Qiziqarli va ibratli ertaklar ODAMLAR haqida
Bahodir tabib
Bor ekan-u, yo‘q ekan, qadim-qadim zamonda, juda olis tomonda, baland tog‘lar etagidagi kichkina bir kulbada Bahodir ismli bola bobosi va buvisi bilan yashar ekan. Bahodir yashaydigan shaharda vabo kasali keng tarqalgan bo‘lib, otasi va onasi shu kasalga chalinib vafot etgan ekan. Buvasi uni erkalab, Bahodirtoy, deb chaqirarkan. Ammo bu baxtli kunlar ham uzoq davom etmabdi. Avvaliga buvisi, keyin buvasi qazo qilibdi. Bahodir bir o‘zi qolibdi.
Kunlarning birida ko‘chada bir qariya bilan uchrashib qolibdi. Qariyaning qo‘lida tor ko‘rib, uni uyiga mehmonga taklif qilibdi. Uy deyarli bo‘sh bo‘lib, katta sholchaning ustida ikkita ko‘rpa va ikkita yostiq bor ekan. Tokchada eskirgan idish-tovoqlar, devorda dutor osig‘liq turganmish. Dutor buvasiniki ekan. Demak, bola musiqani sevadi, o‘ylabdi mehmon va unga kuy chalib beribdi. Bola kuyni diqqat bilan tinglabdi. Keyin o‘zi shu kuyni dutorda ijro etibdi. Unga dutor chalishni buvasi o‘rgatgan ekan. Mehmon bilan bola suhbatlashib, kuy chalib, tunni bedor o‘tkazishibdi.
Qariya suhbat orasida o‘zini, tabib Muhammadaliman, deb tanishtiribdi.
– Qishlog‘ingga bir tabib kerak ekan. Kasallar ko‘payib ketibdi. Agar rozi bo‘lsang, senga davo sirlarini o‘rgataman, qishloqdagi kasallarni davolaysan, – debdi, nonushtada.
– Roziman, – javob beribdi, bola xursand bo‘lib. – Qishlog‘imizda tabib bo‘lmagani uchun ko‘p odam dardiga davo topolmay dunyodan o‘tib ketgan ekan. Otam meni katta bo‘lganimda shifokor bo‘lishimni vasiyat qilgan ekan. Buvam aytib bergandilar.
– Unda eshit: sening yoningga shifo uchun kelgan odamlarni ajratmaysan, hech narsa ta’ma qilmaysan. Uyingning eshigini hech qachon tambalamaysan.
Tabib unga olti oy tibbiyotdan saboq beribdi. Bahodirtoy tabiblikni ancha o‘zlashtirib olibdi. Katta tabib kichik tabibga tez-tez kelib xabar olib turishga va’da berib ortiga qaytibdi.
Bola shu kundan boshlab tabiblikka kirishibdi. Tog‘ yonbag‘rida va hatto tog‘ tepasida o‘sadigan giyohlarni yig‘ibdi. Daraxtlarning mevasi-yu, bargi, o‘t-o‘lanlar, ularning ildizlarigacha kavlab, shifobaxsh dori, malhamlar tayyorlabdi. Bir kuni qo‘shnisi kirib tez-tez isitmasi chiqayotganidan shikoyat qilibdi. Bola uning qo‘liga malham tutqazarkan, “buni tanangizga surtasiz, yana har kuni uch mahal ikkitadan olma yeysiz,” – deb tayinlabdi. Ikki-uch kun o‘tib qo‘shnisi sog‘ayibdi. Buni eshitgan boshqa bemor qo‘shnilar ham uning yoniga dardlariga davo istab kela boshlabdi. Qarabsizki, yosh tabibning ishi kundan-kunga ko‘payibdi. U har tong ustozi o‘gitiga amal qilib toqqa chiqib ketar, o‘simlik va giyohlar, daraxtlar mevasi, bargi va ba’zilarining ildizini kavlab olib kelib, ulardan shifobaxsh dorilar tayyorlarkan. Tushdan keyin esa kasallarni qabul qiladigan bo‘libdi.
