Asal – hayot sharbati. Saxovatli tabiatda qadim zamonlardan asalning shifobaxsh xosiyati ma’lum. Tibbiyot ilmining sultoni Abu Ali ibn Sinoning yozishicha asal mijozni tozalaydi, tomir yo‘lini ravon qiladi, ho‘llik va gazakni shimdiruvchi quvvati bor. U ho‘llik va gazakni badanning chuqur erlaridan tortadi, go‘shtni sasish va buzilishdan saqlaydi, chirkli chuqur yaralarni tozalaydi. Asal ko‘z xiraligini ketkazadi. Uni tanglay bilan ezib so‘rish va g‘arg‘ara qilish bo‘g‘madan xalos etishga yordam beradi. Asal suvi me’dani kuchaytiradi, ishtahani ochadi, ovqat hazmini yaxshilaydi. Achchiqtosh bilan mushtaraklikda temiratkiga davo bo‘ladi. Navqironlikni saqlash uchun, ayniqsa, yoshi 45 dan oshgan kishilar asaldan tez-tez iste’mol qilib turishlari kerak.
Muhammad Husayn ibn Muhammad al-Oqiliy «Maxzan-ul-ladviya» («Davolar xazinasi») kitobida asalning xosiyatlari haqida to‘xtalib, unga yuksak baho beradi. Asal a’zolarni tozalaydi, tiqilmalarni ochadi, me’da-ichak devorlaridagi xiltlarni yo‘qotadi, miyani ortiqcha va zararli narsalardan musaffo etadi, falaj, istisqo, sariq kasalliklariga davo bo‘ladi. Salomatlikni yaxshi saqlash uchun har kuni nahorda asalni suv bilan aralashtirib ichib turish lozim. Asal ko‘krak va plevrani yaxshi tozalaydi, taloq kasalliklarini davolashda foydalaniladi, el hosil bo‘lishini to‘xtatadi, buyrak, qovuqdagi toshlarning erishiga yordam qiladi, zo‘riqib siyishda engillik beradi.

Asal suv bilan ichilsa, jinsiy quvvatni oshiradi, siydik ajralishini yaxshilaydi, ichak va qovuqdagi yaralar tuzalishi, tozalanishiga yordam beradi. Uni suvda eritib og‘iz bo‘shlig‘i chayqalsa, tomoqdagi yiringli yaralarning so‘rilib ketishiga yordam beradi, bodomcha bezlarning yallig‘lanishiga davo bo‘ladi, og‘izdagi jarohat va yaralar, shuningdek, tanglay, til, xiqildoq, bodomcha bezlar, og‘izdagi illatlarni tozalaydi, milk va tishlarni mustahkamlab, oqartiradi. Ayniqsa, tishga oy mobaynida uch-to‘rt marta asal surtish yaxshi. Shuvoq, o‘rmonzor asali jigarga juda foydali hisoblanadi, tiqinlar so‘rilib ketishiga yordam beradi.
Asalli choy balg‘am ko‘chirishda, nafas yo‘llari va o‘pka shamollashida eng yaxshi vosita hisoblanadi. Bulardan tashqari, u bedarmonlikda, sil kasalligida quvvat bag‘ishlaydigan tabiiy davo. Buning uchun asalni sabzi sharbati yoki sut bilan kuniga 60-100 g.dan iste’mol qilish koni foyda. Asal o‘n ikki barmoq ichak yarasiga malham bo‘ladi, me’da-ichak yo‘li, jigar, buyrak, qovuq kasalliklari faoliyatini yaxshilab, yurakka quvvat bag‘ishlaydi. Ma’lumki, glyukoza mushak to‘qimalariga quvvat beruvchi manba hisoblanib, yurak mushaklarini mustahkamlaydi. Shu maqsadda bemorga ko‘p miqdorda qaynoq choy bilan asal berish to‘g‘ri kelmaydi. Chunki, yurak faoliyati keskin ortib ketadi, badandan bemavrid ter ajralishi kuchayadi, natijada, ortiqcha harakat evaziga yurak zo‘riqib qolishi mumkin. Yurak xastaligi bor bemorlarning asalni oz-ozdan iste’mol qilishi tavsiya etiladi (kuniga 2-3 mahal bir choy qoshiq yoki osh qoshiqdan). Asal sut, suzma, mevalar bilan eyilsa yaxshi foyda beradi. Doimo oz-ozdan asal eb yurilganda yurak faoliyati, qon tarkibi yaxshilanadi, odamning quvvati ortadi, gemoglobin miqdori oshadi va hokazo.
