Lyuksemburg buyuk gersogligi

Maydoni: 2 586,4 kv.km.

Aholisi: 500 mingdan ortiq.

Poytaxti: Lyuksemburg shahri.

Tuzumi: konstitutsiyali monarxiya.

Davlat boshligʻi: buyuk gersog.

Maʼmuriy tuzilishi: 3 ta okrugga, okruglar 12 ta kantonga boʻlinadi.

Yirik shahri: Lyuksemburg.

Mamlakatdagi nisbatan yirik shaharlar: Esh (aholisi oʻttiz mingga yaqin) va Dyudelanj (aholisi oʻn toʻqqiz mingga yaqin).

Pul birligi: yevro.



Jugʻrofiy oʻrni. Gʻarbiy Yevropada joylashgan. Janubda Fransiya, gʻarbda va shimoli-gʻarbda Belgiya, sharqda Germaniya bilan chegaradosh. Shimoliy chegaralarini Mozel daryosi yuvib turadi. Mamlakat nomi “kichik shahar”, “kichik qoʻrgʻon” maʼnosini bildiruvchi olmoncha “lucilinburch” soʻzidan kelib chiqqan.

Lyuksemburg hududi past-baland tekisliklardan iborat. Shimolga tomon Arden togʻ tizmasi tarmoqlari yuksalib boradi. Eng baland nuqtasi Knayf qirida – 560 metr. Eng past nuqtasi Zauer daryosining Mozel daryosiga quyilish joyida – 132 metr. Oʻlkadagi daryolar Reyn havzasi tarkibiga kiradi.

Iqlimi moʻtadil, Atlantika ummoni taʼsirida. Janubga yillik 800 mm., shimolga 1200 mm.gacha yogʻin tushadi.

Yerlar yaxshi oʻzlashtirilgani va aholi zichligiga qaramay, mamlakat hududining asosiy qismini oʻrmonlar egallagan.

Tarixi. Miloddan oldingi VI-I asrlarda hozirgi Lyuksemburg hududiga gallar kelib oʻtroqlashdi. Milodiy V asrda esa franklar kirib keldi. Oʻrta asrlarda mamlakat franklarning Astraziya qirolligi, keyinroq Rim imperiyasi va Lotaringiya gersogligi tarkibiga kirdi. 963 yili oʻlka hududida Lisilinburg (“Kichik qalʼa”) nomli qoʻrgʻon bunyod etildi. Bu Lyuksemburg davlatining tamal toshi boʻldi. 1060 yildan Lyuksemburg graflikka, 1354 yildan esa gersoglikka aylandi. Biroq 1443 yili Rim imperiyasi qiroli Sigizmundning nabirasi Yelizaveta fon Gyorlits Lyuksemburgni Burgundiya gersogi Filipp III ga topshirishga majbur boʻldi. 1477 yili mamlakat Gabsburglar sulolasi hukmronigi qoʻl ostiga, keyinchalik Ispaniya hukumati boshqaruviga oʻtdi. 1679-1684 yillarda Fransiya qiroli Lyudovik XIV Lyuksemburgni bosib oldi, lekin 1697 yilda uni Ispaniyaga boy berdi. XVIII-XIX asrlarda mamlakat juda koʻp janglar, notinchliklarni boshdan kechirdi. Uning masalasini koʻpincha yirik davlatlar hal qildi.

Birinchi jahon urushida Lyuksemburg betaraflik yoʻlini tutdi, shunga qaramay Germaniya uni bosib oldi. 1919 yili hukumat respublika Jamiyat himoyasi qoʻmitasiga oʻtdi, biroq koʻp oʻtmay fransuz qoʻshinlari yordamida monarxiya tuzumi qayta tiklandi.1940 yili Germaniya mamlakatni ikkinchi marta egalladi va 1944 yilgacha hukmronlikni qoʻlda saqlab turdi. Lyuksemburg ozodlikka erishgach, Belgiya va Niderlandiya bilan iqtisodiy ittifoq (Benilyuks) tuzdi. 1949 yili NATOga qoʻshildi va betaraflik siyosatidan voz kechdi.

1945 yildan BMT aʼzosi. 1991 yil 31 dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligini tan oldi va 1992 yil 10 iyunda elchilik munosabatlarini oʻrnatdi. Milliy bayrami – 23 iyun – Buyuk Gersog tugʻilgan kun (1921).

