Gender jihatlarni hisobga olgan holda rejalashtirish va byudjetlashtirish sohasini rivojlantirish borasidagi vazifalar


Gender jihatlarni hisobga olgan holda rejalashtirish va byudjetlashtirish sohasini rivojlantirish borasidagi vazifalar

Gender jihatlarni hisobga olgan holda rejalashtirish va byudjetlashtirish sohasini rivojlantirish maqsadida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
ochiq va shaffof byudjet siyosatini amalga oshirish orqali xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi tengsizlikni kamaytirish, xotin-qizlar va erkaklarga manzilli davlat xizmatlari ko‘rsatish, ularning sifati va samaradorligini oshirish;
xotin-qizlar va erkaklarga mo‘ljallangan resurslar hamda xizmatlarni taqsimlash bo‘yicha oldindan aniqlangan maqsadlarga ko‘ra davlat mablag‘laridan samaraliroq foydalanishni rag‘batlantirish;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va mahalliy byudjet loyihalarini, ishlab chiqish jarayonida gender jihatlarni hisobga olgan holda ularni gender ekspertizasidan o‘tkazish, «Genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish»ni rejalashtirish hamda uni byudjetlashtirish jarayonlariga bosqichma-bosqich joriy etish;
Davlat byudjeti va mahalliy byudjetlardan gender tenglikka erishishni hamda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida mablag‘lar ajratilishini tahlil qilib borish;
davlat dasturlari, tarmoq dasturlari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari loyihalarini moliyalashtirishda gender jihatlarni hisobga olish;
ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda hududlar iqtisodiyotiga gender byudjetlashtirishni joriy qilishga oid indikatorlarni, shuningdek davlat xizmatchilari uchun gender byudjetlashtirish bo‘yicha o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va tavsiyalar ishlab chiqish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda gender byudjetlashtirish masalalarini hisobga olish;
byudjet tizimini rejalashtirish ishlariga gender yondashuvlarni joriy etish maqsadida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda byudjetlar, byudjet jarayonlarining gender tahlilini o‘tkazish;
vazirlik va idoralarning gender nuqtai nazaridan rejalashtirish hamda byudjetlashtirish bo‘yicha salohiyatini oshirish, byudjet masalalariga doir barcha normativ-huquqiy va boshqa turdagi hujjatlar loyihalarini majburiy gender ekspertizasidan o‘tkazish amaliyotini joriy etish;
oilaviy byudjet mablag‘laridan foydalanishda xotin-qizlar hamda erkaklarning tengligi, jamiyat hayotining turli sohalaridagi xizmatlardan (ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniy hordiq va boshqalar) teng foydalanish yuzasidan aholining iqtisodiy bilimi, huquqiy ongi va savodxonligini oshirish.