Navoiy viloyatida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan maktabdan tashqari davlat sport-ta’lim muassasasi hisoblangan Xalqaro shaxmat maktabi tashkil qilindi.
Quyidagilar Xalqaro shaxmat maktabining asosiy vazifalari:
zarur shaxmat anjomlari va uskunalari bilan jihozlangan, zamonaviy xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan moddiy-texnik hamda o‘quv-mashg‘ulot bazalarini yaratish va turli darajadagi xalqaro va mintaqaviy musobaqalar — Shaxmat olimpiadasi va Osiyo o‘yinlari, Jahon va Osiyo chempionatlari, universiadalar hamda boshqa musobaqalarda O‘zbekistonning sharafini munosib himoya qilishga qodir bo‘lgan xalqaro darajadagi shaxmatchilarni tayyorlash;
xalqaro darajadagi shaxmatchilarni tayyorlash uchun shaxmat bo‘yicha yuqori malakali mutaxassis-trenerlar, psixologlar va uslubchilarni, shu jumladan jahonning mashhur xalqaro grossmeysterlarini keng jalb etish orqali trenerlar tarkibini mustahkamlash;
shaxmatchilarning o‘quv-mashg‘ulot jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil etish, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, o‘quv-mashq jarayonlariga eng yangi ilmiy-uslubiy texnologiyalarni joriy etish yo‘li bilan shaxmatchilarni nazariy va texnik-taktik jihatdan tayyorlash sifatini muntazam oshirib borish; va boshqalar
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligining har yili o‘tkazib kelinayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro shaxmat turnirining final bosqichini 2023-yildan boshlab Xalqaro shaxmat maktabida o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.
2023-yildan har yili tizimli ravishda quyidagi musobaqalar o‘tkaziladi:
yoshlar o‘rtasida barcha hududlarda “Rokirovka” turniri;
keksa avlod vakillari o‘rtasida “Nuroniylar” kubogi uchun;
nogironligi bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida “Cheksiz imkon” turniri;
8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan, 50 ming AQSh dollari miqdorida mukofot fondiga ega “Women’s Chess Championship” xalqaro turniri;
MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar shaxmatchilari o‘rtasida an’anaviy “Uzbekistan Chess Open” xalqaro turniri.
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi va boshqa boshqarmalarga quyidagilar bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi:
har yili Xalqaro shaxmat maktabida jahonning mashhur xalqaro grossmeysterlari ishtirokida yosh shaxmatchilar uchun trening va mahorat darslarini o‘z ichiga olgan mavsumiy oromgohlar tashkil etish;
«To‘dako‘l» brendini ishlab chiqish va targ‘ib qilish orqali Xalqaro shaxmat maktabi faoliyatini ommalashtirish choralarini ko‘rsin.