Shu qishloq oqsoqoli qizining yuziga dog‘ tushib, tabiblar uni davolay olmayotgan ekan.
– Sening jigaring og‘ribdi. Uni davolash uchun anjirning xomidan har kuni to‘yguningcha yeysan va men uning bargidan tayyorlab beradigan malhamni har kech yotishdan avval yuzingga surtasan, – debdi Bahodir, uni ko‘zdan kechirgach.
– Pishganini yemayman-ku, xomini qanday yeyman, – debdi qiz chiroyli jilmayib.
– Taning sog‘, yuzing chiroyli bo‘lishini istasang, aytganlarimni bajarasan, – debdi yosh tabib qat’iy.
Bir oy deganda qizning yuzidagi dog‘dan nom-nishon qolmabdi.
Yosh tabibga ixlosi oshgan qizning dadasi o‘g‘li haqida ham gap ochibdi. U tog‘dan yiqilgach, oyog‘i ishlamay, yotib qolgan ekan.
Bola musiqaning ham kishilar salomatligiga yaxshi ta’sir qilishini bilgani uchun va’da qilgan kuni qo‘lida dutor ko‘tarib kelibdi. Qizga sho‘x-sho‘x kuylar chalib beribdi. Shu vaqt sirli voqea sodir bo‘libdi. Ichkarida yotgan qizning akasi ular oldiga o‘z oyog‘i bilan yurib kelibdi va yosh tabibdan kuyni yana bir marta chalib berishini so‘rabdi. Eshitib bo‘lgach, yig‘lab takror-takror chaldiribdi. Shunda yosh tabib yigitdan musiqaga bunchalik mehr qo‘yganligi sababini so‘rabdi.
– Men tez-tez tog‘ cho‘qqisiga chiqib turardim. Kunlarning birida cho‘qqida burgut hujum qilib qoldi. Men o‘zimni arang chetga oldim. Qush uchib ketdi. Shu payt bir kuy yangradi, qarasam ro‘paramda 12 yoshlardagi bir qiz dutor chalib turibdi. Qiz kuyni chalib tugatishi bilan boyagi burgut yana paydo bo‘ldi. Men undan qochaman, deb pastga dumalab ketdim. Qo‘l-oyoqlarim sindi. Keyin bilsam, qiz burgutning tutquni ekan. Maqsadim, o‘sha qizni qutqarish, ammo oyoqlarim pand berdi, – debdi u xo‘rsinib.
Yosh tabib yigitni davolashga kirishibdi. Ular aka-ukadek inoq bo‘lib ketishibdi. Kun ketini kunlar quvlab, oradan oylar o‘tibdi.
Bir kuni Bahodir dori-darmon tayyorlash uchun kerak bo‘ladigan mevalar, o‘t-o‘lanlar yig‘ish niyatida tog‘ cho‘qqisiga ko‘tarilayotganda, yigit tepasida ulkan burgut aylana boshlabdi. Qo‘rqib ketgan tabib yonginasidagi g‘orga yashirinibdi. Qaysi ko‘z bilan ko‘rsinki, g‘orda do‘sti hikoya qilgan qiz o‘tirganmish. Salom-alikdan so‘ng bilsa, qiz burgut ta’qibidan qochib, shu g‘orga yashirinib olgan ekan.
Burgut ko‘zdan yo‘qolgach, yosh tabib qizni pastga – tog‘ yonbag‘riga olib tushib, do‘stiga topshiribdi. Oqsoqolning o‘g‘li qizni ota-onasi huzuriga qaytaribdi.
Shunday kunlarning birida katta tabib qishloqqa tashrif buyuribdi. Ustoz va shogird uzoq suhbat qurishibdi. Ustoz chakmonini yechib, shogirdiga, endi sen chinakam tabib bo‘lding, deb oq fotiha beribdi.
Bahodir tabib qishloq oqsoqoli qiziga uylanibdi. Qishloqda kattagina shifoxona quribdi. Buni qarangki, shifoxonada yotishga bemor topilmay qolibdi.
