Hasharlarni o‘tkazish tartibi





fuqarolarni, jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalarni majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, metall chiqindilari va makulatura yig‘ish, shuningdek, boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.





Hasharlar ixtiyoriy tarzda quyidagicha tashkil etiladi:
umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo‘lganda;
hasharlar unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi;
hasharlar doirasida barcha boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan qurilish-ta’mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etishga qat’iy yo‘l qo‘yilmagan holda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ish o‘rinlarini tartibga keltirish ishlari amalga oshiriladi.



Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (mahalla) faqat tegishli mahalla hududida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, bolalar va sport maydonlarini jihozlash, moddiy-madaniy meros ob’ektlarini zarur holatda saqlash, qabristonlarni qurish, rekonstruktsiya qilish, ta’mirlash hamda zarur holatda saqlash ishlarida aholining ixtiyoriy ishtirok etishini tashkil etadi.



Avtomobilь yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv ob’ektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari, shuningdek, insonlarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni o‘tkazish taqiqlanadi.




Majburiy mehnatdan foydalanish bo‘yicha aniqlangan har bir holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishingiz mumkin.