Farzandlarimiz pulga qanday munosabatda bo‘lishi kerak? Bu borada bizning xohishimiz qanaqa? Bular ahamiyatsiz savol emas, ularga yana bir qancha qo‘shimchalar qilish mumkin: bola necha yoshdan pulni sarflashga o‘rganishi kerak?
Hammamiz farzandlarimiz pul bilan to‘g‘ri munosabatda bo‘lishini, uning qadrini bilishi, lekin mukkasidan ketmasligini, pulni ishlatishini, biroq behudaga sarflamasligini, tejamkorlik qilishini, ammo xasis bo‘lmasligini xohlaymiz. Bunga qachon va qanday o‘rgatish kerak?
Bir qarashda umuman zid tushunchalardek ko‘rinsa-da, bu mavzuda albatta farzandimiz bilan suhbalashishimiz kerak. Bolani puldan himoyalamasdan, uni to‘g‘ri sarflashni o‘rgatib borish kerak. Bu bilan farzandimizda mustaqillik, javobgarlik hislarini uyg‘otamiz. Shuningdek, unda tanlov imkoniyati ham paydo bo‘ladi.
Maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarga pul berish kerakmi?
Ruhshunoslar va bolalar bilan ishlashda ko‘p yillik tajribaga ega pedagoglarning bu borada javoblari qat’iy: YO‘Q! Bu javobni esa ular shunday izohlashadi: maktabgacha yoshda bo‘lgan bolalar doim ota-onalari bilan yurishadi.
Kichkintoyni bolalarga xos bo‘lmagan imtiyozlar bilan ta’minlash ularni ruhiy rivojlanishiga aks ta’sir ko‘rsatadi. Bunda ular mehnat va mashaqqatlarsiz hamma narsaning tayyoriga ega bo‘lishga o‘rganib qolishadi. Natijada mehnat qilishni bilmaslik va xohlamaslik — infantilizm vujudga keladi.
Bolaga tanga ko‘rinishidagi mayda pullarni berib borish mumkin
Bolaga 7-8 yoshidan boshlab tanga ko‘rinishidagi mayda pullarni berib borish mumkin. Bir qarashda o‘yinchoqdek, bundan tashqari, do‘kondan biron nima sotib olishi ham mumkin. Shu bilan birga, unga bu tangalarni yig‘ishga mo‘ljallangan idish ham sovg‘a qiling.
Yaxshi xulq va baholar uchun pul bilan rag‘batlantirish kerakmi?
Albatta YO‘Q! Bolada a’lo baho, aniqrog‘i, bilim u uchun emas, balki faqat ota-onaga kerak, degan fikr paydo bo‘lishi mumkin. Pul berishayaptimi, demak, ularga bu nima uchundir kerak-da! Bola o‘qishga emas, baho olishga qiziqib qoladi.
O‘spirin yoshdagi bola va pul
Bu mavzu ancha nozik va murakkab. Pul va bu yoshdagi bolani nazoratsiz qoldirib bo‘lmaydi. O‘smirlar erkin bo‘lishga intiladi, hozirgi zamonda esa ularni yo‘ldan ozdiradigan narsalar talaygina.
«Ta’til vaqtida ishlayman» deb taklif bildirgan farzandingizga qarshilik qilmang. O‘z mehnati bilan topilgan birinchi pullar o‘smirlar hayotidagi katta voqea hisoblanadi. O‘z imkoniyatini real baholay oladi va pul qanday ishlab topilishini tushunib yetadi.
Endi farzandingizdan «Bor-yo‘g‘i yuz ming ekan-da» degan gapni eshitmaysiz. Atrofidagi insonlarning va narsalarning qadriga yeta boshlaydi. Ishlab topgan pulining ma’lum qismini oilasiga ajratishi esa o‘smirda javobgarlik hissini rivojlantiradi.