Chunki yosh tabib hamqishloqlarini dorivor giyohlar bilan oshno qilib qo‘ygan ekan-da.
Dehqon va Jin
Qadim zamonlarda Baliqko‘l tomonlarda bir Jin bo‘lgan ekan. Kunlarning birida uning xojasi olamdan o‘tib, Jin ozodlikka chiqibdi. U hech qachon mustaqil, ozod yashab ko‘rmagan ekan. Endi nima qilsam ekan, yo o‘zimga boshqa xo‘jayin topsammikan, deb ketayotib dalada mehnat qilayotgan dehqonga duch kelibdi. U terlab-pishib yer chopayotgan ekan. Jinning dehqonga rahmi kelib:
– Odamlarga qiyin ekan-a, dehqon bobo. Bir parcha non topib, qornini to‘ydirish uchun ertani erta, kechani kecha demay ter to‘kishadi, – debdi.
– Mehnat sen o‘ylaganingday mashaqqat emas. Sen ham mehnat qilib non yeganingda uning qanday shirin bo‘lishini bilarding. Mehnatning tagi rohat, deydilar. Ishonmasang, buni o‘zing sinab ko‘rishing mumkin, – debdi dehqon.
Jin qiziqib qolibdi. Dehqon meni laqillatayotgan bo‘lmasin tag‘in, deb sinab ko‘rish uchun baliq ovlamoqchi bo‘libdi. Bir aylanib odam qiyofasiga kiribdi-da, bozordan to‘r sotib olib, daryoga boribdi. Umrida baliq ovlab ko‘rmagan Jin mashaqqat bilan to‘rtta zog‘ora baliqqa ega bo‘libdi. Biroq u tutgan balig‘ini pishirishni bilmabdi. Yana dehqonning oldiga boribdi. Ular ikkovlashib o‘tin terib, baliqni olovga tutib pishiribdi. So‘ng uni o‘rtaga qo‘yib, birga ovqatlanishibdi.
– Oh, bunchalar shirin yemak bo‘lmasa. Avval sira bunday mazali baliq yemagan edim. Chindan ham, mehnat qilib topilgan narsa totli bo‘larkan. Sen meni aldamabsan. Endi doim nonimni mehnat qilib topaman, – debdi dehqondan minnatdor bo‘lib Jin.
– Chunki mehnat qilganingda harakatda bo‘lasan, qoning yurishadi. Harakat qilgan odamning tani ham sog‘ bo‘ladi, – debdi dehqon.
Oradan oylar o‘tibdi. Jin dehqon o‘rgatganidek o‘z mehnati orqasidan non va halovat topib mamnun yashay boshlabdi. Baliqchilar orasidan o‘ziga do‘stlar orttiribdi. Kun sayin hayot unga maroqli va mazmunli tuyulibdi. Odamlarga qul bo‘lib, ularning bema’ni istaklarini ro‘yobga chiqarishdan, mehnat qilib, hayot kechirish yaxshiroq ekanini anglabdi. Ishlab ter to‘kish, so‘ng hordiq chiqarish ham unga yoqib qolibdi. Endi hech qachon qayta Jinga aylanmaslikka qaror qilibdi.
Kunlarning birida yana baliq oviga chiqibdi. Suvga to‘r tashlashi bilan unga oltin baliq ilinibdi.
– Ey, odam, jonimga rahm qil. Tila tilagingni, ortig‘i bilan ado qilay, – deb turganmish oltin baliq ta’zim bajo qilganicha.
– Joning o‘zingga siylov. Menga sendan hech narsa kerakmas. Moviy to‘lqinlar ichra o‘ynoqlab suzaver, – debdi Jin oltin baliqni hayratga solib. U hali biror odam zotidan bunday gap eshitmagan ekan.
– Nahotki, biror tilaging yo‘q? O‘zing bo‘lmasa bola-chaqang uchun so‘ra, keyin pushaymon bo‘lma, – debdi oltin baliq uning gaplari qanchalik to‘g‘riligini bilish uchun.
