Aliment qarzini undirish





Aliment qarzi aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadidan undiriladi.



Ish haqi va (yoki) boshqa daromad etarli bo‘lmaganda, aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning banklar va boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlarida turgan pul mablag‘idan, tijorat va tijoratchi bo‘lmagan tashkilotlarga shartnoma asosida o‘tkazilgan pul mablag‘idan undiriladi, mulk huquqining o‘tishiga olib keluvchi shartnomalar bundan mustasno. Bu mablag‘ etarli bo‘lmaganda undirish aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning qonun bo‘yicha undirish qaratilishi mumkin bo‘lgan har qanday mol-mulkiga qaratiladi.
Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv yoki ijro varaqasi asosida o‘tgan davrdagi aliment qarzi ijro varaqasi yoki aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv aliment undirish uchun taqdim qilingunga qadar o‘tgan uch yildan ortiq bo‘lmagan muddat uchun undiriladi.
Agar aliment aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning aybi bilan undirilmagan bo‘lsa, alimentlar uch yillik muddatdan qat’i nazar, o‘tgan barcha vaqt uchun undiriladi.


Aliment qarzining miqdorini belgilash
Aliment qarzining miqdori davlat ijrochisi tomonidan sudning hal qiluv qarori yoki aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvda belgilangan aliment miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Voyaga etmagan bolalarga to‘lanadigan aliment qarzining miqdori aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi miqdoridan kelib chiqqan holda aliment undirilmagan vaqt uchun hisoblab chiqiladi.
Agar aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs shu davrda ishlamagan bo‘lsa yoki uning ish haqi va (yoki) daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo‘lsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda aliment O‘zbekiston Respublikasidagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha hisoblab chiqiladi.Agar qarzni bunday belgilash taraflardan birining manfaatlariga jiddiy putur etkazsa, manfaatlariga putur etkazilgan taraf sudga murojaat qilishga haqlidir. Sud taraflarning moddiy va oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni inobatga olib, qarzning pul bilan to‘lanadigan qat’iy summasini belgilashi mumkin.




Majburiy ijro byurosiga murojaat qilish uchun quyidagi havolaga o‘ting.