Iqtisodi. Yevropaning turmush darajasi yuqori eng boy davlatlaridan biri. Yevroittifoqning koʻp idoralari Lyuksemburg shahrida joylashgan. Qulay shart-sharoit va ofshor tartibi poytaxtda mingga yaqin sarmoya jamgʻarmalari, 200 dan ortiq bank faoliyat yuritishiga zamin yaratgan. Shahar banklar soni boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turadi. Mamlakat aholi daromadlari boʻyicha dunyoda toʻrtinchi oʻrinni egallaydi.

Iqtisodiyotining asosini xizmatlar sohasi, ayniqsa moliya xizmatlari tarmogʻi tashkil etadi. Telekommunikatsion tarmoqlar qurish va audio-video uskunalar ishlab chiqarishga ham katta eʼtibor qaratilgan. Kimyo mahsulotlari, turli dastgohlar, plastmassa, matolar, oyna va chinni ishlab chiqariladi. Yangi korxonalarning koʻpchiligi AQSHning yirik firmalariga tegishli. Mahalliy aholining koʻp tillarda soʻzlasha olishi chet ellik sarmoyadorlar jalb etuvchi katta omillardan biri.

Temir qazib olish, temir va choʻyanni qayta ishlash mamlakat yalpi ichki mahsulotining oʻn foizini tashkil etadi. Isteʼmol qilinadigan energiyaning deyarli barcha qismi, jumladan, neft, tabiiy gaz va toshkoʻmir sotib olinadi.

Lyuksemburgning tashqi savdolari Belgiya tashqi savdolariga bogʻlangan. Uning xalqaro pul muomalalarini Belgiya milliy banki tashkil etadi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning aksariyat qismi chetga sotiladi, uning uchdan birini temir va tayyor mahsulotlar tashkil etadi.

Sanoat yuksak darajada rivojlangan boʻlsa-da, oʻlka qishloq xoʻjaligida qoramolchilik, bogʻdorchilik, uzumchilik kabi anʼanaviy sohalar yetakchilik qiladi. Ayniqsa, Mozel daryosi yoqasidagi uzumzorlar dunyoga mashhur.

Aholisi. Aholining asosiy qismi lyuksemburgliklardan iborat. Ular oʻzlarini “lyotseburger” deb ataydi. Bu millat vakillari Italiya, Germaniya, Fransiya va AQSHda ham yashaydi. Umumiy soni 473 ming kishi, Lyuksemburgda yashaydiganlarning soni 285 ming nafar. Hind-yevropa tillar oilasining german guruhiga mansub lyuksemburg tilida soʻzlashadi.

Rasmiy tillari: lyuksemburg, fransuz va olmon tillari.

Dini. Nasroniylikning katolik, pravoslav, protestan, anglikan yoʻnalishlariga va yahudiylik diniga eʼtiqod qiluvchilar bor. Nasroniylarning asosiy qismi katolik yoʻnalishida, ular aholining 69 foizini tashkil etadi.

Islom diniga eʼtiqod qiluvchilar nisbatan kamchilik. NATO maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda toʻrt mingdan ortiq musulmon bor. Oʻtgan asrning 70-yillarida aholi orasida musulmonlar juda kam edi. Oʻsha paytda ular uch yuz kishinigina tashkil etgan, xolos. 1990-yillarning oʻrtalariga kelib bu koʻrsatgich uch mingga yetdi. Yugoslaviya parchalanib, mamlakatdagi vaziyat notinch boʻlib qolgach, juda koʻp bosniyaliklar vatanlarini tashlab ketishga majbur boʻldi. Ularning hisobiga ham Lyuksemburg musulmonlari soni ortdi.

XX asrning oltmishinchi yillarida Lyuksemburgda Islom dini deyarli yoyilmagan edi. Musulmonlar jamoasi qoʻshni mamlakatlardan kelgan muhojirlar hisobiga shakllandi. Hozir Lyuksemburgda oltita masjid faoliyat yuritadi. Ular jami oʻn mingdan oʻn ikki minggacha namozxonni oʻziga sigʻdirishi mumkin. Lyuksemburgdagi “Mamer” masjidi binosidan Islomiy-madaniy markaz ham oʻrin olgan.

Norasmiy maʼlumotlarga qaraganda, hozir Islom dini mamlakatda eʼtiqod qiluvchilar soni boʻyicha katolitsizmdan keyingi ikkinchi oʻringa koʻtarilgan.


Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

oriftolib.uz


“Hidoyat” jurnalining 2014 yil 4-sonida chop etilgan.