– Ey, oltin baliq, menda bola-chaqa yo‘q. Bo‘lganida ham ularni mehnatga o‘rgatardim. Sen mening g‘amimni yema. Mehnat qilib, non topib yeyish qanchalar rohat ekanini bilganingda edi, bu rohatni hech narsaga almashtirmagan bo‘larding, – debdi Jin.
Qissadan hissa: mehnatga mehr qo‘ygan odam g‘oyibdan keladigan boylikka ko‘z tikmas ekan.
Luqmoni Hakim
Luqmoni Hakim dunyoga dong‘i ketgan tabib ekan. U odamlarning dil-dilini, giyohlarning, jamiki hayvon, jonli-jonsiz mavjudodlarning tilini ham bilar ekan. Ular xastalansa, dardga chalinsa, davolar ekan.
Kunlardan bir kuni bir kishining ko‘zi qattiq og‘rib qolibdi. U ko‘zini juda ko‘p tabiblarga ko‘rsatibdi, davo topa olmabdi, olim-u ulamolarga boqtiribdi, shifolanmabdi. Oxiri izlab-izlab, uzoqbir o‘lkada yshovchi Luqmoni Hakim haqida darak topib, uning oldiga boribdi. Luqmoni Hakim ko‘zi og‘rigan kishining u yoq-bu yog‘ini ko‘rganday bo‘libdi-da, oyog‘iga xina qo‘yishni maslahat beribdi. Shunda be’mor tabibga qarab:
— Ey, ulug‘ hakim, bu nima deganing, yo men bilan hazillashayapsanmi? Axir, mening oyog‘im og‘rigani yo‘q-ku, unga xina qo‘ysam. Ko‘zim og‘riyapti, ko‘z qayoqda-yu, oyoq qayoqda? — deb xafa bo‘libdi. Shunda Luqmoni Hakim bemorga shunday debdi:
— Tog‘ri aytasan, men ham sening qayering kasalligini ko‘rib-bilib turibman: sening ko‘zing og‘rigan, bizning fahm-u farosatimizga ko‘ra, ko‘zning bir tomiri oyoqning ostida joylashgan. Sening o‘sha joying, ya’ni ko‘zingning oyog‘ing ostiga ulangan tomiri shamollagan. Shunga xina qo‘ysang, zora ko‘zing tuzalib, asl holiga qaytsa.
Ko‘zi og‘rigan kishi Luqmoni Hakim aytganday qilib, oyog‘ining tagiga xina qo‘ygan ekan, ikki-uch kun o‘tmasdan tuzalib, hech narsa ko‘rmaganday bo‘lib ketibdi.
Yetti dangasa
Bir kuni yetti dangasa bozorga o‘ynagani chiqishibdi. Yurib-yurib qorinlari ochibdi. Ular pul yig‘ishib, yettita xurmachada qatiq va yettita non olishibdi.Olgan narsalarini yeyish uchun joy izlashib, bir chekkaga o‘tishibdi. Ular atrofga qarasalar, qo‘llarini yuvish uchun suv ko‘rinmabdi. Shunda ularning eng kattasi boshqalariga suv keltirishni buyuribdi. Ular bir-birlariga sansalorlik qilib, hech qaysisi unamabdi.
Shunda dangasalar bir-biriga shart qo‘yishibdi,
«Agar-da kim gapirsa, o‘sha qo‘lga suv olib kelib quysin», deyishibdi. Shunday qilib, dangasalar indamasdan o‘tiraverishibdi.
Shu payt bir gadoy kelib tilanibdi. Unga hech kim javob bermabdi. U nonni yeb, qatiqni ichib, idishning yuqini ularningbetiga surkab ketibdi.
