Katta Davlatmand-la Shoir bir mahal
Qilishdi janjal.
Hamda hukamolar etishsin deb hal —
Har ikkov kelishdi qozixonaga.
Shoir turar yupun, g‘aribu nochor,
Na egni durustu na chorig‘i bor.
Boy esa o‘ralib zar — shohonaga
Turardi bezrayib, mag’rur, dimog‘dor.
Shoir yaratganga qildi iltijo:
“O‘zing rahm ayla, ey qodir xudo!
Yetib borgay senga bu o‘tli ohim,
Axir, o‘zing aytgil, nadir gunohim?
Yoshligimdan tamom sho‘rdir peshonam,
Na yemishim tayin, na issiq xonam.
Bor-yo‘g‘im hammasi — xayolda xolos.
Holbuki, mening bu raqibim, paqqos —
Mehnatsiz, idroksiz qiynamasdan jon —
Qasrlarda surar bemalol davron.
Noz-ne’matlar ichra yo‘q bosib yashar,
Shumi adolating, xalloqi bashar?”
Tangridan Shoirga keldi bir nido:
“Nahotki, sen uchun arzimas aslo —
Lirang jaranglashi asrlar aro?
Uni-chi? Hech kimsa olmas yodiga,
Nomi qolmas hatto zurriyotiga.
Axir, tanlagansan o‘zing qismatni,
Oltinu zar emas, o‘lmas shuhratni.
Davlatmandga etdim men dunyo ato,
Yetsa edi uning idroki, ammo —
Sezsaydi o‘zining arzimasligin,
Sen yaxshi bilgin:
U o‘z toleidan bo‘lib norozi —
Sendan ko‘ra ko‘proq nolirdi hozir”.
Krilov I.A
Krilov masallari, Masallar