Dogʻiston Respublikasi

Maydoni: 50 270 kv.km.

Aholisi: uch million kishi.

Poytaxti: Mahachqala shahri.

Tuzumi: respublika (Rossiya Federatsiyasi subʼyekti).

Davlat boshligʻi: prezident.

Maʼmuriy tuzilishi: 42 ta tumanga boʻlinadi.

Yirik shaharlari: Maxachqala, Darband, Xasavyurt.

Pul birligi: rossiya rubli.



Jugʻrofiy oʻrni. Dogʻiston janubda Ozarboyjon, janubi-gʻarbda Gurjiston, gʻarbda Checheniston, shimoli-gʻarbda Stavropol oʻlkasi va Qalmiqiya Respublikasi bilan chegaradosh. Hududning shimoldan janubgacha oʻrtacha uzunligi 400 km., gʻarbdan sharqqacha uzunligi esa 200 km. atrofida. Dogʻiston shimoli va markazida moʻtadil-kontinental va quruq, janubda – Kaspiy dengizi sohili va Kasbiyboʻyi pasttekisliklarida subtropik chala quruq iqlim hukmron.


Tarixi. Hozirgi Dogʻiston hududi, ayniqsa, oʻlkaning togʻli yerlari tarixiy adabiyotlarda turlicha atalgan. Baʼzan nom qoʻshni elatlarga nisbatan olinan boʻlsa, baʼzida hududni zabt etgan fotihlar unga oʻz tillarida nom qoʻyib olishgan.

Ayrim tarixchilar “Togʻlar oʻlkasi” maʼnosini beruvchi qadimgi “Albaniya” mamlakati Dogʻiston ekanini taʼkidlaydi. Arab tarixchisi X asrda bu oʻlkani “Ard as-sarir”, yaʼni “Podsholik mamlakati” deb atagan. Gurji tarixchilari esa Dogʻistonga “Leketiya” deb nom beradi. “Dogʻiston” nomining oʻzi XVII asrdan maʼlum, u turkiycha boʻlib, “Togʻlar oʻlkasi” degan maʼnoni anglatadi.

Dogʻiston hududida odam paleolit davridan boshlab yashab keladi. Miloddan oldingi 1-ming yillikning oxirlarida Dogʻiston aholisi Ozarbayjon hududida vujudga kelgan yirik davlat – Kavkaz Albaniyasi fuqaroligiga oʻtgan. Milodiy III asrda janubiy Dogʻistonni sosoniylar bosib olgan. IV asrga kelib Kaspiy sohillarini xunnlar egallagan. 664 yili Dogʻistonni arablar fath etgan. VI – XI asrlarda poytaxti Xunzax boʻlgan Sarir podsholigi hukmronlik qilgan. Ushbu podsholik XI-XII asrlarda inqirozga yuz tutgach, poytaxti Qozi Qumux boʻlgan Shamxal musulmon qirolligi tashkil topadi. 1239-1240 yillarda oʻlkani moʻgʻullar bosib oladi. XIV asrga kelib Dogʻiston hududi Temuriylar saltanati tarkibiga kiradi. XVI asr oʻrtalarida markazlashgan rus davlati tashkil topgach, Rossiyaning Dogʻistonga qiziqishi oshdi. 1722 yili Pyotr I qoʻshinlari Dogʻistonning dengiz sohillarini bosib oldi. 1735 yilgi Ganja shartnomasidan soʻng bu joylar Eronga topshirildi. 1813 yili Guliston sulh shartnomasiga binoan Dogʻiston Rossiya qaramogʻiga oʻtdi. Ammo podsho hukumatining mustamlakachilik siyosati togʻliklarning qoʻzgʻolonlariga sabab boʻldi. XIX asrning 30-yillarida togʻliklarning mustamlakachilikka qarshi milliy ozodlik harakati boshlandi. Harakatga Dogʻiston va Checheniston imomlari – Gʻozi Muhammad, Hamzatbek va Shomil rahbarlik qildi. 1817 – 1864 yillardagi Kavkaz urushlari natijasida qoʻzgʻolon bostirildi.