Bir ozdan keyin bir it kelib, qolgan non ushoqlarini yesa ham, ular indamay o‘tiraverishibdi. It non ushoqlarini, idish yuqlarini yalabdi. Oxiri itning qorni to‘ymay qolib, bir chekkadan dangasalarning betidagi gadoy surkab ketgan qatiqlarni yalay boshlabdi. It oltita dangasaning betini yalab yettinchisini yalayotganda itning tili og‘ziga kirib ketibdi. Shu vaqtda dangasa «Ket!» deb yuboribdi. Shunda haligi olti dangasa birdaniga:
— Tur, qo‘lga suv keltir! — deb qichqirishibdi. Qarashsaki, oldilarida na non bor, na qatiq.
Uch o‘g‘il
Bor ekan, yo‘q ekan, qadim zamonda bir dehqon bo‘lgan ekan. Uning uch o‘g‘li bo‘lib, tirikchiligi o‘rtamiyona ekan. Bir kuni dehqon uzoq safarga chiqmoqchi bo‘libdi. Yo‘lga chiqish oldidan o‘g‘illarini yoniga chaqirib shunday debdi:
-Men uzoq yurtlarga ketyapman. Har biringizga bir juft tovuq, o‘rdak va g‘oz berib ketaman. Men kelgunimcha ularning tuxumini sotinglar, lekin pulini sarflamay, yig‘ib qo‘yinglar. Keyin o‘zlaringga kerak bo‘ladi.
Dehqon to‘ng‘ich o‘g‘liga bir juft tovuq, o‘rtanchasiga bir juft o‘rdak, kenjasiga esa bir juft g‘oz beribdi-da, jo‘nab ketibdi.
Oradan bir necha kun o‘tgach, parrandalar tuxum qo‘ya boshlabdi. Uch o‘g‘il tuxumlarni sota boshlashibdi. Qo‘liga pul tushgan katta o‘g‘ilning fikri buzilibdi. “Tuxumning pulini yig‘ib nima qildim. Dadam kelgunicha yaxshilab o‘ynab olay. Dadam kelib tuxumning pulini so‘rasa, tovig‘ingiz tug‘mas ekan, deyman”, degan xayolga boribdi. O‘rtancha o‘g‘il oldin o‘rdakning tuxumlarini, keyin o‘rdaklarini ham sotibdi. Ikki aka-uka do‘ppisini yarimta qilib yuraverishibdi. Kenja o‘g‘il esa g‘ozning tuxumlarini yig‘ib, bostiribdi. G‘ozlarni ko‘paytirib, ularning tuxumini sotibdi. Otasi kelgunicha anchagina pul yig‘ibdi. Otasi safardan qaytgach, to‘ng‘ich o‘g‘lini huzuriga chaqiribdi. U oldindan tayyorlab qo‘ygan javobini aytibdi. “Sen yaxshi odam bo‘lmas ekansan. Qariganimda kunimga asqotmas ekansan”, -deya ko‘nglidan o‘tkazibdi ota. O‘rtancha o‘g‘lini chaqirgan ekan, u ham yolg‘on gapiribdi. “Sen qariganimda menga qarash tugul o‘zingni ham eplolmas ekansan”, deya ko‘nglidan o‘tkazibdi ota. Kenja o‘g‘il otasi gap so‘rashini kutib turmasdanoq tuxum sotib, yiqqan pullarini beribdi. “Sen mehnatkash, yaxshi odam bo‘lar ekansan”.
Oradan yillar o‘tibdi. O‘g‘illar er yetibdi. Ota avval ikki katta o‘g‘lini, keyin kenjasini uylantirib qo‘yibdi. Ammo ikki katta o‘g‘lining turmushi birinchi kundanoq o‘xshamabdi. Ular tez orada uyidagi bor bisotini sotib, yeb-ichib tugatishibdi-da, yana otasining qo‘liga qaram bo‘lib o‘tiraverishibdi. Kenja o‘g‘il esa tadbirkorlik bilan ish tutib, kundan-kunga yaxshi yashay boshlabdi. Otasining hurmatini joyiga qo‘yib, izzat-ikrom ko‘rsatibdi. Dehqon kenja o‘g‘lidan rosa xursand bo‘libdi.