganlar. Buning sababi esa ularning xatti-harakat va qilmishlari ezgulik, osoyishtalik, obodonlikka qarshi bo’lib, insonlarni komillikka intilishlariga g’ov bo’lganliklaridadir. Farhod, Shirin, Mehinbonu va minglab odamlarning o’limiga sabab bo’ladilar. Oxirda esa Xusrav o’z o’g’li Shero’ya tomonidan o’ldiriladi, Shero’yani esa Farhodning do’sti Bahrom mag’lubiyatga uchratadi.
Demak , Alisher Navoiy tasvirida zolimlik yengiladi, adolat tantana qiladi.
Shunday qilib, Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostoni o’zbek dostonchiligi tarixida alohida mavqyega ega bo’lgan badiiy yodgorliklardan bo’lib, unda ulug’ shoirning komil inson haqidagi konsepsiyasi o’zining badiiy ifodasini topgan. Shuning uchun u juda ko’p tillarga, jumladan tojik, turk, rus, gruzin hamda Yevropa xalqlari tillariga tarjima qilingan.