1917 yil 1 dekabrda Petrovsk-Portdagi mitingda Shoʻro hokimiyati oʻrnatilgani eʼlon qilindi. Ammo 1918-1920 yillarda nemis-turk qoʻshinlari va oq gvardiyachilar hududni bosib oldilar. 1920 yil mart oyida qizil armiya kuchi bilan Dogʻistonda yana Shoʻro hokimiyati tiklandi.

1920 yil 13 noyabrda Dogʻiston xalklarining favqulodda qurultoyida bolsheviklarning tazyiqi bilan Shoʻro muxtoriyatini tuzish haqida qaror qabul qilindi. 1921 yil 20yanvarda Butun Rossiya MIK dekreti bilan RSFSR tarkibida Dogʻiston ASSR tashkil qilindi. Shu davrdan to 1991 yil maygacha Dogʻistondagi iqtisodiy taraqqiyot, maorif, fan va madaniyatning rivoji bir yoqlama yoʻldan bordi. 1991 yil maydan oʻlka Dogʻiston Respublikasi deb nomlandi. 1994 yili Dogʻiston Respublikasi konstitutsiyasi qabul qilindi. 2006 yili Muxu Aliyev Dogʻistonning birinchi prezidenti etib tayinlandi.

Iqtisodi. Sanoat mahsulotining 80 foizi oziq-ovqat, mashinasozlik, yengil sanoatga toʻgʻri keladi. Iqtisodiyotida elektr energetika va neft chiqarish, qurilish materiallari, kimyo sanoati ham muhim rol oʻynaydi. Eng yirik elektr stansiyalari – Chiryurtov GES, Gergebil GES va Chirkey GES. Tabiiy gaz qazib olinadi. Qurilish materiallari ishlab chiqarish, kimyo va oziq-ovqat sanoati rivojlangan. Toʻqimachilik, tikuvchilik, koʻn-poyabzal sanoati ham bor. Dogʻiston gilam toʻqish va zargarlik bobida qadimdan mashhur. Qishloq xoʻjaligida bogʻdorchilik, tokchilik va gʻalla yetishtirishga ixtisoslashtirilgan. Chorvachilikda qoʻychilik asosiy oʻrinni egallaydi. Koʻproq goʻsht-jun beradigan qoʻylar boqiladi.

Temir yoʻllar uzunligi 435 km, avtomobil yoʻllari uzunligi 9600 km. Havo transporti Maxachqalani boshqa shaharlar bilan bogʻlaydi. Maxachqala yirik dengiz porti hamdir.


Aholisi. Dogʻistonda tugʻilish yuqori darajada, shu sababli mamlakat 2002-2010 yillarda aholi soni boʻyicha Rossiyaning juda koʻp yirik oʻlkalarini orqada qoldirdi. Hozir Dogʻiston Rossiya subʼyektlari ichida aholi soni boʻyicha 13 oʻrinda turadi.

Mamlakatda koʻp sonli xalq va elatlar yashaydi. Shu sababli 14 ta tilga davlat tili maqomi berilgan. Avarlar (29,4 foiz), darginlar (16,5 foiz), qoʻmiqlar (14,2 foiz), lezginlar (13,1 foiz) nisbatan koʻpchilikni tashkil etadi.

Dini. Aholisining asosiy qismi – toʻqson besh foizi musulmonlar. Shuningdek, pravoslav nasroniylari, yahudiylar ham bor.

Oʻlkaga musulmonlar – savdogar va harbiylar VII asrdayoq kelgan. Darbandda Rossiyadagi eng qadimgi masjid saqlangan. U VIII asrda qurilgan. Dogʻistonliklar sharq xalqlari bilan mustahkam savdo aloqalarini oʻrnatgan. Bu hududdan topilgan juda koʻp musulmon tangalari shundan dalolat beradi. Dogʻistonda Islom dini sekin-asta va tinchlik yoʻli bilan tarqalgan.


Orifjon Madvaliyev


2011